15:46 / 10.01.2019
3 709

Terma jamoa o‘yini haqida: «Gipnoz»

Terma jamoa o‘yini haqida: «Gipnoz»
Mavzuga har tomondan kelish mumkin. Masalan, turnirdagi ilk uchrashuv bosimi, Ummon deyarli o‘z maydonida to‘p surayotgandek qo‘llab-quvvatlashlarga ega bo‘lgani-yu, ularning goli ofsayddan urilganini aytish va qo‘lga kiritilgan uch ochkodan xursand bo‘lish mumkin.

Axir bu degani deyarli pley-off yo‘llanmasi qo‘lga kiritildi degani, shunday emasmi? Yoki o‘yinning g‘aribligi, yaratilgan vaziyatlar va kombinatsiyalarning deyarli bo‘lmagani, aksincha, faqat omad va Nesterovning mahoratigina Ummonni ochkodan mahrum qilganini aytsa bo‘ladi. Ya’ni, bu fikrlarning barisini aytgan odamlarni ko‘rdim, o‘qidim, har ikki tomon pozitsiyasiga o‘tib ham ahmoq ko‘rinmaslikning iloji bor, ishonavering.

Mantiqan to‘g‘ri. Ammo go‘yoki saviya jihatidan bizdan kuchsizligi aytilib kelingan Ummonga buncha ustunlikni taqdim etgan Kuperdan mantiq topish qiyindek.

«Raqib o‘zi uchun mantiqan to‘g‘ri uslubda harakat qildi. Hisobda oldinga chiqib olgach, himoyaga e’tibor qarata boshladi», – biz baqrayib qarab turganimiz bilan Pim Verbek hamkasbining harakatlarini tabiiy qabul qildi.

«Bizda professionallik yetishmadi, raqib futbolchilari natija uchun barcha narsaga, hatto qizil kartochkaga ham tayyor ekanini namoyish qildi», – bu ham Verbekning fikrlari va u yerda piching yo‘q.

Bu o‘yindan so‘ng, tan olish mumkin bo‘lgan ijobiy e’tirozlardan biri. Yana Nesterov, Ahmedovning mahoratiga tan berib, Shomurodovning sovuqqonligiga qoyil qolish kerak, ammo biz uchun yangilik emas. Yangilikni biz aslida Kuper shakllantirgan o‘yindan qidirdik. Muxlislar jamoadan hujumkor, kombinatsion futbol va beshta golni kutishgan, go‘yoki Rashidov, Masharipov, Sidiqov kabi futbolchilar bilan, kelib kelib Ummon bilan boshqacha futbol mumkin emasdek edi. Nima bo‘ldi o‘zi?

Ustuvor futbol va uning talablari

Har bir davrning, musobaqaning, qit’aning o‘ziga yarasha ustuvor futboli bo‘ladi. Misol uchun, Gvardiolaning «Barselona»si, Zidanning «Real»i so‘nggi o‘n yillikdagi Yevropada eng ustuvor futbolni namoyish etgan jamoalar hisoblanadi. Gap faqat natijada emas, o‘zi ko‘rsatadigan futbol uslubining urfga aylanishi, har qanday raqibdan qat’i nazar o‘z futbolini namoyish etishi lozim bo‘ladi. Murabbiy uchun eng markaziy vazifa raqib ustunliklarini yo‘qqa chiqarish emas, o‘z ustunliklari maydonda aks etishini ta’minlash bo‘ladi. Sezib turganingizdek, bunday futbolning juda muhim talabi bor – bu jamoa o‘sha davr, o‘sha musobaqa yoki o‘sha qit’adagi eng zo‘r ijrochilariga ega bo‘lishi kerak.

