10:10 / 21.11.2018
3 210

O‘ta besabr va tajovuzkor 31 yoshli murabbiy Yulian Nagelsman tug‘risida...

O‘ta besabr va tajovuzkor 31 yoshli murabbiy Yulian Nagelsman tug‘risida...
Bild jurnalisti Kay Tramann shu yilning may oyida nemis futbolining taniqli arboblari haqida hikoyalar to‘plamini chop etdi. Mazkur asar muqaddimasida «Xoffenxaym» bosh murabbiyi Yulian Nagelsmanning nomi keltirilgani e’tiborimizni tortdi. Keling, siz ham kelajagi porloq yosh mutaxassisning futbol va uning tashqarisidagi faoliyati bilan tanishing va baho bering.

Tog‘ velosipedi - futbolni unutish vositasi

Yulian Nagelsmann asl bavariyalik ekaniga shubha qilmay qo‘yavering: u tabiat va tog‘larni juda sevadi. Tog‘li hududdagi velosiped sayri esa eng suyukli mash­g‘ulotidir. Murabbiyning ta’kidlashicha, sayr paytida u «Xoffenxaym»ning navbatdagi raqibi xususidagi o‘y-fikrlardan xalos bo‘ladi. Darvoqe, ba’zan Yulian o‘z shogirdlarini ham alpinistlikka jalb etib turadi.

Yulianning o‘g‘li Maks Jastin Timberleyk qo‘shiqlarini yoqtiradi. Murabbiyning o‘zi esa ommaviy taronalar shaydosi. Lekin 3 yoshli farzandi uchun Timberleyk ijodidan namunalar xirgoyi qilishga erinmaydi.

Rafiqasi bilan navbatda turganida tanishgan

Shu yilning bahorida Nagelsmann nikohdan o‘tdi. Rafiqasi - Verena bilan 2007 yildan beri birga, ilk tanishuvlari esa maktabda bo‘lgandi: «Tanaffus chog‘ida u doimo bufet eshigi oldiga birinchi bo‘lib kelardi. Yonimdan chopib o‘tgani bois, bu holat e’tiborimni tort­di. Verena o‘ta gavdali emas, lekin odimlashi salmoqli. Ochig‘i, bulochka va shnitselni yaxshi ko‘rishidan ancha xavotirda edim. Biroq u hamon sarvqomatli».

Nagelsmann ba’zan o‘ta tajovuzkor

Bir kuni Yuliandan «Qaysi xususiyatingiz farzandingizda bo‘lishini istamaysiz?», deb so‘rashganida, murabbiy shunday javob qaytardi: «Eng zaif jihatlarimdan biri shuki, men juda sabrsizman, shogirdlarimga nisbatan qaror qabul qilishda shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘yaman. O‘yin paytida esa ba’zan maydon chetida turib qizishib ketaman. Rejalarim to‘la-to‘kis va tez amalga oshishini istayman. Mana shu kamchiliklarimni o‘g‘limga ravo ko‘rmayman va uning sabrliroq bo‘lishiga umid qilaman».

Otasining vafoti

Yulian 20 yoshga chiqqanida, otasi Ervin Nagelsmann vafot etdi. Musibat oilaga kuchli ta’sir o‘tkazdi. Avvaliga Ervinning o‘limi qisqa betoblikdan so‘ng yuz bergani e’tirof etildi. Bir oydan keyin Yulian bu fikr­ni rad etib, otasi o‘z joniga qasd qilganini bildirdi: «Mudhish fojia uyimizda yuz berdi. Boshqa hech narsa ayta olmayman va buni istamayman. Chunki bu o‘ta shaxsiy voqea. Fojia tufayli uyni iloji boricha tezroq sotishni istadik. Ko‘plab xotiralarim u bilan bog‘liq bo‘lgan. Biroq oyim uchun yangi hayotni boshlash muhimroq edi. Tez orada u maqsadiga yetdi».

Otasi uning g‘alabalarini ko‘rmaganidan afsusda

«Hozir men Bundesliga jamoasi ustoziman, buni ko‘rish otamga nasib etmaganini o‘ylab, g‘amgin bo‘lib qolaman. U hayotlik paytida men yoshlar jamoasida ish boshlagandim. O‘tish davrida ekanimni otam tushunmadi va iqtisod fakultetidagi o‘qishni tashlab ketganimdan qattiq ranjigandi. U mening kelajagim uchun qayg‘urgandi. Tez orada otam bizni tark etdi. Ha, 28 yoshda Bundesliga murabbiyi bo‘lganim va ajoyib stadionda ishlashimdan u bexabar. Ammo nazarimda, «Gannover»ni qay yo‘sinda mahv etayotganimni otam ko‘rib turgandek. Murabbiylik qilayotganim unga ma’lumligini bilsam, mamnun bo‘lardim. Uning yonimizda emasligi jahlimni chiqarmaydi. Lekin shu yerda bo‘lishini juda istardim. U va biz bilan yuz bergan voqealar mohiyatini endi tushundim».

