20:05 / 12.01.2019
3 358

Kuzatuv. Ummonga g‘arq bo‘lgan reja haqida (foto)

Kuzatuv. Ummonga g‘arq bo‘lgan reja haqida (foto)
O‘tgan maqolada biz O‘zbekiston terma jamoasining Ummon bilan o‘yinga tayyorgarligi, strategiyasi va rejasi haqida gaplashgandik. Qo‘lga kiritilgan muhim uch ochko go‘yoki barchasi nazorat ostida bo‘lgani, Kuperning o‘yinga bo‘lgan rejasi qisman ishlaganini ko‘rsatsa-da, aslida muammolar yetarli. Ya’ni Ummon bilan o‘yinda Kuper hammasini aniq hisobga olib, nazorat qilgandi, futbolchilar ko‘rsatmalarni aniq bajarishdi deb xulosa qilish haqiqatdan ancha uzoq. Keling, bu safar endi, bevosita o‘yin haqida to‘xtalib o‘tamiz va ba’zi ko‘rsatkichlar yordamida o‘yinni yanada kengroq tahlil qilishga harakat qilamiz.

Sxema

Kuper jamoani 4-3-3 ga yaqinroq sxemada maydonga tushirdi. Himoya tushunarli, yarim himoya Shukurov-Ahmedov-Sidiqov uchligidan tashkil topdi. Bu yerda Shukurov markaziy himoyachilarga eng yaqin zonada, Sidiqov va Ahmedov esa, biroz oldinroqda, mos ravishda chap va o‘ng markaziy yarimhimoyachilari sifatida harakat qilishdi.

Oldingi chiziqda esa, chap qanotda Jaloliddin Masharipov, o‘ngda Sardor Rashidov, markaziy hujumchi sifatida Marat Bikmayev o‘ynashdi.

Birinchi kuzatuv: Hayajon.

Terma jamoamiz futbolchilari o‘yinni katta hayajon ostida boshlashdi. Jamoaning anchadan buyon birga o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushmagani, ba’zi futbolchilar umuman ilk bor mana shunday turnirda ishtirok etayotgani va qisman, uchrashuvga ummonlik muxlislarning ko‘pchilik bo‘lib tashrif buyurib, juda yaxshi quvvatlab turganliklari ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin. Ilk daqiqalardagi o‘ziga xos “mandraj” balki butun o‘yin ssenariysiga ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin.

Misol uchun ummonliklar ham o‘yinni ancha ehtiyotkorlik bilan boshlashgandi. Ammo futbolchilarimizning o‘zini yo‘qotib qo‘yganliklari va bir necha bor oddiy xatolarga yo‘l qo‘yishlari, muhimi, to‘p bilan nima qilishni bilmay, tashabbusni olishga urinmaganliklari natijasida ummonliklar asta-sekinlik bilan o‘yinga kirib kela boshladilar. Bizdagi ishonchsizlik raqib futbolchilariga yordam berdi va taymning ikkinchi yarmiga kelib, Ummon bemalol kombinatsion futbol namoyish eta boshladi.

Dastlabki 15 daqiqada to‘p nazorati: 55-45 foiz.
15-30 daqiqalar oralig‘ida: 48-52 foiz.
15-45 daqiqalar oralig‘ida: 40-60 foiz.

Ko‘rinib turibdiki, Ummon dastlab, vaziyatni o‘rgana boshladi, futbolchilarimizdan xavf sezilavermagach, tashabbusni qo‘lga oldi. To‘g‘ri, taymdagi so‘nggi 15 daqiqalikda biz hisobda oldinga chiqib olgandik, ammo bu gol o‘yinning umumiy kartinasidan kelib chiqmagani, ungacha Ummon ikki marta o‘ta xavfli vaziyat yaratganini ta’kidlash kerak.

Ikkinchi kuzatuv: Hujumni boshlash rejasi umuman ish bermadi.

Futbolchilarning alohida statistikasiga e’tibor berilsa, jamoamizda to‘p bilan eng ko‘p muomala qilgan Otabek Shukurovdir. Unga jamoadoshlari eng ko‘p (42) marotaba to‘p uzatishgan va Shukurov amalga oshirgan paslar (50) bo‘yicha ham eng yaxshi ko‘rsatkichga ega bo‘lib turibdi. Keyingi ikki o‘rinni esa markaziy himoyachilarimiz egallashgan.

