16:06 / 13.01.2019
2 684

Nazorat. O‘yin oldidan o‘ylar...

Nazorat. O‘yin oldidan o‘ylar...
Terma jamoamiz endigina bir o‘yinda maydonga tushgan bo‘lsa-da, uning atrofidagi muhokamalar, bahslar juda ko‘p, avj pallasida deb aytsak ham bo‘ladi. Turli o‘lchovlarda turli xulosalar chiqarilishi mumkin bo‘lgan masalalarda doim shunday bo‘ladi. Zero, Ummon bilan ko‘rsatilgan o‘yin va yakuniy natija bir-biriga mutlaqo zid ko‘rinyapti. G‘alaba qozongan bo‘lsak-da, biz g‘alabaga loyiq o‘yin ko‘rsatmadik, ustunlik raqib tomonida bo‘ldi. Bunday fikrlarda doim murabbiyning qo‘llagan uslubi, g‘oyasi tanqid ostiga olinadi, axir tarkib jihatidan kuchli bo‘lmagan terma jamoaga qarshi bemalol, pozitsion o‘yin ko‘rsatish mumkin edi-ku, deyiladi.

Bilasizmi, «yaxshi o‘ynash» tushunchasi har xil va ayniqsa, tomoshabin va murabbiy tomonidan qaralganda. Garchi o‘sha tomoshabin ham kuchli mutaxassis sanalsa-da. Chunki u o‘yinni chetdan kuzatadi, murabbiy esa, vaziyatga o‘yindan oldingi reja va ko‘rsatmalar qanchalik bajarilganiga qarab baho beradi. Murabbiy uchun chiroyli o‘ynash emas, o‘yinni nazorat qilish muhim.

Xo‘sh, o‘yin qanday nazorat qilinadi?

Birinchi yo‘l. To‘pni nazorat qilish orqali

Ispan maktabi. Tiki-taka. Hozir butun dunyoda urf bo‘lgan bu uslub orqali o‘yinni nazorat qilish mumkin. «To‘p senda ekan, raqib gol ura olmaydi». Jamoa butun o‘yin davomida to‘pga egalik qilishga harakat qiladi. Shu tariqa, butun o‘yin jamoaning nazorati ostida kechadi, raqibga juda kam imkoniyat taqdim etiladi. Misol uchun, «Barselona», «Manchester Siti» kabi jamoalar bu uslubni cho‘qqiga olib chiqqan hozir. Bunday futbolni namoyish etish uchun jamoa tarkibida mahoratli ijrochilar yetarli bo‘lishi shart. Osiyo Kubogida masalan, Yaponiya terma jamoasi mana shunday futbol namoyish qilishga intiladi.

Ikkinchi yo‘l. Raqibni nazorat qilish orqali

Raqibning eng ustun jihatlarini o‘rganish va uni qurolsizlantirish orqali o‘yinni buzish. Ana shundan keyin o‘z imkoniyatlaridan foydalanish. Hatto hujumda ham raqib himoyasiga urg‘u beriladi, raqibning ojiz nuqtalari qidiriladi. Bu uslubda to‘pga egalik qilish ham shart emas. «To‘p senda bo‘lmasa, xato ham kam bo‘ladi» – bu mana shu o‘yin falsafasining ilg‘orlaridan biri Joze Mourinodan iqtibos. Bunday o‘ynash asosan, juda kuchli o‘yinga va tarkibga ega bo‘lgan raqiblarga qarshi qo‘l keladi.

Uchinchi yo‘l. Maydonni nazorat qilish

Bu alohida bir g‘oya emas, qaysidir ma’noda to‘pni va raqibni nazorat qilish uchun qo‘llanadigan vosita hamdir. Maydonning har burchagida faollik, ochiq zonalar umuman qoldirmaslik va shu orqali raqibning yengil nafas olishiga yo‘l qo‘ymaslik. Zamonaviy futbolda Simeonening «Atletiko»si va Allegrining «Yuventusi», qaysidir ma’noda «Tottenhem» ham mana shunday yo‘nalishga kengroq e’tibor beradi. Intizomli va taktik ko‘nikmaga ega bo‘lgan futbolchilar bilan bemalol maydonni nazorat qilish va har qanday raqibga qarshi kuchli o‘yin ko‘rsatish mumkin.

Kuper o‘yindan keyingi matbuot anjumanida ham, Turkmaniston bilan o‘yinoldi so‘zlarida ham bir pozitsiyani qattiq ushlamoqda – «biz aslida yomon o‘ynamadik, hammasi bizning nazoratimizda edi». Qizig‘i, Ummon terma jamoasi murabbiyi Pim Verbeyek ham buni his qilgandek: undan jamoasi yaqqol ustunlik qilgani, faqat omad ulardan yuz o‘girgani haqidagi odatda bunday holatlarda aytiladigan fikrni eshitmadik. Aksincha, «O‘zbekiston o‘yinga juda yaxshi reja qurgani va maydondagi har bir o‘zgarishga, o‘z goliga ham, raqib goliga ham mantiqan eng to‘g‘ri reaksiya bergani»ni e’tirof etdi.

