18:18 / 22.12.2018
3 500

O‘zbekiston OTJni boshqarishga asosiy nomzod murabbiy Toshkentga keldi

O‘zbekiston OTJni boshqarishga asosiy nomzod murabbiy Toshkentga keldi
Bugun, 22 dekabr kuni Milliy olimpiya qo‘mitasida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi 1-vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov O‘zbekiston olimpiya terma jamoasini boshqarishga asosiy nomzod murabbiy Lyubinko Drulovich bilan uchrashdi. Uchrashuvda serbiyalik mutaxassisning yordamchilari Zavisha Miloslavlevich va Neboysa Topalov ham ishtirok etishdi.

Ahmadjonov murabbiylarga 2020 yili Tokioda bo‘lib o‘tadigan Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritish asosiy maqsad ekani, buning uchun O‘FA zarur sharoitlarni yaratishi, olimpiya termasining asosini shakllantirish ishlari allaqachon boshlab yuborilganini ma’lum qildi.

«Serbiyalik murabbiy Lyubinko Drulovich O‘zbekistonga tashrif buyurganidan benihoya xursand ekanini bildirar ekan, o‘zbek futboli bilan yaqindan tanish ekanini, xususan, o‘zbekistonlik yoshlarning shu yil Xitoyda bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida qanday o‘yin namoyish etishgani va chempionga aylanishganidan xabardor ekanini aytib o‘tdi. Agar mutaxassisga O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi topshiriladigan bo‘lsa, jamoa oldiga qo‘yilgan asosiy maqsad - Tokio-2020 yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun astoydil mehnat qilishga tayyor ekanini ham ta’kidlab o‘tdi», – deyiladi O‘FA xabarida.

Qayd etilishicha, hozir Drulovich bilan muzokaralar so‘nggi bosqichga yetib kelgan.

Dose: Lyubinko Drulovich
Fuqaroligi: Serbiya
Tug‘ilgan sanasi: 11 sentyabr 1968 yil (50 yosh)
Murabbiylik darajasi: UYeFA "PRO" diplomi egasi (2007 yil)
Eng katta yutug‘i: Serbiya U-19 terma jamoasi bilan Yevropa chempionatida g‘olib chiqqan.

Murabbiy sifatida erishgan yutuqlari:
1. Angola Superkubogi g‘olibi – "Agosto" FK, 2010-2011
2. Yevropa U-19 chempionati g‘olibi – Serbiya, 2013
3. "Partizan" FK bilan Yevropa ligasi ishtirokchisi – 2015-2016
4. BAA U-19 bilan final qismiga yo‘l olgan – 2017.

Shaxsiy yutuqlari:
Serbiyada yilning eng yaxshi murabbiyi – 2013.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston OTJ 2018 yil boshida Osiyo chempioni bo‘lgan, avgust oyida Indoneziyada o‘tgan Osiyo o‘yinlarida chorak finaldan ortga qaytgan edi. Shundan so‘ng sentyabrda bosh murabbiy Ravshan Haydarovning iste’fosi ma’lum qilinib, Tokio Olimpiadasi sari yo‘lga chiquvchi termaning yangi avlodiga Mirjalol Qosimov ustozlik qilishi e’lon qilingan edi. Ammo Qosimov sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar tufayli termani boshqara olmasligini aytgach, oktyabrda Haydarov lavozimga qaytarildi va noyabr oyida BAAda «Dubai Cup» musobaqasi g‘olibi bo‘ldi.

Foto: O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi
Avvalroq OTJ uchun xorijdan murabbiy olib kelish ishlari ketayotgani, O‘FA kamida to‘rt nafar nomzodni ko‘rib chiqayotgani xabar qilingan edi. Xabarda bugun Toshkentda bo‘lgan Drulovichdan tashqari italiyalik Massimo Fichchadenti, ispaniyalik Xuan Sanches Makeda va xorvatiyalik Nenad Grachan nomlari ham sanab o‘tilgandi.

Tribuna.uz manbasiga ko‘ra, kelasi hafta ro‘yxatdagi nomzodlardan yana biri, Xorvatiya yoshlar terma jamoasining amaldagi bosh murabbiyi Nenad Grachan bilan ham uchrashuv o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Nenad Grachan
Yangi bosh murabbiy jamoani 2019 yilning 22-26 mart kunlari Toshkentda o‘tadigan Osiyo chempionati saralashiga tayyorlay boshlaydi. Kvalifikatsion raund qur’asiga ko‘ra, O‘zbekiston OTJ Hindiston, Tojikiston va Pokiston olimpiyachilari bilan birga «F» guruhidan o‘rin olgan. Saralashdan o‘tgan jamoalar 2020 yil 8-26 yanvar oralig‘ida Tailandda bo‘lib o‘tadigan Osiyo chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.

Tailanddagi qit’a birinchiligida 16 ta jamoa ishtirok etadi, 1-3 o‘rinni qo‘lga kiritgan termalar Tokio-2020 olimpiadasida qatnashish imkoniga ega bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, 23 yoshgacha futbolchilar o‘rtasidagi qit’a birinchiligi har 2 yilda bir marta o‘tkaziladi, ikki musobaqaning biri Olimpiada yo‘llanmasi sohiblariga oydinlik kiritadi. O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi hozirga qadar Olimpiya o‘yinlari final bosqichida ishtirok etmagan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbekiston OTJni boshqarishga asosiy nomzod murabbiy Toshkentga keldi