Bu tabiiy, zero hujumni boshlashdagi Kuperning rejasi ham shu edi. Markaziy himoyachilar to‘pni Shukurovga yetkazib berishlari, Otabek esa, Ahmedov yoki Sidiqov orqali, to‘pning raqib jarima maydoni tomon yo‘naltirishga mas’ul bo‘lgandi. Yoki markazda uchburchak hosil qilish yordamida qanotlarga uzun paslar orqali Rashidov yoki Masharipovni “topish” talab etilardi. (Bu rejani birinchi taymda 3-4 marta ko‘rdik, aynan yuqori pas orqali Masharipovni qulay vaziyatga chiqarishga urinishdi)

Ammo Shukurovning paslari manziliga qarasak reja umuman ishlamaganini ko‘ramiz. U eng ko‘p paslarni Krimets va Ismoilovga (10 tadan) uzatgan. Ya’ni Shukurov o‘zi qabul qilib olgan paslarni qariyb yarmini orqaga, markaziy himoyachilarga qaytarishga majbur bo‘lgan. Umuman Shukurov-Ismoilov-Krimets uchligi jamoamizda eng ko‘p o‘zaro pas berishgani ko‘p narsadan dalolat qiladi. Solishtirish uchun, Ummon terma jamoasida Holid al Braiki Al Saadiga 23 marotaba to‘p uzatgan. Shuningdek, Saleh Al Busaidiga ham shuncha to‘p uzatmani amalga oshirgan. Bu futbolchilarning to‘rtovi ham hujum chizig‘i vakillari hisoblanishadi.

Xullas, Ummonning maydon markazidagi faol pressingi markazimizni “sochib tashladi” deyish mumkin. O‘yinni boshqarishi va asosiy urg‘u berilishi kerak bo‘lgan Sidiqov va Ahmedov juda yomon o‘yin ko‘rsatishdi. Qarang, ularning maydonda faol o‘tkazgan vaqtlari 39 va 41 daqiqani tashkil qilyapti xolos. Bu jamoamizdagi 6 va 7-natija bo‘lsa, Ummon futbolchilari bilan solishtirganda, ularning 9 futbolchisidan yomon ko‘rsatkich qayd etishgan.

Uchinchi kuzatuv: Odil Ahmedovning bizning Pogbami?

Ahmedovning mahoratiga shubha yo‘q, aynan uning goli yakunda juda muhim bo‘lib chiqdi va mana qatorasiga ikkinchi turnirda Odilning goli biz uchun Osiyo kubogini ochib bermoqda. Ammo aynan Kuperning taktikasida u o‘ziga topshirilgan vazifalarni bajara olyaptimi, bu boshqa masala.

Yuqorida aytilganidek, Ahmedov to‘p raqibning nazoratida bo‘lib turgan paytda juda faol bo‘la olmadi. Raqib futbolchilari safida eng ko‘p to‘p uzatish (23) aynan uning zonasida harakat qilayotgan ikki futbolchi tomonidan amalga oshirildi. Va to‘p bizning vakillarda bo‘lib turganda ham o‘zini kam taklif qildi: to‘p qabul qilish bo‘yicha ham, uzatish bo‘yicha ham 6-ko‘rsatkich. Raqibning markaziy yarim himoyachilari bu borada ikki barobar yaxshiroq natija qayd etishgan.

Albatta, bu yerda gap Odilning o‘zida ham emas. Masalan, dunyoning mashhur futbolchilaridan biri Pol Pogbaning o‘yini va pozitsiyasi juda ko‘p munozara qilinadi. U Mourino paytida yaxshi o‘yin ko‘rsata olmadi. Agar terma jamoamiz bilan solishtirsak, Shukurov (Matich) va Sidiqov (Errera) bilan uchlikda u o‘zini komfort his qila olmadi. Mourino taktikasida yuqori pressing bo‘lmagani uchun Pogba to‘psiz qolganda juda katta zonani yopishi kerak bo‘lgan, bu birinchidan. Ikkinchidan esa, Errera yetarlicha jismonan baquvvat emas, Matich tezkor emas. Natijada bu futbolchilar Pogbaning kamchiliklarini ko‘pincha yopa olishmasdi.

Fransiya terma jamoasida esa, u bilan Kante va Matiyudi harakat qiladi. Farqni sezgan bo‘lsangiz kerak. Har ikkisi ham futbolcha terminda “qopag‘on kuchuk” ta’rifiga mos keladi. Pogba esa, ular bilan o‘zini erkin his qiladi, yaratuvchanlik bilan ko‘proq shug‘ullanadi.

“Manchester Yunayted”ga Sulsher kelgach, fransiyalik futbolchi yana “ochila” boshladi. O‘sha sheriklar bilan bo‘lsa-da, endi Pogba foydaliroq bo‘lyapti, chunki “MYu” faol va yuqori pressingda o‘ynamoqda, zonalarda ko‘pchilik bir biriga yaqin to‘p suryapti, to‘pni nazorat qilishga harakat qilyapti. Bunday sxemada Pogbadan raqib ortidan ko‘p yugurish talab etilmaydi.

