09:20 / 03.12.2018
3 124

Baxtiyor Ashurmatov "Bunyodkor" tomonidan aldangan jiyani, matbuot, sharhlovchilarning bilimi haqida

Baxtiyor Ashurmatov "Bunyodkor" tomonidan aldangan jiyani, matbuot, sharhlovchilarning bilimi haqida
Tolibjon Qosimov muallifligidagi, Shahboz Beg‘amov hamroxligida o‘tadigan "Extra TIME" loyihasida mehmon bo‘lgan AGMK bosh murabbiyi Baxtiyor Ashurmatovning ba’zi fikrlarini matnli tarzida e’tiboringizga havola etamiz.

- "O‘zbekiston kubogi doirasidagi yarim final va final o‘yinlarida jamoamiz futbolchilari o‘zlarining eng yaxshi o‘yinlaridan birini o‘tkazishdi. Aynan o‘sha bahslarda futbolchilar murabbiylar tomonidan berilgan barcha ko‘rsatmalarni deyarli to‘liq amalga oshirishin uddasidan chiqishdi. Shuningdek bir narsani qayd etish kerakki, yarim finalda barcha mutaxassislar hamda muxlislar "Bunyodkor"ni yaqqol favorit sifatida, finalda esa "Paxtakor"ning imkoniyatlarini sezilarli darajada ustun qo‘yib, AGMKni hisobdan chiqarib qo‘yishgani ham bizni qaysidir ma’noda yanada kuchlantirdi. Aynan o‘sha o‘yinlarda biz murabbiylar shtabi bilan jamoani kerakli darajada ruhlantirishga erishdik. Bizga bo‘lgan ishonchsizlik jamoani ruhiy taraflama izdan chiqarmadi, aksincha yaxshi ma’noda ta’sir qildi", - deya finaldagi muvaffaqiyatni izohladi Baxtiyor Ashurmatov.

Baxtiyor Ashurmatov finaldan avval va keyin xafa bo‘ldi. Nega?

- "Finaldan avval ko‘pchilik AGMK "Paxtakor"ga yutqazib beradi, olmaliqliklarda imkoniyat yo‘q, deganlar ham ko‘p uchradi. Bunday gap-so‘zlar aslida bizni foydamizga ishladi. Chunki finalda maydonga chiqishdan oldin futbolchilarga kiyinish xonasida hech kim bizga ishonmayotganini, bizga ishonch bildirayotgan faqatgina yaqinlarimiz, oila a’zolarimiz, ba’zi rahbarlarimiz va klubda faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlar hamda murabbiylar shtabi. Yakunda natija qanday bo‘lgani barchaga ayon. Uchrashuvdan keyin barcha xushnud kayfiyatda bo‘ldi.

"Paxtakor" rahbarlari vijdonan ishlashmoqda. Finaldan avval ular tomonidan AGMKga hech qanday bosim bo‘lgani yo‘q. Ular halol futbol tarafdori ekanligini final ko‘rsatib berdi. Ammo finaldan keyin ham ba’zi mutaxassislar tomonidan yangragan gaplar, shubhalar ochig‘i meni ranjitdi. Muxlislarni gapini to‘g‘ri tushunishga harakat qilaman. Ular muxlis va o‘z jamoasi uchun qayg‘uradi. Aksariyat "Navbahor" muxlislari "Paxtakor" ularni OChLdan quruq qoldirish uchun AGMKga yutqazib berdi, degan fikrlarni ham o‘qidim. Gapni ochig‘i, men "Championat.asia" saytini doim faol tarzda kuzatib, muxlislar fikrlarini ham o‘qib boraman. Shaxsan men uchun muxlislarning fikri qiziq. Shuningdek, "Navbahor" muxlislari saytini ham kuzataman. O‘sha yerda ba’zi shunaqa xunuk izohlarni o‘qidim.

