01:36 / 20.01.2019
3 674

Osiyo Kundaligi, 18-kun. Mehnatning rohatini ko‘radigan kun yaqin

Osiyo Kundaligi, 18-kun. Mehnatning rohatini ko‘radigan kun yaqin
Avstraliyaga qarshi o‘yinga ham tobora oz vaqt qolyapti. Ertaga rasmiy tadbirlar, matbuot anjumani va o‘yinoldi mashg‘ulot. Barchasi belgilangan reja asosida ketmoqda. Eng muhimi bosh murabbiyning aniq maqsadi, puxta rejasi bor.

Bugungi mashg‘ulotlar juda ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Kuper va uning yordamchilari futbolchilarimizning ruhiyatini ko‘tarishga, ishtiyoqini oshirishga, bir jamoa bo‘lib harakat qilishga undaydigan mashg‘ulotlar o‘tkazishdi. Futbolchilarning mashg‘ulotini kuzata turib, beixtiyor Sizning ham kayfiyatingiz ko‘tarilib ketardi.

Fishkalar bilan qiziqarli harakatlar, diqqatni jamlovchi mashqlar, tezlikni oshirishga qaratilgan vazifalar... Ammo murabbiylar kunduz kuni mehmonxona lobbisida o‘zaro yig‘ilishganda, jiddiy qiyofada suhbatlashib o‘tirishganini ko‘rish mumkin. Soatlab qolib ketishadi ba’zan. O‘tgan o‘yinlarning tahlili amalga oshirilib, bo‘lg‘usi mashg‘ulotlar uchun rejalar muhokama qilinadi. Avstraliyaga qarshi o‘yin taktikasi tuzib chiqilayotgani ham aniq. Mahmud Fayozning noutbukida juda ko‘plab ma’lumotlar bor. Ana shu ma’lumotlardan foydalaniladi. Shuningdek, terma jamoa videotahlilchisi Jamoliddin Solihovning ham jamoa qozonayotgan g‘alabalarida hissasi katta. O‘rni kelganda buni ham ta’kidlab o‘tish kerak.

U har bir o‘yinimizni tasvirga olib, keyin xato va kamchiliklarni tahlil qilish uchun maxsus videoroliklar tayyorlab beradi. Bundan tashqari, raqib jamoalarning o‘yinlarini topib, ularning himoyadagi, hujumdagi va qarshi hujumdagi harakatlarini alohida-alohida kesib, tayyorlab, murabbiylar shtabiga taqdim qiladi. Murabbiylar shtabi ana shu videolavhalar yordamida raqibni kuchli va kuchsiz nuqtalarini o‘rganib chiqishadi. Raqib tarkibidagi har bir futbolchi haqida xulosa qilinadi.

Nasib qilsa, amalga oshirilayotgan katta hajmdagi bu ishlar albatta o‘z samarasini beradi. Har qanday raqibni mag‘lubiyatga uchratsa bo‘ladi. Har qanday raqibni ojiz nuqtasini topib, taslim etish mumkin.

Shunday ekan, 21 yanvar kuni milliy terma jamoamiz a’zolaridan yorqin o‘yin va ijobiy natija kutib qolamiz. Yurtimizda ularga ko‘z tikib turgan, futbolchilarimizni qo‘llab-quvvatlayotgan millionlab muxlislarimizning daldalari va duolari evaziga albatta o‘z maqsadimizga yetamiz!
Yoqubjon Bobojonov, O‘FA Matbuot xizmati
Al-Ayn, BAA

Manba: www.ufa.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Osiyo Kundaligi, 18-kun. Mehnatning rohatini ko‘radigan kun yaqin