11:24 / 07.12.2018
3 180

Timur Kapadzega Kuperning uslubi yoqmayapti...mi?

Timur Kapadzega Kuperning uslubi yoqmayapti...mi?
Futbolchilikdan murabbiylikka o‘tgan Timur Kapadze bu yil “Lokomotiv” bilan uchinchi chempionlikni qo‘lga kiritdi. E’tiborlisi, bungacha futbolchi sifatida shohsupaga ko‘tarilgan bo‘lsa, bu safar murabbiylar shtabida ishlash orqali ushbu muvaffaqiyatga sazovor bo‘ldi. Endi esa Timur Kapadze “Lokomotiv”ning yoshlar jamoasini boshqaradigan bo‘ldi. Shu tariqa u mustaqil ravishdagi faoliyatini boshladi. Aslini olganda, joriy yilda O‘zbekiston milliy terma jamoasini ham boshqargan holda to‘rtta o‘rtoqlik uchrashuvida vaqtincha bosh murabbiylik vazifasini ham bajardi va o‘zidan yomon taassurot qoldirmadi. Uning futbolga o‘zgacha qarashlari bor. U bilan bir qator muhim masalalar haqida muloqot qildik. Chempionlik qo‘lga kiritilgani, yoshlar jamoasida ish boshlagani, “oltin ochkolar” tizimining qo‘l kelishi va shu bilan birga terma jamoani boshqarayotgan Ektor Kuper va uning o‘yin uslubi to‘g‘risida ham gapirdi. E’tiborlisi, Kapadze hammasini ochiq-oydin va keskin tarzda bildirdi.

Chempionlik xususida

- Biz ketma-ket uchinchi marta chempionlikni qo‘lga kiritib, o‘ziga xos tarzda xet-trikka erishganimizdan xursand bo‘ldik. Qolaversa, ilk bor chempionatimiz Superliga formati asosida o‘tdi. Shu bois qiziqarli va o‘ziga yarasha qiyin kechdi. “Paxtakor” ham kuchli tarkibga ega edi. Ammo o‘zaro uchrashuvlarda ushbu jamoani mag‘lubiyatga uchratganimiz chempionlik yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Muxlislarimiz oldida yana bir bor yuzimiz yorug‘ bo‘lganidan quvondik. Umid qilamanki, bunday muvaffaqiyatlarimiz yana davomli bo‘ladi. “Lokomotiv”ning o‘ziga yarasha ambitsiyalari bor. Mavsum boshida oldimizga uchta vazifa qo‘yilgandi. Bular – Osiyo Chempionlar ligasi, O‘zbekiston Kubogi va chempionati bahslari edi.

Garchi ikkita frontda uzoqqa bora olmagan bo‘lsak-da, o‘ylaymanki, eng asosiysi – bu chempionlikdir. Bu yil minimal bo‘ladimi yoki maksimalmi, nima bo‘lganda ham vazifani bajardik. O‘zimga keladigan bo‘lsam, bungacha faqat futbolchi sifatida chempion bo‘lgandim va har birining o‘ziga yarasha gashti bo‘lgan. Bu safar esa murabbiylar shtabida ishladim va bu borada ozgina bo‘lsa ham o‘z hissamni qo‘shganman deb hisoblayman. Lekin birinchi navbatda futbolchilarga rahmat aytish kerak. Chunki ular qiyin yo‘lni bosib o‘tishdi. Qayerdadir o‘yin sifatimiz chiqmadi va omad yuz o‘girdi. Ammo jamoamiz oxirigacha kurashgani evaziga yana chempionlikka ega chiqdik.

“Oltin ochkolar” “Paxtakor”ning ziyoniga, “Loko”ning esa foydasiga ishlagani haqida

- Vaziyatga real qaraydigan bo‘lsak, haqiqatan bu narsa o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Agar ochkolar bo‘linmaganida “Paxtakor” bizdan oldinda borayotgandi. “Oltin ochkolar” tizimi ishga tushirilgach esa vaziyat umuman boshqacha ko‘rinish oldi. Lekin shuni ham unutmaslik kerakki, bu reglament mavsum o‘rtasida yoki oxirida e’lon qilingani yo‘q, chempionat boshlanmasidan oldin hammaga oshkor etilgan. Mavsum o‘rtasiga kelib ochkolar bo‘linishi oldindan aniq edi. Hamma jamoa esa bu reglamentga roziligini bildirgan. To‘g‘ri, “oltin ochkolar” bizning foydamizga ishladi. Bu ham bejiz emas. Negaki, to‘g‘ri yo‘nalishda ishlaganimiz uchun ham shunday bo‘ldi. Reglament haqida endi ortiqcha gapirishning hojati yo‘q.

