18:38 / 10.11.2018
1 746

Angliyada Manchester derbisi, Germaniyada grandlar to‘qnashuvi...

Angliyada Manchester derbisi, Germaniyada grandlar to‘qnashuvi...
Payshanba kuni Yevropa Ligasida navbatdagi tur bo‘lib o‘tgan bo‘lsa, ertasiga milliy chempionatlar ham o‘yinlarni davom ettirishdi. Terma jamoalar bilan bog‘liq bu yildagi so‘nggi tanaffus oldidan bo‘lib o‘tayotgan bu hafta o‘yinlarida ham bir qator e’tiborga molik uchrashuvlar yig‘ilib qolgan. Manchesterda derbi, Dortmundda yilning markaziy o‘yinlaridan biri, Vigoda esa, «Real» murabbiyi taqdirini hal qiladigan uchrashuv... Keling, bir boshdan.

BORUSSIYa DORTMUND – BAVARIYa (10 noyabr, 22:30)

Foto: EPA/LUKAS BARTH
Dortmundliklar Chempionlar Ligasida «Atletiko»ga yutqazib, mavsumdagi ilk mag‘lubiyatini qabul qilib oldi, ammo Bundesligada hammasi yaxshi, jamoa o‘n turdan buyon mag‘lubiyatga uchramay, «Bavariya»ni 4 ochkoga ortda qoldirmoqda. Demak, so‘nggi yillarda ilk bor dortmundliklar o‘yinni favorit sifatida boshlaydi.

Gap faqat turnir jadvalida emas, «Bavariya» hozirda o‘yin borasida ham yetarlicha muammolarga duch kelishmoqda. O‘tgan haftalarda jamoa yana g‘alaba qozonishni boshlab, hammasi ortda qolgandek bo‘lgandi, ammo so‘nggi turda «Frayburg» bilan Myunxendagi durang yana eski gaplarni qo‘zg‘ab yubordi. Kovach va jamoa yetakchilari o‘rtasida ziddiyat borligi, rahbariyat yosh murabbiyga so‘nggi imkoniyatni berayotganliklari haqidagi xabarlar yana paydo bo‘la boshladi. Aksiga olib, klub rahbarlari yoki futbolchilar tomonidan Kovachni to‘liq qo‘llab-quvvatlashlari haqidagi bayonotlarning yo‘qligi vaziyatning qaltis ekanidan dalolat qiladi. Demak, bu o‘yindagi mag‘lubiyat balki Niko Kovachning iste’fosi bilan ham yakuniga yetishi mumkin.

Tarkiblarga kelsak, Aren Robben o‘yinga tayyor bo‘lishga ulgurmadi va bugun uning maydonga tushmasligi aniq. Shuningdek, Tiago Alkantara ham bir necha haftaga safdan chiqqan. Koman va Tolissoning jarohatlari esa, yanada jiddiyroq, ularni unutib ham yubordik. Mezbonlar safida esa, faqat Shmelser safda emas. Ayniqsa, so‘nggi o‘yinlarda butun Yevropa tomonidan muhokama qilinayotgan Sanchoning o‘yinini ko‘rish qiziqarli bo‘lsa kerak.

Yurgen Klopp davrida dortmundliklar «Bavariya» bilan har jabhada raqobat qilishgan bo‘lsalar-da, oxirgi yillarda myunxenliklarning yaqqol ustunligi sezilib qoldi. O‘zaro o‘yinlarda ham, so‘nggi besh o‘yindan to‘rttasida «Bavariya» ustun kelgan. Ayniqsa, shu yilning mart oyida Myunxenda bo‘lgan uchrashuv «Borussiya»ga juda og‘ir botgani shubhasiz. Levandovski sobiq jamoasi darvozasiga het-trik qayd etgan ushbu o‘yinda mezbonlar 6:0 hisobida g‘alaba qozongandi.

MANChESTER SITI – MANChESTER YuNAYTED (11 noyabr, 21:30)

Foto: REUTERS
Aleks Fergyuson ketganidan beri, Manchesterning futbol markazi «shaharliklar» tomonga ko‘chdi, deb bemalol aytish mumkin. «Etihad» «Old Trafford»dan qo‘rqinchliroq, bu yerda ko‘proq gol urilmoqda, ko‘proq sovrin yutilmoqda, umuman, shu o‘tgan besh mavsumning har birida «Siti» qo‘shnisidan yuqori o‘rinda joylashdi.

