11:43 / 12.11.2018
3 550

Marat Bikmayev: "Osiyo Kubogida finalga chiqa olamiz"

Marat Bikmayev: "Osiyo Kubogida finalga chiqa olamiz"
“Lokomotiv” klubi yaqqol peshqadamga aylangan va chempionlik sari dadil qadam tashlamoqda. Ushbu jamoa hujumchisi va yetakchisi – Marat Bikmayev esa ham klubida, ham milliy terma jamoada gollar urishda davom etmoqda. Ichki chempionatimizda esa 11 ta gol bilan to‘purarlar poygasida bormoqda va u mavsum-2017 to‘purari bo‘lganini ham yaxshi eslasangiz kerak. To‘g‘risi, ayni paytda Bikmayevni O‘zbekistondagi eng yaxshi hujumchilardan biri bo‘lib turibdi, desak yanglishmaymiz. Kuni kecha u bilan bir qator masalalar bo‘yicha o‘zaro fikr almashdik.

“Biz hali chempion bo‘lmadik”

Ma’lumki, “Lokomotiv” oldingi turda “Paxtakor” maydonida juda muhim g‘alabani qo‘lga kiritgandi. Ko‘pchilik esa temiryo‘lchilarni mazkur g‘alabadan keyin katta e’timol bilan chempionlik masalasini hal qilganliklari haqida fikr bildirishmoqda. O‘z navbatida Marat Bikmayevdan mazkur vaziyat haqida munosabat bildirishini so‘radik.

- Yo‘q, biz hali chempion bo‘lmadik, hozirdan bunday desa bo‘lmaydi. Oldinda yana o‘yinlar bor. Shunday ekan, hamma narsa bo‘lishi mumkin. Hozirgi paytda asosiysi, biz faqat o‘z o‘yinimiz haqida o‘ylashimiz kerak. Qolgan jamoalar, masalan, “Paxtakor” yoki “Bunyodkor” qanday o‘ynaydi, nima qiladi, kabi vaziyatlarga qaramasdan, faqat o‘z o‘yinimizga e’tiborni oshirish lozim. Endi bor e’tiborimizni «Paxtakor»ga qarshi o‘yinga qaratganmiz.

“Men hujumchi bo‘lib tug‘ilganman”

“Lokomotiv” hujumchisi faoliyatidagi urgan gollari 100 tadan oshdi va “Navbahor” darvozasiga kiritgan to‘pi 103-goliga aylandi. O‘tgan yili to‘purar bo‘lgan va bu safar ham unda yana shunday imkoniyat bor. O‘zaro musohaba davomida ushbu jihatni ham e’tibordan chetda qoldirmadik.

- Men hujumchi bo‘lib tug‘ilganman. Baribir istalgan hujumchiga gol urish yoqimli. Shunday ekan, men hech qachon gol urishdan to‘xtamayman. Bilasizmi, hujumchini qanaqa o‘ynashiga emas, balki urgan gollariga qarashadi. O‘tgan yili to‘purar bo‘lgandim, ammo bosh maqsadim bu emasdi. Men hech kimga qaramaganman. Hozir esa shunchaki jamoamiz o‘z o‘yinlarini yutishi kerak. Mening gol urish yoki urmasligim esa bu muhim emas. O‘tgan yili to‘purar bo‘ldim, bu yetadi. Oldimizda ikkita o‘yin kutib turibdi. Men esa to‘purarlar poygasiga ahamiyat bermayapman.

“Hozir mening vaqtim kelgandir, ammo abadiy emasman”

Futbolimizda hujumchi muammosi borasida ko‘p gapirilayotgandi. Lekin Marat Bikmayev o‘z o‘yini va natijasi bilan qaysidir ma’noda ushbu muammoni yopayotgandek taassurot uyg‘otmoqda. Aksariyat muxlis va mutaxassislar esa Marat Bikmayevni O‘zbekistondagi birinchi raqamli hujumchi sifatida e’tirof eta boshlashdi.

- Bizda ham hujumchilar bor va ular ko‘p. Faqat iqtidorli yoshlarni chiqaraverish kerak. Ularga to‘g‘ri tarbiya berib, futbolimiz uchun ko‘proq hujumchilarni yetkazib berish darkor. Mening fikrimcha, bizdagi muammo – bu futbol maktablari bilan bog‘liq. Yosh bolalar futbolga dastlab maktablar orqali kirib kelishadi. Shu bois ta’lim sohasida yaxshi murabbiylarni topish lozim. Shunchaki, bizda ham hujumchilar bor, faqat ularni o‘ynatish kerak. Yoshlarni ham o‘z vaqti keladi. Masalan, hozirgi paytda mening vaqtim kelgandir, ammo men ham abadiy emasman. Qachondir Bikmayevning ham o‘z vaqti soati o‘tib ketadi. Mendan keyin ham yaxshi hujumchilar paydo bo‘ladi, shunchaki, sabr qilish kerak.

“Endi Kuperning bizdan nimani talab qilayotganini tushunyapmiz”

Milliy terma jamoamizning oktyabrdagi yig‘inida ancha o‘zgarish borligi sezildi. Ayniqsa, sentyabr oyida Suriya va Eronga qarshi uchrashuvlarga qaraganda KXDR hamda Qatar bilan bellashuvlarda terma jamoamizning o‘yini ijobiy tomonga o‘zgargani ko‘rindi va shunga mos ravishda g‘alabalar qozondik. Bikmayev esa terma jamoamiz safida ham gollar urishda davom etyapti.