Kuperning uslubi ko‘proq Mourinoga o‘xshab ketishini hisobga olsak, bir tarkibda ham Sidiqov, ham Ahmedovning bo‘lishi u qadar to‘g‘ri yechim bo‘lmasligi mumkin. Nazarimda, buni Kuper ham tushunib yetgan, shunchaki, Ummondan bu qadar qarshilik kutmagan bo‘lishi mumkin. Biz yo to‘pni ko‘proq nazorat qilishimiz yoki Sidiqov va Ahmedovlardan faqat birini asosiy tarkibda tushirishimiz to‘g‘riroq bo‘lishi mumkin.

Katta ehtimol Turkmaniston bilan ham ayni taktikani ko‘rarmiz, ammo Yaponiya yoki Avstraliya bilan o‘yinlarda tayanch yarimhimoyachi hisobiga Sidiqov zahiraga olinadi. Ana shundagina Odilning “qo‘li sal bo‘shab”, ko‘proq hujum tashkil qilishga e’tibor qaratish imkoniyatiga ega bo‘ladi, Kuper Javohirga qanchalik ishonmasin, katta o‘yinlarda Odilning tajribasi ko‘proq yordam berishi shubhasiz.

To‘rtinchi kuzatuv: Hujum uchligimiz o‘yindan butunlay uzib qo‘yildi.

Nafaqat Bikmayev, balki Sardor Rashidov ham to‘p bilan ko‘p muomala qila olmadi. Marat atigi 16, Rashidov esa 18 daqiqa maydonda faol daqiqalarga ega bo‘ldilar xolos. Bikmayev atigi 6 marotaba to‘p bilan muomala qildi va sheriklariga to‘p oshirdi, Rashidovning ko‘rsatkichlari undan ham kam – faqat 4 marta Sardor sheriklaridan to‘pni qabul qilib oldi. Asosiy urg‘u qanotlarga qaratilgan bir reja bo‘lganini taxmin qilsak – juda yomon.

Albatta, yuqorida aytilgani kabi, bu yerda yarim himoya chizig‘ining ham ta’siri bor. Buning ustiga Kuper vingerlarimizga imkon qadar kengroq o‘ynashni aytgani sezildi. Lekin nazarimda, maydon markazida son jihatidan ustunlik qila olmayotgan paytimizda, ularning imkon qadar markazga va jarima maydoniga yaqin harakat qilishlari, Bikmayevni quvvatlab, shu bilan birga qanot himoyachilarimizga zonalar ochib berishlari lozim edi. Ammo bu reja ish bermadi va ikki qanot o‘yinchimiz ham samarali bo‘la olmadilar.

Beshinchi kuzatuv. Shomurodovning goli individual mahorat samarasi emas.

Ko‘pchilik, jamoamiz o‘yini o‘ta g‘arib chiqqanini ta’kidlash barobarida, gollar futbolchilarning individual mahorati evaziga urilganini aytib, g‘alabani yanada kamsitishga harakat qilmoqdalar. To‘g‘ri, Kuperning juda ko‘p rejalari o‘sha kuni ishlamadi, lekin e’tibor qaratsa bo‘ladigan ijobiy jihatlar ham bor. Zero, hal qiluvchi gol 2-taymda maydonga tushirilgan ikki futbolchi tomonidan “yaratilsa”, murabbiyning topqirligini e’tirof etishga majburmiz.

Gap faqat topqirlik emas, chunki har birimiz maydonga aynan mana shu futbolchilar tushishi mumkinligini bilib turgandik. Keyin, ko‘pincha, zahiradagi futbolchilar o‘yinni hal qilsa, aslida murabbiyning kimni maydonga zahiradan tushirishni topgani emas, aksincha, asosiy tarkibni noto‘g‘ri tanlaganini aytuvchilar ham bor. Lekin Ummon bilan o‘yinda futbolchilarimizning aynan qachon va qay tariqa o‘yinga tashlangani e’tiborga molik.

Avvaliga eng passiv bo‘lgan Rashidov o‘rnini Hamdamov egalladi. Esingizda bo‘lsa, aynan Hamdamovning chiqishi o‘ng qanotimizni faollashtirib yubordi. Jamoamiz tomonidan ilk chiroyli hujumni ham Hamdamov gol bilan yakunlashi mumkin edi, faqat darvozabon mahorati Ummonni qutqarib qoldi. Verbekning xatosi bu xavfni o‘z vaqtida payqamay, chap qanotga yaqinroq to‘p surgan Al Xajri o‘rniga Muhsin Al Gassanini tushirib yubordi. Hamdamovning faolligi esa, raqib boshqa yo‘l izlashiga, yarimhimoyachilarning ko‘proq o‘ng qanotimizga e’tibor qarata boshlashlariga sabab bo‘ldi.