Ammo boshqa bir jihat bor. «Manchester Siti» har tomonlama hozirda yuqoriroq darajada ekani aytilsa-da, to‘g‘ri, masalan, «Old Trafford»dagi so‘nggi ikki o‘yin Gvardiola shogirdlari g‘alabasi bilan tushadi, ammo «Etihad»da o‘tayotgan o‘yinlarda ustunlik kuzatilmayapti. Masalan, bu stadionda kechgan oxirgi uch o‘yinda mezbonlar g‘alaba qozona olishmayapti. Lui van Gaalning so‘nggi mavsumida mehmonlar Reshfordning goli yordamida 1:0 hisobida g‘alaba qozonishgandi, keyingi yili hisob ochilmadi. Shu yilning aprelida esa, Pogba va uning sheriklari ikkinchi bo‘limda kambek amalga oshirib, «Manchester Siti»ning chempionlik bayramini keyingi surib yuborgan edilar.

Darvoqe, kambeklar haqida. Bu «Yunayted»ning o‘ziga xos fishkasiga aylanib bormoqda. O‘tgan mavsum oxirlarida «Chelsi», «Kristal Pelas», «Tottenhem»ga qarshi o‘yinlarda burilish yasagan Mourino shogirdlari so‘nggi besh o‘yinning uchtasida irodali g‘alabaga erishdilar. «Chelsi» bilan o‘yinda ham faqat so‘nggi soniyalardagi gol londonliklarni mag‘lubiyatdan qutqardi. Bu «Manchester Yunayted»ning juda yomon boshlagan o‘yinlarda ham vaziyatni o‘nglashga qodirligini namoyish qilmoqda. Bu borada haqiqiy sinov esa, aynan derbida bo‘lib o‘tadi. Chunki Gvardiola jamoasi doim bir gol bilan kifoyalanamaydigan va vaziyatni ertaroq hal qilishga urinadigan jamoa.

Mezbonlar tarkibida Kevin de Bryuyne yana yo‘q. Ammo so‘nggi o‘yinlar jamoada bir yoki ikki futbolchining o‘rni o‘yin sifatida ta’sir etmasligini isbotlamoqda. Masalan, «Shaxtyor»ga qarshi o‘yinda Aguero ham maydonga tushmadi, lekin bu ham Sterling, Jezus, Sane, Silva, Mahrez kabi futbolchilarga 6 gol urishga xalaqit bermadi. «Manchester Yunayted» safida Errera, Fellayni kabi futbolchilarning safga qaytganliklarini ko‘rdik. Romelu Lukaku borasida Joze Mourino hujumchining mashg‘ulotlarni boshlaganini, derbida maydonga tushish imkoniyati borligini aytdi. Ammo sog‘ holatda ham katta ehtimol bilan Lukaku zaxirada qolsa kerak, chunki Antoni Marsiyal so‘nggi o‘yinlarda juda yaxshi o‘ynayapti. Mourino safardagi derbida ikki hujumchi bilan harakat qilishni istamasa kerak.

Ammo boshqa muammo ham chiqdi. Bugun «iblislar» yetakchisi Pol Pogba mashg‘ulotlarda qatnashmagani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Ma’lum bo‘lishicha, fransiyalik yarimhimoyachida kichik jarohat bor. Shunday bo‘lsa-da, murabbiylar uning ertangi o‘yinga tayyor bo‘lishiga umid qilishmoqda.

Esingizda bo‘lsa, Pogba o‘tgan yili «Manchester Siti» futbolchilaridan biri jarohat olib, jamoasiga yordam bera olmasa xursand bo‘lishini aytgandi. Hozirgi kunlarda bunday tilaklarning qaytishiga qirq yil kerak bo‘lmayapti. Darvoqe, o‘tgan mavsumda ham Pogba birinchi Manchester derbisida ishtirok eta olmagandi. «Arsenal»ga qarshi o‘yinda olingan qizil kartochka tufayli yarimhimoyachi diskvalifikatsiyaga uchragandi.

MONAKO – PSJ (12 noyabrga o‘tar kechasi, 01:00)
Foto: AFP/Getty Images
«Monako»ning bugungi holatidan kelib chiqsak, «PSJ»ning g‘alabasiga shubha qilmasa ham bo‘ladi. Lekin Fransiya chempionatidagi so‘nggi ikki mavsum chempionlari o‘rtasidagi bahsni e’tibordan chetda qoldirgimiz kelmadi.

