20:56 / 07.01.2019
3 227

Temur Kapadze: «Mening falsafam Kupernikidan farq qiladi»

Temur Kapadze: «Mening falsafam Kupernikidan farq qiladi»
O‘zbekiston milliy jamoasi 2018 yil hisobidan so‘nggi yig‘inni Turkiyada o‘tkazdi. Antaliyadagi mashg‘ulotlarda asosiy e’tibor futbolchilarning jismoniy tayyorgarligi, jamoaviy o‘yinni yanada shakllantirish, turli taktik sxemalarni amalda sinab ko‘rishga qaratildi. Qit’a chempionatidagi raqiblar va boshqa ishtirokchilardan farqli ravishda, o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazilmadi. Aslida, Turkiyadan ko‘ra BAA yoki Qatarda yig‘in tashkil qilinsa yaxshiroq bo‘lardi. Chunki Osiyo kubogining aksariyat ishtirokchi termalari tayorgarlikni aynan shu ikki mamlakatda o‘tkazishdi. Biz milliy jamoa mavzusida Ektor Kupergacha bosh jamoamizni boshqargan Temur Kapadze bilan suhbatlashdik.

- Temur, avvalo, Osiyo kubogiga yo‘l olgan yakuniy tarkib borasidagi fikringizni bilmoqchi edim. Ro‘yxatning shunday tuzilishini kutganmidingiz?
- Bu yerda faqat Eldor Suyunov masalasini muhokama qilsa bo‘ladi, nazarimda. O‘zbekistonning 2018 yildagi eng yaxshi darvozaboni deb topilgan posbonga yakuniy tarkibdan joy tegmadi. Bilishimcha, jarohati tuzalgandi. Vitaliy Denisovga kelsak, uning tajriba va mahoratiga hech qanday shubha yo‘q. Lekin Kuperga hozirgi kunda ko‘proq Oleg Zoteyev va Farrux Sayfiyev ma’qul kelgandir, yoqqandir, shu ikki himoyachi tanlovida to‘xtadi. Fikrimcha, bu mavsum Zoteyev o‘zining eng yaxshi o‘yinlarini ko‘rsatdi. Eshitishimcha, Oleg yaxshi ma’noda Kuperning yoqimtoyiga aylangan. Sayfiyev ham oxirgi yig‘in va undan oldin o‘tkazilgan o‘rtoqlik uchrashuvlarida o‘zining ijobiy jihatlarini maydonda ko‘rsata oldi. Darvoqe, yana Suyunov masalasiga qaytaman. Menimcha, bu mavzuda darvozabonlar murabbiyining fikr bildirgani afzalroq. Chunki aynan Denis Ivankov terma jamoaga nomzod darvozabonlarning bugungi holatidan xabardor va ishonchim komilki, Ektor Kuper yakuniy tarkibni e’lon qilish oldidan u bilan darvozabonlar masalasida suhbatlashgan, maslahatlashgan. Yana bir shaxsiy fikrim, terma jamoaning yakuniy tarkibi qanday bo‘lishi ko‘pchilik uchun oldindan 90 foizga aniq bo‘lgandi. Faqat bir-ikkita pozitsiyalarda tanlov uchun imkoniyat bor edi. Boshqa tomondan, Kuper allaqachon o‘ziga kimlar kerakligini bilib olgan. Bunga avvalgi yig‘inlarda amin bo‘ldik.

- Demak, sizni yakuniy tarkib hayron qoldirmadi?
- Xuddi shunday.

- Jamoamizni yana kim kuchaytirishi mumkin edi?
- Bilasizmi, Kuperning o‘ziga xos qarashlari va uslubi bor, shu musobaqaga kerakli deb topgan futbolchilarni chaqirdi. Kimnidir taklif etmagan bo‘lsa, demak o‘sha futbolchilardan ko‘ngli to‘lmagan. Deylik, kimdadir jarohat bor, yana kimningdir texnikasi pasaygan, ba’zilari murabbiy talab qilgan narsani bajara olishmagan. Shunga o‘xshash sabablar bilan ayrim futbolchilar yakuniy tarkibdan tushib qolishdi. Shu bois ham qaysidir futbolchi terma jamoamizning o‘yinini kuchaytirishi mumkin edi, deyishim noo‘rin bo‘ladi. Chunki mening falsafam, futbolga qarashim boshqacha va Kupernikidan farq qiladi.

