08:37 / 08.01.2019
2 600

Umid Ahmadjonov: "Dubay safari oldidan ichki chempionat masalalarini hal qilib oldik"

Umid Ahmadjonov: "Dubay safari oldidan ichki chempionat masalalarini hal qilib oldik"
5 yanvar kuni PFL vakillari O‘FA rahbariyati bilan uchrashuvda ishtirok etdi. Unda milliy chempionatning 2019 yilgi mavsumi yuzasidan muhokamalar bordi.

“O‘tgan yil so‘ngida qilgan eng yaxshi ishimiz — PFLni alohida chiqarib yuborganimiz bo‘ldi. Endi bu tashkilot o‘z aravasini o‘zi tortishni boshladi. Kechagi muhokamadan ko‘nglim to‘ldi. Hatto ayrim bandlar yuzasidan PFL yigitlari men bilan tortishishgacha borishdi (kuladi). Aslida shunday bo‘lishi ham kerak. Mamlakat futbolini ko‘tarish yo‘lida biz bunday erkin muloqot va muhokamalarga tayyormiz”, — deb so‘z boshladi O‘FA birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov.

Quyida Ahmadjonov tomonidan aytilgan fikrlarni monolog ko‘rinishida taqdim etamiz.

Superliga formati haqida

“Superliga formatini rosa muhokama qilishdi, xuddiki mamlakat futboli rivojiga shu format to‘sqinlik qilayotgandek. Har qanday inson mag‘lubiyatni to‘g‘ri tan ola bilishi kerak. Kelishilgan o‘yinlar yoki intriganing yo‘qolib qolishi kabi masalalar istalgan formatda yuz berishi mumkin. Muhimi o‘tgan mavsumni hamma “0” ochkodan boshladi va hech kimga alohida imtiyoz berilmadi. Hammada chempionlik uchun birdek imkoniyat bor edi. “Metallurg”, “Buxoro”, “Nasaf” yoki “Qizilqum”ning intrigadan chetda qolgani oddiy holat. Istalgan formatda ham o‘rtalik jamoalarida shunday bo‘ladi.Muhimi quyi ligaga tushib ketmaslik, chempionlik masalasi, Chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun yaxshi kurash ketdi”.

“Futboldagi shuncha muammo turganida formatni bayroq qilib olgan hurmati biz formatni o‘zgartirdik. Ko‘raylikchi, endi kim nima o‘ylab toparkin”.

Klublarning mukofot pullari

“Biz mukofot pullarini va’da qildikmi, uni albatta beramiz. PFL oldidagi qarzlari 2018 yil oxiriga qadar osilib kelgan, futbolchilar oldidagi qarzlari yillar davomida osilib yotgan klublar bor. 2019 yil bunday bo‘lmasligi kerak”.

“Mamlakat rahbari futbolni qo‘llayotgani uchun ham shunday katta tashkilotlar klublarga pul ajratib turibdi. Endi uni oqilona ishlatish kerak. Klublar rahbarlari o‘sha pullarni joyiga qo‘yib, o‘z futbolchilari, ishchilari oldidagi qarzlarini uzsin. Keyin esa mukofot pullarini yaxshilikka, klub rivojiga ishlatsin. Yo‘qsa smetasidagi pulni aql bilan ishlatmay, uni shunchaki havoga sovurgani yetmagandek, mukofot pullarini ham bir narsa qilishadi. Qarabsizki, 2019 yil yana eski hammom, eski tos. Mayli hozir bir narsalar deyaverishsin, keyin mukofotni olganlaridan so‘ng rahmat aytishadi”.

Ligalar haqida

“O‘tgan mavsumda Pro-ligani bekorga ikkiga bo‘lmagandik. O‘zingiz ko‘rdingiz, “A” guruhida kurash qizg‘in bo‘ldi. “B” ishtirokchilarining ko‘pi mavsumga umuman tayyor emasligi ko‘rindi. Endi biz ham “B” rejani ishga solamiz va bu guruhlarni ikki alohida ligaga ajratamiz”.

