21:02 / 21.11.2018
3 417

Eldor Sakayev: "Andijon xalqidan qarzim bor edi..."

Eldor Sakayev: "Andijon xalqidan qarzim bor edi..."
“Andijon” o‘z maydonida “Istiqlol”ni mag‘lubiyatga uchratib, o‘z oldiga qo‘yilgan vazifani bajargan holda Superliga yo‘llanmasiga ega chiqdi. Andijonlik muxlislarning ishonchini qozongan jamoa bosh murabbiyi Eldor Sakayevga esa hamma o‘z minnatdorchiligini bildirdi. Qolaversa, viloyat hokimi unga “Kobalt” mashinasini ham sovg‘a qildi. O‘yin tugaganidan keyin bosh murabbiy o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

- Eldor Usmonovich, sizning boshchiligingizdagi “Andijon”ning Superligaga yo‘llanmani qo‘lga kiritgani bilan tabriklaymiz. Ayni paytda hammada xursandchilik, shodu-hurramlik hukm suryapti. Ayting-chi, hozirda nimalar xayolingizdan o‘tyapti?

- Mana, o‘zingiz ko‘rib turibsiz, bugun stadionda muxlislar ajoyib muhitni yarata olishdi. Jamoamizning bugungi g‘alabasidan xaql xursand bo‘lyapti. Viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov doim jamoamizga yuqori darajada e’tibor qaratib keldi. Futbolchilarga nima kerak bo‘lsa, hammasini qilib berdi. Qanday yordam kerak bo‘lsa, hokim rad etmasdan faqat bizni qo‘llab-quvvatladi. Shuhratbek Qo‘shoqboyevichning mana shunday yordamlari tufayli jamoamiz Superligaga chiqdi. Umuman olganda, viloyatimizning barcha rahbariyatiga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Bizga katta yordam ko‘rsatishdi. O‘zingiz ham ko‘rdingiz, bu yilgi pro-liga bahslari juda jiddiy va keskin kurashlarga boy bo‘ldi. Eng muhimi, kurash oxirigacha davom etdi. Vaziyat esa qiyin edi. Ammo biz o‘z maqsadimizga erishish uchun oxirigacha ishondik va kurashdik. Andijon xalqi uchun ham o‘ynab, vazifani bajarishimiz kerak edi. Xudoga shukrki, hammaning oldida yuzimiz yorug‘ bo‘ldi. Muhimi, xalq va Shuhratbek Abdurahmonov bizga ishongandi. Qishda u kishi bilan uchrashganimizda qanaqa yordam kerak bo‘lsa, hammasini bajarishga va’da bergandi. Buning uchun faqat xalqni xursand qilishimiz kerak edi. Ko‘rib turibsiz, hokim ham faqat xalq uchun, uning manfaati uchun mehnat qilyapti. O‘zi kabinetda o‘tirmaydi, har doim ko‘chada, ish bilan yuradi. Aytmoqchimanki, biz davlatimiz uchun xizmatdamiz. Mana, o‘z xizmatimizni bajarib ishqibozlarimizni xursand qildik.

- Lekin bugungi o‘yin ancha qiyin kechdi...

- Ha, shunday bo‘lishi oldindan aniq edi. Lekin o‘yinda futbolchilarga xotirjam bo‘lishlarini, faqat o‘z o‘yinimizni ko‘rsatishimiz kerak deb uqtirgandim. Ammo birinchi bo‘limda o‘yinimiz o‘zimiz kutgandek qovushmadi. Lekin stadionga yig‘ilgan muxlislar bizni qo‘llab-quvvatlashda davom etishdi. Buning evaziga o‘zimiz uchun kerakli natijaga erishdik.

- Ikkinchi bo‘limni jamoangiz to‘liq tashabbus bilan boshladi. Tanaffus paytida shogirdlaringizga nimalar dedingiz?

- Futbolchilarga yana bir bor xotirjam bo‘lishlarini aytdim. Shunchaki, o‘z o‘yinimizni ko‘rsataylik, albatta g‘alaba qozonamiz dedim. Lekin o‘yinga bo‘lgan e’tibor kuchliligidan albatta jamoamizda katta bosim bor edi. Shunga qaramay, yigitlarga ko‘proq hujum qilishni va albatta gollar urishimiz zarurligini tushuntirdim.

- Jamoada ish boshlaganingizda oldingizga “Andijon”ni Superligaga olib chiqish vazifasi qo‘yilgandi. Shunga yarasha, zimmangizdagi vazifani bajardingiz. Ayting-chi, murabbiylik faoliyatingizda bugungi o‘yin va muvaffaqiyat qanchalik ahamiyat kasb etadi?

- Bilasizmi, murabbiylik faoliyatimda eng asosiy o‘yin va yoqimli hissiyotlarni aynan bugun Andijonda his etdim. Ilgari ham bu yerda ishlaganman, to‘g‘rimi? Ochig‘ini aytsam, meni “Andijon”dan qarzim bor edi. Bungacha oxirgi marta 2016 yili ishlagandim. Men bu yil nima uchun yana bu yerga keldim? O‘sha qarzimni uzish uchun-da. O‘tgan yili “Sementchi”da edim va meni tayyor ishim bor edi. “Andijon” klubi rahbari Ma’ruf Abdisalomov bilan biz aka-ukamiz. Ammo 2016 yili birga ishlaganimizda afsuski, jamoa birinchi ligaga tushib ketgandi. Men o‘shanda jamoada sport direktori bo‘lib ishlardim. O‘sha muvaffaqiyatsizlik uchun xalq va viloyat hokimi oldida qarzim bor edi. Yil boshida esa menga yana “Andijon”dan chaqiruv bo‘lganida o‘sha qarzimni to‘lash uchun ham bu yerda ishlashga rozilik berganman. Vaholanki, meni tayyor ishim bor edi. Faqat o‘sha qarzimni qaytarish uchun ham qaytdim va Xudoga shukrki, yuzimiz yorug‘ bo‘lib, “Andijon”ni kuchlilar safiga qaytardik.

- Qaysidir klub Superligaga chiqmoqchi bo‘lsa, Eldor Sakayevni olib kelsin degan xazilomuz gap ham bor. Masalan, o‘tgan yili “Sementchi”ning o‘z vazifasini bajarishiga ham katta hissa qo‘shgandingiz. Bu yil esa “Andijon” bilan Superligaga chiqdingiz...

- Yo‘q, bu fikrlarga qo‘shilmayman. Hamma ishni faqat Sakayev bajarmaydi. Mana, “Andijon”ning maqsadiga erishishida, boya aytganimdek, viloyat hokimining qo‘shgan hissasi juda katta bo‘ldi. Shuningdek, klub rahbari, murabbiylar, futbolchilar, ishchi xodimlar, umuman hamma-hammaning mehnati bor. Shuning uchun bu muvaffaqiyat birgina meniki emas, barchaniki.

- Endi jamoa yangi mavsumdagi Superliganing rasman ishtirokchisiga aylandi. Shunday ekan, murabbiy sifatida ertami-kechmi, keyingi mavsum haqida o‘ylashni boshlaysiz. Bu borada qanday rejalar bo‘lishi mumkinligini haqida ayta olasizmi?

- Andijonlik muxlislar juda talabchan. Albatta, biz yangi mavsum uchun rejalar va dasturlar tuzib, uni viloyat hokimiga ko‘rsatamiz. Biz bilamizki, Shuhratbek Abdurahmonov Andijon xalqining xursandchiligi uchun hamma narsani qilishga tayyor. Shuning uchun Xudo xohlasa, kelasi mavsumda ham jamoamizga yetarli darajada shart-sharoitlarni yaratib berishda hech qanday muammolar bo‘lmaydi. Shu sababli biz hokimga o‘zimizning takliflarimiz bilan chiqamiz va gaplashamiz.
Shuhratbek Jo‘rayev suhbatlashdi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Eldor Sakayev: "Andijon xalqidan qarzim bor edi..."