14:20 / 22.01.2019
4 437

Kuperga va futbolchilarga rahmat aytib ishlashda davom etamiz

Kuperga va futbolchilarga rahmat aytib ishlashda davom etamiz
O‘zbekiston terma jamoasi Osiyo Kubogi-2019dagi ishtirokini tugatdi.
Musobaqaning 1/8 finalidan o‘rin olgan bahs terma jamoamiz uchun oxirgi o‘yin bo‘ldi. Bu bosqichda amaldagi Osiyo chempioni Avstraliyaga qarshi mardonavor bahs olib bordik.

Garchi penaltilar seriyasida yutqazgan bo‘lsak ham, Ektor Kuper qisqa muddat ichida taktik o‘yinni yo‘lga qo‘ya olibdi. Kuper bizdan nima xohlayotgani mana shu bellashuvda yaqqol ko‘rindi: shoshilmaslik, palapartish harakat qilmaslik, o‘z bilganicha yugurmaslik, to‘pni duch kelgan tarafga tepib yubormaslik, himoyaga yotib olmaslik - biz kechagi o‘yinda shularni ko‘rmadik.

O‘yindan keyingi matbuot anjumanida Avstraliya bosh murabbiyi O‘zbekiston yaxshi himoyalandi dedi. Bu esa himoyaga yotib oldi degan gapdan butunlay farq qiladi. Himoyada yotib olgan jamoa to‘pni duch kelgan tomonga tepib vaqtni o‘ldirishga va shu orqali o‘yinni o‘z foydasiga hal etishga urinadi. Biz yaxshi himoyalanishga harakat qildik va 120 daqiqa ichida buni uddaladik.

120 daqiqa Avstraliyadan gol o‘tkazmaslik juda muhim, to‘g‘ri bu jamoa 1-turda Iordaniyaga ham to‘p kirita olmagandi, ammo u o‘yinda Avstraliyaning shunchaki omadi kelmagan, qolaversa iordaniyaliklar darvozaboni Amir Shafi juda yaxshi harakat qilgandi. Kecha bizda ham Ignatiy Nesterov qahramon bo‘ldi. Qolaversa ko‘p hollarda raqib futbolchilari metin himoyani yorib o‘tishga harakat qilgan bo‘lishlariga qaramay, buning uddasidan chiqa olishmadi.

Kechagi bellashuv shuni ko‘rsatdiki, biz bemalol Osiyoning istalgan jamoasi bilan o‘ynay olamiz. Kechagi o‘yin jahon chempionati saralash bahslarida optimist bo‘lishimizga ishora qildi. Kuper to‘g‘ri aytgan ekan: eng avval himoya. Himoyasi mustahkam jamoada hujumga o‘tganda hech bo‘lmasa bitta yaqqol vaziyat bo‘ladi.

Futbolda har qanday jihat muhim: Avstraliyaning bizga nisbatan ikki kun ko‘p dam olgani bunday qisqa turnirlarda katta ta’sir ko‘rsatadi. Ularning futbolchilari kuchli ligalarda to‘p tepishi ham farqlanib turdi, lekin biz ham oxirigacha sira bo‘sh kelmadik.

Biz ushbu Osiyo Kubogida turli jamoalar bilan o‘ynab ko‘rdik. O‘tkazilgan to‘rtta uchrashuv to‘rt xil jamoaga qarshi kechdi: arablar bilan o‘ynadik. Yon qo‘shnilarimiz bilan kuch sinashdik, oxirgi ikkita bahs esa Osiyo Kubogining avvalgi ikki g‘olibiga qarshi kechdi: Yaponiya 2011, Avstraliya 2015 chempion bo‘lgan. O‘ylaymizki, bu o‘yinlardan katta dars oldik.

Faqat biz bu musobaqada qatorasiga ikki bor qit’aning eng kuchli jamoalariga qarshi bahs olib bordik. Menga yoqqan tomoni Avstraliya bilan o‘yinda futbolchilarimizning taktik chiroyli futbol namoyish etishgani bo‘ldi. Demak, shunday ishlashda davom etsak, bemalol jahon chempionatiga chiqish vazifasini uddalay olamiz.

Baribir Ektor Kuper taktik futbol nima ekanini ko‘rsata oldi. (Biz yana qo‘lga kitob olib o‘qishni boshladik). Argentinalik mutaxassis Superligada yo‘q narsani terma jamoa orqali namoyish etishga harakat qildi. Bu o‘zimizning ko‘plab murabbiylar uchun qo‘llanma bo‘lsa ajab emas.

Kecha maydonga tushgan hamma futbolchilarga rahmat aytib qolamiz. Butun jamoa qo‘ldan kelgancha harakat qildi. Ko‘rinib turibdi, agar ishlashda davom etsak, erta yo indin baribir natija keladi. Faqat yaxshi niyat qilish kerak. Osiyo Kubogidagi ishtirok uchun hammaga rahmat!
Xayrulla Xoliqov

Manba: championat.asia

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Kuperga va futbolchilarga rahmat aytib ishlashda davom etamiz