Kapadze yoshlar jamoasi bosh murabbiyi!

- Qachondir murabbiy sifatida mustaqil ravishda ishlashim kerak edi. Boshqa klublardan ham takliflar bo‘ldi. Lekin menga “Lokomotiv”ning yoshlar jamoasini ishonib topshirishdi. O‘zim ham hech bo‘lmaganda bir yil yoshlar bilan ishlash haqida o‘ylayotgandim. Xabaringiz bo‘lsa, bungacha murabbiylik o‘quv-kursida o‘qidim. Murabbiy sifatida o‘z ustimda ishlayapman. Bu borada o‘zimning futbolga bo‘lgan qarashlarim bor va bularni albatta amalga tatbiq etishni istayotgandim. Umid qilamanki, o‘ylaganlarimni amalga oshira olaman. Bungacha milliy terma jamoada ham ishladim va futbolchilarni to‘rtta o‘yinda bosh murabbiy sifatida boshlab tushdim. O‘ylaymanki, o‘sha uchrashuvlarda uyalib qolmadik. Bilasizmi, milliy terma jamoada qisqa fursat ishlab, murabbiylikni eplay olishimni tushunib yetdim. Chunki bungacha xavotirim bor edi. Axir murabbiylikda hali amaliyot o‘tmagandim. Har bir o‘yin murabbiyning xato va kamchiliklarini ko‘rsatib beradi, buning ustida ishlash kerak. Terma jamoa men uchun katta tajriba maktabini bajarib berdi.

Kuperning taktikasi nima uchun yoqmayapti?

- Milliy terma jamoamizga hammamiz qayg‘uramiz. Kuperga kelsak, oxirgi o‘yinlar shuni ko‘rsatdiki, uning himoyaviy taktikasi bizning futbolga unchalik mos tushmayapti. Bizning o‘yinchilarimizning kuchli taraflari, to‘p bilan muomala qilish va texnik-taktik jihatlarini aytish mumkin. Kuper esa futbolchilarimizning zaif tomonlaridan foydalanyapti. Bu esa o‘rtoqlik uchrashuvlarida ham bilinyapti. Ayniqsa, Janubiy Koreyaga qarshi bellashuvda ko‘p savollar tug‘ildi. Afsuski, bosh murabbiy yigitlarimizning kuchli jihatlaridan foydalanmayapti. Natijada, ular Kuperning talablarini bajarishda noqulayliklarga duch kelishyapti. Himoyaviy o‘yin ko‘rsatish uchun birinchi navbatda jismoniy tomondan kuchli bo‘lishi kerak.

Futbolchilarimiz esa bunday taktikada o‘ynashga jismonan ham, ruhan ham tayyor emas. To‘g‘ri, Osiyo Kubogida qanchalik muvaffaqiyatli ishtirok etsak, bu hammamiz uchun yoqimli bo‘ladi. Lekin bir jihatni ham unutmaylikki, ushbu musobaqani go‘yoki katta bozorga o‘xshatish mumkin. U yerga ko‘plab skautlar kelishadi. Terma jamoamiz yaxshi qatnashsa va futbolchilarimiz o‘zlarini ko‘rsatishsa, xaridorlar ko‘payib boraveradi. Ammo hozirgidek o‘ynab turishsa, unda hech kimga kerak bo‘lmay qolishadi. Himoyaviy o‘yinni juda yaxshi bilamiz, kerak bo‘lsa, “avtobus”larni ham ko‘rdik. Lekin termamizning hozirgi o‘yinini unchalik tushunmayapmiz. Himoyaviy taktika qo‘llanilyapti-yu, ammo Livan ham, Janubiy Koreya ham ko‘plab xavfli hujumlar uyushtirib, imkoniyatlarga ega bo‘lishyapti. Bular golga olib keladigan hujumlardir. Hozirda futbol o‘sib boryapti.