Bu uslublar haqida alohida to‘xtalib o‘tganimning sababi, gohida, o‘yinga qarab turib ham, o‘yin aynan qaysi jamoaning nazoratida ekanini anglash oson bo‘lmaydi. Bir jamoa tinmasdan to‘pga egalik qilayotgan bo‘lishi mumkin, ammo maydon ichidan turib baho berilganda, aslida o‘sha jamoa raqib qarshiligini sindirishga qiynalayotgan, ya’ni to‘liq raqibning nazorati ostida ekanini his qilsa bo‘ladi.

Tan olish kerak, qisqa vaqt ichida, bundan tashqari, bizning tarkibimiz bilan Osiyoda to‘liq tashabbusga ega bo‘ladigan jamoa tashkil qilish qiyin. Butun maydonni nazorat qila oladigan darajada intizomli harakatlanadigan mexanizm qurish ham oson emas. Esingizda bo‘lsa, Keyrush yangi kelganida, Eron terma jamoasi o‘ta himoyaviy o‘yin ko‘rsatar va bu o‘yin natija keltirishni boshlagan paytlarida ham, ko‘pchilikka yoqmasdi. Lekin vaqt o‘tib, murabbiy va jamoa o‘rtasidagi munosabatlar keyingi bosqichga ko‘tarildi, nihoyat futbolchilar murabbiyning ko‘rsatmalariga ko‘nikma hosil qila boshlashdi va eng muhimi, mana shunday futbol, yuklamalar, talablar asosida yangi avlod futbolchilari ham paydo bo‘la boshlashdi. Natijada, hozir Eron yuqorida sanalgan uchinchi yo‘lga – ya’ni, butun maydonni nazorat qilgan holda o‘ynay boshladi. Eronga qarshi o‘yinda hozir kim bo‘lishidan qat’i nazar, hatto dunyoning eng kuchli jamoalari bo‘lsa ham, bemalol o‘ynay olishmaydi, maydonning har bir zonasida qattiq qarshilik va bosimga duch kelishadi.

Xullas, terma jamoamiz ko‘ngildagidek o‘yin ko‘rsatmay turib, lekin yaxshi natijaga erishgach, aslida ma’nosiz bo‘lgan bahslar paydo bo‘ldi. Chiroyli o‘ynab yutqazish yaxshimi yoki yaxshi o‘ynay olmay yutish yaxshimi? O‘yin qanday bo‘lishidan qat’i nazar, eng muhimi, natija, deyilmoqda yoki. Bu gaplar noto‘g‘ri. Vaziyatga bunday qarashning o‘zi absurd. Chunki, chiroyli o‘ynab ham g‘alaba qozonish mumkin. Yoki xunuk o‘ynalsa, mutlaqo natija yaxshi bo‘ladi degan qoida ham yo‘q. Aslida qo‘yiladigan savol, bu chegaralar o‘rtasidagi chiziq boshqa joyda.

Eng muhimi, o‘yin kartinasi qanday bo‘lishi, to‘pga kim egalik qilishida emas, o‘yin aynan qaysi jamoa nazorati ostida o‘tishidir. Shuning uchun, men, umuman har qanday o‘zbekistonlik terma jamoamizdan qandaydir chiroyli kombinatsiyalarni, besh-oltitalab gollarni yoki tinmasdan hujum qilishni emas, o‘yinni nazorat qilishlarini talab qilishga haqlimiz, deb o‘ylayman. Murabbiyga qanday futbol o‘ynashni, qanday taktika tanlashni o‘rgata olmaymiz, bu ishni unga ishonib topshirganmiz. Ammo futbolda har qanday falsafa, uslub, g‘oya, taktikaning tagida o‘yinni nazorat qilish yotadi.

O‘yinni nazorat qilish shart. Busiz iloji yo‘q. Mana shu vazifa bajarilsagina, jamoamiz muvaffaqiyatli o‘yin ko‘rsatdi, deb hisoblashimiz mumkin. Shu vazifa hal qilinsagina, o‘yindan o‘yinga o‘sib borishimiz aniq. Shundagina futbolchilar ham o‘z kuchlariga ishona boshlashlari, murabbiy rejalari o‘rinli ekanini his qila olishlari mumkin. Ana shundagina, bugungi ko‘nikmalar ertangi tajriba bo‘lib xizmat qilishi, o‘yindan o‘yinga kuchli raqiblarga qarshi tayyorlanib borishimiz shubhasiz.

Aks holda, bu «uch ochkolar»dan foyda yo‘q, baribir pley-offda kuyib ketadi.
Qahramon Aslanov

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Nazorat. O‘yin oldidan o‘ylar...