12:25 / 22.12.2018
3 106

Doston Tursunov: "Yaponlarning taklifi men uchun syurpriz bo‘ldi"

Doston Tursunov: "Yaponlarning taklifi men uchun syurpriz bo‘ldi"
Chempionatimizda qishki tanaffus e’lon qilingan bir paytda futbolchilarning bozori faollashib qoladi. Ayniqsa, o‘zbekistonlik o‘yinchilarning legionerga aylanayotganini ko‘rish yoqimli. O‘tgan haftada bir emas, ikki nafar futbolchimiz birdaniga xorij klublari bilan shartnomalar imzolashdi.

Avvaliga “Lokomotiv” a’zosi bo‘lgan yarim himoyachi Ikrom Aliboyev Janubiy Koreyaning “Seul” klubining yangi futbolchisiga aylangan bo‘lsa, “Neftchi”da to‘p surgan himoyachi Doston Tursunov Yaponiya birinchi divizioni vakili – “Renofa Yamaguchi” jamoasi bilan shartnoma tuzdi. Aliboyevning faoliyatini xorijda davom ettirishi shundoq ham kutilayotgan voqea edi. Biroq Tursunovning Yaponiya klubi bilan kelishuvga erishishini deyarli hech kim kutmagandi.

Lekin Doston Tursunov bu yil katta o‘sishga erishdi. Xabaringiz bo‘lsa, yil boshida O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi tarkibida U-23 Osiyo chempioni bo‘ldi. Keyinchalik esa Ektor Kuperning nazariga tushdi va milliy terma jamoaga jalb etila boshladi. To‘g‘ri, u ichki chempionatda “Neftchi” bilan muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Ammo futbolchining o‘yin saviyasi boshqalarnikiga qaraganda yuqoriroq ekanligi sezilib turdi.

Buning ustiga unda himoyachi bo‘lish uchun barcha fazilatlar bor. Bo‘yi va jussasi haqiqiy himoyachilarnikiga juda mos tushadi. Yaponlar ham Tursunovni bejizga taklif qilishmagan. Bungacha yana bir hamyurtimiz Fozil Musayev ham ushbu chempionatda to‘p surib kelayotganidan xabaringiz bo‘lsa kerak. Endi ularning soni ikkita bo‘ldi. O‘tgan haftada kunchiqar yurtga borib, shartnomaga qo‘l qo‘yib kelgan Doston darhol milliy terma jamoa bilan Turkiyadagi yig‘inga jo‘nab ketdi.

- Doston, Yaponiyaning “Renofa Yamaguchi” klubi bilan shartnoma tuzganingiz ko‘pchilikning e’tiborini o‘ziga tortdi. Ayting-chi, sizni kunchiqar yurtga yetaklagan narsa nima bo‘ldi?
- Yaponiyaliklarning qiziqishi haqida aytishdi va u yerga bordim. Yaponiyaga meni nima yetakladi? Yaponiya futboli shaxsan o‘zimga yoqadi. U yerda Fozil Musayev ham o‘ynaydi. Fozil aka Yaponiyada o‘zingni ko‘rsatsang, bu yerdan Yevropaga ketishing osonroq bo‘ladi degani uchun ushbu taklifni tanladim.

- Fozil Musayev yana qanday maslahatlar berdi?
- Yaponiyadan tushgan taklifdan so‘ng birinchi navbatda Musayevdan maslahatlar oldim. U menga kerakli gaplarni aytdi va bunga amal qilaman. Nasib qilsa, Fozil akaning maslahatlariga quloq solsam, tez orada yangi jamoamga moslashib keta olaman.

- Qancha muddatga shartnoma tuzdingiz?
- Ikki yilga.

- Yaponiyaga borib yangi jamoangiz bilan tanishdingiz. Dastlabki taassurotlar qanday?
- Ha, u yerga borib yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdim. Hammasi faqat futbol uchun yaratilgan. Bunday sharoitlar kamdan-kam bo‘ladi deb o‘ylayman. Lekin hali yangi jamoadoshlarim bilan ko‘rishganim yo‘q. Chunki ular hozircha ta’tilda.

- Afsuski, “Neftchi” bilan muvaffaqiyatsizlikka uchradingiz. Lekin shunga qaramay, yaponlar siz bilan hamkorlik qilishni istashdi. Bu borada sizni terma jamoalardagi o‘yinlaringiz orqali kuzatishgan bo‘lishsa kerak-a?
- Albatta, “Neftchi” jamoasi bilan quyi ligaga tushib ketdik va bundan afsusdaman. Chunki “Neftchi” mening sevimli jamoam. Ammo siz aytgan gapingizda jon bor. Yaponiya jamoalari mening terma jamoalardagi o‘yinlarimni kuzatishgan bo‘lishsa kerak. Shunga asosan meni taklif qilishdi va bundan juda xursandman.

- Joriy mavsumda “Neftchi”ning asosiy muammosi nimada bo‘ldi deb o‘ylaysiz?
- “Neftchi”ning asosiy muammosimi? To‘g‘risi, bilmadim. Nazarimda o‘zimiz yaxshi o‘yin ko‘rsata olmadik deb o‘ylayman. O‘yinlar davomida bo‘shashib qoldik, nazarimda.

- Shu o‘rinda yakuniga yetayotgan yil siz uchun ikki xil taassurot qoldirdi deyish mumkinmi?
- Ha, shunday. Ammo endilikda yangi faoliyatim o‘zim uchun ham juda qiziqarli tuyulmoqda. Muhimi, 2019 yilni legioner sifatida boshlashimdan xursandman.

- Ayni paytda Ektor Kuper sizni terma jamoa yig‘inlariga jalb etyapti. Nima deb o‘ylaysiz, legionerga aylanganingiz Osiyo Kubogida ishtirok etish imkoniyatingizni yanada oshirishi mumkinmi?
- Albatta, Ektor Kuperga rahmatimni aytaman. Garchi jamoam bilan oxirgi o‘rinni egallagan bo‘lsak-da, u menga e’tibor beryapti, o‘yinimda nimanidir ko‘ryapti. Asosiysi, bosh murabbiy menga ishonyapti. Shuning uchun bor kuchimni ishga solib bo‘lsa ham murabbiyning ishonchini oqlayman degan umiddaman. Osiyo Kubogida ham terma jamoamiz uchun borimni berishga tayyorman.

- Endi yangi klubingizga qachon qo‘shilasiz?
- Nasib qilsa, yangi jamoamga fevral oyida qo‘shilaman. Osiyo Kubogidan keyin bor e’tiborimni “Renofa Yamaguchi” jamoasiga qarataman.

- Odatda autsayder yoki quyi ligaga tushib ketgan jamoa futbolchisining legionerga aylanishi qiyin masala, boz ustiga Yaponiyaga?! Shunday ekan, bu siz uchun syurpriz bo‘ldimi?
- Albatta, bu taklif men uchun syurpriz bo‘ldi. Ular menga ishonishdimi, demak o‘zimni ko‘rsatishim shart. Bu esa mening futbolchi sifatida yanada o‘sishimga turtki beradi. Yaponiya birinchi divizionida ham saviya yuqori darajada.
Shuhratbek Jo‘rayev suhbatlashdi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Doston Tursunov: "Yaponlarning taklifi men uchun syurpriz bo‘ldi"