- Suriya hamda Eronga qarshi o‘yinlar uchun birinchi o‘tkazgan yig‘inimizda to‘g‘risini aytsam, biroz tushunmovchiliklar bo‘lgandi. Bosh murabbiy yangi taktikalarni olib kirgandi. Biz futbolchilar esa qanday o‘ynash kerakligi borasida unchalik tushunmagandik. Keyin o‘sha ikkala o‘yinni ko‘rib tahlil qildik va shundan so‘ng qanday o‘ynash kerakligini bilib oldik. Kuper bizdan nimani talab qilayotganini payqadik. KXDR va Qatar bilan bahslarda murabbiyning qo‘llagan taktikasi asosida o‘ynadik va bu bizga omad keltirdi. Baribir O‘zbekistonda hamma futbolchilar texnik tomondan yaxshi o‘ynashadi. Shu bois bizga hujumkor o‘yin kerak. Bir tomondan qaraganda, to‘g‘ri qarshi hujum taktikasi ham kerak bo‘ladi.

“Murabbiyning taktikalari haqida hech nima deya olmayman”

Marat hujumkor o‘yinni ko‘proq yoqtirishini aytayotgani ham e’tiborga molik. Balki murabbiyning taktikalariga moslashish qiyinroq kechayotgandir. Shu o‘rinda Kuperning boshqa murabbiylardan farqli tomonlari qanday? Bu xususida futbolchi quyidagilarni aytdi.

- Hozircha Kuperning taktikalari haqida hech nima deya olmayman. Ko‘ramiz, muhimi, Osiyo Kubogiga optimal formada yetib borishimiz kerak. Nasib qilsa, o‘shanda murabbiyning taktikasi ish bersa kerak va bunga ishonaman.

“Osiyo Kubogida finalga chiqa olamiz”

Hammamiz terma jamoamizning Osiyo Kubogida muvaffaqiyatli qatnashishiga umid qilib turibmiz. Ammo bu oson bo‘lmasligi ham aniq. Lekin biz yangi murabbiy bilan Osiyo Kubogida qayergacha bora olamiz? Bu borada futbolchining fikrlarini bilish ham qiziq tuyuldi.

- Osiyo Kubogi haqida hozirdan taxmin qilib nima qilamiz? Muhimi, jismoniy jihatdan yuqori tayyorgarlik evaziga bora olsak, istalgan jamoa bilan o‘ynasa bo‘ladi. O‘zimizga to‘liq ishonsak, unda albatta yarim final va finalga ham chiqa olamiz.

“Jeparov? Biz murabbiyning ishiga aralashmaymiz”

Milliy terma jamoamizda uzoq vaqt davomida to‘p surib muxlislar mehrini qozongan Server Jeparov ayni paytda Qozog‘iston chempionatida to‘p surmoqda. Ammo hozircha Kuper uni yig‘inlarga chaqirayotgani yo‘q. Aslida Jeparov bizga kerakmi? Bikmayev bunga javob berishga harakat qildi.

- Yoshlarni qo‘yaverish kerak. Mana, Qatar bilan bahsda murabbiy bir qator yosh iqtidorlarni maydonga tushirdi. Rosti, Jeparov masalasida nima deyishni ham bilmayman. Uni chaqirsa ham bo‘ladi, baribir unda tajriba katta. Ko‘pni ko‘rgan futbolchi. Lekin hammasini faqat murabbiy biladi, biz uning ishlariga aralashmaymiz.

“35-36 yoshgacha futbol o‘ynashimga ishonaman”

Bikmayevni futbolchilik faoliyatidan keyin qanday tasavvur qilsa bo‘ladi? Bu ham o‘ziga yarasha qiziq. Yoki uning boshqa daromad topadigan ishi ham bordir. Umuman aytganda, keyingi faoliyatidan so‘ng rejalari qanday bo‘ladi? Bu haqida shunday dedi:

- Men hali hech nima haqida reja tuzganim yo‘q. Futbolni qancha kuchim yetsa, shuncha vaqt o‘ynamoqchiman. 35-36 yoshgacha futbol o‘ynashimga ishonaman. Shundan keyin nima qilishim hal bo‘ladi.

“Oilam meni qo‘llab-quvvatlamaganimda bilmadim, hozir qayerda bo‘lardim ekan?!”

Ushbu o‘yinchi faoliyati davomida turli qiyinchiliklarni ham ko‘rgan. Ayniqsa, jarohatlar uni ham ta’qib yetgan. Legioner sifatida Rossiya va Qozog‘istonda to‘p surganida esa u yarim himoyachiga aylangandi. Ammo vaqt o‘tib Bikmayev hammasini yengib o‘tdi va yana hujumchiga aylana oldi...

- Jarohatdan keyin 2 yil o‘ynamadim. Deyarli 2,5 yil tuzuk-quruq o‘ynaganim yo‘q. O‘sha paytlarda uyda yotib zerikardim. Futbolni esa ko‘ra olmasdim. Agar futbolni ko‘rsam, meni ham o‘ynagim kelardi. Lekin bunga jarohat yo‘l qo‘ymasdi. O‘sha damlar o‘tib ketganidan so‘ng o‘ylanib qoldim. Agar futbol o‘ynamasam nima qilaman? Shu bois tezroq tiklanishga harakat qildim. Xudoga shukrki, yana sport formamga kirib oldim. Oilam - ota-onam, buvam, rafiqam va farzandlarim meni doim qo‘llab-quvvatlashardi. Agar ular meni qo‘llab turishmaganida, bilmadim hozir qayerda bo‘lardim?
Shuhratbek Jo‘rayev suhbatlashdi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Marat Bikmayev: "Osiyo Kubogida finalga chiqa olamiz"