14:15 / 09.01.2019
3 039

Kuperning siri nima? Yoxud toʻgʻri savollarga egri javoblar...

Kuperning siri nima? Yoxud toʻgʻri savollarga egri javoblar...
Bugun, 9 yanvar kuni Oʻzbekiston milliy terma jamoasi Osiyo Kubogidagi ishtirokini boshlaydi. “F” guruhidan oʻrin olgan Ektor Kuper shogirdlari bugun “Sharja” stadionida Ummon terma jamoasiga qarshi maydonga chiqadi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 18:30da boshlanadi. Oʻyinni janubiy koreyalik FIFA referesi Kim Dong Jin boshqarib boradi.

Jamoalar saviyasi tenglashib qoldimi?

Osiyo Kubogi biroz kutilmagan natijalar bilan boshlandi. Avvaliga BAA terma jamoasi Bahrayn bilan zoʻrgʻa durang oʻynagan boʻlsa, keyin Avstraliya iordaniyaliklarga magʻlub boʻldi. Xitoy Qirgʻizistonni, Janubiy Koreya esa Filippinni yutishi oson boʻlmadi. Keyingi oʻyinlarda Eron va Saudiya Arabistoni yirik gʻalabalarga erishib, tarozi pallasini favoritlar tomon ogʻdirgan boʻlsada, oʻrinli savol – rostdan ham Osiyoda oʻrtamiyona jamoalarning darajasi oʻsib bormoqdami? Yaʼni, qatnashchilar soni oshirilishi toʻgʻri va oʻz vaqtida amalga oshganmidi? Yoki bizga tegishli qismi, agar kuchsiz jamoaning oʻzi qolmay, hamma futbol oʻynashni oʻrganib olgan boʻlsa, bugun favoritroq hisoblanayotgan Oʻzbekiston uchun ham qiyin boʻladimi? Ha, ishonavering, reytingda ancha pastlab ketganimiz bilan, oʻyinda Oʻzbekiston yaqqol favorit sifatida eʼtirof etilmoqda. Masalan, bukmekerlik kotirovkalarida vakillarimizning imkoniyati ikki barobar koʻp deb baholanyapti. Umuman, tarkibning saviyasi, futbolchilarning darajasi boʻyicha ham ustunlik katta, buni raqib murabbiyi ham, ummonlik jurnalistlar ham koʻp taʼkidlashyapti.

Menimcha, aslida unday emas. Dastlabki turdagi natijalarning boshqacharoq, haqiqatga yaqinroq boʻlishi mumkin boʻlgan izohi. Bu aynan qatnashchilar sonining oʻsgani bilan ham asoslantirilishi mumkin.

Guruhlar tarkibi va baʼzi guruhlarda uch jamoa keyingi bosqichga chiqishi mumkinligidan kelib chiqsak, Avstraliya, Yaponiya yoki Koreyaning guruhda qolib ketishi mumkinligini tasavvur qilish ham oson emas. Buni oʻsha favoritlarning oʻzi ham juda yaxshi biladi va bu omil ularning turnirga tayyorgarlik strategiyasida ham muhim ahamiyat kasb etadi. Yoʻq, raqibni mensimaslik haqida gap bormayapti. Gap shundaki, guruhdan chiqish masalasi ularning kun tartibida turmaydi, bu oʻz oʻzidan sodir boʻladigan voqea sifatida qaraladi. Guruh bosqichi bu jamoalar uchun haqiqiy oʻyinlar, yaʼni pley-offga tayyorgarlik bosqichi sifatida qabul qilinadi.

Misol uchun, men shu fikrlarni yozib oʻtirgan paytimda Son Xon Min “Tottenhem” tarkibida “Chelsi”ga qarshi Angliya Ligasi kubogi yarim finalida oʻynamoqda va yakshanba kuni “Manchester Yunayted”ga qarshi oʻynab, keyingina, yaʼni Koreya guruhda ikki oʻyinni oʻtkazib boʻlganidan soʻng, BAAga keladi. Toʻgʻri, bu qaror londonliklarning avgust oyida futbolchini Osiyo oʻyinlariga indamay qoʻyib yuborganiga minnatdorchilik sifatidagi yon bosishdir, shunday boʻlsa-da, koreyslar uchun haqiqiy turnir pley-offda boshlanishini payqash qiyin emas. Yoki “Kardiff” hujumchisi Mutoning “Kardiff” safida “MYU”ga qarshi oʻyinda atigi bir necha daqiqa oʻynab, shundan soʻng Yaponiya ixtiyoriga kelib qoʻshilganini olaylik.

