00:13 / 19.12.2018
3 010

Xayrulla Hamidov: Antaliya safaridan taassurotlar va Mourinoning muammosi haqida

Xayrulla Hamidov: Antaliya safaridan taassurotlar va Mourinoning muammosi haqida
O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari bilan birga yashasang, safardaliging ham sezilmas ekan. Chunki O‘zbekiston degan so‘z yangrab turadi doim. Klub bilan boshqacharoq bo‘lsa kerak.

Bundan oldin Avstraliyaga bordik va unda terma jamoamiz ikki o‘rtoqlik o‘yinini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar ham bo‘ldiku-ya, ammo asosiy e’tibor o‘yinga qaratildi. Turkiya safarini ham shunday tasavvur qilgandim – mashg‘ulotlar shu zayl kechadi degan fikrda edim. Yo‘q, butkul boshqa manzara guvohi bo‘lyapman.

O‘rtoqlik o‘yinlariga tayyorgarlik boshqacharoq kechar ekan. Baribir. Mana shunisida terma jamoa yaqqol bir oilaga aylana boshlar ekan. Shuni seza boshladim.

Kundan kunga mashqlar og‘irlashyapti, lekin futbolchilar birinchi kundagidan ko‘ra yanada zavqliroq yondashishyapti. Paradoksdek ko‘rinadiyu, lekin bu yerda ko‘proq ish ruhiyatga bog‘liqmi, deyman.

Oddiy misol keltiraman. Ektor Kuper mashg‘ulotlardan so‘ng qayta tiklanish jarayoniga juda qattiq e’tibor qaratishini hamma biladi. Har holda dunyo ko‘rgan murabbiy. Qayta tiklanish jarayonini mashg‘ulotning bir bo‘lagi deb hisoblaydi. Shu bois, futbolchilar mashg‘ulotni yakunlashgach, suzish va saunaga kirishlaridan oldin bir necha daqiqalik muzli muolajaga qattiq e’tibor qaratmoqda.

Bu holat bizga biroz yangilikdir, mayli, lekin men boshqa narsaga e’tibor qaratdim: Terma jamoamiz vrachi Abror Pirriyev mazkur masalada o‘sha muzli muolajani stadionning o‘zida olish foydaliroqligini ta’kidlab o‘tgan. Biroq, Kuper tibbiyot xodimining bu xulosasiga qo‘shilgan holda o‘z fikrini shunday tushuntirgan: «Men hamma narsa bir joyda bo‘lishini xohlayman, shunda futbolchilarning ko‘proq jamlanishlariga erishaman, ular bilan aynan mashg‘ulotdan so‘ng suhbatlashish imkoni tug‘iladi, bu – muhim jarayon». Qisqacha aytganda, oilaga sha’ma qilyapti. Oila muhim juda.

Chindan ham chet ellik murabbiyga – buning ustiga o‘ziga xos tabiatga ega bo‘lgan odamga – ham qiyin, ham oson: futbolchilarning o‘tmishidan, kimligidan bexabar holda buguni bilan hisoblashishi plyuslaridan bo‘lsa, boshqa mentalitet egalarining boshini jamlashi og‘ir jarayon hisoblanadi. Argentinalik mutaxassisga bu masalada ko‘proq uning yordamchilari – Antoni, Mahmud va Fantaguchi yordam berishyapti. Avvalo ularning o‘zlari o‘ta inoq yigitlar, shuningdek, futbolchilar bilan ham imkon qadar yaqin gaplashishadi. Kerak paytda dardkashga aylanishsa, boshqa paytlarda hazillashishadi ham.

Aytmoqchimanki, Ektor Kuper o‘zining alohida xarakteri bilan bir o‘zi hech narsa qila olmasdi. U yordamchilarni juda to‘g‘ri tanlaganini ko‘ryapman.

Dunyo futbolini larzaga keltirgan voqea sodir bo‘ldi, hamma eshitdi – Mourino «Manchester Yunayted» klubini tark etdi. Iste’foga chiqarildi. Ko‘pchilik uning muvaffaqiyatsizligini taktik qarashlari, klub mutasaddilari bilan kelisholmagani va futbol tili bilan aytganda qarib qolgani bilan izohladi. Qo‘shilaman, har qanday omillar Maurning ketishiga sabab bo‘lgan. Lekin u «MYu»ni «Chelsi», «Inter», «Portu» va «Real» singari katta natijalar bilan tark etgani yo‘q-da, hamma gap shunda. Bu yerda yana bir nima bordek ko‘rinadi.

O‘ylashimcha, portugaliyalik ajoyib mutaxassis Manchesterni oilaga aylantira olmadi. U o‘zining antiqa xarakteri bilan oldingi jamoalarida birinchi va ikkinchi mavsumda nimadir qilardi-da. Bu safar eplay olmadi. Hozir ko‘pchilik aytyapti: Manchester boshqa qadriyatlar bilan, boshqa klublarning yo‘lidan ketishga majbur. Maurki eplay olmadimi, demak, Fergi davrini takrorlab bo‘lmas ekan. Qizil shaharda uning jamoasi oilaga aylanmadi, biror mavsum ham. Fergi qurib ketgan devorni ag‘anatish, o‘sha qadriyatlarni buzib tashlashga Maurga shu narsa xalaqit berdi, deb o‘ylayman ko‘proq.

Uning parallelida Pep Gvardiolani ko‘raylik. Ispan o‘z ishini «Siti»da ham amalga oshira oldi. E’tibor berganmisiz, mana shu ikki murabbiy o‘z jamoalaridan turli holatda ketishadi. Ispaniyalik maestro asosan taktik qarashlari ortidan keladigan natija qurboniga aylansa, Mourinonikida natijaga omil yaratuvchi bo‘lak muammoni kuzatishimiz mumkin. Jozega bu masalada yanada qiyinroq ediki, u serga bog‘lanib qolgan uzoq yillik oilani yaratishi lozim edi. Buni u eplay olmadi.

Qachon natija qayd etiladi, qachonki klub yoki terma bir maqsad yo‘lida o‘z yo‘lboshchisiga ergashsa va har bir gapiga quloq solsa. O‘zini oila a’zosi deb hisoblasa. Men aminman, terma jamoamizning oldingi murabbiylari ham o‘z «oilalari»ga ega bo‘lishgan. Ichki muhit hamisha zo‘r bo‘lgan, eshitganmiz. Ammo hozirgisi turgan gapki boshqacha – hozir o‘zbek futbolchilarining fe’li bilan mahalliy murabbiylarchalik hisoblashmaydigan, shu bilan birgalikda, jamoa manfaati uchun o‘zini o‘ta yaqin tutadigan xorijlik murabbiy ishlayapti. Maurdan farqli ravishda, Kuperning muammosi kamroq. Unga Fergyusonga o‘xshagan tengsiz daho meros tashlab ketmagan, hammasi nari borsa «siti»chalik...
Xayrulla Hamidov

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Xayrulla Hamidov: Antaliya safaridan taassurotlar va Mourinoning muammosi haqida