00:37 / 14.01.2019
3 255

Ektor Kuper: "O‘zbekiston Yaponiyaga qarshi faqat va faqat g‘alaba uchun o‘ynaydi"

Ektor Kuper: "O‘zbekiston Yaponiyaga qarshi faqat va faqat g‘alaba uchun o‘ynaydi"
"Natijadan juda xursandman. Birinchi bo‘limni ikkinchisidan ko‘ra yaxshi o‘tkazdik. Biz bugun hujumkor o‘yin ko‘rsatishga intildik. Bugungi o‘yin orqali himoyamiz haqida biror narsa deya olmayman. Chunki ularga deyarli ish topilmadi. Bugungi bahsda jamoam juda yaxshi o‘yin namoyish etdi. Qisqa uzatmalar orqali o‘ynashga, kombinatsion hujum orqali o‘yin qurishga harakat qildik. Ko‘plab aniq paslarni amalga oshirganimiz ham xursand qildi. Bu bilan bizda bugun umuman xato bo‘lmadi deyish fikridan yiroqman. Mazkur bahsni chuqur tahlil qilib o‘rganib chiqamiz. Yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar ustida ishlaymiz", - deya o‘yin haqidagi dastlabki taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi Ektor Kuper.

- Misr terma jamoasida himoyaviy o‘yin qurganingiz uchun u yerda sizni ko‘p tanqid qilishgan. Bugun esa O‘zbekiston boshqaruvida jamoani hujumkor o‘ynatdingiz. Bu Afrika va Osiyo futbolidagi tafovut tufayli yuzaga keldimi? (xorijlik jurnalist)
- Afrika va Osiyo futboli juda farq qiladi deya olmayman. Shuni aytishim mumkinki, barcha murabbiy o‘z uslubiga ega. Men jamoani doim o‘z uslubimga moslab tayyorlayman. Misol uchun, men shartnomam bo‘yicha yaxshi natija qayd etish uchun jalb etilganman. Muhimi natija. Ba’zan biz qanday o‘ynashni oldindan rejalashtiramiz, ammo bu har doim ham amalga oshavermaydi. Masalan Ummon bilan o‘yinda shunday bo‘ldi. Bugun esa o‘tgan bahsga nisbatan o‘ylagan rejalarimizni ko‘proq amalga oshira oldik. Shunisi aniqki, Afrikada ham, Osiyoda ham futbol qoidasi bir xil. Meni vazifam Osiyo Kubogida maksimal natija qayd etish va O‘zbekistonni JCh-2022ga olib chiqishdan iborat.

- Murabbiy sifatida jamoa ko‘rsatgan o‘yindan, ayniqsa birinchi bo‘limdagi futboldan qanchalik rohat oldingiz?
- Agarda futbolchilar meni ko‘rsatmalarimni to‘liq va yaxshi bajarishsa, unda doim futboldan rohatlanaman. Ular bugun meni xursand qilishga juda intilishganini ko‘rdim. Ummon bilan o‘yinga nisbatan ba’zi o‘zgarishlarni qildik. Lekin keskin o‘zgartirishlar kuzatilmadi.

- Ikrom Aliboyevni ilk marotaba markazda sinab ko‘rdingiz. Shuningdek, Fozil Musayev zaxiradan tushirildi. Ularning o‘yinlarini qanday baholaysiz?
- Men odatda futbolchilarni individual tarzda muhokama qilib, ularni o‘yinlarini tahlil qilmayman. Lekin bu safar siz uchun buni chetlab o‘taman, mayli. Aliboyev masalasida shuni aytamanki, Ikrom maydonning istalgan nuqtasida o‘ynashi mumkin. Ularni o‘yinlaridan ko‘nglim to‘ldi.

- Pley-off masalasini hal etdik. Yaponiyaga qarshi o‘yinda maksimal kuchimizni ishga solamizmi, yoki raqib tanlash e’tibori bilan yondoshamizmi?
- Men har doim maksimal natija uchun kurashaman. Har qanday bahsda faqat g‘alaba uchun o‘ynayman. Futbolchilarga bo‘shashishlari uchun imkon qoldirmayman. Men uchun istalgan jamoa bir xil. O‘zbekiston Yaponiyaga qarshi faqat va faqat 3 ochko uchun o‘ynaydi.

Manba: championat.asia

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ektor Kuper: "O‘zbekiston Yaponiyaga qarshi faqat va faqat g‘alaba uchun o‘ynaydi"