- Terma jamoa o‘rtacha yoshining 30 ekanligi biroz xavotirni yuzaga keltiryapti. Nima deb o‘ylaysiz, tezlik bobida raqiblarga yutqazib qo‘ymasmikanmiz?
- Menimcha, hozirgi tarkibdagi barcha futbolchilar Osiyo kubogiga borishga haqli. Ular butun mavsum davomida o‘z o‘yinlari bilan buni amalda isbotlashdi. Balki boshqa murabbiy bo‘lganida, o‘zining futbol falsafasiga tushadigan o‘yinchilarni tarkibga jalb qilishi mumkin edi. Futbolchilarning yoshiga kelsak, menimcha, bu katta ahamiyatga ega bo‘lmaydi. Faqat maydonga har tomonlama tayyor bo‘lgan futbolchini tushirish kerak. Ham ruhan, ham jismonan bemalol o‘ynay oladiganlarga imkoniyat berish darkor. Ko‘p narsa futbolchilar Kuperning talabini qay darajada bajara olishiga bog‘liq. Osiyo kubogidagi ishtirokimiz tanlovlar qanchalik to‘g‘ri yoki aksi bo‘lganini ko‘rsatib beradi.

- Guruhdoshlarimiz haqida gapirganda, asosiy raqib sifatida Yaponiya terma jamoasi qarshimizda gavdalanadi. Nima deb o‘ylaysiz, guruhda muammoga duch kelmasmikanmiz?
- To‘g‘ri, Yaponiya qolgan ikki raqibimiz bilan taqqoslaganda ancha kuchli. Qur’a biz uchun omadli keldi. Yaxshiyamki, yaponiyaliklar bilan guruhning oxirgi o‘yinida to‘qnash kelamiz. Shungacha keyingi bosqichga chiqish vazifasini ijobiy hal qilib olishimiz kerak. Buning uchun Ummon va Turkmaniston termalarini mag‘lub etishimiz lozim bo‘ladi. Shunda futbolchilarimiz Yaponiyaga qarshi uchrashuvda bosimsiz harakat qilishadi. Asosiy o‘yin - Ummonga qarshi bo‘lib o‘tadi. Bosim qiynamaydigan pallada yaponlarni ham mag‘lub etsa bo‘ladi. Boz ustiga, mazkur bahsda zaxiradagi qolgan futbolchilarga ham imkoniyat berish mumkin. Ammo Ummon va Turkmaniston jamoalariga qarshi kechadigan guruhning dastlabki ikki uchrashuvi oson kechmaydi. Buni hozirdanoq aytish mumkin. Raqiblarimiz ham buni juda yaxshi tushunib turishibdi. Shunga yarasha tayyorgarlik ham ko‘rishyapti. Lekin har qanday holatda ham biz guruhdan chiqishimiz kerak. Dastlabki ikki o‘rindan tashqari, guruhlarda 4ta eng yaxshi natijaga erishgan uchinchi o‘rin egalari ham nimchorak finalga yo‘l olishadi.

- Ko‘pchilik Osiyo kubogida ham jamoamizning xuddi o‘rtoqlik uchrashuvlarida bo‘lgani kabi himoyaviy taktikada o‘ynashidan xavfsiramoqda. Sizda ham shunday hadik bormi?
- Bunga Osiyo kubogidagi ishtirok tayinli javob beradi. Fikrimcha, Janubiy Koreyaga qarshi kechgan uchrashuvdan keyin murabbiylar shtabi kerakli xulosalarni chiqarib olishgan va qit’aning nufuzli musobaqasida futbolchilarimizning eng kuchli tarafidan foydalanishadi.
Kamoliddin ALIMOV

Manba: interfutbol.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Temur Kapadze: «Mening falsafam Kupernikidan farq qiladi»