00:37 / 10.12.2018
3 344

Sardor Rashidov: "O‘zimni yulduz deb o‘ylasam, katta xato"

Sardor Rashidov: "O‘zimni yulduz deb o‘ylasam, katta xato"
O‘zbekistonning ko‘zga ko‘ringan futbolchilaridan biri Sardor Rashidov bu yil “Lokomotiv” safida to‘p surib mamlakat chempionligini qo‘lga kiritdi. Ko‘pchilik esa uni milliy terma jamoamiz uchun muhim futbolchi deb hisoblashadi. Biroq oxirgi paytlarda terma jamoamiz ustozi Ektor Kuper uni yig‘inlarga chaqirilmayotgandi. Albatta, bunga uning jarohati ham sabab bo‘ldi, biroq murabbiy tomonidan tanqid ham bildirildi. Bunga futbolchining o‘zi qanday fikrda? Xullas, Sardor bilan gaplashadigan mavzular ko‘p edi. Buning ustiga u faoliyatini yana xorijda davom ettirish ilinjida yuribdi. “Lokomotiv”ni tark etishi haqida ham mazkur suhbatda ma’lum qildi. Bir so‘z bilan aytganda, Rashidov bilan bir qancha masalalar ustida gaplashdik va umid qilamizki, ushbu suhbat sizni bee’tibor qoldirmaydi.

“O‘zimni ko‘rsatish uchun to‘liq imkoniyat berilmaganidan qoniqmadim”

- Chempionlik qo‘lga kiritilganidan keyin oila davrasida dam olish yanada maroqli bo‘lsa kerak?
- Bunday muvaffaqiyatdan keyin har qanday futbolchi ham o‘zini yaxshi his qiladi. O‘zbekistonda ikkinchi bor chempionlikka erishganimdan xursandman. Lekin bu yil “Lokomotiv” jamoasi og‘ir mavsumni o‘tkazdi. Chunki aksariyat klublarga bizga qarshi kuchli o‘yin ko‘rsatishdi. Ammo biz oxirigacha sovuqqonlik bilan o‘ynadik va maqsadimizga erishdik.

- Bu yil chempionat reglamenti yangicha tuzildi va bunga asosan mavsum o‘rtasiga kelib “oltin ochkolar” tizimi ishga tushdi. Mabodo, bu narsa qo‘llanilmaganida ham “Lokomotiv” chempion bo‘la olarmidi?
- Bunisini bilmadim. Ammo bunday bo‘lmagan taqdirda ham biz harakat qilardik.

- Lekin siz “Lokomotiv”ning barcha uchrashuvlarida to‘liq ishtirok etganingiz yo‘q. Statistika shuni ko‘rsatyaptiki, sizning hisobingizda 23 ta o‘yinda 8 ta gol bor.
- To‘g‘risi, to‘liq o‘yinlarda ishtirok eta olmaganim meni qoniqtirgani yo‘q. Buning ustiga jarohat ham orttirib olgandim. Yana bir gap: menga o‘zimni ko‘rsatish uchun 100 foiz imkoniyat berilmadi. Bundan esa tabiiyki qoniqmadim. Bu futbolda bo‘lib turadigan narsa. Bir mavsum yaxshi o‘ynasangiz, keyingi mavsum hech nima o‘xshamasligi mumkin. Ammo menga bundan ham ko‘proq imkoniyat berilganida gollarim bundan-da salmoqli bo‘lardi va to‘purarlikka harakat qilib ko‘rishim mumkin edi.

- O‘zingizga yetarlicha imkoniyat berilmagani borasida bosh murabbiy bilan gaplashmadingizmi?
- Gaplashdim. Murabbiy nima derdi? Har bir murabbiyning o‘z taktikasi va dunyoqarashi bor.

- Joriy mavsumdagi format sizga yoqdimi?
- Formatga unchalik e’tibor berganim yo‘q. Chempionat qanday formatda o‘tishidan qat’iy nazar jamoalar o‘z maqsadi sari kurashishi kerak. Yakunda esa formatni yoki boshqa narsani bahona qilmaslik lozim. Futbolchi maydonga chiqdimi, faqat futbol o‘ynasin. Formatni esa hech nimaga aloqasi yo‘q. Bu muhokama qilinadigan mavzu emas. Sizni qanday o‘ynayotganingiz va qanaqa natijalar ko‘rsatayotganingizni bilish uchun turnir jadvali bor.