Tasavvur qiling, "Paxtakor"ni o‘ziga yarasha obro‘si bor, yevropada ishlagan o‘zini hurmat qiladigan Shota Arveladze boshqarmoqda. Bunday mutaxassis jamoaga finaldan oldin bizga AGMK OChLga chiqishi kerak yoki "Navbahor" kerak, deb aytadi deb o‘ylashadimi? Buni tasavvur qilish qiyin. Arveladze va men uchun ham bu murabbiylik faoliyatimizdagi ilk final edi. Finalda yigitlar, bugun biz yutqazishimiz kerak, deb aytishni jinoyatga teng deb hisoblayman.

"Paxtakor" finalgacha hali o‘zi OChLga yo‘llanmani rasmiylashtirmagandi. "Paxtakor" hali yo‘llanmani qo‘lga kiritmay turib shunday tavakkalga qo‘l uradimi? Kamiga finaldan keyin jamoa OChL yo‘llanmasi uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqibi "Navbahor" bilan o‘z uyida durang o‘ynadi. Agarda Sulaymonov yoki Urunovning vaziyatlari golga aylangandami? Muxlislarni fikri o‘z yo‘liga, ular jonajon jamoasi manfaatini o‘ylab fikr bildirishadi. Ammo ayrim mutaxassislar tomonidan bo‘lgan shubha ochig‘i meni hayron qoldirdi. Bunday fikrga borish aqlga sig‘maydi.

"Championat.asia" saytini juda ko‘plab, minglab futbol muxlislari o‘qib borishadi, "YouTube"dagi sahifasini kuzatib borishadi. Men yuz foiz ishonch bilan ayta olamanki, biz finalda haqqoniy g‘alabaga erishdik. Final kuni kim kuchliroq bo‘lgan bo‘lsa, omadi chopgan jamoa g‘olib chiqdi. "Paxtakor" esa halol va munosib kurashdi.

Men o‘z jamoamdan xafaman. Chunki finaldan keyin qator muvaffaqiyatsiz o‘yinlarni o‘tkazdik. Bunda ham o‘zimiz aybdormiz. Balki aynan shunday muvaffaqiyatsiz uchrashuvlardan keyin ba’zi shubhalar oshib ketgan bo‘lishi mumkin. Bunga o‘zimiz sharoit yaratib berdik. Finaldan keyin jamoada qandaydir eyforiya kuzatildi. Farg‘onadan qaytgan jamoani Superligada tanib bo‘lmayapti. Bunda murabbiylar shtabining ham aybi bor. Rahbariyat oldida uyalib qoldik. Chunki klub rahbariyati bizni finaldan keyin ajoyib tarzda rag‘batlantirishdi. Biz esa ularga munosib javob qaytara olmayotganimiz va haligacha superligadagi holatimizni so‘roq ostida qoldirayotganimiz ko‘ngilni xira qiladi.

Futbolchilar endi AGMKga raqiblar mamlakat kubogi egasi sifatida qarashini to‘g‘ri tushinishi lozim. Qo‘lga kiritilgan kubok bilan rasmga tushish va erishilgan yutuq bilan cheklanib qolish yaramaydi. Endi ko‘tarilgan darajani pastga tushirmaslik zarur".

AGMKdagi seleksiya ishlari rejasi haqida

- "OChL oldidan tarkibni keskin kuchaytirish lozim. Bunda chempionat o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan chala seleksiya qattiq pand berib qolishi tayin. Biz hozirdan kelasi mavsum uchun jamoaga jalb etmoqchi bo‘layotgan futbolchilar bilan og‘zaki muzokaralarga kirishganmiz. To‘g‘ri, hozir agarda ro‘yxatni ko‘rsatadigan bo‘lsa, nomlarni ko‘rib, iye zo‘rku, deyish mumkin. Ammo hali ular bilan kelishish masalalari mavjud. Ro‘yxatdagi barcha futbolchini bilan kelishuvga erishish nihoyatda qiyin. Muzokaralar o‘z yo‘liga, qachonki ular bilan rasman shartnoma imzolansagina hisob. Chunki biz qiziqayotgan futbolchilarni AGMKdan tashqari boshqa jamoalar ham ko‘zlab turishibdi. Biz esa futbolchilarni jamoaga olib kelish uchun ulardan ham yaxshiroq taklif bilan chiqishimizga to‘g‘ri keladi".