Bir murabbiy bundayroq futbolchilar bilan, «Lester» singari, nimadir yaratish, turnirda g‘olib chiqishi mumkin, ammo bu bilan o‘sha jamoa ustuvor futbol sohibiga aylanmaydi. Tarkib sifati juda muhim, Pep Gvardiola har qancha kuchli murabbiy bo‘lmasin, urfga aylanishi mumkin bo‘lgan futbolni qurishi uchun eng yuqori malakadagi ijrochilarga ehtiyoj sezadi. Umuman, tarixdagi har qanday davrdagi modaga aylangan jamoalarni ko‘ring – asr boshlaridagi «Milan» yoki «Real», o‘tgan asr oxirlaridagi «Yuventus» yoki «Manchester Yunayted»: bu jamoalar urfga aylangan futbol namoyish etish bilan birgalikda, o‘sha davrning eng yaxshi futbolchilarini tarkibga yig‘ib ham olgandi. Busiz masalan, «Atletiko» yoki «Chelsi» singari, yaxshi, kuchli, ba’zida sovrinlar ham yuta oladigan jamoa bo‘lish mumkin xolos.

Qisqasi, hech qaysi murabbiy o‘sha davrda eng zo‘r bo‘lmagan ijrochilar bilan ustuvor futbol jamoasini tuza olmaydi. Faqat taktika, falsafa, sxemalarning o‘zi buning uchun yetarli emas.

Italiya fenomeni

Menimcha, dunyo futbolida eng muvaffaqiyatli terma jamoa – Italiya. Ha, Braziliya ko‘proq chempion bo‘lgan, lekin u yerdagi yulduzlar bilan aslida ikki barobar ko‘proq chempion bo‘lish kerak edi. Ha, Germaniya barqarorroq, ammo boy berilgan buncha final bilan eng muvaffaqiyatli deyishga til aylanmaydi. Italiya o‘z salohiyati va o‘ziga xos futboli bilan maksimaldan ko‘proq sovrinlarga ega bo‘lgan terma jamoadir, fikrimcha. Italiyaliklar chempion bo‘lgan jahon yoki Yevropa chempionatlarida turnirning eng kuchli jamoasi bo‘lmagan ham. Mana shu haqiqiy muvaffaqiyatdir.

Yana Italiya terma jamoasini haddan ziyod himoyaviy o‘ynashda ayblashadi. To‘g‘ri, Braziliya, Germaniya yoki Niderlandiya ko‘pincha tarkib borasida italiyaliklardan ustun bo‘ladi, tabiiyki, Italiyada himoyaviyroq to‘p surishdan boshqa imkon ham qolmaydi. Ammo bu yerda boshqa jihat ham bor. Italiya nafaqat top-o‘yinlarda, balki o‘zidan kuchsizroq bo‘lgan raqiblar bilan ham himoyaviy o‘ynashni ixtiyor qiladi. E’tibor bersangiz, ko‘pincha, italiyaliklar guruh bahslaridan juda qiynalib o‘tishadi. Terma jamoa uslubi va falsafasi asosan o‘zidan kuchliroq sanalgan raqiblar bilan qo‘l keladi. Savol tug‘iladi, xo‘p, o‘sha Braziliya bilan teng o‘ynay oladigan Italiya masalan, Norvegiya, Shvetsiya yoki Slovakiya bilan hujumkor o‘ynashi, yirik hisobda g‘alaba qozonishi mumkinku? Qayerdan keladi shuncha muammo?

Musobaqaning final yoki kamida yarim finalda ishtirok etishni maqsad qilgan Italiya doim biladiki, bu yo‘lda ayniqsa, so‘nggi bosqichlarda ularga ijrochilar mahorati borasida kuchliroq raqiblar ro‘para keladi. Xo‘sh, endi tayyorgarlik strategiyasi o‘sha kuchli raqiblarga qaratiladimi yoki guruhdagi kuchsizroq raqiblargami? Albatta, Italiya turnirga olib boradigan asosiy tarkib Braziliya yoki Ispaniya kabi raqiblarga qarshilik qilish nuqtai nazaridan tanlanadi. Shuning uchun ham murabbiylar nuqul «Badjomi yoki Del Pero?» mazmunidagi savolga javob izlashga majbur bo‘lishgan.

Hayron qolardim, raqib – Kamerunku? Yoki Ekvador. Kuchsiz jamoalarga qarshi murabbiy ham Badjoni, ham Del Peroni tushirsa bo‘lmaydimi? Yo‘q, qarang, guruhda bu jamoalarga qarshi hujumkor taktika tanlab, osonroq g‘alaba qozonishi mumkin, ammo qisqa turnirda bu o‘yinlar so‘nggi bosqichdagi hal qiluvchi bahslarga poydevor bo‘la oladimi? Albatta, bo‘la olmaydi.