“Superligada 12 ta klub qoladi, agar biror jamoani FIFA quyi ligaga tushirib yuborishni talab qilmasa. Qachonki raqobatbardosh jamoalar ko‘payib borsa, Superliga ishtirokchilari ham ikkitaga ko‘payib boraveradi. Vaqti kelib jamoalar sonini 16 taga yetkazish rejamiz bor, bu O‘zbekiston uchun eng normal variant. Hozir esa bizga Pro-liga “A” zonasida ham raqobat kerak”.

“O‘FA har bir liga uchun talablarni aniq-tiniq belgilab bergan. Yillar davomida “uni qilyapmiz, buni qilyapmiz”, degan bahonalar bilan deyarli hech narsa qilmagan klublar bor. Ertak tamom. Endi yo qilinadi yoki xayrlashamiz. Ichki chempionat talablari OFKnikidan ham yuqori bo‘ladi, yaxshi niyat bilan Yaponiyaning yo‘lidan yuramiz. Akademiyalar bo‘yicha talabni ham OFK elit akademiyalari singari oldik. Shu yo‘ldan yursak, 3-4 yil ichida mevasini birgalikda ko‘ramiz. Maqsad Jahon chempionatiga chiqib olib, keyin qarsak chalib o‘tirish emas. Ichki chempionat kuchli bo‘lsa, mundial yo‘llanmasi ham o‘z-o‘zidan keladi”.

Muhim o‘zgarishlar

“PFL bizning tasdig‘imiz bilan klublarga umumiy shartnomalar tarqatdi. Hamma shu shartnoma asosida ishlaydi. Istamagani chempionatda o‘ynamaydi. “Bunyodkor”, “Buxoro”, “Sho‘rtan”, “Andijon” degan klublarning FIFA oldida hisob berib yurishi jonga tegdi. Telefonim tinmaydi, u klubning futbolchilardan qarzi bor, bunisi murabbiyga pulini bermagan. Aka, uyga non olib kira olmay qoldik, deydigan futbolchilar ham bor. Biz futbol tepasidagilar bunday bemalolgarchilikka yo‘l qo‘ya olmaymiz. Hamma joyda tartib, intizom va qonunlar ustuvorligi bo‘lishi shart. Shahar bedarvoza emas”.

“Shuningdek, biror klub boshqasiga ikki nafar futbolchidan ortig‘ini ijaraga bermaydi. Ijaraga bergan futbolchilari ham o‘ziga qarshi o‘yinda maydonga tushadi. Chidasa shu, chiday olmasa, bermasin ijaraga hech kimni”.

“2019 yildan boshlab biror murabbiy yoki rahbar o‘z futbolchisini olib, boshqa klubga sotishga olib borsa, biz bunday sotqinlarni futboldan chetlatib qo‘ya qolamiz. Shu klubdan non-tuz yeb turib, uyalmaysanmi uning uyini parokanda qilishga? Biror klub rahbari, murabbiyi yoki futbolchisi boshqa bir klubning taqdirlash marosimiga borishi ham shart emas. Yo‘qsa biz natijalardan shubhalanishni boshlaymiz. Juda borishni istasa — marhamat. Otning kallasidek jarima to‘laydi. Biz bu pullarni bolalar futbolini rivojlantirish ishlariga sarf etamiz”.

Umid Ahmadjonov qolgan masalalar yuzasidan PFL rasmiy axborot berishi haqida aytib o‘tdi. Oldindagi ikki oy futbol klublari uchun ham, PFL va O‘FA uchun ham og‘ir bo‘ladi. “Hech qisi yo‘q, mashg‘ulotda qiyin bo‘lsa, jangda oson bo‘ladi”, — deb fikrini yakunladi O‘FA birinchi vitse-prezidenti.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Umid Ahmadjonov: "Dubay safari oldidan ichki chempionat masalalarini hal qilib oldik"