«Monako»ning holati haqiqatan ham yomon, hatto Terri Anri ham vaziyatni o‘nglay olmayapti. Tarkib umuman olganda yomon emas, lekin qatorasiga 15 o‘yindan beri g‘alaba qozona olmaslik rostan ham juda chuqur inqiroz yuzaga kelganini bildiradi. «Monako» oxirgi marta 11 avgust kuni safarda «Nant» ustidan 3:1 hisobida g‘alaba qozongandi. Bu jamoa uchun ham oxirgisi, ham umuman ushbu mavsumdagi yagona g‘alaba bo‘lib turibdi.

«Monako»ning bu yomon natijalariga ob’ektiv sabablardan biri, albatta, juda ko‘p futbolchilarning jarohatlanganliklaridir. Traore, Golovin, Rajji, Subashich, Glik, Lopesh, Yshvetich, Pellegri kabi futbolchilar bilan natijalar sal bo‘lsayam yaxshiroq bo‘lishi, hech bo‘lmasa, «PSJ»ga munosib qarshilik ko‘rsata olish uchun sharoit yaratishi mumkin edi.

«PSJ» esa, Fransiya chempionatida yo‘qotishsiz bormoqda. 12 o‘yindan 41 gol, atigi 7 marotaba darvozadan to‘p olib chiqilgan. Asosiy taqibchilar bilan o‘rtadagi farq 10 ochkoga yetib ulgurdi. Tuxel jamoasi butun e’tiborini Chempionlar Ligasidagi o‘yinlarga qaratishi tabiiy, zero aynan o‘sha musobaqada «PSJ» muammolarga duch kelmoqda.

O‘zaro o‘yinlarda «PSJ» yaqqol ustun. So‘nggi 18 o‘yindan atigi 2 marotaba «Monako» ustun kelgan xolos. Har ikkala g‘alaba ham 2016 yilda qo‘lga kiritilgan. O‘shanda monakoliklar tarkibida harakat qilgan Mendi, Silva, Fabino, Bakoyoko, Moutino, Lemar kabi futbolchilar allaqachon boshqa jamoalarga o‘tib ketib ulgurishdi. Jamoalar o‘rtasidagi so‘nggi uch o‘yin parijliklarning yirik hisobidagi g‘alabasi ilan tugagan.

MILAN – YuVENTUS (12 noyabrga o‘tar kechasi, 00:30)

«Milan» oldingi yillardan farqli ravishda, barqarorlikka erishdi deb aytish mumkin. Chunki jamoa A Seriyada faqat «Napoli» va «Inter»dan mag‘lubiyatga uchradi. O‘rtamiyona jamoalarga qarshi o‘yinlarda yutqazmaslikni, o‘z ochkolarini qiyinchilik bilan bo‘lsa-da, olishni o‘rgandi. Bugungi jamoa futbolchi Gattuzoning o‘zginasi, ozgina klass yetmasligi mumkin, lekin so‘nggi daqiqalargacha kurashish, motivatsiya, maydonda bor imkoniyatni ishga solish bo‘yicha ularga e’tiroz bo‘lishi mumkin emas. Aynan mana shunday irodali o‘yinlar oqibatida «Milan» hozirda Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini beruvchi o‘rinlarga chiqib oldi.

«Milan» top o‘yinlarni boy berayotgan bo‘lsa-da, har doim yetarli qarshilik ko‘rsatilayotganini ham ta’kidlash kerak. «Napoli» bilan o‘yinda 2:0 hisobida oldinda ham borishgandi, Milan derbisida faqat so‘nggi daqiqadagi gol o‘yin taqdirini hal qildi. Ishonch bilan «Milan»ning ayniqsa o‘z maydonida «Yuventus»ga keskin qarshilik qilishini taxmin qilsa bo‘ladi.

«Manchester Yunaytyod»ga qarshi o‘yinning so‘nggi daqiqalaridagi «sovuq dush» «Yuventus» uchun juda yaxshi saboq bo‘lgani shubhasiz. Turinliklar uchun ham salbiy vaziyatdan tezroq chiqib ketish uchun Milandagi o‘yin katta ahamiyat kasb etadi. Terma jamoalar bilan bog‘liq tanaffus ortidan ketma-ket ikki o‘yinni muvaffaqiyatsiz o‘tkazish jamoaning ruhiy holatiga ta’sir qilishi turgan gap.