Umuman, qisqa turnirlarda oxirigacha borishni niyat qilgan jamoalar yuksak sport formasiga turnir davomida chiqib borishlari tajribada oddiy hol. Dastlab oʻyinlargacha ham ruhiy, ham jismoniy choʻqqiga chiqishga urinish jamoani biroz toliqtirib qoʻyadi, qisqa vaqtda bir qator muhim oʻyinlarga tayyorgarlik qiyinlashib ketadi. Shuning uchun turnirni juda yengil, imkon boricha rotatsiyalar bilan boshlashga harakat qilinadi. Bu holatda ham maksimal ochko olinishi – qoʻshimcha bonus.

Maqsadi sovrindor boʻlish emas, imkon qadar uzoqroqqa borish, guruhdan chiqish boʻlgan kuchsizroq jamoalar uchun esa, har bir oʻyin ahamiyatli. Tayyorgarlik ham mana shundan kelib chiqib rejalashtiriladi va birinchi turga eng yuqori formaga chiqishga harakat qilishadi. Bor imkoniyat bilan guruh bosqichi hal etilsa, boʻldi, keyingi magʻlubiyatlar ham soya solmaydi. Muvaffaqiyat sifatida baholanadi.

Esingizda boʻlsa, ikki yil oldin ishtirokchilar sonini koʻpaytirgan Yevropa ham shunday holatni boshdan kechirgan, dastlabki kunlarda favoritlar qolib, oʻrtamiyona va autsayder jamoalar yaxshi taassurot qoldirishgandi. Yevropadagi Islandiyaga mos ravishda, ilk turlarning qahramonlari Hindiston boʻlib turgani ham bejiz emas.

Kutilmagan natijalar asta-sekin kamayib boradi. Bu jarayon boshlandi ham. Balki Avstraliya va BAAning sensatsiyalari boshqa favoritlarni ham hushyor torttirib, vaziyatga jiddiyroq qarashga undagan boʻlishi ham mumkin.

Oʻrtoqlik oʻyinlari nega kerak?

Soʻnggi paytlarda eng koʻp eʼtibor qaratilgan mavzu. Chunki, Osiyo Kubogiga yaqin birorta ham oʻrtoqlik oʻyinida maydonga tushmagan yagona jamoa – Oʻzbekiston boʻldi. Dekabrda yigʻinlar tashkil etilgan boʻlsa-da, birorta ham oʻyin tashkil etilmadi. Kecha boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida ham Kuperga berilgan savollarning yarmi shu haqida boʻldi va bu argentinalik murabbiyni biroz asabiylashtirdi.

Avvalo, oʻrtoqlik oʻyinlari tayyorgarlikning faqat maʼlum bir boʻlagi ekani va yakuniy natijalar doim ham bunday oʻyinlar soni va sifatiga bogʻliq emasligini taʼkidlagan boʻlardim. Chunki bu oʻyinlar avvalo murabbiyning tarkib haqida koʻproq maʼlumotga ega boʻlishi va maʼlum amaliyotni sinab koʻrishi uchun kerak. Agar u oʻsha oʻyinlarsiz ham yetarli maʼlumotlar va koʻnikmalar hal qilingan deb hisoblasa, oʻrtoqlik oʻyinlariga ehtiyoj sezmaydi. Aksincha, murabbiyning xayolini endi butunlay boshqa narsalar band etadi, olinishi mumkin boʻlgan jarohatlar riski, masalan.

Taniqli mutaxassis Alisher Nikimbayev “Futbolium” kanalida shunday yozadi:

«Dastlabki tur natijalari turnir oldidan jamoalarning qancha va kimlar bilan oʻrtoqlik oʻyinlari oʻtkazganining natijalarga taʼsiri yoʻqligi borasidagi farazni yana bir bor isbotladi. Avstraliya atigi besh kun oldin Ummonni yirik hisobda tor-mor etdi (5:0 - tahr), Iordaniya esa, Qirgʻiziston va Qatardan magʻlubiyatga uchragandi. Ilk turda esa, Iordaniya 3 ochkoni ilib ketdi.

Avstraliya hatto, jahon chempionatidan keyin oʻtkazilgan toʻrt oʻyinda magʻlubiyatga uchramagan, Iordaniya esa, oxirgi toʻqqizta oʻrtoqlik oʻyinidan atigi bittasida gʻalabaga erishgandi. Kimning ustidan deysizmi? Hindiston. Shuning uchun oʻrtoqlik oʻyinlari soni va ularda koʻrsatilgan natijalarga haddan ziyod eʼtibor berishni toʻxtatinglar».

