11:55 / 05.12.2018
3 199

Sardor Rashidov: “Arab klubiga o‘tishim ehtimoli 50ga 50”

Sardor Rashidov: “Arab klubiga o‘tishim ehtimoli 50ga 50”
Pepsi Superliga joriy mavsumi yakuniga bir tur qolganda chempionlikni rasmiylashtirgan «Lokomotiv» klubi a’zolarini «Paxtakor»ga qarshi kechgan uchrashuvda qo‘lga kiritilgan g‘alaba shukuhi hali tark etmaganiga shubha yo‘q. Chempionat g‘olibligi prinsipial raqib bilan uchrashuvda nishonlangani esa xursandchilikni ikki karra oshirishi turgan gap. «Temiryo‘lchilar» safida oltin medallarni qo‘lga kiritganlar orasida milliy jamoamizga nomzod futbolchilar ko‘pchilikni tashkil etadi. Shulardan biri - Sardor Rashidov. Biz «Paxtakor»ga qarshi kechgan chempionlik o‘yinidan so‘ng «Lokomotiv»ning yetakchi yarim himoyachilaridan birini suhbatga tortdik.

- Sardor, avvalo, chempionlik muborak bo‘lsin. Lekin nazarimda, mavsum sizlar uchun ancha murakkab keldi. Shunday emasmi?

- Ha, albatta. Birinchi galda chempionatimizning yangi formatda o‘tkazilgani nafaqat bizga, balki boshqa klublarga ham o‘ziga yarasha qiyinchiliklarni tug‘dirdi. Oliy liganing nomi Superligaga o‘zgartirildi. Chempionat o‘yinlari to‘rt davrali tizimda o‘tkazildi. Birinchi bos-qichdan so‘ng kuchli oltilikdan joy olgan jamoalarning quyi oltilikdagi klublar bilan o‘yinlardagi ochkolari nolga tenglashtirildi. Keyin moliyaviy tomonini bilmadim-u, lekin jamoalar bu yilgi mavsumda o‘yin jihatidan sezilarli darajada kuchayishgan. Fikrimni o‘tkazilgan uchrashuvlar ham tasdiqlaydi. Mavsum boshini qo‘ya turing, uning oxirlarida kim ham o‘ylabdi deysiz, AGMKning O‘zbekiston kubogini qo‘lga kiritishini? Hatto, olmaliqlik futbolchilarning o‘zlari ham bunday bo‘lishini kutishmagandi. Ha, xohish-istak har doim, hamma jamoada ham bo‘lgan. Lekin jamoalarning real imkoniyatlarini taqqoslaganda, baribir, grand klublarning g‘alabalariga ishonib kelganmiz. Biroq AGMK buning iloji borligini amalda isbotlab qo‘ydi. Qolaversa, «Paxtakor», «Bunyodkor» jamoalarida ham o‘sish ko‘zga tashlanyapti.

- Mana shu o‘zgarishlarga munosabatingiz qanday? Futbolimiz rivojiga xizmat qiladimi?

- Bu narsaga hamma har xil qarayapti. Masalan, «Paxtakor» birinchi bosqichni peshqadam sifatida yakunladi. Lekin ochkolar qayta hisoblanganidan keyin ikkinchi bosqichni pastroq o‘rinda boshladi. Aksincha, «Navbahor» birinchi o‘ringa chiqib oldi. Tabiiyki, bu o‘sha jamoa muxlislari va futbolchilarining o‘ziga ham yoqmaydi. Bunday yangilikka ko‘nikish ham qiyin bo‘ldi. Menimcha, hozir bir narsa deyish qiyin. Har qanday o‘zgarishga kamida 2-3 yildan so‘ng baho berish to‘g‘ri bo‘lsa kerak. Qatar va BAA chempionatlarida o‘ynaganman, lekin u yerda bunday format yo‘q. Adashmasam, arab chempionatlarining hech birida ikki bosqichli tizimga duch kelmaysiz.

- Bu yil «Paxtakor» bilan chempionatning o‘zida to‘rt marotaba to‘qnash keldinglar. Ayniqsa, ikkinchi bosqichning har ikkala o‘yinida raqibdan yaqqol ustunlikka erishdinglar. Bu «Lokomotiv»ning ayni paytda «Paxtakor»dan kuchli ekanligini bildiradimi?

- Har ikkala jamoa kuchli tarkibga ega. «Paxtakor» ham, «Lokomotiv» ham o‘z oldiga chempionlik vazifasini qo‘ygandi. Agar siz aytgan ikki o‘yin bo‘yicha tahlil qiladigan bo‘lsak, biz bu uchrashuvlarda yuzaga keltirilgan vaziyatlardan oqilona foydalana oldik. Mazkur o‘yinlarda urilgan oltita gol imkoniyatlardan foydalanish mahsuli, desam to‘g‘riroq bo‘ladi. Chempionlik taqdirini hal qilgan bahsga kelsak, bu uchrashuvda «Paxtakor» hujum qilishi tayin edi. Shuni inobatga olib, asosan ikkinchi raqam ostida harakat qildik. Qarshi hujumlarga tayandik va guvohi bo‘lganingizdek, bu taktika o‘z mevasini berdi.

