06:39 / 01.01.2019
4 375

Baxtiyor Ashurmatovning OKMKdan ketar chog‘idagi jiddiy gaplari...

Baxtiyor Ashurmatovning OKMKdan ketar chog‘idagi jiddiy gaplari...
OKMK klubida qanday o‘zgarish yuz berganini hamma biladi. “Bunyodkor”ni boshqarib kelgan Mirjalol Qosimov bundan buyon OKMK jamoasiga ustozlik qiladi. Shu tariqa, olmaliqliklarni O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritishiga sababchi bo‘lgan Baxtiyor Ashurmatovga chiqish eshiklari ko‘rsatildi. Ushbu jamoani yozda qabul qilib olgan Baxtiyor A’zamovichning u yerdagi faoliyati uzoqqa cho‘zilmadi. Ammo u qisqa fursat ichida OKMKning tarixini yozib ketdi. Shunga qaramay, uning iste’foga chiqarib yuborilgani ko‘pchilikni ajablantirdi. Har holda Ashurmatov OKMKda yomon ishlagani yo‘q. U O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritdi va jamoani Osiyo Chempionlar ligasi pley-offiga olib chiqdi.

To‘g‘ri, chempionatda jamoa u qadar ishonchli qatnasha olmadi va Superligada qolish uchun pley-off bahsida ishtirok etishiga majbur bo‘ldi. Ammo muhimi Ashurmatov OKMKni Superligada saqlab qoldi. Ko‘pchilik uni boshlagan ishini oxiriga yetkazib qo‘yishini kutishgandi. Har holda Baxtiyor A’zamovich OKMK bilan Chempionlar ligasida ishtirok etishga munosib edi. Lekin OKMK rahbariyati Mirjalol Qosimov nomzodini ma’qul ko‘rdi. Aytish mumkinki, futbolimiz afsonasi chindan ham murabbiylik faoliyatida ayniqsa, oxirgi yillarda o‘zidan iliq taassurot qoldirdi. U murakkab ahvolda qolgan “Bunyodkor”ni munosib tarzda boshqargani ko‘pchilikka yoqdi.

Shu bois OKMK o‘z oldiga katta maqsadlarni qo‘yayotgani bois yangi marralarni bu safar Qosimov bilan zabt etishni ko‘zlab turibdi. OKMKdagi murabbiy o‘zgarishi haqida klub rasmiylari va Mirjalol Qosimovning o‘zi ham o‘z fikrlarini bildirib o‘tishdi. Ammo iste’foga chiqarilgan Baxtiyor Ashurmatovning bu boradagi munosabati qanday bo‘lgani hammaga ham qiziq tuyulsa kerak. Natijada amaldagi Kubok sohibi bilan jonli muloqot olib bordik.

“Olmaliq futbolida o‘chmas iz qoldira oldik”

Olmaliqlik muxlislarda baribir ushbu murabbiy boshqacha taassurot qoldirgani aniq. Asosiysi, OKMK bilan O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritdi va jamoani Osiyo Chempionlar ligasi pley-off bosqichiga olib chiqdi. Hammasi OKMK klubining tarixida ilk bor sodir bo‘ldi. Biroq mana shunday muvaffaqiyatlarga erishgan murabbiyning iste’foga chiqarib yuborilgani biroz tushunarsiz bo‘ldi. Ushbu iste’foni shaxsan o‘zi qanday qabul qilgan deb o‘ylaysiz? Bunga eng yaxshi javobni o‘zidan eshitamiz.

- Bu yilgi mavsum men uchun juda ham qiziqarli va kutilmagan hodisalarga boy bo‘ldi. Mavsumni avvaliga do‘stim Ulug‘bek Baqoyev bilan birga “Buxoro”da boshladim. Yozda esa OKMK jamoasini qabul qilib oldim. So‘ng O‘zbekiston Kubogining kutilmaganda jamoamiz tomonidan qo‘lga kiritilishi...Keyinchalik esa afsuski, “Istiqlol” bilan Superligada qolish uchun o‘tish o‘yinida ishtirok etdik. Yil yakuniga ko‘ra yilning eng yaxshilari qatoriga nomzodimning qo‘yilishi, keyin esa mana bu iste’fo. Shunga qaramasdan biz jamoa bilan birgalikda Olmaliq futbolida o‘chmas iz qoldira oldik. Olmaliqlik muxlislarga Osiyo Chempionlar ligasi o‘yinlarini ko‘rish imkonini yaratdik. OKMK klubining yangi darajaga ko‘tarilishiga o‘z hissamizni qo‘sha oldik. Bir narsani ochiq tan olishim kerakki, Osiyo Chempionlar ligasida murabbiy sifatida qatnashishni katta niyatlar bilan kutayotgandim. Biroq klub rahbariyati bilan gaplashganimizdan keyin shu qarorga kelindi. Men rahbariyatning qarorini to‘g‘ri tushundim. Ammo ochig‘ini aytish kerak, ularning bu qarorini qabul qilish men uchun og‘ir bo‘ldi.

