15:11 / 21.01.2019
3 860

Abdulla Hassan Abdulla: "Avstraliya bilan o‘yin O‘zbekistonning kuchini ko‘rsatib beradi"

Abdulla Hassan Abdulla: "Avstraliya bilan o‘yin O‘zbekistonning kuchini ko‘rsatib beradi"
Osiyo Kubogi musobaqasi o‘zining muhim pallasiga kirdi. Guruh bosqichidan so‘ng barcha e’tibor nimchorak finalga qaratilgan. Osiyodagi eng nufuzli turnirni ko‘plab mutaxassislar ham diqqat bilan kuzatib borishmoqda. OFK tomonidan bir qator tajribali instruktorlar jalb etilgan holda Osiyo Kubogidagi jamoalarning qatnashuvi va turnirning saviyasini o‘rganib chiqishmoqda. Instruktorlar orasida katta tajribaga ega bo‘lgan, nafaqat OFKda, balki UYeFA hamda FIFAda ham o‘z obro‘siga ega bo‘lgan Abdulla Hassan Abdulla ham bor. U BAA futbol assotsiatsyasida murabbiylar ta’limi bo‘limi boshlig‘i sifatida ham faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. OFK Kubogi musobaqasi davomida instruktor sifatida u hamyurtimiz Islom Ahmedov bilan birga o‘z vazifalarini ado etib kelishmoqda. Ushbu mutaxassis bilan Osiyo Kubogi haqida suhbatlashdik va O‘zbekiston terma jamoasi haqida ham fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. U bilan suhbatni uyushtirishda yaqindan yordam bergan hamyurtimiz Islom Ahmedovga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.

- Bu musobaqa birinchi marotaba bunday formatda o‘tkazilyapti, - deb gap boshladi, Abdulla Hassan Abdulla. - Hali Osiyo Kubogi 24 ta terma jamoa ishtirokida o‘tkazilmagandi. Bu esa guruhdagi uchinchi o‘rinni egallagan jamoalarga pley-offga chiqish uchun juda yaxshi imkoniyat bo‘ldi. Masalan, Qirg‘iziston, Livan va yana boshqa termalar uchun. Bizga shunga o‘xshagan jamoalarning ushbu musobaqaga qanday tayyorgarlik ko‘rishgani juda qiziq. Ular kuchli raqiblar orasida qanday saviyaga ega ekanligini ko‘rmoqchi edik. Bilasizmi, bunday yangi formatda barcha jamoalarda imkoniyat bor edi. Oldingi formatda esa hamma birinchi o‘yinni yaxshi natija bilan boshlashga harakat qilardi. Hozirgi yangi formatda esa hammada keyingi bosqichga chiqish uchun uchinchi turgacha imkoniyat bor edi. Birinchi turlarda jamoalarda hayajon sezilib turdi.

Keyingi turlarni jamoalar ancha ishonchli va taktik o‘zgarishlar bilan o‘tkazishdi. Yana bir jihatga to‘xtalib o‘tsak, Osiyo Kubogi jahon chempionatidan keyin olti oylik farqdan so‘ng o‘tkazilmoqda. O‘sha mundialda esa Osiyo mintaqasidan to‘rtta jamoa ishtirok etgan. Shuningdek, bundan bir yil muqaddami Xitoyda 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida Osiyo chempionati o‘tkazilgandi. Shu yoshdagi o‘yinchilarning milliy terma jamoalari uchun ham yaxshi tayyorgarlik bo‘ldi. E’tibor bergan bo‘lsangiz, o‘sha 23 yoshgacha bo‘lgan qit’a chempionatida qatnashgan futbolchilarning hozirgi Osiyo Kubogida milliy terma jamoa safida to‘p surayotganlarini ko‘ryapmiz. Masalan, o‘sha futbolchilarni O‘zbekiston, Vetnam, Tailand kabi jamoalarda uchratdik. Shu bois yana qaytarishim mumkinki, Xitoydagi U-23 chempionati milliy terma jamoalar uchun yaxshi tayyorgarlik bo‘ldi. Jamoalarga yaxshilab e’tibor bersak, aksariyati texnik va taktik tomondan yaxshi tayyorgarlik ko‘rishgan ekan.