- Bu yilgi mavsum hisobidan «Lokomotiv» uchun qaysi o‘yin eng asabiy va qiyini bo‘ldi?

- Chempionatning uchinchi turida «Navbahor» mehmoni bo‘lib, 0:2 hisobida yutqazgandik. O‘sha o‘yin stadion to‘la muxlislar guvohligida o‘tgandi. Juda asabiy ruhda kechgan uchrashuvda imkoniyatni boy bergandik. Eng qiyini sifatida «Navbahor» bilan bahsni aytgan bo‘lardim. O‘zi aslida Namanganda o‘ynash har bir mehmon jamoa uchun oson kechmaydi. Adashmasam, bu yil «Navbahor» o‘z muxlislari ko‘z o‘ngida yutqazmadi. Bundan tashqari, «Metallurg», safarda «Buxoro» jamoasiga qarshi kechgan o‘yinlarda ham bizga oson bo‘lgani yo‘q.

- Mavsum deyarli yakuniga yetdi. Adashmasam, «Lokomotiv» bilan bir yilga shartnoma imzolagan edingiz. Endigi rejalaringiz qanday?

- Ha, 31 dekabr kuni shartnomam yakunlanadi. Ungacha hali bir oycha vaqt bor. Bu haqda hali o‘ylab ko‘rganim yo‘q. Bor e’tiborim «Lokomotiv» bilan mavsumni yuqori kayfiyatda yakunlashga qaratilgandi. Mana, chempion ham bo‘lib oldik.

- Boshqa klublardan, xususan, xorij jamoalaridan takliflar bo‘lyaptimi?

- Takliflar yo‘q, desam yolg‘on bo‘lar. Arab davlatlaridan qiziqishlar bo‘lib turibdi.

- Demak, takliflar orasidan eng maqbulini tanlashingiz mumkin?

- Nasib qilsa, shunday reja yo‘q emas.

- Xorij chempionatiga yo‘l olishingizni foiz hisobida oladigan bo‘lsak, uni qanchaga baholaysiz?

- Ellikka-ellik degan bo‘lardim, balki oltmishga qirqdir.

- Arab klublari deganda, o‘zingiz to‘p surgan Qatar va BAA chempionati ishtirokchilarini nazarda tutdingizmi?

- Qatardan ekanligi aniq. Shuningdek, BAAdan ham qiziqishlar bor.

- Sizga Fransiyaning «Renn» klubidan taklif bo‘layotgani aytilgandi. Lekin ke-yinchalik «Lokomotiv» variantini tanlagandingiz. O‘shandan keyin faranglar bilan boshqa gaplashmadingizmi?

- Murabbiyim bilan aloqaga chiqdim. Haliyam «Renn»ni boshqaryapti. Xabaringiz bor, Lyamushi bilan Qatarda birga ishlaganman. Aynan shu mutaxassis meni «Renn»ga taklif qilgandi. Ochig‘ini aytsam, hozir bu fransuz klubining moliyaviy ahvoli yaxshi emas ekan.

- Bu yil jarohatlar ham sizni qiynab qo‘ydi. Buning natijasida hamma o‘yinlarda ham maydonga tushmadingiz. Balki shu tomondan va terma jamoa manfaati yo‘lida ham yangi takliflarni o‘ylab ko‘rarsiz?

- Albatta, milliy jamoa manfaati birinchi o‘rinda turadi. Agar termamizdan taklif olsam, maydonda borimni berishga tayyorman. Oldinda Osiyo kubogi kutmoqda. Bu musobaqada ishtirok etishni juda xohlayman.

- Terma jamoamiz bosh murabbiyi Ektor Kuper qo‘l ostidagi mashg‘ulotda ishtirok etdingiz. Himoyaviy uslubni xush ko‘ruvchi bu argentinalik mutaxassis haqida sizning shaxsiy fikringiz qanday?

- Har bir murabbiyning o‘ziga yarasha o‘yin uslubi bo‘ladi. Kuper himoyada mustahkam o‘ynab, tezkor hujumga o‘tish taktikasini ilgari suradi. Men birinchi yig‘inda ishtirok etdim. Keyingisida jarohat sabab qatnasha olmadim. Shunga qaramay, birinchi yig‘indan yaxshi taassurot oldim. Baribir, xorijlik murabbiy ekanligi bilinib turibdi. Yordamchilari ham o‘ziga yarasha kuchli mutaxassislar ekan.