Agar esingizda boʻlsa, sakkiz yil oldingi Osiyo Kubogiga Xitoy juda qattiq tayyorgarlik koʻrgan, qatorasiga sakkiz oʻyinda maydonga tushib, aksarida ijobiy natija qayd etgandi. Hatto, Fransiya terma jamoasi safarda magʻlub etilgandi. Ammo Qatarda xitoyliklar Oʻzbekiston bilan bir guruhdan joy olgan va guruhda qolib ketgan, oʻrtoqlik uchrashuvlarida natija koʻrsatmagan Oʻzbekiston esa (Vadim Abramov jamoasi 2010 yil davomida faqat magʻlubiyatli oʻyinlar oʻtkazgan, faqat noyabr oyiga kelib Bahraynga qarshi oʻrtoqlik oʻyinida ilk gʻalabani qayd etgandi) birinchi oʻrinni olgandi.

Yoʻq, bu gaplar tayyorgarlik va oʻrtoqlik oʻyinlari ahamiyatini pasaytirish uchun yozilmadi. Shunchaki, tayyorgarlikni rejalashtirish va oʻrtoqlik oʻyinlarini bu rejaning qaysi qismiga qoʻyish toʻliq murabbiyning zimmasidagi va javobgarligidagi ish ekanini tushunish kerak. Baʼzi jamoalar individual va jismonan tayyor boʻladi, futbolchilarning jamoaviy bogʻlamlarini, koʻnikmalarini oshirish uchun ketma-ket oʻrtoqlik oʻyinlariga ehtiyoj seziladi. Baʼzan esa, ikkinchi faktor hal qilingan, asosiy urgʻuni jamoani vazifalar uchun jismonan tayyorlashga yoʻnaltirish lozim boʻladi.

Konkret vaziyat haqida eng toʻgʻri va soʻnggi maʼlumotlar faqat murabbiylar shtabida bor. Terma jamoamiz ayni paytda qanday yuklamalarga ehtiyojmand ekanini ham ular yaxshiroq biladi.

Kuper nega oʻrtoqlik oʻyinlaridan voz kechdi?

Bu savolning rasmiy javobi – “futbolchilarni kutilmagan jarohatlardan asrash”. Buni Kuper Turkiyadagi yigʻin paytida ham, kechagi matbuot anjumanida ham taʼkidladi. Murabbiy jarohatdan qachon qoʻrqadi? Oʻyinning oʻrtasida. Chunki, futbolchi mashgʻulotda ham jarohat olishi mumkin, toʻgʻrimi? Kuper allaqachon jarohatlarni oʻylay boshladimi, demak, tagdor maʼno ham bor - jamoa musobaqaga tayyor. Jamoa kamida Ummon bilan oʻyinga tayyor. Kuperning miyasida Ummonga qarshi kim va qanday oʻynash pishib boʻlgan, shuning uchun ham uni endi, qanday tayyorlanish emas, keyingi bosqich – jarohatlar tashvishlantira boshladi.

Shu yerda, yuqorida tilga olingan strategiya mavzusi oʻrtaga chiqadi. Nazarimda, Kuper jamoasi turnirga emas, Ummon bilan oʻyinga tayyor boʻlib ulgurdi. Ummon bilan oʻyin esa, oʻz navbatida, turnirga boʻlgan tayyorgarlikning bir boʻlagidir.

Ilk turlarda Yaponiya bilan emas, Ummon va Turkmanistonga qarshi oʻynashimiz Kuper uchun ideal taqvim boʻldi, menimcha. Ham tarkib, ham saviya va tajriba borasida bu raqiblarda yaqqol ustunmiz. Demak ular uchun alohida bir raqib tanlab, oʻrtoqlik oʻyini oʻtkazishga ehtiyoj sezmaslik normal holat. Har doim shunday boʻlishi kerak, demoqchi emasman, axir Avstraliya oʻrtoqlik oʻyinida maydonga tushdi-ku, toʻgʻri.

Lekin Kuperning qarorida ham mantiq bordek. Menimcha, u Ummon va Turkmaniston bilan oʻyinlarda ijobiy natija qayd etishga ishonyapti. Yaponiya bilan oʻyin uchun esa, turnir oldidan oʻrtoqlik oʻyini shart emas, aynan guruhdagi dastlabki turlar ham Yaponiya bilan oʻyin uchun tayyorgarlik vazifasini oʻtab bera oladi. Kuper tinmasdan jamoaning tayyorligi, salbiy natijaga toʻliq javobgarlikni boʻyniga olishini taʼkidlayotganidan ham bilish mumkinki, murabbiy jamoasiga qattiq ishonmoqda.

Kuper soʻnggi oylarda hammadan yashirayotgan va qiziqtirayotgan buyuk syurpriz, yaʼni sir, aynan mana shu ishonch boʻlsa ajab emas.
(mulohozalarning “strategiya”ga atalgan davomi borki, buni faqat Ummon bilan oʻyindan soʻng gaplashish mumkin)
Qahramon Aslanov

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Kuperning siri nima? Yoxud toʻgʻri savollarga egri javoblar...