“Lokomotiv”dan ketdimmi? “Ha”!

- Siz xorijga ketishga rosa urindingiz. Avvaliga qishda ketmoqchi bo‘ldingiz, keyin esa yozda safarga otlanishga harakat qidingiz. Lekin mavsumni oxirigacha “Lokomotiv”da yakunladingiz. Rejangiz amalga oshmagani kayfiyatingiz va o‘yiningizga ham ta’sir o‘tkazmaganmidi?
- Yo‘q, u qadar katta ta’siri bo‘lmadi. Baribir har bir futbolchining o‘z orzusi bo‘ladi. Ayniqsa, Yevropaga ketishni istab qoladi. Endi shuni ochiq aytishim mumkinki, men uchun arablarning chempionati unchalik qiziq emas. Chunki u yerda o‘ynab bo‘lganman. Ikki yil davomida yarim himoyachining 30 ta gol urishi qiyin vazifa deb o‘ylayman. Shu bois endi qiziqishim faqat Yevropa tomonlarga qaratilgan. Afsuski, yozda urinishlarimiz o‘xshamadi. Endi nasib qilsa, qishda yana harakat qilib ko‘ramiz. Yana xorijga ketish niyatim bor.

- Demak, bu yil “Lokomotiv”dagi oxirgi faoliyatingiz bo‘ldimi?
- Ha, shunday.

- U holda qachon siz haqingizda yangilikni eshitamiz.
- Nasib qilsa, yaqin kunlarda.

- 27 yoshni qoralab bo‘lgansiz. Bunday yoshda Yevropaga ketish sizga to‘sqinlik qilmasmikin? Odatda bundan-da yosh va iqtidorli o‘yinchilarga qiziqish katta bo‘ladi.
- Yevropada 2-3 yil o‘ynab kelishim uchun vaqt bor deb o‘ylayman. To‘g‘ri, Yevropaga qancha erta ketsa, o‘ynash uchun imkoniyatlari ko‘proq bo‘ladi. O‘ylashimcha, yoshning katta farqi yo‘q, hammasi futbolchining o‘ziga bog‘liq.

“O‘zimni yulduz deb o‘ylasam, katta xato!”

- “Lokomotiv”da bu yil 27-raqam ostida to‘p surdingiz. Bu aynan yoshingiz bilan bog‘liq ekanda-a?

- Yo‘q, menga bo‘sh raqamligi uchun 27 ni berishgandi. Raqamni olganimdan keyin bu o‘xshashlikni bildim. Hammasi tasodif.

- Nima deb o‘ylaysiz, futbolchiga raqamning qanchalik ahamiyati bor?
- Raqam hech qachon futbolchini mashhur qilmagan. Aksincha, futbolchi raqamni mashhur qilgan. O‘yinchi maydonga tushib faqat o‘z o‘yinini ko‘rsatishi kerak.

- Ko‘pchilik sizni o‘zbek futbolining yulduzlaridan biri deyishadi. Xo‘sh, o‘zingizni qanchalik yulduz deb hisoblaysiz?
- Muxlislarning menga qaratayotgan e’tiborlaridan xursandman. Ammo hech qachon o‘zimni yulduz deb hisoblamaganman. Mabodo, shunday fikrga borsam katta xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘laman. Men doimo muxlislarga minnatdorchilik bildiraman. Chunki ishqibozlarsiz bunday darajaga erisha olmasdim.

- Chempionatimizda o‘ynayotgan futbolchilarning hammasi o‘zini professionalmiz deb hisoblashadi. Ammo bunday gaplar ko‘pincha quruq og‘izda qolib ketadi. Legioner bo‘lib o‘ynab yurganlar esa professional degan tushunchaning mohiyatini yaxshiroq tushunishadi deb o‘ylaymiz. Sizning fikringizcha, professional futbolchi qanday bo‘lishi lozim?
- Professional bo‘lishi uchun futbolchi o‘z ishiga 100 foiz yondashishi kerak. Nafaqat mashg‘ulotlarda, balki hamma jabhada. Shunda u professionallik sari intilayotgan bo‘ladi. Bizdagi futbolchilar orasida professionallari ham, noprofessionallari ham bor. Ochig‘i, futbolchilarimiz haqida bir nima deyish qiyin. Kimgadir og‘ir botishi mumkin.