Tarkiblar borasida «Milan»ning holati ancha yomon. Bonaventura, Chalxono‘g‘li, Shtrinich, Kaldara, Bigliya, Musakkio kabi futbolchilar jamoaning asosiy o‘yinchilari hisoblanishardi. Bundan tashqari, Gonsalo Iguainning ham sobiq jamoasiga qarshi maydonga tushishi so‘roq ostida qolmoqda. «Yuvsentus»da esa, so‘nggi o‘yinlarda maydonga tushayotgan futbolchilarning hammasi tayyor, kutilmagan jarohatlar yo‘q.

«Milan» oxirgi marta «Yuventus» ustidan 2016 yilning oktyabrida kichik g‘alabaga erishgan. Shundan keyingi barcha besh o‘yin «Yuventus»ning g‘alabasi bilan yakunlangan.

SELTA – REAL MADRID (12 nobyarga o‘tar kechasi, 00:45)

Bu uchrashuvning eng ahamiyatli jihati, balki bu o‘yin natijasi «Real»ni ushbu mavsum oxirigacha boshqaradigan bosh murabbiy kim bo‘lishiga oydinlik kiritishi kerak. Santyago Solari o‘ziga berilgan imkoniyatdan yaxshi foydalanmoqda: 3 o‘yin, 3 g‘alaba, to‘plar nisbati 11-0.

Bu o‘yinlardagi raqiblar u qadar kuchli bo‘lmagani va sal qattiqroq qarshilik ko‘rsatgan «Valyadolid» bilan o‘yinda g‘alaba qiyinchilik bilan qo‘lga kiritilganini e’tirof etish kerak. Lekin, avvalgi raqiblar ham shu toifa edi va Lopetegi qo‘l ostidagi natijalar ko‘ngildagidek bo‘lmagan. Shunisi aniqki, jamoa o‘yinini ijobiy o‘zgarishlar ko‘zga tashlanmoqda va hatto Benzema, Beyl kabi futbolchilar Solarining mavsum oxirigacha jamoada qolish kerakligi haqida matbuotda ham fikr bildirib ulgurishdi. Solariga topshirilgan 4 o‘yinning so‘nggisi «Selta»ga qarshi, uning maydonida bo‘lib o‘tadi va aytish mumkinki, eng qiyinrog‘i ham shu.

Boshqa tarafdan, so‘nggi hafta birmuncha sokin o‘tgani va Peresning biror bir mashhur nom bilan muzokaralari faol bosqichga o‘tmaganidan, Solarining hozircha bosh murabbiy etib rasman tayinlanishi haqiqatga yaqinga o‘xshab turibdi.

«Selta» mavsumni juda yaxshi boshlagandi. Hatto «Atletiko» ustidan ishonchli g‘alabaga erishib, turnir jadvali yuqorilaridan joy ham olgandi. Ammo keyinchalik vaziyat yomon tomonga o‘zgardi, Antonio Muhammad shogirdlari so‘nggi 7 o‘yindan atigi bir marta g‘alaba qozonishdi xolos. Shunday bo‘lsa-da, vigoliklar o‘z maydonlarida xavfli raqib bo‘lib qolaveradi. «Real»ga qarshi Vigoda bo‘lib o‘tgan so‘nggi uch o‘yindan ikkitasida mezbonlar ochko olishning uddasidan chiqqanliklari bunga yorqin dalil bo‘la oladi.

«Real» tarkibida Karvaxal, Marselo, Varan kabi himoyachilar jamoaga yordam bera olmayapti. Ammo qizig‘i, aynan shunaqa muammoli paytda «Real» o‘z darvozasini daxlsiz saqlashni boshladi va uch o‘yindan beri gol o‘tkazib yuborgani yo‘q. Mezbonlar tarkibida hujumchi Sisteda jarohat bor, lekin u so‘nggi o‘yinlarda shundoq ham asosiy tarkibga kira olmayotgandi.

BOShQA O‘YINLAR
10 noyabr. «Kristal Pelas» – «TOTTENHEM» (22:30), «ATLETIKO» – «Atletik» (22:30), «Jenoa» – «NAPOLI» (11 nobyarga o‘tar kechasi. 00:30),
11 noyabr. «Atalanta» – «INTER» (16:30), «LIVERPUL» – «Fulhem» (17:00), «ROMA» – «Sampdoriya» (19:00), «ChELSI» – «Everton» (19:15), «BARSELONA» – «Betis» (20:15), «Zenit» – SSKA (21:00), «ARSENAL» – «Vulverhempton» (21:30).

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Angliyada Manchester derbisi, Germaniyada grandlar to‘qnashuvi...