Shu o‘rinda Kuperning ikkinchi yurishi masalani hal qildi. U qisqa vaqt oralig‘ida tezkor va tetik bo‘lgan Aliboyev va Shomurodovni maydonga tushirdi va e’tibor bergan bo‘lsangiz, har ikki futbolchi chap qanotga yaqin o‘ynay boshladi. Bu xavfni sezib Ummon joylashuvni va vazifalarni yangidan taqsimlaguncha, gol yuzaga keldi.

Esingizda bo‘lsa, Qatar-2011 yildagi dastlabki o‘yinda avvaliga Ahmedov uzoq masofadan hisobni ochgan, keyin esa, xuddi Ummonga urilgan 2-golga o‘xshash vaziyatda faol pressing amalga oshirgan vakillarimiz to‘pni egallab olib, hisobni oshirishgandi. O‘shanda hech kim gollarning individual mahorat yoki raqib xatosi yordamida yuzaga kelmaganini aytmagan, chunki jamoa ancha hujumkor, kombinatsion futbol namoyish etgandi.

Ummonga qarshi o‘yinda gollarning qanday urilganiga urg‘u berilishi va individual mahorat haqida ko‘p gapirilishining asosiy sababi shu farq tufayli, ya’ni boshqa vaziyatlarda raqiblarimiz o‘ylangan chiroyli hujumlar amalga oshira olmagani tufaylidir. Ammo insof bilan aytganda, g‘alaba qozonishimizda, ayniqsa, so‘nggi daqiqalardagi o‘yin Kuperning qarorlari natijasida yuzaga kelganini ham tan olish kerak.

Oltinchi kuzatuv: Kerak bo‘lganda vaziyatni nazorat qilishning uddasidan chiqa oldik.

Umumiy kartinada va ko‘rsatkichlar bobida Ummon juda katta ustunlik ko‘rsatgani aniq ko‘rinsa-da uchrashuvning borishi va ssenariyga ham qarasak, biroz boshqacha xulosalar ham olishimiz mumkin bo‘ladi.

Ummonning eng katta ustunligi 2-taymning birinchi 15 daqiqasiga to‘g‘ri keladi. O‘sha davrda Ummon 80 foiz to‘pni nazorat qilib turdi. Keyingi 15 daqiqalikda, Ummon hisobni tenglashtirguncha bo‘lgan davrda ham deyarli shu ko‘rsatkich. Hisob bizning foydamizga hal bo‘lib turganida biz ko‘proq himoyaga yotib oldik, teng bo‘lganda esa, raqibning ustunligi sezilmadi.

Masalan, so‘nggi 15 daqiqani olaylik. Ummon hisobni tenglashtirdi, oxirgi yarim soatda katta ustunlik bilan to‘p surayotgandi. Odatda bunday vaziyatda bosim yanada davom etishi kuchayardi. Lekin aynan hisob tenglashgach, futbolchilarimiz tashabbus ko‘rsata boshladilar. Hisob tenglashgan vaziyatdan Shomurodov gol urguncha, ya’ni 70-85 daqiqalar oralig‘ida to‘p nazorati bo‘yicha ham ustunlikka ega bo‘ldik. Himoyada ham ko‘rsatkichlarimiz yaxshilandi, raqibga deyarli xavfli vaziyat taqdim etilmadi.

Yettinchi kuzatuv. Jamoamiz o‘tkir o‘ynashga harakat qilmoqda.

To‘pni nazorat qilishning uddasidan chiqa olmagan bo‘lsak-da, Kuperning ko‘rsatmalaridagi asosiy jihatni payqash mumkin. Futbolchilarimiz o‘yin davomida 11 marotaba “keskir uzatma”ni amalga oshirdi. Ummonda bu ko‘rsatkich 14 ta. Agar raqib to‘pga ko‘proq egalik qilgani va umumiy paslar bo‘yicha ikki barobar ko‘p raqamga ega bo‘lganiga e’tibor qilsak, O‘zbekiston yanada dangalroq harakat qilgani va imkon qadar tezroq vaziyat yaratishga uringanini ko‘rishimiz mumkin. Bu borada Javohir Sidiqovni maqtash kerak, u 4 marotaba o‘tkir pas bergan va undan 2 tasi sheriklariga aniq yetib borgan.

