14:57 / 20.01.2019
3 193

Slavko Lukich: "Navbahor" bilan O‘zbekiston chempioni bo‘lmoqchiman

Slavko Lukich: "Navbahor" bilan O‘zbekiston chempioni bo‘lmoqchiman
«Navbahor» yangi mavsum uchun tarkibini jiddiy ravishda kuchaytirmoqda. Ko‘zga ko‘ringan futbolchilar bilan muzokaralar esa qizg‘in davom etyapti. Bundan tashqari, yaxshi saviyadagi legionerlarga ham jiddiy qiziqish bildirishyapti va ayrimlari bilan kelishuvlarga ham erishishmoqda.
O‘tgan yili yarim mavsum «Nasaf» sharafini himoya qilgan serbiyalik Slavko Lukichni muxlislar yaxshi eslashadi. U qisqa vaqt yurtimizda to‘p surgan bo‘lsa-da, o‘zidan iliq taassurot qoldirgandi. Lukich «Nasaf»dan ketgach, Serbiyada mahalliy «Zemun» jamoasi sharafini himoya qilib kelayotgandi. Namanganlik muxlislarni esa Lukichning transferi qoniqtirdi deyish mumkin. Hozirda futbolchi «Navbahor» mashg‘ulotlarida faol tarzda ishlab kelmoqda. Biz esa uning klubga qay tariqa kelgani va «Nasaf» haqidagi faoliyati haqida qisqacha gaplashdik.

- O‘zbekistonga qaytishingizga nima sabab bo‘ldi?
- O‘zbekiston boshqacha mamlakat, menga juda yoqadi. Bu yerdagi odamlarni yaxshi ko‘raman. O‘zbekistonga qaytishimning sabablaridan biri men yana Osiyo Chempionlar ligasida o‘ynamoqchiman. O‘ylashimcha, «Navbahor» klubi bunday nufuzli musobaqaga yo‘llanmani qo‘lga kirita oladi. Shuning uchun ham ushbu jamoaga keldim.

- Bu sizning maqsadingizmi yoki klubningmi? Umuman aytganda, «Navbahor» o‘z oldiga qanday vazifalar qo‘ygan?
- «Navbahor» jamoasi bilan O‘zbekiston chempioni bo‘lish maqsadidaman.

- Jamoa bosh murabbiyi Andrey Kanchelskis bilan ham gaplashib oldingizmi?
- Ha, u bilan gaplashib oldim. Kanchelskis ajoyib inson. Qolaversa, murabbiy sifatida ham uning darajasi yuqori.

- Namangan shahri sizga yoqdimi?
- Hali shaharga chiqib aylanishga vaqtim yo‘q. Chunki har kuni ikki mahaldan mashg‘ulotlar o‘tkazyapmiz. Ammo vaqtim bo‘lishi bilan shaharni ko‘rishga albatta chiqaman.

- Sizning «Nasaf»dagi faoliyatingizni yaxshi bilamiz. O‘zbekistondagi ilk klubingiz hisoblangan «Nasaf»da uzoq vaqt qolmadingiz. Ammo qisqa fursat ichida o‘zingizni ko‘rsata olgandingiz. U yerdan nima uchun ketib qolgandingiz?
- Ha, «Nasaf»dan ketib qolgandim. Menimcha, o‘tgan yilgi mavsumning birinchi yarmini oxirlarida bu klubda nimalar bo‘lganini hamma biladi. Lekin men «Nasaf»ni yaxshi ko‘raman. Qarshi jamoasidan ketganimning sababi o‘zim istaganimda emas. Shunchaki, o‘sha paytda klubdagi holat yaxshi emasdi.

- To‘g‘ri, o‘tgan yili «Nasaf» klubida muammolar kuzatildi. U yerdan ketganingizdan keyin ham sobiq jamoangizning natijalarini kuzatib bordingizmi?
- Men «Nasaf» jamoasining har bir uchrashuvini kuzatib boraman. Shu bois bu jamoa haqidagi barcha ma’lumotlarga egaman.
Shuhratbek Jo‘rayev suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Slavko Lukich: "Navbahor" bilan O‘zbekiston chempioni bo‘lmoqchiman