Bolalikdagi sevimli o‘yinchisi

Bolalik paytida Yulian o‘z akasidan ibrat olib, «Bavariya»ga muxlislik qilgan. Suyukli futbolchisi sifatida Alen Syutterni e’tirof etadi. «Buning asosiy sababi - Alenning soch turmagi. Uning uzun malla sochlari meni rom etgandi», deydi murabbiy. Keyinchalik Yulianni Mehmet Shollning standart vaziyatlardan urgan chiroyli gollari maftun etdi. «Ko‘pchilik bolalar va o‘smirlar hujumkor o‘yinchilarni yoqtiradilar. Menga esa Mehmetning harakatlari ilhom berardi», deydi Nagelsmann.

Dastlabki futbolka

Garchi Nagelsmann Sholl va Syutterni «kumir» sifatida e’tirof etgan bo‘lsada, u olgan dastlabki «Bavariya» futbolkasiga Matteus nomi yozilgandi: «Sariq-ko‘k rangdagi safar libosi. Ochig‘i, ko‘k shortlar va sariq rangdagi getralar - ranglarning o‘ta bema’ni uyg‘unligi. Boz ustiga, liboslar parashyut uchun ishlatiladigan yaltiroq ipakdan tikilgan. Bu futbolkani peshona teri evaziga topgan pulimga xarid qilganman. Lekin baribir, u liboslarim ichidagi eng yaxshisi emas».

Sevimli seriali

Yulian vatandoshlari tomonidan yaratilgan «Telbalar» komediya serialini yoqtiradi: «Mazkur kartinaning bitta seriyasini qaynonam bilan birgalikda tomosha qildik. Men filmda qo‘llanilgan to‘mtoq iboralarga uning munosabatini bilmoqchi bo‘lgandim. Nazarimda, bu juda ajoyib usul. Ayrim seriallar xuddi hayotdan olingandek».

TVga «Meni kutgil» ko‘rsatuvining nemischa variantini kiritish istagi

Murabbiy mahalliy kanal orqali namoyish etiladigan «Yo‘qolib qolganlar» dasturini miriqib tomosha qiladi: «Bu ko‘rsatuv menga doimo manzur bo‘lgan - 20 yoki 30 yil ko‘rishmay yurgan kishilar to‘satdan o‘zaro duch kelib qolishadi. O‘ta ehtirosli lahzalar! Ko‘ngilchan bo‘lganim uchun, har gal ekran qarshisida o‘tirgancha ularning yig‘ilariga jo‘r bo‘laman. Bilmadim, balki qachonlardir bu ko‘rsatuvga boshlovchi bo‘larman? Nima bo‘lganda ham, 30 yildan beri bir-birini topa olmay yurganlarga yordam berishdan bosh tortmayman».

«Xaki» - ruletning sovg‘asi

«Xoffenxaym» bosh murabbiyi go‘shtli rulet tayyorlashning hadisini olgan, taxallus - ana shu pazandalik samarasi. «Chindan ham, uni sifatli qilib pishiraman, yeyishni ham o‘rniga qo‘yaman. Doimo rulet uchun maxsus sous tayyorlayman. Bu o‘ta jo‘n taom, ammo menga juda yoqadi. Murabbiylik shtabidagi kasbdoshlarim meni Xaki deb atashadi. Chunki ularni tez-tez rulet bazmiga taklif etaman», deydi Yulian.

Yoshlikdagi beboshlik oqibati

Futbolchilik davrida Nagelsmann tizzasidagi jarohatni vaqtida davolashdan ko‘ra, ma’shuqasi bilan «yallo» qilishni ustun qo‘ygandi. Hozir u o‘sha qarorini hayotidagi eng katta xato deb hisoblaydi. Chunki salomatligini tiklash uchun 10 oy vaqt sarflashiga to‘g‘ri kelgandi.

Og‘ir tabiatli o‘yinchilar ishqibozi

Hikoyadan murabbiyning sobiq shogirdlari va jamoadoshlari bilan yozishmalari ham o‘rin olgan. Ularning ayrimlari bilan tanishing: «Salom, Yulian. Faoliyatingdagi eng yaxshi shogirding - Sandro Vagnerman. Men ketgach, «Xoffenxaym» mash­g‘ulotlari ancha osoyishta o‘tadigan bo‘lib qolgandir? Yoki meni sog‘inyapsanmi?» Mana bir yildirki, Vagner «Bavariya»da to‘p surmoqda. Nagelsmanning fikricha, Sandro bilan ishlash qiyin, lekin qiziqarli: «U bilan yozishib turaman. Tabiatan o‘ta injiq bo‘lsada, ajoyib yigit. Ayniqsa, maydonda Sandroga gap uqtirish oson emas. Buni o‘zi ham yaxshi biladi. Ana shu og‘ir tabiati malakali murabbiy bo‘lishimda muhim rol o‘ynadi. Undan avval o‘jar futbolchilarga duch kelmagandim. O‘ylashimcha, Vagner men bilan hamkorlik qilganidan xafa emas. «Bavariya»ga o‘tib, orzusiga yetdi. O‘zim ham shogirdim bilan faxrlanaman».

