Doston Hamdamov – O‘zbekiston termasi safida eng ko‘p dribling ishlatgan futbolchi

  • 21 yanvar 2019, 11:37
  • 1 132
  • Sport
  • Doston Hamdamov – O‘zbekiston termasi safida eng ko‘p dribling ishlatgan futbolchi
    O‘zbekiston terma jamoasi mana ikki o‘yindirki, Dostonbek Hamdamovning to‘p uzatishidan keyin hisobni ochmoqda. U Osiyo Kubogi ilk turida Ummonga qarshi uchrashuvda Sardor Rashidovning o‘rniga zaxiradan maydonga tushib, o‘yinni kuchaytira olgan edi. Keyingi bahslarda asosiy tarkibda o‘ynab, dastlab Javohir Sidiqovga, so‘ng Eldor Shomurodovga samarali pas uzatdi.

    22 yoshli yarimhimoyachi o‘ng qanotda tobora mustahkam o‘rin egallab boryapti. U birinchi turda zaxiradan o‘yinga qo‘shilganidan ko‘p o‘tmay xavfli zarba yo‘llagan, ammo ummonlik darvozabon mahorat ko‘rsatib jamoasini goldan qutqarib qolgandi. Hamdamov Turkmanistonga qarshi o‘yinda ham raqib himoyachilariga boshog‘riq bo‘ldi: bu uchrashuvda Dostonbek darvoza tomon 4ta zarba yo‘llagan bo‘lsa, shulardan 3tasini darvozabon qaytarib qoldi, yana bir urinish noaniq chiqdi. Dastlabki golni urgan Javohir Sidiqovga ham aynan Hamdamov assistentlik qilgandi. Yaponiya bilan to‘qnashuvga kelsak, O‘zbekiston termasining darvoza tomon ilk zarbasini Hamdamov ijro etdi, bundan biroz o‘tib u 16-daqiqada Shomurodovga juda qulay pas uzatganida Eldor to‘pni darvozadan ancha balandga tepib yubordi. Ammo 40-daqiqada baribir shu ikki futbolchi jamoaning yagona goliga hammuallif bo‘lishdi.

    Hamdamov Osiyo Kubogida O‘zbekistonning eng ko‘p dribling ishlatishga uringan futbolchisi bo‘lgani ham e’tirofga loyiq. U uchta o‘yinda 7 marta chiroyli harakat amalga oshirishga uringan. Shu bilan birga, Dostonbek raqib sherigiga pas tashlashga uringan vaqtda to‘pni egallab olish ko‘rsatkichi borasida ham eng yaxshi natijaga ega: u 7 marta ana shu tarzda raqibdan to‘pni olib qo‘ygan. Hamdamov terma jamoa safida hammadan ko‘p (6 marta) fol ishlatganini ham ta’kidlash kerak. U, yuqorida aytib o‘tilgan ikkita golli pas bo‘yicha ham yetakchi. Shuningdek, ikki marta (qolganlarda bir martadan oshmaydi) offsayd holatiga tushgan.

    Dostonbek Hamdamov – 1996 yilda Bekobodda tug‘ilgan. «Yangiyer» futbol maktabida tahsil olib, 13 yoshida «Bunyodkor» akademiyasiga qabul qilingan. O‘smirlar (2012) va olimpiya (2018) terma jamoalari miqyosida Osiyo chempioni. O‘smirlar (2013) va yoshlar (2015) o‘rtasida Jahon chempionatlari ishtirokchisi.

    Hamdamov JChda dubl qayd etgan yagona o‘zbekistonlik futbolchi sanaladi. O‘smirlar va yoshlar terma jamoalarimiz hozirga qadar 5 marta Jahon chempionatida ishtirok etganini inobatga olsak, Dostonbekning bu natijasi maqtasa arzigulik. U 2015 yili Yangi Zelandiyada o‘tgan yoshlar o‘rtasidagi mundial nimchorak finalida Avstraliya darvozasini ikki marta ishg‘ol etgan, o‘yin 2:0 hisobida yakun topgandi. O‘sha yili Hamdamov OFK tomonidan Osiyoda yilning eng yaxshi yosh futbolchisi deb tan olingan.

    Doston 2009 yilda «Bunyodkor» akademiyasiga o‘tgan, 2014 yildan asosiy jamoaga qo‘shilib, 2017 yil oxiriga qadar 134 o‘yinda 49ta gol urgan. Uning 2018 yil boshida «Anji» safiga o‘tishi mojaroli tarzda ro‘y bergani bilan yodda qolgan edi. Gap shundaki, u «qaldirg‘ochlar» bilan yil oxirigacha muddatga shartnomasi bo‘lishiga qaramay, rus klubi bilan mustaqil ravishda kelishuvga erishgandi. Ko‘p ehtimol bilan «Anji» uning «Bunyodkor» bilan shartnomasida belgilangan 300 ming yevro tovon pulini to‘lagan. Mart oyi o‘rtalarida Maxachqal’a klubi Hamdamov bilan 1,5 yillik shartnoma imzolaganini e’lon qilgandi. Bu bitim shu yilning 30 iyunigacha mo‘ljallangan. Dostonbek «Anji»da zaxira futbolchisi sanaladi. 2018/19 yillar mavsumida hozircha beshta o‘yin o‘tkazgan bo‘lsa, ulardan bittasida boshlang‘ich tarkibda maydonga tushdi. U hozircha Premer-ligada gol yoki samarali pas bilan qaydnomaga tushganicha yo‘q.

    Hamdamovning milliy terma jamoadagi debyuti 2016 yilning iyul oyiga to‘g‘ri keladi. O‘shanda Samvel Babayan uni Kanada bilan o‘rtoqlik o‘yinida zaxiradan maydonga tushirgan edi. Dostonbek shundan keyingi ba’zi yig‘inlarga jalb etib turilgan bo‘lsa-da, amalda deyarli maydonga tushirilmadi. Tarkibga qariyalar yig‘ib olingani, hatto qit’aning eng yaxshi yosh futbolchisiga ham milliy termada joy topilmayotgani Babayanni tanqid qiluvchilar keltiradigan ko‘plab argumentlardan biri edi. Ektor Kuper uni Osiyo Kubogiga qadar o‘tkazilgan oxirgi to‘rtta o‘yinning uchtasida asosiy tarkibda sinab ko‘rdi, yana bir uchrashuvda tanaffus vaqtida maydonga tushirdi. Guruh bosqichining 3-turidagi Yaponiyaga qarshi bahs Hamdamovning O‘zbekiston milliy terma jamoasi libosidagi 10-o‘yini bo‘ldi.

    » » Doston Hamdamov – O‘zbekiston termasi safida eng ko‘p dribling ishlatgan futbolchi