Anchadan beri himoyaviy o‘yin o‘zini oqlamayapti. Joze Mourino ham “avtobus”lardan voz kechgan. Ektor Kuper futbolchilarimizning kuchli tomonlaridan ham foydalanishini istayman. Masalan, terma jamoani to‘rtta uchrashuvda boshqargan bo‘lsam, tarkib har xil bo‘ldi. Menda vaqt kam bo‘lgan. O‘shanda yigitlarimizning kuchli tomonlaridan foydalanganman. Agarda futbolchilarimizning bajara olishmaydigan jihatlaridan foydalanadigan bo‘lsak, baribir ular bu ishni eplay olishmaydi. Chunki ularni qo‘lidan keladigan narsalarni talab qilish lozim. Ko‘pchilik futbolchilar haligacha Vadim Abramov boshqargan terma jamoamizni eslab turishadi. Futbolchilar ko‘plab murabbiylar bilan ishlashgan, biroq Abramov ko‘proq yodlarida qolgan. Chunki u bizning kuchli tomonimizdan foydalanishni bilgan. Shuning uchun O‘zbekistonning o‘z o‘yin uslubi bor.

Osiyo Kubogida terma jamoamizdan nimani kutish mumkin?

- Afsuski, terma jamoamizda o‘yin yo‘q. To‘g‘ri, hozirgi o‘rtoqlik uchrashuvlaridan hech kim hisobot so‘ramayapti. Lekin Kuper boshchiligida oltinchi o‘yin o‘tkazilgan bo‘lsa, shu vaqtgacha terma jamoamiz o‘yinida nimadir ko‘rishimiz kerak edi. Biz ko‘proq to‘p bilan muomalada bo‘lishimiz, raqibni imkon qadar to‘psiz qoldirishimiz lozim. Hattoki, garchi Urugvayga yutqazgan bo‘lsak-da, bu usulni qo‘llay oldik. Balki Janubiy Koreyaga qarshi o‘yindan so‘ng murabbiy ham o‘ylanib qolgandir va endi boshqa jihatlarga ham e’tibor qaratar. Ektor Kuper o‘z taktikasini qo‘llayapti, ammo uning uslubiga bizning futbolchilarimiz qanchalik mos tushishi esa bu o‘ylantiradigan savol bo‘lib chiqyapti.

Kuperga mahalliy yordamchi zarurmidi?

- Mening fikrimcha ham uning yonida futbolimizni yaxshi biladigan o‘zimizning mutaxassis bo‘lishi kerak edi. U bosh murabbiyning ishiga aralashmaydi. Biroq futbolimiz haqida ma’lumotlarni berib turardi. Axir murabbiylar shtabi yangi va ular hammasini noldan boshlashdi. Bunday paytda esa o‘zbek murabbiylaridan kimdir futbolchilar haqida kerakli ma’lumotlarni berib tursa yaxshi bo‘lardi. Mahalliy murabbiyni tegsa faqat yordami tegardi. Balki mahalliy murabbiy yordam berishini o‘zi xohlamagandir, ochig‘i buning sababini men ham tushunmadim. Masalan, men yillar davomida birga o‘ynagan o‘zimizning futbolchilarimizning imkoniyatlarini yaxshi bilaman. Agar men terma jamoada ishlayotganimda Kuper bilan futbolchilarimiz o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajarib bergan bo‘lardim.

Lekin hech kim Kuperning ishiga aralashmayapti, chunki natijaga u javob beradi. Aslida esa biz u qo‘llayotgan uslub va futboldan o‘tganmiz. To‘psiz yugurish bizning o‘yinchilarimizga to‘g‘ri kelmaydi. Bosib o‘tgan yo‘limizga yana qaytayotganimiz albatta xavotirli. Bu vaziyatda bosh murabbiyni yomonlamoqchi emasmiz. Albatta, u ko‘pni ko‘rgan va tajribali mutaxassis. Lekin futbol o‘syapti, oldingisi bilan hozirgisini solishtirib bo‘lmaydi. Himoyaviy o‘ynab natijaga erishayotgan jamoani ko‘rmayapman. Futbolchilardan o‘zlari uchun noqulay bo‘lgan uslubni talab qilsa, ularda nima ayb? Agarda Kuper bizning kuchli tomonlarimizdan foydalanmasa qiynalib qolamiz.
Shuhratbek Jo‘rayev suhbatlashdi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Timur Kapadzega Kuperning uslubi yoqmayapti...mi?