- O‘zbekiston terma jamoasining guruhdagi ishtiroki haqida nima deya olasiz?
- O‘zbekistonning uchrashuvlariga to‘xtaladigan bo‘lsak, hozircha bitta kuchli raqibga qarshi to‘qnash keldi. Bu Yaponiya terma jamoasi edi. Guruhdagi oxirgi turga kelib ikkala jamoa ham dastlabki vazifani bajarib bo‘lishgandi. Shu bois ikkalasi ham asosiy tarkib bilan o‘ynashmadi. Shuning uchun hozir O‘zbekiston terma jamoasining kuchi haqida biror narsa deyishim qiyin. Qachonki, terma jamoangiz kuchliroq raqib bilan o‘ynaganidan keyingina o‘z fikrimni aytaman.

- Siz uchun musobaqadagi syurpriz ko‘rsatayotgan terma jamoa kim bo‘lyapti?
- Bugungi kungacha hali syurprizlar yo‘q.

- Umuman olganda, terma jamoamizning Osiyo Kubogidagi imkoniyatlari haqida fikringiz qanday?
- O‘zbekiston terma jamoasini har doim biror-bir musobaqada qatnashmasin va saviyasi qanday bo‘lmasin biz doim medallar uchun kurashishini kutamiz. Yanada aniqroq aytadigan bo‘lsam, O‘zbekiston terma jamoasining minimum yarim finalgacha yetib borishini kutyapmiz. Shuningdek, har safar turli musobaqalarda terma jamoangizni mahalliy murabbiylar boshqarishganini ko‘rganmiz. Bu safar esa chet eldan katta tajribaga ega bo‘lgan murabbiy taklif qilindi.
To‘g‘risi, bu bizga juda ham qiziq, ya’ni, xorijlik murabbiy O‘zbekistonning o‘yinini o‘zgartira oladimi? Sizlarda individual tomondan mahoratli o‘yinchilar ko‘p. Lekin biz yangi murabbiydan qanday taktik yangiliklar qilishini kutyapmiz. Ya’ni, himoyaga asoslangan o‘yinmi yoki hujumga ixtisoslashgan uslubmi? Bizga shu masalalar ham juda qiziq ko‘rinyapti. Rosti, O‘zbekiston – Avstraliya ishtirokida juda qiziqarli to‘qnashuv kutib turibdi. Aynan ushbu o‘yin orqali terma jamoangizning haqiqiy kuchi qanday ekanligiga guvoh bo‘la olamiz. Chunki raqib Avstraliya. Mazkur uchrashuv O‘zbekistonning nimalarga qodirligini ko‘rsatib beradi.

- Osiyo Kubogining saviyasi qanday ko‘rinyapti?
- Yuqorida aytib o‘tganimdek, tarixda ilk bor Osiyo Kubogida 24 ta terma jamoa ishtirok etyapti. Qolaversa, ishtirokchi jamoalarning tayyorgarligi ham bir-biridan ancha farq qiladi. Chunki 12 ta terma jamoa to‘g‘ridan-to‘g‘ri Osiyo Kubogi yo‘llanmasiga ega bo‘lgan bo‘lsa, yana 12 ta jamoa kvalifikatsiyalardan o‘tdi. Bunga Qirg‘iziston, Bahrayn va yana boshqalarni misol qilib aytishim mumkin. Bu bilan nima demoqchiman, oxirgi yillarda Osiyodagi musobaqalarining nufuzi ancha o‘sdi. Shu bois Osiyo jamoalari ham o‘sishga erishishmoqda.

- Osiyo Kubogining tashkiliy jihatlariga ham e’tibor qaratyapsizmi? Bu borada nima deya olasiz?
- Avvallari 12 ta, 14 ta jamoalar qatnashgandi. Bu safar esa 24 ta terma jamoa qatnashayotgani mezbonlarga biroz qiyinchilik tug‘dirdi. Shunga qaramay, ko‘pchilik tashkiliy ishlardan qoniqishyapti. Shuningdek, Osiyo Kubogida ishtirok etayotgan terma jamoalar uchun ham tashkiliy tomondan katta tajriba bo‘lyapti. Bundan keyingi turnirlarda yanada ko‘proq e’tibor berishadi.
Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Abdulla Hassan Abdulla: "Avstraliya bilan o‘yin O‘zbekistonning kuchini ko‘rsatib beradi"