Keyingi savol Kristian Treshdan: «Yulian, «Myunxen-1860»da to‘p surgan davrimizdagi laqablarimiz esingdami?»

Murabbiyning javobi: «Ha, unutganim yo‘q. Seni Viyeyra, meni Terri deb chaqirishardi. Biz shunaqa mohir o‘yinchilar edik».

Xususiy murabbiy va ruhshunos

«Mening xususiy murabbiyim bor, ammo u basketbol olamidan. Shuning­dek, ruhshunos xizmatidan ham foydalanaman. U menga dam olish, kuchimni tiklash va tashvishlardan xalos bo‘lishda ko‘maklashadi. Ular - yaqin maslahatchilarim. Kezi kelganda, Tomas Tuxel bilan bog‘lanib turaman».

Gvardiola va Pochettino

Nagelsmannda biror-bir taniqli kasbdoshidan nusxa ko‘chirish istagi yo‘q. Biroq u Xosep Gvardiola faoliyatini yuksak baholaydi. Shuningdek, Maurisio Pochettino va Yoxan Kroyff­larga ham hurmati baland.

Dronlardan voz kechdi

Hayotdan ortda qolmaslikka intilgan yosh mutaxassis zamonaviy texnologiyalardan foydalanishni xush ko‘radi. «Xoffenxaym»ning mashg‘ulot maydonchasiga ulkan ekran va kameralar o‘rnatilgan. Mashg‘ulot jarayonini murabbiy dronlar yordamida tasvirga olish niyatida edi. Biroq rejadan voz kechishiga to‘g‘ri keldi - dronlarning shovqini o‘yinchilar fikrini chalg‘itar ekan.

Vaqtini behuda o‘tkazmaydi

«Ochig‘i, jamoa taktikasi bobida ko‘proq hojatxonada bir qarorga kelaman. Kimdir telefon o‘ynash yoki gazeta-jurnal o‘qish bilan vaqt o‘tkazadi. Men esa mashg‘ulotlarning sifati haqida bosh qotiraman. Osuda sharoitda ajoyib g‘oyalar tug‘iladi».

Biroq murabbiy bu g‘oyalarini hojatxona qog‘oziga tushirmaydi: «Endi 30ga chiqdim, miyamdagi fikrlarni hojatxonadan chiqib, xotirjam ravishda bloknotimga yozish uchun 10-15 daqiqa xotiramda saqlashga qurbim yetadi».

Nagelsmanning samarali rejalari uchun yana bir qulay joy - yotoqxona. Aynan uyquga ketish arafasida Yulian miyasida fantastik g‘oyalar junbushga keladi. Murabbiy esa erinchoqlikni bir chetga surib, ularni tezda qog‘ozga muhrlaydi.

Hammadan til bilishni talab qiladi

«Bavariya»da barcha futbolchi va murabbiylar nemis tilini bilishlari shart. Gvardiola va Anchelotti ham Myunxenga kelishlaridan bir necha oy avval til o‘rganish bilan mashg‘ul bo‘lishgan. O‘zaro til topishish uchun bu juda muhim. Yulian bu borada yanada talabchan - shogirdlarining talaffuziga alohida e’tibor beradi: «Faoliyatim avvalida ayrim qoidalarni kiritdim. Masalan, futbolchi «to‘pni menga uzat» iborasi o‘rniga «to‘pni uzat» desa, 1 yevro jarima to‘laydi. Oy davomida anchagina mablag‘ to‘planib qoldi. Men esa uni jamoa nomidan xayriya tadbirlariga sarflayman».

Shirinliklarga to‘la kabinet

Nagelsmann va uning yordamchilari ishlaydigan xona jamoaning ichki muhitini va murabbiy tabiatini yaqqol aks ettiradi. U yerda shovqin-suron va musiqa hukmron. Shuningdek, matbuot kotibi Kristian Frommert tasarrufidagi shirinliklarga to‘la maxsus shkaf ham bor.

Qachondir gid bo‘lmoqchi

Purviqor tog‘lar shaydosi bo‘lgan murabbiy faoliyatini yakunlaganidan keyin suyukli go‘shasida velosiped, chang‘i yoki piyoda sayrlarni tashkil etish niyatida. Chunki u ona tabiat qo‘ynida telefon va shunga o‘xshash chalg‘ituvchi buyumlarsiz miriqib hordiq chiqarishni xush ko‘radi.

Manba: interfutbol.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘ta besabr va tajovuzkor 31 yoshli murabbiy Yulian Nagelsman tug‘risida...