18:50 / 13.01.2019
2 475

Osiyo kubogi. Turkmaniston - O‘zbekiston uchrashuvi oldidan

Osiyo kubogi. Turkmaniston - O‘zbekiston uchrashuvi oldidan
Avvalo shuni aytish kerakki, Turkmaniston termasi mazkur musobaqada 5-4-1 taktik sxemasini qo‘llamoqda. Yazguli Xojageldiyev bir vaqtning o‘zida nafaqat terma jamoa rulida, balki Turkmanistonning grand jamoasi sanalgan "Oltin Asr"ni boshqaradi. Tabiiyki terma jamoaning asosiy o‘zagi mazkur klub vakillaridan tashkil topgan. Qo‘shnilarimizning 11 nafar futbolchisi Yazguli Xojageldiyev boshqaradigan klubga tegishli. Mamlakatning ikkinchi raqamli jamoasi "Ahal"dan esa 7 nafar futbolchi jalb etilgan. Ularning faqatgina bittasi asosiy tarkib a’zosi sanaladi. Yaponiyaga qarshi o‘yinda boshlang‘ich tarkibdan 7 nafar "Oltin Asr", 1 nafar "Ahal" va qolgan 3 futbolchi legioner maqomidagi o‘yinchilar bo‘lishdi.

Yazguli Xojageldiyev dastlab mudofaani mustahkamlagan holda omadni qarshi hujum yoki standart vaziyatlari orqali ahtarishni ma’qul topmoqda. Jamoadagi ijrochilar va qit’a chempionatidagi raqib futbolchilarining darajasidagi farqni hisobda oladigan bo‘lsak, bu to‘g‘ri. Hozirgi kunda Turkmaniston terma jamoasi nafaqat musobaqada, balki guruhda ham birinchi raqam bilan o‘ynashga qodir jamoa emas.

Lekin aynan ikkinchi raqam ostida o‘z ustunliklarini izlayotgan terma jamoaning yashirin qurollari haqida unutmaslik lozim. To‘g‘ri, jamoa tanlagan uslub va taktikadan kelib chiqsak, Turkmaniston jamoviy kombinatsion o‘yin qurishdan ko‘ra raqibdan kelib chiqib o‘ynashni xush ko‘radi. Yaponiya bilan bo‘lgan bahsda qo‘shnilarimiz asosan uzoq masofalardan berilgan zarbalar orqali raqib darvozasi oldida xavf solishdi.

Imkon qadar uzun paslar bilan himoyadan hujumga ko‘chishga intilishdi. Yaponiya esa qisqa to‘p uzatmalari orqali tashkil etilgan kombinatsion hujumlar evaziga raqib himoyasini bo‘sh nuqtalarini topishga erishdi.

Tarkibga nazar soladigan bo‘lsak, 3 markaziy himoyachi va ikki qanot himoyachilari bilan o‘ynaydigan raqibimizdagi eng yaxshi va kuchli mudofaa vakili Ilyasov Vezirgeldi. Yaponiyaga qarshi bahsda raqibning eng ko‘p hujumini bartaraf etgan futbolchi aynan mudofaa chizig‘ining chap qanot markazida o‘ynaydigan Vezirgeldi bo‘ldi. Jamoa to‘pni nazorat qilayotganda ham, himoyadan hujumga o‘tishda ham aynan shu himoyachi ko‘proq to‘p bilan muomulada bo‘ladi.

Jamoa tarkibidagi chap qanot himoyachisi Gurbangeldi Batirov juda ko‘plab vaziyatlarda hujumga o‘tish chog‘ida to‘pni raqibga oldirib qo‘yadi. Yaponiya bilan bo‘lgan bahsda mazkur ko‘rsatkich bo‘yicha yetakchi bo‘lish aynan chap qanot himoyasida o‘ynayotgan Gurbangeldi Batirovga nasib qildi. To‘pni nazorat qilish yoki qabul qilish texnikasi nisbatan pastroq bo‘lgan futbolchining O‘zbekistonga qarshi o‘yinda maydonga tushishi balki so‘roq ostida qolishi mumkin.

Turkmaniston terma jamoasining ko‘plab hujumlari tayanch zonasida harakat qiladigan Rasul Xo‘jayev tomonidan boshlanadi. Yaponiyaga qarshi o‘yinda ham to‘p bilan eng ko‘p harakatlangan, raqib hujumlarini to‘sishga erishgan va eng ko‘p uzatmani (31) amalga oshirgan ham Xo‘jayev bo‘ladi. Agarda bugungi bahsda mazkur futbolchini "yopib" qo‘yadigan bo‘lsak, unda raqibning ko‘plab rejalari barbod bo‘lish ehtimoli yuqori. Chunki hujumlarga yo‘nalish berish va markazda haqiqiy tayanch bo‘ladigan Rasul Xo‘jayevning jamoa o‘yinidagi roli juda katta.

Turkmaniston terma jamoasining hujumlariga keskinlik beradigan futbolchilar uchligi quyidagicha: O‘ng qanot vingeri Ruslan Mingazov, chap qanotda javlon uradigan bizga yaxshi tanish bo‘lgan Asrlonmurot Amonov va hujumchi Vahit Orazsahedov. Arslonmurot Amanovga to‘p kelishi bilan futbolchi hujumdagi rejalarni amalga oshirishga kirishadi. Ruslan Mingazov esa yakka-kurashlarda ham, o‘tkir uzatmalar orqali sheriklarini qulay vaziyatga chiqarishda ham jamoada yetakchi. Vahit Orazsahedov esa uzun bo‘yi evaziga yuqoridan oshiriladigan havodagi to‘plarni jamoadoshlariga olib berib, sheriklari raqib hududiga yaqinlashib olgunga qadar to‘pni o‘zida saqlab turish vazifasini ko‘proq bajaradi.