"Bunyodkor"ning avvalgi rahbariyati tomonidan aldangan jiyani Rustam Ashurmatov haqida

- "Men tarkibda ko‘rmoqchi himoyachilar bor. Ularni o‘zi ham AGMKga kelishga rozi. Faqatgina klublar o‘rtasidagi muzokara va shartnoma borasidagi ishlarga bog‘liq qolgani. Ulardan biri jiyanim Rustam Ashurmatov. O‘zbekistonda himoyadan hujumga o‘tishdagi birinchi pasni beradigan eng zo‘r himoyachi deb Rustam Ashurmatovni bilaman. Gap jiyanim bo‘lgani uchun emas. To‘g‘ri, yaxshi himoyachilar ko‘p. Kimdir yakka-kurashlarda zo‘r, pozitsion jihatdan kuchli o‘ynaydigan futbolchilar yetarli. Ammo birinchi pasni berish salohiyati Rustam Ashurmatovda kuchliroq, nazarimda. Bizga bitta aqlli o‘ynaydigan va bitta jangovor ruhda harakatlanadigan himoyachi kerak. Masalan men Gochguliyev bilan tandem bo‘lganimda ko‘proq yakka-kurashlar qo‘shilib, oldinga chiqib ketardim. Shunda Gochguliyev meni o‘rnimni tozalab, sug‘urtalab turardi. AGMKga ham ikki xil tipdagi himoyachi kerak. Shunda chiroyli juftlik xosil qilardik. Keyin hujumga o‘tishda ham, himoyalanish borasida ham muammolarga duch kelmasdik. Nasib qilsa keyingi mavsumga qadar ishlab tursak, tarkibni yaxshi kuchaytirib olishni rejalashtirib turibmiz.

Gapni ochig‘i, Rustamning o‘ziga ham men bilan ishlash qiziq tuyulmoqda. Ammo uning "Bunyodkor" bilan tuzgan bir yillik shartnomasi mavjud. Shu o‘rinda bir narsani aytish kerakki, o‘z vaqtida shartnoma bo‘yicha Rustamni avvalgi rahbarlar aldashgan. Jiyanimga o‘zini darajasiga nisbatan ancha kam miqdorda maosh belgilashgan. To‘g‘ri, pul birinchi o‘rinda turmaydi. Buni Rustamga juda ko‘p bor ta’kidlaganman va qulog‘iga qo‘yganman. Qolgan ba’zi nisbatan pastki o‘rindagi jamoalar himoyachilari, terma jamoaga nomzod bo‘lmaganlar ham Ashurmatovdan 3 yoki 4 barobar ko‘proq maosh olishadi. Rustam Ashurmatovga maslahatlashmasdan turib yangi shartnoma imzolama deganimda, "Bunyodkor"ning avvalgi rahbari tog‘enga aytdik, ruxsat berdi deb shartnomaga qo‘l qo‘ydirishgan. Yashirmayman, Rustam hech qanday ko‘tarma pulisiz 2 million oylikka 4 yillik shartnoma imzolagan.

Rustam juda ham sodda bola va rahbariyatni bu gapiga laqqa ishongan. To‘g‘ri, bizda murabbiy yoki futbolchilar maosh yoki summa haqida gapirishmaydi. Yana bir narsani aytish kerakki, klubga Murod Aliyev va Mirjalol Qosimov kelishganidan so‘ng yil boshida Rustam Ashurmatovning shartnomasini qaytadan yangilashdi va maoshini ko‘tarishdi. Ammo Rustam o‘tgan 3 yil mobaynida hech qanday ko‘tarma pullarisiz o‘z darajasiga mos bo‘lmagan maoshga o‘ynab kelgan. To‘g‘ri, g‘alabalar uchun mukofot pullari olgan. Ammo jiyanim sabriga yarasha rag‘batlantirildi. Qishda Ravshan aka Haydarov boshchiligida Osiyo chempioniga aylandi va munosib ravishda rag‘batlantirildi. Bu gaplarni aytishdan maqsad nolish emas. Shunchaki ba’zi bir noto‘g‘ri bo‘lgan ishlarni misol tariqasida keltirib o‘tmoqdaman".

