00:27 / 04.12.2018
3 335

O‘zbekiston U20 murabbiylar oddiy hisob-kitobni bilmagani tufayli Osiyo chempionatiga chiqolmadi

O‘zbekiston U20 murabbiylar oddiy hisob-kitobni bilmagani tufayli Osiyo chempionatiga chiqolmadi
Bugun 3 dekabr kuni Toshkentda Osiyo chempionati U20 musobaqasining Markaziy mintaqa saralash bahslari guruh bosqichida so‘nggi tur o‘yinlari o‘tkazildi.

O‘zbekiston U20 terma jamoasi Osiyo chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritish imkoniyatini sharmandalarcha boy berdi. Tojikistondan 2:7 hisobida mag‘lubiyatga uchragan jamoa Qirg‘iziston va Tojikiston joylashgan V guruhida eng oxirgi o‘rinni egalladi.

Mayli, to‘p dumaloq, futzal maydoni futbolnikidan ham tep-tekis, har qanday kutilmagan natijalar bo‘lishi mumkin. Ammo, muvaffaqiyatsizlikka murabbiylarimizning oddiy hisob-kitobni bilmasligi ham sabab bo‘lsa, hayron qolar ekansiz.

O‘zbekiston 1-turda Qirg‘izistonni 6:3 hisobida yutgan bo‘lsa, keyingi o‘yinda qirg‘izistonliklar Tojikiston ustidan 6:1 hisobida ustun kelgandi.

Demak, oddiy hisob-kitob qilib ko‘rsak, O‘zbekiston futzalchilari durangga erishsa yoki 1ta to‘p farqi bilan mag‘lubiyatga uchrasa, guruhda birinchi o‘rinni, agar 5ta to‘p farqi bilan mag‘lubiyatga uchrasa, oxirgi o‘rinni egallashi aniq edi.

O‘yin paytida, hisob tojiklar foydasiga 2:5 bo‘lib turgandan boshlab, O‘zbekiston terma jamoasi murabbiylari vaqti vaqti bilan darvozabon o‘rniga beshinchi futzalchini tushira boshlashdi. Buni tushunsa bo‘ladi, hisobni tenglashtirish, g‘alaba qozonish orqali guruhdagi 1-o‘rinni saqlashga urinish tabiiy hol. Chunki, 2-o‘ringa tushib qolsak, A guruhining 2-jamoasi (Afg‘oniston) bilan o‘tish o‘yinida maydonga tushishga to‘g‘ri kelar edi.

Ammo, o‘yin tugashiga 19 soniya qolganda, hisob raqib foydasiga 2:6 bo‘lib turganda, darvozabon o‘rniga beshinchi futzalchini tushirishdan qanday foyda bor edi? Axir bu vaqtda hisobni tenglashtirish tugul, o‘sha bizni guruhda 1-o‘rinda qoldiradigan holatga qaytish uchun ham 3ta gol talab qilinardi-ku?

Aksincha, 2:6 hisobi bizga hech bo‘lmasa, 2-o‘rinni olib, keyingi bosqichga chiqish imkoniyatini qoldirardi. Tojikiston futzalchilari esa 7-golni urib, hisobdagi farqni kerakli 5taga oshirishi zarur edi.

Vaziyat raqib emas, bizning foydamizga bo‘lib turganida, bunday o‘zgarishni amalga oshirish uchun ikki sabab bo‘lishi mumkin: yo murabbiylarimiz qanday hisob bizni qoniqtirishi borasida ma’lumotga ega bo‘lishmagan, to‘g‘ri hisoblay olishmagan. Yoki, shunchaki, Osiyo chempionatiga borishni istashmagan. Birinchi variantga, ancha kulgili bo‘lsa-da, ishongimiz keladi.
Qahramon Aslanov

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbekiston U20 murabbiylar oddiy hisob-kitobni bilmagani tufayli Osiyo chempionatiga chiqolmadi