Ummon termasi ustozi Pim Verbekning tezkor javoblari...

  • 09 yanvar 2019, 01:25
  • 1 147
  • Sport
  • Ummon termasi ustozi Pim Verbekning tezkor javoblari...
    Ertaga Ummonga qarshi bahs bilan O‘zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo Kubogi-2019dagi ishtirokini boshlaydi. Bugun har ikki jamoa bosh murabbiylari ishtirokida o‘yindan oldingi matbuot anjumani hamda rasmiy mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Matbuot anjumanining ikkinchi qismida Ummon terma jamoasi ustozi ishtirok etdi. Ayni paytda bu jamoani boshqarayotgan Pim Verbek biz uchun begona emas. Gollandiyalik mutaxassis o‘z vaqtida Avstraliya bilan Toshkentga tashrif buyurgan.

    Matbuot anjumani yakuniga yetgach janob Verbek bilan tashqarida biroz gaplashib qoldik. Yaqin o‘tmishni yodga oldik. Xullas futboldan gap bordi. Pim Verbek bilan 4 may kuni tashkil qilingan Osiyo Kubogiga qur’a tashlash marosimidan so‘ng intervyu olib, bahonada tanishib olgandim.

    Matbuot anjumani paytida gollandiyalik murabbiyga savollar ingliz va arab tilida berildi. Inglizchani nemis tiliga nisbatan kam biladigan saytimiz xodimi Shahboz Beg‘amov tishining kavagida saqlab yurgan savolini Verbekka bera olmagandi. Tashqarida esa buning imkoni tug‘ildi. Men tarjima qilib turdim. Beg‘amov so‘radi: "Jamoangizda yaxshi himoyachilar ko‘p, Ummonda ko‘proq himoyaviy futbolni yo‘lga qo‘yganingizni ham bilamiz. O‘z navbatida Ektor Kuper ham himoyaviy futbolni ma’qul ko‘ryapti. Shundan kelib chiqib ertaga ikkala jamoadan faqat himoyaviy o‘yin ko‘ramizmi yoki muxlislarga yoqadigan futbol kutsak bo‘ladimi?"

    Verbek bu savolga o‘ylanib o‘tirmay "Unda ertaga 0:0 bo‘ladi" dedi. Hammamiz ozgina kulishib oldik. "Albatta, bu hazil - deb qo‘shib qo‘ydi 63 yoshli mutaxassis birozdan so‘ng. - O‘ylaymanki, ikkala jamoa ham muxlislarga yoqadigan o‘yin namoyish etadi. Menimcha, stadionga tashrif buyuradigan muxlislar zerikib qolishmaydi". Bu paytda Verbek bilan matbuot anjumaniga kelgan raqib futbolchisi televideniya uchun alohida intervyu berayotgan, shu bois murabbiy bilan suhbatimiz yana biroz cho‘zildi.

    Tinib-tinchimas Beg‘amov tag‘in savol berdi: "Osiyo Kubogida ishtirokchilar soni 24 taga oshirilganiga qanday qaraysiz?". "Juda ijobiy fikrdaman, - dedi Verbek. - Endilikda kuchsiz jamoalar ham musobaqaning final bosqichida o‘ynash imkoniga ega bo‘lishdi. Bundan tashqari muxlislar ham shu jamoalarga e’tibor qarata boshlashdi. Osiyoda eng kuchli beshta jamoa bor, turnirda qatnashayotgan qolgan 20 jamoa ularga o‘xshashga harakat qilyapti. Bu juda yaxshi albatta".

    Beg‘amov xavotirda. U Ummon himoyachilari "ikkinchi qavatda" bosh bilan yaxshi o‘yin namoyish etishidan xavotirga tushib qolgan. Shahboz baribir jim tura olmadi va xavotirga tushayotganini murabbiyga aytdi-qo‘ydi. Verbek esa o‘z uslubida hazilomuz javob qaytardi: "Xavotir olma, hammasi yaxshi bo‘ladi". Hadeb Osiyo futboli haqida gapiravermasdan gollandiyalik murabbiy bilan Gollandiya terma jamoasi haqida ham gaplashdik. "Bizda avlodlar almashinuvi yuz beryapti. Aholimiz soni ko‘p emas, aholisi kam davlatlar futbolida bunday past-balandliklar uchrab turadi. Gollandiyadan yangi avlod yetishib chiqyapti va tez orada biz ham eng kuchli jamoalardan biriga aylanamiz".

    Ummonlik futbolchi intervyu berib bo‘ldi. Ketadigan payt bo‘lib qolgandi. Xayrlashish oldidan saytimiz rahbari Gayrat Xasbiullin Pim Verbekka qarab "Sizga Yaponiya va Turkmaniston bilan bo‘ladigan o‘yinlarda omad tilayman" dedi. O‘z navbatida Verbek ham "Xuddi shunday tilakni men ham sizlarga bildiraman" deb xayrlashdi. Qit’a miqyosidagi katta musobaqalar nafaqat o‘yin va muhit, balki o‘yin atrofidagi mana shunday voqealar bilan ham qiziq.

    Manba: championat.asia

    » » Ummon termasi ustozi Pim Verbekning tezkor javoblari...