Matbuot, jurnalist va sharhlovchilar haqida

- "Gapni ochig‘i, matbuotni juda sinchikovlik bilan kuzatib boraman. "Futbol Ekspress", "Interfutbol" gazetalarini mutolaa qilaman. Har kuni "Championat.asia" saytiga kiraman. Kuniga 25-30 martalab kiraman saytga. Muxlislar bildirayotgan izohlariga qadar o‘qib boraman. Saytdagi imloviy xatolarga qadar ko‘rib boraman. Shu o‘rinda xodimlardan har bir xabarni chop etishdan avval qayta o‘qib chiqishlarini so‘ragan bo‘lardim. Buni izohlarda muxlislar ham qayd etishadi. To‘g‘ri, jurnalistlarning ishi ham oson emas va nihoyatda mas’uliyatli sanaladi. Men doim jurnalistlarni ishini qadrlayman va ularga alohida hurmatda bo‘laman. Bizda futbol kishilari, murabbiy yoki futbolchilar matbuotdan o‘zlarini olib qochishga urinishadi. Matbuot bilan uchrashuvlardan imkon qadar qochishga harakat qilishadi. Bu noto‘g‘ri. Matbuot bilan imkon qadar yaqinroq bo‘lish kerak. Chunki muxlislar uchun o‘z qahramonlari, kumirlari yoki yoqtirgan yulduz futbolchilarining fikri, hayoti yoki qiziqishlari qiziq bo‘lishi mumkin. Futbolimiz rivoji yo‘lida matbuotning xizmati nihoyatda katta.

Muxlislarning bildirayotgan izohlarini o‘qish ham qiziqarli. To‘g‘ri, doim ham izohlarda sog‘lom fikr bo‘lmasligi mumkin. Oxirgi paytlarda Ronaldu yoki Messi tufayli o‘zbek birodarlarimiz bir-birlarini haqorat qilishgacha borishayotgani kishini ranjitadi. Aynan mana shu jarayonlar menga umuman yoqmaydi. Ammo yaxshi, qiziq fikrlar ham ko‘p uchraydi. U yerdan ham yaxshi axborotlarni olish mumkin. Saytda chop etiladigan barcha maqolalarni diqqat bilan kuzatib boraman. Bir so‘z bilan aytganda, "Championat.asia" sayti haqida juda yaxshi fikrdaman va sevimli saytim deb bemalol aytaman.

Sevimli sharhlovchim? Hozir sevimli sharhlovchim bor desam kimdir noto‘g‘ri tushunishi mumkin. Lekin sharhlarni ham juda e’tibor bilan kuzataman. Hammasi ham emas, ammo ayrim sharhlovchilarning bilimi sayoz. Men ularga maslahat berishim qanchalik to‘g‘ri bilmadim, ammo bu maslahat emas. Aytaylik, men o‘zim sharhlovchi bo‘lganimda ko‘proq futbol mavzusidagi kitoblarni mutolaa qilgan bo‘lardim. Sharhlovchilar futbol bilimini kuchaytirmog‘i lozim. Balki menga sen o‘zing murabbiy sifatida bilimingni kuchaytir, deb aytishlari mumkin. Bilimimni kuchaytirishni xohlayman. Imkon tug‘ilishi bilanoq xorijga safar qilib, tajribali mutaxassislarning ish jarayonini o‘rganib kelishni rejalashtirganman".

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Baxtiyor Ashurmatov "Bunyodkor" tomonidan aldangan jiyani, matbuot, sharhlovchilarning bilimi haqida