Murabbiy ataylab, raqib kuchsiz bo‘lsa ham, oxirida Braziliyaga qarshi o‘ynaydigan tarkibni maydonga tushiradi. Raqib – Kamerun, lekin Italiya uch nafar tayanch yarim himoyachisi va bir nafar hujumchi bilan o‘ynaydi. Badjo va Del Perodan biri zaxirada o‘tiraveradi. Bu tarkib hal qiluvchi pallagacha charxlanib borishi, tonusga kirishi shart. Axir kuchsizlar bilan hujumkor tarkib va boshqa falsafa, ertaga boshqa, kuchliroq raqib chiqqanda, endi himoyaviyroq o‘yinga suyanish xavfli – jamoa birdaniga bir necha xil yo‘nalishlarga urg‘u qarata olmaydi.

Yorqin misol – Portugaliya. Ular yirik turnirlarda doim strategiyasiz jamoa sifatida nazarga tushishardi. Chiroyli va hujumkor futbol, lekin natijasiz. Chunki, Shimoliy Koreyaga qarshi tanlanadigan taktika bilan Germaniyaga qarshi to‘p surishga ijrochilar mahorati yetmay qoladi. Nihoyat, Yevro-2016 turnirida portugaliyaliklar butun turnirni yaxlit uslub va falsafa bilan o‘tkazdi, natijada, chempionlik ham bo‘ldi.

Agar tarkibingizda turnirning ustuvor futbolini namoyish eta oladigan darajadagi eng zo‘r ijrochilar bo‘lmasa, lekin uzoqqa borishni istasangiz, yaxlit va o‘zgarmas uslubga tayanishga majbursiz.

O‘zbekiston urf bo‘la oladimi?

2011 yilgi Osiyo Kubogida O‘zbekiston terma jamoasi turnir uchun trendni aniqlay oladigan darajadagi ustuvor futbolni namoyish qilishga uringandi. Bu guruh bosqichida, kuchsizroq jamoalarga qarshi o‘xshagan, ammo birgina nominal himoyachi bilan to‘pni nazorat qilish va tashabbus bilan o‘ynashga intilish Iordaniya yoki Kuvayt bilan mosdir, ammo Avstraliya bilan emas. Abramovning tashabbuskor falsafasi futbolchilarga singib ulgurgan, endi navbat Avstraliya va Koreyaga kelganda, ularni butunlay boshqa jamoaga aylantirishning iloji yo‘q edi.

Endi savol: O‘zbekiston terma jamoasi bu safargi Osiyo Kubogida ustuvor bo‘lgan futbol namoyish etishga qodirmi? Bunga javob berish uchun terma jamoamiz tarkibi qit’ada eng kuchli futbolchilardan tuzilganmi yoki yo‘q, shuni aniqlashimiz kerak. Javob – yo‘q unday emas, Osiyodagi turnirlarda Yaponiya, Koreya yoki Eron kabi terma jamoalar ustuvor futbol ko‘rsatishlari mumkin xolos. Biz ularga qarshi o‘yinlarda birinchi raqam ostida harakat qila olmaymiz.

Biz nisbatan cheklangan imkoniyatlarga ega bo‘lgan tarkibimiz bilan top-raqiblarni faqat ularning ustunliklarini cheklash orqali g‘alaba qozonishimiz mumkin. Ya’ni, Yaponiya bilan pozitsion o‘yin ko‘rsata olmaymiz, tashabbuskor bo‘la olmaymiz, faqat himoyaviy futbol yordamida yenga olamiz.