- Shuningdek, siz legioner maqomida o‘ynab sifatli maydonlarni ham ko‘p ko‘rdingiz. Bunday paytda o‘zimizdagi maydonlar bilan solishtirib ko‘rsangiz kerak-a?
- Arab mamlakatlarida chindan ham bizga qaraganda maydonlarning sifati zo‘r. Har holda ularda e’tibor kuchli. Qolaversa, mablag‘lari ham ko‘p. Shuning hisobiga maydonlari yaxshi holatda, haqiqiy professionallar. Tan olish kerak, bizga nisbatan farqi katta.

- Shu paytgacha ko‘plab stadionlarni ko‘rdingiz va u yerlarda o‘ynadingiz. Ayting-chi, qaysi stadionda etingiz jimirlab ketgan?
- (o‘ylanib) O‘zimizda shunday bo‘lgan. Jahon chempionatining oxirgi saralash bosqichida milliy terma jamoamiz ishtirokida Eron hamda Suriyaga qarshi o‘yinlarda shunday holatni his qilganman. O‘shanda stadion muxlislar bilan liq to‘lgandi.

“Hatto Messi bilan Ronaldu ham himoyaga qaytib 100 foiz kuch bilan o‘ynay olishmaydi”

- Bungacha eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzulardan biri sizni terma jamoa yig‘inlaridan chetda qolayotganingiz bilan bog‘liq edi. Buning sababini bilishga qiziqib ko‘rmadingizmi?
- Birinchidan yig‘inga chaqirsa ham mendan foyda yo‘q edi. Chunki jarohatda edim. “Paxtakor” bilan o‘yindan oldin jarohat olgandim. Lekin terma jamoa murabbiylarining men haqimda qanday fikrdaligidan xabarim yo‘q. Ammo o‘z tushuncham bo‘yicha yig‘inga chaqirilmaganimni jarohat bilan izohladim.

- Lekin Ektor Kuper siz haqingizda gapirar ekan, himoyaga qaytib yordam bermayapti, deya tanqid ostiga olgandi. Bunga munosabatingiz qanday?
- O‘ylashimcha, dunyoda hali himoyaga ham qaytib, hujumga ham o‘tib 100 foiz kuchi bilan o‘ynay oladigan futbolchi bo‘lmasa kerak. Hattoki, Messi bilan Ronalduda ham bunday jihat yo‘q. Har bir o‘yinchining o‘ziga yarasha uslublari bor. Agarda mendan himoyaga qaytib yordam berishni xohlayotgan bo‘lsa, qo‘limdan kelganicha uning talabini bajarishga harakat qilaman.

- Umuman olib qaraganda, uning himoyaviy taktikasi sizga yoqyaptimi?
- Himoyaviy taktikada birdaniga qarshi hujumga o‘tib ketishda bo‘shliqlar paydo bo‘ladi. Bunday uslub hammaga har xil, menga esa to‘g‘risi 50x50.

- Lekin futbolchilarimiz Kuperning uslubiga moslashishi juda qiyin kechyapti. Bu holat sizga ham sezilayotgandir...
- Chunki bizning futbolchilarimiz bunday uslubda o‘ynashmagan. E’tibor bering, terma jamoaga “Paxtakor”dan va “Lokomotiv”dan 7-8 nafardan o‘yinchilarni chaqiryapti. Lekin o‘sha futbolchilar ichki chempionatda o‘z jamoasida himoyaviy o‘yin ko‘rsatishmaydi. “Lokomotiv” ham, “Paxtakor” ham faqat hujumkor o‘ynashadi. Bunday taktikada o‘ynagan futbolchilarning birdaniga himoyaviy taktikaga moslashishlari oson emas. Demoqchimanki, o‘yinchilarning o‘zlariga ham qarash kerak, ya’ni, ular nimalarga qodir, qanday uslublarda yaxshiroq o‘ynay olishadi? Shularni ham hisobdan chiqarmaslik kerak. Bizda hamma o‘yinchi hujumkor taktikada to‘p surishadi. Lekin o‘ylaymanki, Osiyo Kubogigacha futbolchilarimiz Kuperning taktikasiga moslashib keta oladilar. Yana bir oy vaqt bor.

