23:00 / 19.12.2018
4 197

Pim Verbek Oʻzbekiston va Avstraliya terma jamoalarini oʻzaro solishtirdi

Pim Verbek Oʻzbekiston va Avstraliya terma jamoalarini oʻzaro solishtirdi
Xabaringiz bor, Oʻzbekiston milliy terma jamoasi Osiyo Kubogi - 2019 musobaqasida Ummon, Turkmaniston va Yaponiya bilan bir guruhdan joy olgan. Musobaqadagi ilk raqibimiz Ummon terma jamoasi taniqli mutaxassis Pim Verbek qoʻlostida turnirga jiddiy tayyorgarlik koʻrmoqda.

Ummonliklar 13 va 16 dekabr kuni Tojikistonga qarshi ikkita oʻrtoqlik oʻyini oʻtkazib, ikkalasida ham gʻalaba qozonishdi. Endilikda ular 27 dekabr kuni Hindiston bilan kuch sinashishadi. 30 dekabr kuni esa Pim Verbek boshchiligidagi Ummmon terma jamoasi Avstraliyaga qarshi oʻrtoqlik oʻyini oʻtkazadi. Gollandiyalik mutaxassis 2007-2010 yillar davomida Avstraliya terma jamoasini boshqarganini ham taʼkidlab oʻtish zarur. 2 yanvar kuni esa Ummon terma jamoasi BAAda Tailand bilan nazorat oʻyinida maydonga tushadi.

Pim Verbek Osiyo Kubogiga tayyorgarlik jarayoni haqida oʻz fikrlarini bildirib oʻtdi:

“Avstraliyaga qarshi oʻrtoqlik oʻyini oʻtkazish imkoniyati yuzaga kelgandi, biz bu imkoniyatdan foydalanib qolishga harakat qildik. Sobiq jamoam aʼzolari bilan yana koʻrishishdan mamnunman. Bu men uchun oʻziga xos oʻyin boʻladi”.

Bilasizmi? Ummon Pim Verbek qoʻlostida Fors Koʻrfazi Kubogida gʻolib chiqqan

Ummon terma jamoasi 62 yoshli gollandiyalik mutaxassis qoʻlostida yaxshi natijalar qayd etmoqda. Ular joriy yilning yanvar oyida boʻlib oʻtgan Fors Koʻrfazi Kubogida bosh sovrinni qoʻlga kiritishdi. Mazkur gʻalaba Pim Verbekni Ummon mamlakatining qahramoniga aylantirdi.

“Ha, bu ajoyib natija boʻldi. Biz musobaqa davomida Saudiya Arabistoni, Kuvayt, Bahrayn kabi kuchli terma jamoalarni yengdik. Finalda BAA terma jamoasini penaltilar seriyasiga koʻra magʻlubiyatga uchratdik. Milliy qahramon? Balki Ummonda mamlakat Sultonidan keyin ikkinchi oʻrinda tursam kerak (kuladi). Ummon kichik davlat. Futbolda kuchli boʻlgan qoʻshnilar ustidan qozoniladigan har qanday gʻalaba terma jamoa muxlislari uchun nihoyatda yoqimli boʻlishi aniq”.

Pim Verbek Ummon terma jamoasi bilan shartnomasini 2020 yilga qadar uzaytirdi.

"Osiyo Kubogida birinchi oʻyin Oʻzbekistonga qarshi boʻladi. Birinchi oʻyinda gʻalaba qozonish juda muhim. Toʻgʻri, guruhimizdagi Yaponiya va Oʻzbekiston bizdan bir bosh baland jamoalar. Ammo biz ularga tenglashishga harakat qilamiz. Bizning jamoa yosh, tarkibimizdagi koʻplab futbolchilar yana 4-5 yil yuqori saviyada toʻp sura olishadi.

Osiyo Kubogi oldidan Avstraliyaga qarshi oʻrtoqlik oʻyini oʻtkazish juda muhim. Avstraliyaning taktikasi Oʻzbekiston terma jamoasiniki bilan bir xil. Oʻz oʻrnida Avstraliya uchun ham Ummon bilan oʻrtoqlik oʻyini oʻtkazish foydali deb hisoblayman", - deydi Pim Verbek.

Manba: www.ufa.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Pim Verbek Oʻzbekiston va Avstraliya terma jamoalarini oʻzaro solishtirdi