- Osiyo kubogidagi raqiblar haqida qanday fikrdasiz? Guruhdan chiqa olamizmi?

- Buni uddalamasak uyat bo‘lar. Muxlislar oldida ham izza bo‘lib qolamiz. Nasib qilsa, qit’a chempionatida uzoqroqqa borishimiz kerak. Tabiiyki, asosiy raqib - bu Yaponiya terma jamoasi bo‘ladi. Guruh g‘olibligi uchun kurash biz va «kunchiqar yurt» jamoasi o‘rtasida kechadi. Shaxsiy fikrim, guruhdan chiqishimiz Ummon bilan o‘yinda hal bo‘lsa kerak. Turkmaniston terma jamoasiga hurmatni saqlagan holda shuni aytishim kerakki, Ummon ikkinchi yo‘llanma uchun kurash olib boradi.

- «Lokomotiv» O‘zbekiston chempioni sifatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri OChL guruh bosqichida qatnashadi. Hozircha kvartetdagi ikki raqib jamoaning nomi ma’lum. «Pley-off» o‘yinlari orqali qo‘shiladigan to‘rtinchi klubni ham taxmin qilish mumkin. Eron yoki Qatar vakili «Lokomotiv» joy olgan «V» to‘rtligini to‘ldirib beradi. Raqiblar haqida nima deya olasiz? Guruhdan chiqa olasizlarmi?

- Yana «Al-Vahda» jamoasi bilan bir guruhga tushib qoldik. «Al-Ittihod» haqida ham tasavvurga egamiz. O‘zimning jamoadoshim ham hozir Jidda klubi sharafini himoya qilyapti. «Al-Ittihod» Saudiya Arabistoni chempionatida so‘nggi 16-o‘rinni egallab turibdi. Shu kungacha o‘tkazilgan o‘nta o‘yinning sakkiztasida mag‘lubiyatga uchragan. Ikkita uchrashuvda durang qayd etilgan va hali biror marta ham g‘alaba qozona olmagan. O‘z darvozasidan eng ko‘p - 24ta to‘p o‘tkazib yuborgan. Jiddaliklar hozircha so‘nggisi bo‘lib turgan 10-turni o‘z maydonlarida o‘tkazishlariga qaramay, «Al-Ahli» klubiga 1:3 hisobida yutqazib qo‘yishdi.

Ochig‘ini aytsam, bu yil arab klublari unchalik ham kuchli ko‘rinmayapti. «Al-Vahda» ham oxirgi turda o‘z uyida «Al-Jazira»ga yutqazdi. Sobiq jamoam bir kishi kam bo‘lib harakat qilsa-da, yakunda «Al-Vahda» maydonidan uch ochko bilan qaytdi. Bu jamoa BAA chempionatida oltinchi o‘rinni egallab turibdi. O‘nta o‘yindan uchtasida g‘alaba qozongan. To‘rtta uchrashuvda yutqazgan, o‘z darvozasidan 22 marta to‘p olib chiqqan. Har bitta o‘yinda o‘rtacha ikkitadan gol o‘tkazib yuborayotgan ekan, demak bu jamoaning himoya chizig‘ida muammolari bor. Adashmasam, yaqinda bosh murabbiyi ham iste’foga chiqdi. Chempion bo‘lganimizdan keyin erinmasdan guruhdagi raqiblarimizning chempionatlaridagi hozirgi holatlari bilan tanishib chiqdim. Xulosa qilish mumkinki, bu arab klublari bilan bemalol o‘ynasak bo‘ladi.

Taxminimcha, guruhimizdagi to‘rtinchi jamoa katta ehtimol bilan «Ar-Rayyan» bo‘ladi. Har qanday holatda ham biz o‘z o‘yinimizni namo-yish etishimiz kerak. Buning uchun shunga yarasha kuchli tayyorgarlik olib borishimiz lozim. Hali Superligada yana bitta o‘yinimiz bor. Namanganda «Navbahor» jamoasi mehmoni bo‘lamiz. Garchi chempionlik masalasini hal qilib qo‘ygan bo‘lsakda, bu uchrashuv biz uchun alohida ahamiyatga ega. Birinchi davrada ikki to‘p farqi bilan mag‘lubiyatga uchraganmiz. Bir narsa aniqki, mazkur bahsdan birinchi galda muxlislar yutishadi. Chunki ikkala jamoada ham bosim bo‘lmaydi. Biz chempionlikka erishgan bo‘lsak, «Navbahor» bronza medalini qo‘lga kiritdi. O‘yin natijasi turnir jadvaliga hech qanday o‘zgartirish kiritmaydi. Bunday holatda jamoalar ochiq, hujumkor futbol namoyish etishadi. Bu esa muxlislarga yoqadi.

Manba: interfutbol.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Sardor Rashidov: “Arab klubiga o‘tishim ehtimoli 50ga 50”