“Navbahor” klubiga katta miqdorda jarima solinishi mumkin

  • 21 yanvar 2019, 20:36
  • 1 715
  • Sport
  • “Navbahor” klubiga katta miqdorda jarima solinishi mumkin
    Namanganning “Navbahor” futbol klubi katta miqdorda jarimaga tortilishi mumkin. Bu haqda O‘zbekiston Professional futbol ligasi ma’lum qildi.

    PFL saytida aytilishicha, jamoaning futzalchilar va ayol futbolchilar oldida qarzi bo‘lishiga qaramay, asosiy jamoa Qrim yig‘iniga jo‘nab ketgan. O‘zPFL bu haqda klubni rasman ogohlantirganiga qaramay, jamoa o‘z bilganicha ish tutgan.

    “Navbahor” uch kun muddat ichida bu borada tushuntirish berishi talab etiladi. Yo‘qsa, klubni katta miqdorda jarima kutadi. PFL mazkur jarimani o‘z haqini ololmay yurgan futzalchi hamda ayol futbolchilar uchun sarf etadi”, deyiladi PFL xabarida.
    Shuningdek, “Navbahor” qarzlar bilan bog‘liq muammoni hal qilmaguniga qadar birorta ham futbolchini PFL ro‘yxatidan o‘tkaza olmaydi.

    Klub, shuningdek, jamoa bosh direktori haqida ham rasmiy ma’lumot berishi va uning maqomini PFL talabi bo‘yicha belgilab berishi talab etiladi. PFL bilan muloqotga kirishayotgan klub vakili hech qanday maqomga ega bo‘lmagani holatida uning fikrlari inobatga olinmaydi.

    “Klubga hech qanday aloqasi bo‘lmay turib, uning ishlariga aralashayotgan shaxslar esa O‘FA tomonidan diskvalifikatsiya qilinadi”, deyiladi xabarda.

    » » “Navbahor” klubiga katta miqdorda jarima solinishi mumkin