Bu juda yaxshi holat. Chunki kuchliroq terma jamoalarga qarshi imkoniyatimiz yanada kamayadi. Bunday vaziyatda o‘tkir o‘ynash futbolchilarning asosiy vazifasi ekani asqotishi mumkin. Ya’ni xavfli vaziyat va gollar yaratish uchun katta ustunlikka ega bo‘lishga ehtiyoj sezmayapmiz. Ummon bizdan ko‘ra juda ko‘p zarba bergan bo‘lsa-da, aniq zarbalar bo‘yicha ham ustunlik katta emas – 3 ga 5. Ya’ni hozircha yo‘qdan vaziyat yaratish va foydalanish bo‘yicha yomon emasmiz. Aynan Kuper targ‘ib qiladigan uslub uchun juda muhim talab bu.

Va yana bir jihat, ishonish qiyin, ammo fakt, futbolchilarimiz dribling borasida Ummonni ikki barobardan (12 ga 5) ko‘proq ustunlik bilan ortda qoldirishdi. Sidiqov, Masharipov, Rashidov va Zoteyevlarda 2 tadan dribling bor. Va albatta, Shomurodovning “oltin driblingi”!

Sakkizinchi kuzatuv: Himoya

Ignatiy Nesterov. So‘zsiz, uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi. Raqibning besh zarbasini qaytardi va ayniqsa, 2 tasini o‘ta xavfli zarba deyishimiz mumkin. O‘yin asosan jarima maydonimizda kechganini ham e’tiborga olsak, xato qilmaganini ham uning plyusiga yozish mumkin.

Akmal Shorahmedov va Zoteyev. Qanot himoyachilarimiz ayniqsa, hujum tashkil qilishda ishonchni oqlay olishmadi. Yarimhimoyada son jihatdan ustunlik qilish uchun oldinga chiqqan paytlarda ham, raqib qarshi hujumlariga ulgurmay qolishdi. Butun o‘yin davomida har ikki futbolchi atigi 1 tadan kross amalga oshirishdi xolos. To‘p yo‘qotishlar bo‘yicha esa, Akmal nafaqat terma jamoamiz safida, balki umuman o‘sha kuni maydonga tushgan futbolchilar ichida yetakchi bo‘ldi – 6 ta.

Markaziy himoyachilarimizga e’tiroz kamroq. Xususan Ummonning qanotdagi aktivligi hisobiga jarima maydonimizga juda ko‘p krosslar amalga oshirildi. Qarang, 37 krossdan atigi 4 nafari muvaffaqiyatli chiqdi, boshqa vaziyatlarda Ismoilov, Krimets va ba’zida Shukurovlar yaxshi o‘ynashdi. Lekin ikki o‘ta xavfli vaziyat aynan yuqori qavatdagi kurashlar natijasida yuzaga kelganini ham ta’kidlash kerak, albatta.

Krimetsning so‘nggi daqiqadagi qarori esa, albatta, juda to‘g‘ri bo‘ldi. Buni hatto Pim Verbek ham chin ma’noda olqishladi. O‘yindan keyingi matbuot anjumanida, u shogirdlari haqida fikr yuritar ekan, Krimetsning nima qilib bo‘lsa ham, raqibni to‘xtatib qolishga harakat qilganini namuna sifatida keltirdi.

XULOSA
O‘yinga tanlangan reja, raqibning to‘liq o‘rganilmagani, o‘rtoqlik o‘yinlari tashkil qilinmagani tufayli, futbolchilarda paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan yengil hayajon hisobga olinmagani borasida jiddiy e’tirozlar bor. Kuperni, umuman terma jamoani faqat uch ochko qo‘lga kiritilgani qutqarib qoldi xolos, zero nursiz o‘yin ko‘rsatilganda faqat g‘alaba qozonibgina, o‘zini oqlash mumkin. Hozircha Kuperni oqlash mumkin bo‘lgan yagona asos mana shu.

Kuper futbolchilardan norozi bo‘lishi, uning ko‘rsatmalari aniq bajarilmagani yoki aslida ishlash kerak bo‘lgan reja ijrochilar tufayli “proval”ga uchraganini aytishi, o‘ylashi mumkin. Ammo bilasizmi, shogirdlarining nima qo‘lidan kelish yoki kelmasligini aniqlash va aynan ularning salohiyati va imkoniyatiga qarab reja tanlash, ishlab chiqish ham bevosita murabbiyning vazifasidir.

Ehtiyot bo‘ling, baloga qolasiz, mister Kuper!
Qahramon Aslanov

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Kuzatuv. Ummonga g‘arq bo‘lgan reja haqida (foto)