- Bir so‘z bilan aytganda, siz Ektor Kuperga qanday ta’rif berasiz?
- Men hozircha u bilan bitta yig‘inda qatnashdim. O‘shanda Kuper yaxshi taassurot qoldirdi. Kuper futbolchilarga erkinlik beradi. Baribir u Yevropa futbolini ko‘rgan murabbiy.

- Endi hammani o‘ylantirayotgan savol: Sardor Rashidovning Osiyo Kubogida qatnashish imkoniyati qanday? To‘g‘ri, buni murabbiy hal qiladi, ammo o‘zingiz bu masalada nima deya olasiz?
- Bilmadim. Meni ham olib borsa o‘ynayman, olib bormasa televizor qarshisida o‘tirib muxlislik qilamiz.

- Lekin terma jamoamizning Livan va Janubiy Koreyaga qarshi o‘yinlaridan keyin tarkibga baribir Vitaliy Denisov bilan Sardor Rashidovning kerakligi haqida ko‘p gapirildi...
- Muxlislarning o‘zi biz haqimizdagi savollarga javob berishdi. Lekin baribir hozir bir nima deyish qiyin. Lekin meni ham olib ketsa, qo‘limdan kelganicha yordam beraman, zarbalarim bilan (kuladi).

“Ukalarimni ham xorijga jo‘natmoqchiman”


- Osiyo Kubogi ko‘plab futbolchilar uchun katta reklama markaziga aylanadi. Shu tomondan olib qaraydigan bo‘lsak, bu holat siz uchun qanchalik muhim?
- Birgina menga emas, terma jamoadagi barcha futbolchilarga muhim. Bu xorijga ketish uchun katta imkoniyat deganidir.

- Rashidovlar futbolchilar oialasi. Ukalaringiz ham futbolchi bo‘lib yetishishdi, dadangiz ham futbolning ashaddiy ishqibozi. O‘zaro oilaviy o‘tirganinglarda futbol asosiy mavzuga chiqadimi?
- Albatta, asosiy mavzu. Uyga hammamiz yig‘ilganimizda dadam bizni tanqid qiladi. Ko‘pincha kamchiliklarimiz haqida gapiradi. Ko‘pincha bizni hali hech kim emassanlar deydi. Juda to‘g‘ri gap. Biz hali hech kim emasmiz.

- Ukalaringiz – Sanjar bilan Sahobning o‘yinlari haqida fikringiz qanday?
- O‘z ustida tinmay ishlashlari kerak. Ayniqsa, kichik ukam - Sahob yanada o‘sishi kerak. Sanjar esa o‘z jamoasida o‘rnini topib oldi, har holda sardor va nima qilishni o‘zi biladi. Imkoniyat bo‘lsa, ukalarimni ham chetga jo‘natishga harakat qilaman.

- Shuningdek, sizni kino yoki kliplarda suratga tushishga qiziqishingiz borligi haqida ham eshitgandik...
- Toshkentda bir-ikki marta klip va reklamalarda suratga tushib berishimni iltimos qilishganida rozi bo‘lgandim. Aslida mening bunga qiziqishim yo‘q. Hali futbolda o‘ynab, o‘z so‘zimni aytishim kerak.

- Kimning klipida rol o‘ynadingiz?
- Lolaning klipida. Hozirda futbolimiz haqida hujjatli film suratga olishyapti va meni ham shunga taklif qilishyapti. Ammo hozircha bunga vaqtim bo‘lmayapti. Aytishlaricha, O‘zbekistonda hali bunaqasi bo‘lmagan ekan. Qani, ko‘ramiz.

- Transfer narxingizning summasiga qiziqib turasizmi?
- Yo‘q, bu meni qiziqtirmaydi.
Shuhratbek Jo‘rayev suhbatlashdi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Sardor Rashidov: "O‘zimni yulduz deb o‘ylasam, katta xato"