19:10 / 18.12.2018
2 822

O‘zbekistonda «Yuventus» akademiyasi ochiladi

O‘zbekistonda «Yuventus» akademiyasi ochiladi
Bugun, 18 dekabr kuni Jismoniy tarbiya va sport vazirligida Italiyaning «Yuventus» klubining brendni boshqarish va rivojlantirish bo‘yicha ijrochi direktori Karolina Kiappero boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

«Yurtimizga tashrif buyurgan mashhur futbol klubi vakillari bilan o‘tkazilgan muzokaralar jarayonida Turin politexnika universiteti kampusi bazasida «Yuventus akademiyasi»ni tashkil etish bo‘yicha muzokaralar olib borildi», deyilgan vazirlik matbuot xizmati xabarida.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ham tomonlar O‘zbekistonda futbolni ommalashtirish, yangi tashkil etilayotgan akademiya faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish hamda o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish masalalarini muhokama qilishgan.

«Serquyosh yurtimizda sizlarni ko‘rib turganimda bag‘oyatda xursandman. Bizda futbolni yaxshi ko‘rishadi. Xususan, yurtimizda «Yuventus» jamoasi muxlislari ham ko‘pchilikni tashkil etadi. Poytaxtimizda ushbu klub akademiyasi tashkil etilayotgani barchamiz uchun quvonchli yangilik bo‘ldi. Mazkur akademiyaning tashkil etilishi nafaqat ushbu muassasada, balki umuman o‘zbek futboliga jahonning ilg‘or tajriba va metodikalarini joriy etish imkonini beradi deb o‘ylayman. Vazirligimiz ham o‘z navbatida klub bilan hamkorlik qilishga hamda akademiyani har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor», – degan vazir Dilmurod Nabiyev.

«Yuventus» klubining brendni boshqarish va rivojlantirish bo‘yicha ijrochi direktori Karolina Kiappero yurtimizda ushbu akademiyani tashkil etishdan maqsad o‘zbek yoshlariga futbol bilan professional tarzda shug‘ullanish imkoniyatini yaratish ekanligini ma’lum qilib o‘tgan.

«Yuventus akademiyasi» faoliyati bolalarning futbol orqali jismoniy rivojlanishiga ko‘maklashish, shuningdek ularda futbol madaniyatini shakllantirishga qaratilgan. Akademiya faoliyati kompleks yondashuvga asoslanib, yillik trening, shug‘ullanish oromgohi, yozgi oromgoh, o‘quv sessiyasi kabi jami oltita asosiy yo‘nalishda amalga oshiriladi.

Ma’lumot uchun, bugungi kunga kelib, «Yuventus akademiyasi» loyihasi Yevropa, Osiyo va Amerika qit’asida joylashgan 49ta mamlakatda amalga oshirilib, 100dan ortiq hududni va 15 ming nafardan ortiq bolalarni qamrab olgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbekistonda «Yuventus» akademiyasi ochiladi