“Ochig‘i, OKMKda ishlashni xohlovchilar ko‘pligini bilmagan ekanman”

Endi masalaga yanada chuqurroq yondashadigan bo‘lsak, shamol bo‘lmasa daraxtning uchi qimirlamaydi deganlaridek, OKMKda murabbiy almashtirilishi haqidagi o‘zgarish oldindan gapirilayotgandi va balki bu haqida Ashurmatovning o‘zi ham eshitgan bo‘lsa ajab emas. Umuman olganda, uning klubdan iste’foga chiqqani haqida aynan kim ma’lum qilgan? Uning javobi esa yanada qiziq va ahamiyatli bo‘ldi.

- Ha, to‘g‘ri, shunday gap so‘zlar bo‘layotgan edi, - deya gapni davom ettirdi, Ashurmatov. - Kubokni qo‘lga kiritganimizdan keyin esa bunday mish-mishlar ozgina ortga chekingandi. Ammo Superligada muvaffaqiyatsiz qatnashganimizdan so‘ng yana o‘sha gap-so‘zlar paydo bo‘ldi. Bo‘layotgan bunday gap-so‘zlar va ishlar rost yoki yolg‘onmi, ochig‘i eshitib o‘zim ham hayron bo‘lib qoldim. Kimdir qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib OKMKda ishlashga tayyorman deb borgan, qaysidir murabbiy o‘z vakilini jo‘natib ishlashga tayyormiz degan, yana qaysidir murabbiy ishlash xohishini bildirgan.

Ochig‘i, OKMKda ishlashni xohlovchilar shunchalik ko‘pligini bilmagan ekanman. Oldin murabbiylar o‘rtasida bir-biriga o‘zaro hurmat bo‘lardi. Ilgari mutaxassisga biror jamoadan taklif bo‘lsa, u yerda murabbiy ishlab turgan bo‘lsa, ishlayotgan joyiga borish murabbiy uchun or va uyat hisoblanardi. Taklif qilgan jamoa rahbariga vaqtinchalik rad javobini berib, oldin hozir ishlayotgan murabbiyning shartnomasi tugasin yoki bo‘lmasa avvalo uzil-kesil iste’foga chiqaringlar, keyin boraman deyilardi. Hozir esa sumkasini ko‘tarib o‘sha yerda ishlashga tayyormiz deb o‘z nomzodlarini taklif qilishyapti.

Kimnidir o‘rniga har xil yo‘llar bilan joylashishga harakat qilayotgan insonlar shu narsani unutmasligi kerakki, o‘sha ishlayotgan insonni ham bola-chaqasi, oilasi bor. Ishdan bo‘shasa yaqin insonlari o‘z yaqini uchun xavotir oladi, asabiylashadi, uning uchun jon kuydirishadi. Aytmoqchi bo‘lganim shuki, o‘z oilasini boqish uchun har xil qabih yo‘llardan foydalanmaslik kerak. Murabbiy natija ko‘rsata olmadimi, unda uni ishdan bo‘shatishadi. Ana o‘shanda bo‘shagan ishga boraver, shunda hech kim xafa bo‘lmaydi va omad tilaydi.

“Qosimov bilan bosh murabbiy bo‘lganidan so‘ng gaplashmadim”

Ashurmatovning OKMKdagi o‘rnini uning o‘zi juda hurmat qiladigan murabbiy – Mirjalol Qosimov egalladi. Qiziq, ushbu mutaxassis Baxtiyor A’zamovichning o‘rnini egallashdan avval u bilan bu masalada gaplashdimikin?
- Mirjalol Qo‘shoqovich Qosimov bilan OKMKga bosh murabbiy bo‘lganidan keyin gaplashganim yo‘q. Oxirgi marta yil yakuniga bag‘ishlangan taqdirlash marosimida ko‘rishgan edik, - dedi sobiq murabbiy.

“Klubdan ketish men uchun og‘ir bo‘ldi”

Baxtiyor Ashurmatovning dabdurustdan klubdan ketgani o‘zi uchun og‘ir zarba bo‘ldi deyayotganlar ham bo‘lyapti. Xo‘sh, bu masalada u qanday fikrda ekan?
- To‘g‘risi, klubdan ketishim men uchun og‘ir bo‘ldi. Chunki murabbiy sifatida Osiyo Chempionlar ligasida qatnashish, murabbiylik mahoratimni oshirish, o‘zbekistonlik muxlislarning mehrini qozonish, Olmaliqda futbolni rivojlantirish va yaxshi jamoa tuzib Osiyo Chempionlar ligasida ham sensatsiya ko‘rsatib, futbolda imkonsiz narsaning o‘zi yo‘qligini isbotlash uchun ajoyib imkoniyat edi. Lekin bu iste’fo meni yanada kuchliroq bo‘lishga, o‘z ustimda ko‘proq ishlashimga, murabbiy sifatida yanada kuchliroq bo‘lishga undaydi.
Shuhratbek Jo‘rayev suhbatlashdi

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Baxtiyor Ashurmatovning OKMKdan ketar chog‘idagi jiddiy gaplari...