Ummon bilan o‘yinda hujumkor taktika qo‘llash kerak edi, Rashidov va Masharipov kabi kreativ futbolchilar bilan himoyaviy o‘ynab bo‘lmaydi, deyish mumkin, ammo agar ko‘rsatilgan o‘sha hujumkor o‘yin biz bilan butun turnir davomida hamroh bo‘lmasa, hujumkor o‘yin ko‘rsatish imkoniyati bizning peshqadam jamoalar bilan o‘yinlarda bo‘lmasa, foydasi nima? Menimcha, Ummon va Turkmanistonga qarshi o‘yinlarda bizga eng muhimi, uch ochkodir. O‘yin sifatida, tashabbuskorlik va gollar soni bizni qiziqtirmasligi lozim. Ummon bilan o‘yinda xuddi biz Yaponiya bilan o‘ynayotgandek, ehtiyotkor taktika tanlanishida mantiq bor – biz shu orqali aynan shu uslubni charxlab boramiz, ertaga kuchli raqibga qarshi butunlay teskari futbol ko‘rsatish, yangi ko‘nikmalar va yuklamalar rejimiga o‘tish ehtiyoji bo‘lmaydi. To‘g‘ri, kechagi ko‘rsatgan o‘yinimiz bilan Yaponiyaga qarshilik qila olmasdik, ammo ungacha, vakillarimiz ham tajriba to‘plab, o‘yinda o‘sishga erishishlari tabiiy. Faqat bir xil uslubda harakat qilish orqali, o‘yindan o‘yinga takomillashib, o‘sib borish mumkin, deb o‘ylayman.

Shuning uchun, kechagi o‘yin sifati, kuchsizroq raqib ustidan zo‘rg‘a g‘alaba qozonganimiz uchun u qadar xafa bo‘lmaslik kerak deb o‘ylayman. Ummon aslida o‘ziga yarasha qiyin jamoa ekani (shu bilan birga noqulay raqib, shu vaqtgacha o‘tkazilgan 5ta o‘zaro o‘yinda ummonliklar 4 bor g‘alaba qozonishgan), ilk o‘yin hayajonlari va xatolari bilan ham uch ochkoni qo‘lga kiritganimiz, aslida, juda yaxshi yakun bo‘ldi. Hamma juda yaxshi o‘ynagan o‘yinda durang o‘ynagandan ko‘ra, ko‘p futbolchilarning o‘yini chiqmagan paytda ham g‘alaba qozonishimiz umidliroq, chunki bu holda jamoamizda hali potensial borligini, uning o‘sish imkoniyatiga ega ekanini ko‘rsatadi.

Yuqorida Italiya va Portugaliya misolida aytilganidek, bizda ikki xil tanlov bor edi: hamma bilan hujumkor va ochiq futbol o‘ynash yoki hamma bilan yopiq, himoyaviy taktikani tanlash. Birinchi variantda bizda kuchli jamoalar bilan o‘yinda natijaga erishish imkoni yo‘q ekan, biz ikkinchi variantni tanlashga majburmiz. Eng asosiysi, biz hamma o‘yinda bir xil uslubni tanlashimiz lozim, kuchsizlar bilan boshqacha, kuchlilar bilan butunlay boshqacha, ya’ni himoyaviy o‘ynashga harakat qilish, jamoadagi yo‘nalishni va takomillashish xususiyatini yo‘qqa chiqaradi.

Barchasi nazorat ostidami?

Yo‘q albatta. Biz ataylab shunday taktika tanladik, hammasi biz o‘ylagandek kechdi, deyish noto‘g‘ri. Xuddi shu ssenariydagi o‘yin raqibning g‘alabasi bilan ham, durang bilan ham yakunlanishi mumkin edi. Biz Ummonga keragidan ko‘p vaziyat berdik. Hujum chizig‘ida o‘ylangan rejalar ishlamadi. Shorahmedov, Masharipov, Bikmayev, Rashidov kabi futbolchilar o‘z imkoniyatlaridan juda past o‘yin ko‘rsatishdi. Jamoada o‘yin amaliyoti bo‘lmagani sezildi, turnir oldidan o‘rtoqlik uchrashuvlari tashkil qilinmagani xato bo‘lib chiqdi. Bu haqida yana gaplashamiz.

Lekin aynan o‘yin uchun o‘ylangan reja va strategiya borasida e’tiroz yo‘q. Xuddi shunday munosabat kutilgandi, shukrki, hammasi biz uchun ijobiy tugadi. Hozircha, Dubayda hammayoq tinch.
Q.Aslanov

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Terma jamoa o‘yini haqida: «Gipnoz»