Lekin Yaponiyaga qarshi bahsda hujumchining o‘yini u qadar yaxshi chiqmagani bois Yazguli Xojageldiyev uni maydondan ertaroq olib tashlashni ma’qul ko‘rgandi. Uning o‘rniga tushgan Altimurot Annadurdiyev ham ishonchni oqladi deb bo‘lmaydi. Ikkinchi qavatdagi kurashlarda ham, to‘pni ko‘proq o‘zida saqlab turish yoki raqib darvozasi oldida xavf tug‘dirish borasida ham "Oltin Asr"ning ikkinchi hujumchisi raqobatdoshidan yaxshiroq harakat qila olmadi. Shu sababli bugungi bahsda ham boshlang‘ich tarkibda katta ehtimol Vahit orazsahedov joy olishi mumkin.

Turkmaniston terma jamoasining mudofaa chizig‘idagi muammolardan unumli foydalanish uchun ko‘proq kombinatsion futbol, qisqa to‘p uzatmalari orqali ularning himoyadagi bo‘shliqlaridan foydalanish mumkin. Raqib ko‘p ham to‘p nazoratiga e’tibor qaratmaydi, to‘pni egallagach esa tezkor bilan imkon qadar uzun paslar orqali hujumga tezda keskinlik berishni ma’qul ko‘radi. Bunda esa Ruslan Mingazov, vahit Orazsahedov va Arslonmurot Amonovning harakatlaridan ehtiyotkorroq bo‘lish kerak.

Maydon markazidagi Ahmet Atayev, Rasul Xo‘jayev va Arslonmurot Amonovning uzoqdan beradigan zarbalari yoki kutilmaganda jarima maydonchasi ichida ochila oladigan futbolchilarni ko‘zdan qochirmaslik kerak. Ya’ni raqibni o‘z jarima maydonchamiz oldidan kutib olishda imkon qadar teparoq o‘ynash maqsadga muvofiq bo‘ladi. chuqur himoyalanayotganda esa Turkmaniston terma jamoasidagi futbolchilar o‘zlarining kuchli zarbalari orqali ojiz nuqtani topish salohiyatiga egalar. Buni Arslonmurot Amanov misolida Yaponiyaga qarshi o‘yin isbotlaganini ko‘rdik.

Mahorat va tajribasi kamroq raqibga qarshi o‘yinda esa eng yaxshisi o‘zimizning ustun jihatlarimizni ishga solish. Birinchisi, futbolchilarimizning salohiyati, darajasi o‘rtasidagi farqdan foydalanish. Hujumkor va tezkor qanotlarni maksimum ishga solish. Markazdagi ustunlikni ta’minlab, kombinatsion futbolni yanada shakllantirib, chuqur himoyaga yotadigan raqibni mudofaa qo‘rg‘oniga zarba berish. Shu orqali anchadan buyon ishlamayotgan hujum chizig‘imizni pishitib, anchadan buyon ishlamayotgan kombinatsion futbolimizni qayta tekshiruvdan o‘tkazib olamiz.

Menimcha, Ektor Kuper bugungi bahsda boshlang‘ich tarkibda ba’zi o‘zgarishlarni amalga oshiradi. Birinchisi aniq. Qizil kartochka sabab o‘yinni o‘tkazib yuboradigan Yegor Krimets o‘rni pozitsion jihatdan yaxshi o‘ynaydigan va yetarli tajribaga ega Islom To‘xtaxo‘jayev bilan qoplanadi. Ikkinchi o‘zgarish katta ehtimol Eldor Shomurodovni asosiy tarkibga qaytarish bo‘lishi mumkin. Yana bir ehtimoli katta o‘zgarish bu Sardor Rashidovni o‘rniga Doston Hamdamovni tushirish. O‘tgan o‘yindagi harakatidan kelib chiqsak, Rashidov bahsni zaxirada boshlashga asosiy da’vogarlardan biri.

Shuningdek, markazda ham o‘zgarish amalga oshirilishi mumkin. Sidiqov bu borada almashtirishga birinchi nomzod. Lekin raqibdan kelib chiqsak va hujumkor uslub tanlanadigan bo‘lsa, unda Sidiqov variantidan yana qayta foydalanib ko‘rishi mumkin.

Yana bir ehtimoliy o‘zgarish bu himoya qanotlari. O‘tgan bahsda har ikkala qanotlar bo‘yicha yetarlicha savollar yuzaga kelgandi. Shu boisdan ham Zoteyev va Shorahmedovni boshlang‘ich tarkibda ko‘rish ehtimoli nisbatan pastroq. Ammo Kuper ikkinchi uchrashuvda g‘olib tarkibni keskin o‘zgartirib yuborishni istamasligi mumkinligini unutmaslik lozim.

Nima bo‘lgan taqdirda ham O‘zbekiston terma jamoasidan bugun ishonchli g‘alabani kutamiz! Imkon qadar ishonchli yoki yirikroq hisobdagi g‘alaba bizni guruhdagi vaziyatimizni yanada yumshatadi. Shunda biz uchinchi turda Yaponiyaga qarshi bemalol durang bilan ham sug‘urtalanishimizga imkoniyat paydo bo‘ladi.

Muhimi, bugungi bahsda g‘alaba orqali pley-off yo‘llanmasini rasmiylashtirib olish lozim. Turkmaniston bilan ham oson o‘yin bo‘lmasligi aniq.
Shahboz Beg‘amov
Dubay, 13 yanvar

Manba: championat.asia

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Osiyo kubogi. Turkmaniston - O‘zbekiston uchrashuvi oldidan