11:15 / 09.01.2019
2 784

Sardor Rashidov: “Bu safar yoqimsiz anʼanani buzamiz”

Sardor Rashidov: “Bu safar yoqimsiz anʼanani buzamiz”
Terma jamoamiz ichidagi muhit va kayfiyat shunchalik yaxshiki, biror-bir ortiqcha soʻzga hojat yoʻq. Chunki u yerdagi manzarani oʻz koʻzimiz bilan koʻrganimiz uchun ham yana bir bor Ektor Kuper yaxlit bir oilani shakllantira olganiga guvoh boʻldik. Ilohim jamoamizga koʻz tegmasin. Eng muhimi Ummonni yengib futbolchilarimizning oʻziga boʻlgan ishonchini yanada kuchaytirib olishdir. Yigitlarimizning raqibga qaraganda kuchli ekanliklari aniq va buni maydonda isbotlashlariga shubhamiz yoʻq. Masalan, jamoamiz yetakchilaridan biri Sardor Rashidov bilan ham suhbatlashganimizda gʻalabadan boshqasini oʻylamayotgani haqida gapirdi.

- Dastlabki maqsadimiz birinchi oʻyinni gʻalaba bilan boshlash. Chunki terma jamoamizning muvaffaqiyatini butun xalqimiz kutib turibdi. Xudo xohlasa, Ummon bilan uchrashuvda gʻalaba qozonib, muxlislarimizni xursand qilib, keyingi oʻyinlarga tayyorgarlik koʻramiz - deydi, Rashidov.

- Jarohat sababli terma jamoamizning ayrim yigʻinlaridan chetda qolgandingiz. Lekin yana sogʻayib safga qaytganingizdan muxlislar xursand. Endilikda Osiyo Kubogida yangicha Sardor Rashidovni koʻramiz degan fikrlar koʻp yangramoqda. Menimcha, hozirda sizda ham ishtiyoq kuchliga oʻxshayapti...
- Ha, kayfiyatimiz zoʻr. Futbolchilarimiz juda yaxshi ruhlanishgan. Muxlislarning ishonchi ayniqsa, oʻyindan oldin bizga katta ruhiy kuch bagʻishlayapti. Nasib qilsa, men ham maydonda bor kuchim bilan oʻynab ishqibozlarni xursand etish uchun bor kuchim bilan harakat qilaman.

- Oʻz oldingizga toʻpurar boʻlish maqsadini qoʻydingizmi?
- Hamma futbolchida bunday maqsad boʻladi. Lekin mening maqsadim toʻpurarlikdan koʻra jamoamizning gʻalabasiga koʻproq hissa qoʻshish.

- Osiyo Kubogi kutilmagan natijalar bilan boshlandi, siz ham natijalarni kuzatib borayotgandirsiz?
- Ha, ayniqsa, Avstraliyaning magʻlubiyatini aytishim mumkin. Bu degani Osiyo Kubogiga barcha terma jamoalar yuqori darajada tayyorgarlik koʻrib kelganini bildiradi. Terma jamoalar oʻz oldiga katta maqsadlarni qoʻyishgan. Shuning uchun ham kutilmagan natijalar yuz beryapti. Lekin Oʻzbekiston oʻz yoʻlida davom etadi va gʻalabalar bilan muxlislarni xursand etamiz.

- Shu oʻrinda Ummon terma jamoasi haqida fikringiz qanday?
- Ummonni noqulay raqib degan boʻlardim. Boʻlajak raqibimiz haqida har xil gaplar boʻlyapti. Lekin barchasini maydonda koʻrsatamiz.

- Har xil gaplar deganda nimani nazarda tutyapsiz?
- Ummonni yuta olmagan yoki bu raqib yutqazmay kelayotgani haqidagi gaplar. Lekin bu safar yoqimsiz anaʼnani buzamiz.

- 9 yanvar oʻzbekistonlik muxlislar uchun bayramga aylanishini kutishmoqda. Siz ishqibozlar uchun nima deya olasiz?
- Muxlislar bizni tinmay qoʻllab-quvvatlasinlar. Ularning olqishlashini sezib tursak, bizga ijobiy taʼsir oʻtkazishadi. Oʻzbekistonda televizor orqali ham bizni qoʻllab turadigan xalqimizning daldasini ham sezib turamiz. Hamma terma jamoamiz uchun duoda boʻlib turishsin.
Shuhratbek Joʻrayev suhbatlashdi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Sardor Rashidov: “Bu safar yoqimsiz anʼanani buzamiz”