06:00 / 01.12.2018
3 444

Ro‘ziqul Berdiyev - "So‘g‘diyona"ga mos murabbiy

Ro‘ziqul Berdiyev - "So‘g‘diyona"ga mos murabbiy
Kecha saytimizda "Nasaf" bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyevning klubdan ketishi mumkinligi haqida xabar chiqdi.

Avvalo shuni aytish kerak, Ro‘ziqul Sa’dullayevich malakali mutaxassis hamda yoshlar bilan ishlashni biladi. Berdiyev "Nasaf" bosh murabbiyi sifatida bir qator yutuqlarga erishdi va yana jamoa rulida qoladigan bo‘lsa, bundan keyin ham yaxshi natijalar qayd etishiga umid qilsa bo‘ladi.

Ammo shamol bo‘lmasa daraxtning uchi qimirlamaydi deganlaridek, Ro‘ziqul Sa’dullayevichning jamoadan ketishi mumkinligi haqida bekorga gap chiqqani yo‘q. Ko‘pchilik bu mavsum Berdiyev uchun "Nasaf" bosh murabbiyi sifatidagi oxirgisi demoqda. Lekin murabbiy ketgan taqdirda ham ko‘p vaqt ishsiz qolmasa kerak.

"Nasaf"ning bu yil kuchli oltilikka kira olmagani Berdiyevning aybi bilan emas, balki klubda yuzaga kelgan moliyaviy holat tufayli yuz berdi. Jamoa puldan qiynalib qoldi, natijada yetakchilarning ketishi boshlandi. Avvaliga mahalliy futbolchilar, undan keyin legionerlar ketib qoldi. Albatta, hozirgi kunda biror bir futbolchini faqat yaxshi gap bilan jamoada olib qolib bo‘lmaydi.

Shunga qaramay, "Nasaf" Superliganing ikkinchi bosqichida ham o‘zini ko‘rsata oldi. Masalan, "ajdarlar" asosiy raqobatchilari "Qizilqum" va "Qo‘qon-1912"ga nisbatan ko‘proq ochko jamg‘ardi. "Nasaf" hozircha 15 ochko to‘pladi, bu ikki jamoa esa 12 ochkodan. Shaxsiy fikrimcha, agar Berdiyev "Nasaf"ni tark etadigan bo‘lsa, eng yaxshi variant sifatida "So‘g‘diyona" ko‘rinyapti. Chunki kelasi yil Jizzaxda pul bo‘lsa Berdiyev jamoa bilan qanday ishlash kerakligini ko‘rsata oladi.

Nega aynan "So‘g‘diyona"? Vaziyatga real qarasak, Ro‘ziqul Sa’dullayevich vodiyga bormasa kerak. Shuningdek, Toshkentga ham kelmasligi ehtimoli katta. Arveladze "Paxtakor"da qoladigan ko‘rinyapti, Fyodorov "Loko"ni chempion qildi, Qosimov esa "Bunyodkor"dagi eng asosiy figura hisoblanadi.

Yana kimlar qolyapti? Hamidjon Aktamov "Qizilqum"ni hech kimga berib qo‘ymaydi. Shipilov "Metallurg"ga mos murabbiy, aytgancha bu yerda "Buxoro" ham bor. Lekin Berdiyev "Buxoro"ni tanlarmikan. AGMKda ishlab Baxtiyor Ashurmatov Kubokni yutdi, "Neftchi" tushib ketdi, "Navbahor"ga Kanchelskis o‘zi yaqinda keldi, No‘’mon Hasanov ham Qo‘qonda yomon ishlamayapti.

Endi "So‘g‘diyona"ga keladigan bo‘lsak, rahbariyat Sergey Lushanga hamma sharoitni qilib berdi. Yozgi transfer paytida faqat "So‘g‘diyona" legionerlar limitiga to‘liq amal qilib o‘z safiga beshta xorijlikni qo‘shib oldi. Lekin natija qani? Mana endi jamoa o‘tish o‘yinida ishtirok etadi. Bolalar futbolidan chiqqan Lushanga negadir kattalar futboli mos kelmayapti. Shaxsiy fikrimcha, bu kishi birorta futbol maktabiga direktor bo‘lgani ma’qul.

Mana shu taxminlardan kelib chiqib Ro‘ziqul Berdiyev mabodo "Nasaf"dan ketadigan bo‘lsa ham eng ma’qul variant "So‘g‘diyona" deb o‘ylayman. Chunki Jizzaxda ham futbolni Qarshidan kam bo‘lmagan darajada yaxshi ko‘rishadi. Qolaversa, Jizzaxdan har doim yaxshi futbolchilar yetishib chiqqan. Balki Berdiyev o‘z joyida qolib boshlab qo‘ygan ishini davom ettirishi ham mumkin. Lekin boshqa klubda ham ishlab ko‘rsa buning nimasi yomon?

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ro‘ziqul Berdiyev - "So‘g‘diyona"ga mos murabbiy