22:07 / 12.11.2018
3 975

O‘zbekiston OTJ bosh murabbiyligi uchun 4 nafar nomzod da’vogarlik qilmoqda (foto)

O‘zbekiston OTJ bosh murabbiyligi uchun 4 nafar nomzod da’vogarlik qilmoqda (foto)
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi mamlakat olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi bo‘lishga nomzodlar bilan muzokaralarni davom ettirmoqda.

Tashkilot birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonovning Tribuna.uz`ga ma’lum qilishicha, ushbu lavozim uchun faqat xorijlik murabbiylar varianti ko‘rib chiqilmoqda. Xususan, xorvatiyalik Nenad Grachan, ispaniyalik Xuan Sanches Makeda, italiyalik Massimo Fichchadenti va serbiyalik Lyubinko Drulovich nomzodlar short-listidan o‘rin olgan.

Ayni paytda muzokaralar yakuniy bosqichga kirgan bo‘lib, ro‘yxatdagilar orasidan xorvatiyalik 56 yoshli mutaxassis Nenad Grachan favorit nomzod bo‘lib turibdi. Bunda uning boshqa da’vogarlarga qaraganda yoshlar bilan ishlash borasida ko‘proq tajribaga egaligi muhim rol o‘ynamoqda. Jumladan, u 2013 yildan buyon Xorvatiya U-21 terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida ishlab kelyapti.

Foto: Nenad Grachan

Grachan futbolchi sifatida Xorvatiya va Ispaniya klublarida 300ga yaqin o‘yinlarda maydonga tushgan. 1984 yilda Yugoslaviya olimpiya terma jamoasi bilan Los-Anjeles Olimpiadasida bronza medalga ega chiqqan. Murabbiylik faoliyatini 1995 yilda boshlab, Xorvatiya va Sloveniya klublarini boshqargan, 2013 yil oktyabridan hozirga qadar Xorvatiya yoshlar terma jamoasiga ustozlik qilib kelmoqda. Uning murabbiyligida xorvatlar 15 yil ichida ilk marta 21 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Yevropa chempionati final bosqichiga yo‘l olishdi, bu yo‘lda 10ta o‘yinning 8tasida g‘alaba qozonib, 6 jamoa ichidan birinchi o‘rinni egallashdi. Jamoa bunga qadar 7 marta Yevro-U-21 saralashidan o‘ta olmagandi. Xorvatiya ishtirokidagi navbatdagi chempionat 2019 yil yozida Italiyada bo‘lib o‘tadi.

Xuan Sanches Makeda
Foto: Marca

Massimo Fichchadenti
Foto: Enrico Locci/Getty Images

Lyubinko Drulovich
Foto: fss.rs

Yangi bosh murabbiy jamoani 2019 yilning 22-26 mart kunlari Toshkentda o‘tadigan Osiyo chempionati saralashiga tayyorlay boshlaydi. O‘tgan hafta saralash bosqichiga qur’a tashlangan, unga ko‘ra, O‘zbekiston OTJ Hindiston, Tojikiston va Pokiston olimpiyachilari bilan birga «F» guruhidan o‘rin olgandi. Saralashdan o‘tgan jamoalar 2020 yil 8-26 yanvar oralig‘ida Tailandda bo‘lib o‘tadigan Osiyo chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.

Tailanddagi Osiyo chempionatida 16ta jamoa ishtirok etadi, 1-3 o‘rinni qo‘lga kiritgan termalar Tokio-2020 olimpiadasida qatnashish imkoniga ega bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, 23 yoshgacha futbolchilar o‘rtasidagi qit’a birinchiligi har 2 yilda bir marta o‘tkaziladi, ikki musobaqaning biri Olimpiada yo‘llanmasi sohiblariga oydinlik kiritadi. O‘zbekiston olimpiya termasi turnirning amaldagi chempioni sanaladi. Shu yil boshida Ravshan Haydarov murabbiyligidagi jamoa Xitoyda o‘tgan chempionatda bosh sovrinni qo‘lga kiritgan.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi hozirga qadar Olimpiada final bosqichida ishtirok etmagan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbekiston OTJ bosh murabbiyligi uchun 4 nafar nomzod da’vogarlik qilmoqda (foto)