01:20 / 28.12.2018
3 201

Otabek G‘ulomxo‘jayev: "Osiyo Kubogi musobaqasi yosh futbolchilarimiz uchun yaxshi imkoniyat"

Otabek G‘ulomxo‘jayev: "Osiyo Kubogi musobaqasi yosh futbolchilarimiz uchun yaxshi imkoniyat"
O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi Otabek G‘ulomxo‘jayev Osiyo Kubogi musobaqasi oldidan O‘FA Matbuot xizmatiga o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi:

"Ayni paytda milliy terma jamoamizni katta tajribaga ega murabbiy boshqarmoqda. Uning qo‘lostida futbolchilarimiz ancha o‘sishga erishishi aniq. Osiyo Kubogi yosh futbolchilarimiz uchun o‘zlarini ko‘rsatishga yaxshi imkoniyat. Mazkur musobaqani ko‘plab mutaxassislar, skautlar kuzatib borishadi. Turnirda o‘zini ko‘rsata olgan futbolchilar keyinchalik legioner sifatida kuchli klublarga o‘tishlari mumkin.

Men terma jamoamizdagi futbolchilar bilan gaplashib turaman. Ularning aytishi bo‘yicha hozirda terma jamoada muhit juda ham ajoyib. Tarkibga jalb qilingan yosh futbolchilar Odil Ahmedov, Anzur Ismoilov, Marat Bikmayev kabi tajribali o‘yinchilar oldida to‘p surib, katta mahorat maktabini o‘tashadi. Bu esa kelgusida biz kutayotgan eng muhim musobaqa Jahon chempionati saralashlarida terma jamoamizga katta foyda keltirishi aniq.

Futbolchilarning o‘zlari ham Osiyo Kubogiga o‘zgacha ishtiyoq bilan tayyorgarlik ko‘rishmoqda. Avstraliyada Janubiy Koreyaga qarshi kechgan o‘rtoqlik o‘yinidagi mag‘lubiyatdan so‘ng ba’zi muxlislar milliy terma jamoamizga ishonchsizlik bilan qarashmoqda. Bu noto‘g‘ri. O‘rtoqlik o‘yini o‘z nomi bilan o‘rtoqlik o‘yini. Rasmiy uchrashuvlarda kayfiyat, ishtiyoq, o‘yinga ruhiy tayyorgarlik umuman boshqacha bo‘ladi. Agar Osiyo Kubogi pley-ofida o‘sha bizni yirik hisobda yutgan Janubiy Koreya duch kelsa, yigitlarimiz umuman boshqacha o‘yin namoyish qilishlariga ishonaman.

O‘zbekiston terma jamoasiga bo‘lajak musobaqada omad tilaymiz. Biz futbolchilarimizni O‘zbekistondan turib astoyidil qo‘llab-quvvatlab turamiz. Yangi yil barchaga, murabbiylarimizga, futbolchilarimizga, muxlislarimizga yangi muvaffaqiyatlar keltirsin. Futbolchilarimiz Yangi yilni o‘z oilalari bag‘rida yaxshi kayfiyat bilan kutib olib, ota-onalarini duosini olib, ko‘tarinki kayfiyatda musobaqaga yo‘l olishlarini tilab qolaman!"

Manba: Ufa.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Otabek G‘ulomxo‘jayev: "Osiyo Kubogi musobaqasi yosh futbolchilarimiz uchun yaxshi imkoniyat"