Lyubinko Drulovich Oʻzbekiston olimpiya terma jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlandi

  • 23 yanvar 2019, 18:53
  • 1 437
  • Sport
  • Lyubinko Drulovich Oʻzbekiston olimpiya terma jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlandi
    Serbiyalik mutaxassis Lyubinko Drulovich Oʻzbekiston olimpiya terma jamoasiga bosh murabbiy qilib tayinlandi, deb xabar beradi Milliy Olimpiya Qoʻmitasi (MOQ) sayti.

    23 yanvar kuni mutaxassis bilan shartnoma imzolash marosimi oʻtkazildi. Unda Oʻzbekiston MOQ prezidenti va Oʻzbekiston Futbol Assotsiatsiyasining birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov, murabbiy Lyubinko Drulovich va uning yordamchilari, OʻFA mutasaddilari ishtirok etishdi.

    “Oʻzbekiston futboliga xush kelibsiz. Bizning asosiy maqsadimiz Tokio 2020 Olimpiadasiga yoʻllanma olishdir. Bu yoʻlda terma jamoamiz uchun barcha sharoitlar yaratiladi. Sizga murabbiylar shtabida oʻzbekistonlik mutaxassis Ravshan Haydarov yordam beradi. Chunki, u bu tarkibdagi futbolchilarni yaqindan biladi”, – dedi Umid Ahmadjonov.

    Oʻz navbatida serbiyalik murabbiy bildirilgan ishonch uchun minnatdorchilik bildirdi va oʻz oldiga qoʻyilayotgan vazifani bajarish uchun astoydil mehnat qilishini taʼkidlab oʻtdi.

    “Avvalambor menga bildirilayotgan ishonch uchun oʻzim va yordamchilarim nomidan rahmat aytaman. Biz birgalikda harakat qilib, Tokio Olimpiadasiga bora olamiz. Umid qilamanki, hamkorligimiz samarali boʻladi”, – dedi Drulovich.

    Shundan soʻng tomonlar rasman shartnoma imzoladilar. Yangi murabbiy bilan kelishuv Tokio 2020 Olimpiadasiga qadar amal qiladi. Marosim yakunida murabbiy uchun esdalik libosi taqdim etildi.

    Maʼlumot oʻrnida, Lyubinko Drulovich 1968 yilda tugʻilgan. Murabbiylik faoliyatida Angolaning “Agoshtu”, Serbiyaning “Partizan” klublarini, Serbiya va BAA oʻsmirlar terma jamoalarini, Makedoniya terma jamoasini boshqargan. Serbiya U19 bilan Yevropa chempionatida gʻalaba qozongan, BAA U19 bilan jahon chempionatiga chiqqan. 2013 yilda Serbiyaning eng yaxshi murabbiyi deb topilgan.

    Oʻzbekiston olimpiya terma jamoasi 2019 yilning 22-26 mart kunlari Toshkentda oʻtadigan Osiyo chempionati saralashida ishtirok etadi. Qurʼaga koʻra, hamyurtlarimiz Hindiston, Tojikiston va Pokiston olimpiyachilari bilan F guruhidan oʻrin olgan. Saralashdan oʻtgan jamoalar 2020 yil 8-26 yanvar oraligʻida Tailandda boʻlib oʻtadigan Osiyo chempionatiga yoʻllanmani qoʻlga kiritadi. Unda 16ta jamoa ishtirok etadi, 1-3 oʻrinni qoʻlga kiritganlar Tokio - 2020 olimpiadasida qatnashish imkoniga ega boʻladi.


    » » Lyubinko Drulovich Oʻzbekiston olimpiya terma jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlandi