Kuper Avstraliyani qanday to‘xtatgani haqida va «iste’fochilar»ga javob

  • 24 yanvar 2019, 09:40
  • 3 985
  • Sport
  • Kuper Avstraliyani qanday to‘xtatgani haqida va «iste’fochilar»ga javob
    Albatta, inkor qilish qiyin, o‘yin Avstraliya terma jamoasi ustunligida o‘tdi. Darvozaga berilgan zarbalar, burchak to‘plari, uzatmalar, to‘p nazorati – har jabhada Avstraliyaning ko‘rsatkichlari yuqori. Ammo shuni ham ta’kidlash kerakki, bu ko‘rsatkichlar o‘yin aynan Arnold taktikasi va rejalari asosida kechganini anglatmaydi. Aksincha, bu o‘yinda Ektor Kuperning taktikasi ko‘proq ish berdi va agar murabbiylar jangini alohida oladigan bo‘lsak, tablodagi 0:0 hisobi aynan Kuperning yutug‘idir. Penaltilar seriyasida har qanday natija bo‘lishi mumkin, tomonlarning imkoniyatlari teng baholanadi, demak, 120 daqiqadan so‘ng, Avstraliya va O‘zbekistonning imkoniyati teng bo‘lishiga erishganimizni e’tiborga olsak, bu o‘yinni Kuperning plyusiga yozishimiz lozim.

    Umuman, murabbiyning himoyaviy va ehtiyotkor taktikasini tanqid qilayotganlar va bu Avstraliyani yengishimiz shart edi, deyayotganlar, nimaga asoslanayotganlarini tushunmayapman. Agar o‘zimizdan kuchsizroq sanalgan raqibga qarshi dadil o‘ynamay, yakunda seriyada yutqazib qo‘yganimizda, murabbiyning o‘yinga munosabatini tanqid qilsak bo‘lardi. Ammo kuchliroq raqibning imkoniyatidan kelib chiqib, shunga mos yondashish qachondan beri noto‘g‘ri bo‘lib qoldi? Qirg‘iziston yoki Suriyaning o‘yinlarini misol keltirmang, ularda nima qilib bo‘lsa-da, natijaga erishish vazifasi turmagandi. Agar Avstraliya hisobni ochganida, biz ham hujum qilgan va balki so‘nggi daqiqalarda vaziyatlar yaratib, zo‘r o‘ynadik, deb chiqib ketgan bo‘lardik. Birinchi turda Ummon bilan omadsiz o‘yindan keyin, Turkmaniston bizdan yaxshi o‘ynadi Yaponiya bilan, ularni qarang, deb chiqqanlar ham bor edi.

    Yelkasida natijaga erishish mas’uliyati bo‘lgan har qanday murabbiy, kim bo‘lishidan qat’i nazar, xuddi shu yo‘lni tanlardi menimcha. Tanlash bilan birgalikda, O‘zbekiston terma jamoasi bu vazifani epladi ham, o‘yinni deyarli xatosiz o‘tkazdi, minimum maqsadga erishdi.

    Har qanday holatda ham Avstraliyaning tarkibi bizdan kuchli, terma jamoa tarkibida Yevropaning turli o‘rtamiyona ligalarida to‘p suradigan legionerlar soni 12 nafarni tashkil qiladi. Avstraliya bizdan ko‘ra 2 kun ortiqroq tiklanish davriga ega bo‘ldi va busiz ham jismoniy tarafdan vakillarimizdan kuchli sanaladi. Gap faqat tabiiy ustunlikda emas, sport formasida ham, zero Yevropada futbol mavsumi avj pallasiga kirgan, O‘zbekiston terma jamoasidagi aksariyat futbolchilar esa, ikki oy oldin tanaffusga chiqishgandi.

    Va shunday holatda ham, Kuper raqibga qarshi «past himoya» bilan o‘ynadi yoki «avtobus qo‘ydi» degan fikrlarga qo‘shilmayman. Agar e’tibor berilsa, uchrashuv statistikasi va ba’zi faktlar bunday iddaolarning noto‘g‘ri ekani, aslida, Kuperning asosiy rejasi raqibning asosiy ustunliklarini yo‘qqa chiqarish va o‘z ustunliklarimizdan foydalanish bo‘lganini ko‘ramiz.

    1) Jismoniy holat teng bo‘lib turgan paytda O‘zbekiston tashabbusni qo‘lga olishga harakat qildi.
    Agar har ikki jamoa tetik bo‘lgan birinchi bo‘limni oladigan bo‘lsak, tashabbus va ustunlik vakillarimiz tomonida bo‘lganini ko‘ramiz. Bu davrda to‘p nazorati deyarli teng bo‘ldi, 51ga 49. Darvozaga berilgan zarbalar bo‘yicha 5-3 hisobida biz ustunlik qildik. Raqib jarima maydoniga kirish bo‘yicha ham teng ko‘rsatkich qayd etildi – 3-3. Ya’ni, o‘yinni O‘zbekiston qo‘rqoqlik bilan, himoyaga «yotib olgan» holda boshladi, deb aytmagan bo‘lardim.

    Avstraliyaning asosiy ustunligi, ikkinchi bo‘limning birinchi yarmiga to‘g‘ri keldi va bu haqida Kuperning o‘zi ham ta’kidlab o‘tdi. Shu o‘rinda Ummon bilan o‘yinda ham aynan shunday holat kuzatilganini ta’kidlash kerak. Terma jamoa ikkinchi bo‘lim boshlarida raqibga ustunlikni berib qo‘ymoqda.

    To‘rtinchi bo‘lim, ya’ni, 105-120 daqiqalar oralig‘ida esa, yana ustunlik biz tomonga o‘tdi. Avstraliya terma jamoasi futbolchilarida ham charchoq alomatlari sezilgach, ularning individual ustunliklari yo‘qqa chiqdi va yana biz taktik tomondan tashabbus ko‘rsata boshladik. Bu davrda Avstraliya biror marta ham darvozamizga zarba bera olmadi, biror marta ham to‘pni jarima maydonimizga olib kirmadi, faqat bir marta maydonning so‘nggi 1/3 qismiga o‘ta oldi xolos. Bu paytda biz raqib darvozasini ishg‘ol qilishga yaqin keldik, 2 marta to‘pni Avstraliya jarima maydoniga olib kirgan bo‘lsak, 6 marta maydonning so‘nggi 1/3 qismiga o‘tildi. Xulosa o‘zingizdan.

    2) To‘pni Avstraliya nazorat qildi, biz esa, Avstraliyani nazorat qildik.
    Umumiy hisobda to‘p nazorati 58ga 42, Avstraliya foydasiga bo‘ldi. Raqib 920 marta to‘p oshirishni amalga oshirgan bo‘lsa, bizda bu ko‘rsatkich – 573. Bir qaraganda, sezilarli tarzda Avstraliyaning ustunligi bo‘lgan va 0:0 hisobi, go‘yoki faqat omadimiz kelganini anglatayotgandek. Ammo aslida unday emas.

    To‘p nazorati aynan qaysi zonalarda amalga oshgani va uzatmalar yo‘nalishiga ahamiyat bersak, Avstraliya aksariyat holatlarda to‘p bilan nima qilishni bilmaganini, himoyamizni yorib o‘ta olmaganini ko‘ramiz. Buni faqat men emas, o‘yindan keyin Avstraliya bosh murabbiyi ham alohida ta’kidladi. Umuman olganda, chinakamiga golga tortadigan xavfli vaziyatlar, Nesterovning haqiqiy qahramonliklari kuzatilmadi o‘sha kuni.

    Avstraliya amalga oshirgan 920 pasdan eng ko‘pi (45) Jekson Irvin tomonidan Trent Sainsbyoriga oshirilgan. Ikkinchi ko‘rsatkich, Sainsbyori – Degenek (43) va keyingi o‘rinda Sainsbyori – Irvin (41). Ya’ni raqib safida eng ko‘p to‘p uzatishlar tarkibdagi eng qo‘yi chiziq vakillari – himoyachilar o‘rtasida amalga oshirilgan.

    Shuningdek, uzatmalarning yo‘nalishiga ham e’tibor qaratish mumkin. Avstraliyaning 920 pasidan 246tasi oldinga uzatilgan. Bu umumiy paslarning atigi 26,7 foizini tashkil qiladi. Terma jamoamiz futbolchilari hisobida bunday paslar umumiy ko‘rsatkichning 33 foizini tashkil qiladi. Ya’ni, vakillarimiz to‘pga egalik qilganda ko‘proq oldinga to‘p uzatishga harakat qilishgan – 183 marta.

    Solishtirish uchun Avstraliyaning Suriyaga qarshi o‘yinini oldim. Sababi, Iordaniya bilan o‘yinda «kengurular» o‘yinning aksariyat qismida hisobda orqada borganliklari uchun, ko‘proq tashabbusga erishgan – o‘sha o‘yinni O‘zbekiston bilan o‘yinga qiyoslab bo‘lmaydi.

    Xullas, Suriya bilan o‘yinda ancha ochiq futbol namoyish etilgan va Avstraliya 443 pasdan 41 foizini oldinga uzatgan. Orqaga paslar esa, atigi 12 foizni tashkil qilgan xolos. O‘zbekiston bilan o‘yinda esa, Avstraliya futbolchilari umumiy paslarning 15 foizini orqaga uzatishgan.

    3) O‘tkir o‘ynash Kuperning asosiy ko‘rsatmalaridan biri bo‘lib qolmoqda.
    Asosiy vaqtni himoyada o‘tkazgan bo‘lsak-da, Yaponiya va Avstraliyaga qarshi o‘yinlarni Ummon bilan o‘yinga taqqoslab bo‘lmaydi. Ilk o‘yindan farqli ravishda, keyingi o‘yinlarda vakillarimiz vaziyatni ko‘proq his qilishdi, o‘zlarini yo‘qotishmadi va iloji boricha, vaziyat yaratishga tayyor turishdi.

    Kuper ehtiyotkorlik bilan o‘ynash haqida har qancha gapirmasin, bu ko‘rsatmalar, asosan himoyalanishda, zonalarni yopishda ko‘proq ishlatilmoqda. To‘p bilan esa, raqibga nisbatan dadilroq, kreativroq harakat qilish asosiy ijobiy jihatlarimizdan bo‘lib qolmoqda. Avstraliya to‘pni bizdan 1,5 barobar ko‘proq nazorat qilgan, uzatmalar soni bo‘yicha deyarli 2 barobar ustunlikka ega bo‘lsa-da, «o‘tkir paslar» soni bo‘yicha yana biz ustunlikka erishdik. Avstraliya hisobida bunday paslar soni – 16ta. O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari esa, 18 marta mana shunday vaziyat yaratishga harakat qilib ko‘rishdi. Muvaffaqiyatli chiqqan harakatlar bo‘yicha ham vakillarimiz oldinda 6ga 7.

    Buni faqat Avstraliyaning o‘yin uslubi bilan bog‘lamaslik kerak, masalan, o‘sha Suriya bilan o‘yinda Avstraliya 22 bor «o‘tkir paslar»ni amalga oshirgan. Suriyada esa, bu ko‘rsatkich atigi 7tani tashkil etgan xolos.

    Yuqorida aytilganidek, Avstraliya faqat maydon markazida to‘pni nazorat qilishda ustun bo‘ldi xolos. Maydonning hujumdagi 1/3 qismida Avstraliya 19 foiz o‘ynagan bo‘lsa, O‘zbekistonning ko‘rsatkichi ham qolishmaydi – 16,7. Hatto eng so‘nggi 1/6 zonada vakillarimiz ko‘proq hujum qilishgan – 6,9ga 5,9. Jarima maydoni bo‘yicha ham ko‘rsatkichlar katta farq qilmaydi – 1,7ga 1,3 Avstraliya foydasiga.

    Bunday ko‘rsatkichlar, aslida Avstraliyaning maydonda ustunligi bizga tuyulgandek bo‘lmagani, raqibning juda ko‘p rejalari va harakatlari o‘xshamay qolganini ifodalaydi. Aksincha, o‘yin to‘lig‘icha, Ektor Kuperning ssenariysi asosida o‘tgan va agar penaltilar seriyasida omadliroq bo‘lganimizda, murabbiyning kuchli raqibga qarshi juda to‘g‘ri taktika tanlagani va yakunda hamkasbini dog‘da qoldirganini bemalol aytsak bo‘lardi.

    4) To‘p nazorati va to‘pni qadrlash ham asosiy yo‘nalishlarimizdan bo‘lib qolmoqda
    Kuper tanlayotgan himoyaviy uslub faqat raqib xatosini poylash, ochiq zonalar paydo bo‘lib qolishini kutish bilan cheklanib qolmayapti. Himoyadan hujumga chiqish, to‘pni ushlab turish, pressing va to‘pni olib qo‘ygandagi harakatlar pala-partishlik yoki tavakkal qarorlarga emas, aniq belgilangan va to‘pni nazorat qilishga qaratilganini bilish mumkin.

    Masalan, Avstraliya bilan o‘yinda to‘pni uzun paslar (30 metrdan ortiq masofaga) orqali sheriklarga oshirishga urinish umumiy paslarning 17 foizini tashkil qildi, xolos. 30 foiz paslar o‘rta masofaga va 53 foizi qisqa masofaga uzatildi. Masalan, Avstraliyaga qarshi harakat qilgan Suriyada uzun paslar 22 foizni tashkil qilgan.

    Abramov boshchiligida Osiyo Kubogida muvaffaqiyatli o‘ynay boshlaganimizda, hammamiz nihoyat arablarga qarshi qanday o‘ynashni o‘rganib olganimiz haqida gaplar ko‘paygandi. Bu rost edi. Chunki, Abramovning uslubi to‘lig‘icha to‘pni nazorat qilishga asoslangan, to‘psiz o‘ynash esa, arab jamoalarining eng katta kamchiligidir. Tarkibda Ahmedov, Jeparov, Kapadze, Haydarov, Shatskix, Geynrix kabi tajribali futbolchilarning bo‘lishi Abramovning ishini osonlashtirgan ham edi. Ammo o‘sha jarayonda, o‘sha pallada kamchiliklar bo‘lgan – o‘sha futbol bilan Avstraliya, Janubiy Koreya kabi terma jamoalarga qarshi o‘ynash imkonsiz edi-ki, so‘nggi bosqichlarda biz buni og‘riqli ravishda his qilganmiz. Shu tomondan Abramov falsafasi chiroyli, tomoshabop, lekin natija e’tibori bilan universal emasdi.

    Har qanday hujumkor o‘yin avvalo, himoyani qurishdan boshlanishini Fergyuson aytib ketgan va bugungi zamonaviy futbolda ham, bu faraz tasdig‘ini topgan. Gvardiola Manchesterda hujumkor jamoasini qurishda dastlabki yilda rosa «kaltak yedi» – qachonki, himoyachilar va darvozabon uchun 300 million funtga yaqin pul sarflagandan so‘nggina, chempion bo‘ldi. Yurgen Kloppning o‘ta hujumkor, tomoshabop o‘yini natija ham olib kelishi uchun rekord summada Van Deyk va Alisonning transferiga muhtoj edi. Nihoyat vaqt o‘tib, Abramov futboliga ham pragmatizm qaytib, himoyaga e’tibor qaratish boshlanganida, o‘yin yanada shakllangandagina, biz Yaponiya bilan ham, Eron bilan ham munosib o‘ynadik.

    Endi, Kuperdan, 5 oydan so‘ng, Yaponiya va Avstraliya bilan pozitsion o‘ynashni kutsak, adashamiz. Kuper Abramovdan farqli ravishda, o‘yinni hujumdan emas, himoyadan boshlab shakllantira boshladi. Avval shogirdlariga Avstraliya va Yaponiya kabilar bilan o‘ynashni o‘rgatmoqda, qachonki, ularga qarshi muvaffaqiyatli to‘p sura boshlasak, o‘z o‘zidan, arab jamoalari yoki o‘zimizdan kuchsizroq raqiblarga qarshi osonlik bilan natija ko‘rsatishni boshlaymiz, menimcha.

    Hozirgi pallada, faqat, futbolchilarning qanday o‘ynayotganiga qarab kelajakni taxmin qila olamiz. Aytish mumkinki, Kuperning o‘z yo‘nalishi, uslubi va rejalari bor, ularni hozirdanoq payqasa bo‘ladi.

    Avtomatika
    Agar faqat bir o‘yin misolida emas, umuman Ektor Kuper qurayotgan jamoa haqida fikr bildirganda, bugungi kartinaga emas, murabbiyning aynan qaysi falsafani ilgari surayotgani, futbolchilar aynan qanday yo‘nalishda harakat qilayotganiga e’tibor berish kerak bo‘ladi.

    Chunki, Kuperning futbolchilarimiz bilan tom ma’noda ishlay boshlaganiga atigi besh oy bo‘ldi, turnirdan tashqari 4 marta yig‘in tashkil qilindi xolos. Hatto har kuni birga bo‘ladigan klublar futbolida ham, 5 oy juda kam vaqt sanaladi. Hozir terma jamoamiz BAAda ko‘rsatgan o‘yiinini yakuniy mahsulot deb, aynan shu o‘yinlar yordamida Kuperga yakuniy baho beradigan bo‘lsak, adashayotgan bo‘lamiz. U holda murabbiy va futbolchilar munosabatlari, Kuperning talablarining shogirdlariga yetib borishi, o‘zlashtirilishidagi kamchiliklar, futbolchilarning individual xatolari va hatto Bikmayevning noaniq penaltisini ham Kuperga yozishimizga to‘g‘ri keladi-ki, bu xato.

    Misol uchun hozir hammamiz Eronning o‘yiniga tan beramiz. Jamoa Keyrush boshchiligida deyarli birorta ham gol o‘tkazmay jahon chempionatiga chiqdi, u yerda dunyo futboli grandlari bilan tengma-teng o‘ynadi. Lekin bu yo‘l qanday boshlangani esingizdami?

    2012 yilning yozida Eron terma jamoasi Toshkentga tashrif buyurgandi. O‘shanda Keyrushning kelganiga bir yildan sal oshgan, murabbiy sifatida hali biror yirik turnirda qatnashmagandi. Abramov esa, 2 yildan ortiq O‘zbekistonda ishlagan, terma jamoamiz to‘lig‘icha murabbiyniki bo‘lib ulgurgandi. O‘sha o‘yinda terma jamoamiz yaqqol ustunlik qilgan, juda ko‘p vaziyatlar yaratib, hatto gol ham urgandi. Eron esa, faqat himoyada vaqtini o‘tkazgan, umuman, keyingi yillarda ham, Eron deganda biz himoyaviy o‘yin ko‘rsatadigan jamoani tushunib kelgandik. Ammo vaqt o‘tib, hozir, unday emas, Eron har tomonlama balansga ega bo‘lgan, yaxshi hujum qiladigan va raqibga kam imkoniyat beradigan kuchli jamoalardan biri. Hozir Osiyoda hech qaysi jamoa Eron bilan o‘yinda o‘sha biz Toshkentda, 2012 yilda ko‘rsatgan ustunligimizni ko‘rsata olmaydi. Nega?

    Agar mashina haydasangiz yoki Play Station o‘ynasangiz, bilishingiz kerak, boshida hammasi miya orqali orqali boshqariladi. Masalan, Play Station o‘yinlarida ma’lum harakatni amalga oshirish uchun, o‘sha harakat tugmasini xayolingizda o‘tkazasiz, keyin bosasiz. Vaqt o‘tib esa, bu jarayon avtomat ko‘rinishga keladi. Endi siz har bir harakat ustida o‘ylab o‘tirishingiz shart emas, qo‘l-oyoqlaringiz kerakli harakatni amalga oshiradi, tugmani bosadi. Miyangiz sizdan «beruxsat» kerakli ko‘rsatmalarni tana a’zolaringizga jo‘natadi.

    Sinab ko‘rmoqchi bo‘lsangiz, mashina haydayotganda, har bir harakatingizni avval o‘ylab ko‘rib, «endi gazni bosaman», «ssepleniyeni qo‘yvoraman», «povorotni yoqaman» deb xayoldan o‘tkazib, keyin bajarishga harakat qilib ko‘ring. Ishonavering, hayday olmaysiz, ancha qiynalasiz. Ammo eslang, mashina haydashni endi o‘rganayotganigizda, aynan shunaqa haydardingiz, to‘g‘rimi?

    Bir paytlar, Lui van Gaal «Manchester Yunayted»ni boshqarayotganda, nihoyat futbolchilari uni tushuna boshlashgani, jamoa to‘g‘ri harakatlanayotgani, endigi bosqich, bu jarayonni avtomatlashtirish ekanini aytgandi. Masalan, Kloppning «Liverpul»idagi hujum uchligi xuddi shunday avtomat ko‘rinishga kelgan. Keyrush boshchiligidagi Eron ham 8 yil ichida bu murabbiy qo‘l ostida mana shu bosqichga yetib kelib bo‘ldi.

    Ektor Kuper jamoasini haqida unday deb bo‘lmaydi. Biz hozir hujumlarning tezkorligiga emas, aynan qanday yo‘nalishda amalga oshirilmoqchi bo‘layotganiga, futbolchilar sekin bo‘lsa-da, qanday harakatlanishayotganiga e’tibor berishimiz kerak. Jamoada to‘psiz to‘g‘ri harakatlanish bor, to‘pni nazorat qilishga bo‘lgan urinishlar bor, o‘tkir paslar bilan sheriklariga vaziyat yaratishga harakatlar yetarli. Jamoa shunchaki, to‘pni uzoqlashtirish, raqib xatosini poylash bilan shug‘ullanmayapti. Faqatgina bu harakatlarni amalga oshirishda futbolchilar sekin harakat qilayotani o‘yinimizga ta’sir qilmoqda. Sababi, bu jarayon hali avtomat jarayonga aylanmadi, har bir futbolchi to‘pni egallaganda, to‘psiz harakat qilayotganda, qaror qabul qilayotganda, o‘sha ko‘rsatmalarni xayolidan o‘tkazmoqda. Bu esa, tabiiyki, o‘yin sur’ati pastroq bo‘lishiga olib keladi. Agar bu jarayon uzoq vaqt davom etsa, murabbiy-futbolchi munosabati, futbolchilar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘lamlar yanada shakllanib, avtomat ko‘rinishga kelsa, yanada tezroq va samaraliroq futbol ko‘rishimiz mumkin.

    Hozir esa, yuqorida tilga olingan statistik ko‘rsatkichlarga tayanib, jamoa mazmunli o‘ynashga urinayotganini tan olish kerak xolos.

    Iste’fo talab qilayotganlarga...
    Jurnalistlar va muxlislar orasida bunday fikr tarafdorlari ham yetarlicha topiladi. Kuper terma jamoada hech narsani o‘zgartirmagani va uning o‘rniga boshqa murabbiyni tayinlash kerakligi talab qilingan maqolalar ham chiqib turibdi.

    Keling, vaziyatga real qaraylik, Kuperning o‘rniga kimni tasavvur qilasiz? O‘z nomiga ega bo‘lgan chet ellik murabbiy mana shu pallada taklifimizga rozi bo‘ladimi? Ya’ni olti oy oldin Kuperni tayinlagan va BAAdagi performansdan keyin uni iste’foga chiqargan federatsiya bilan ishlashga rozi bo‘larmikin? Ahmoq emas, u ham Kuperning olti oylik ishini baholab, aynan nima uchun murabbiyni haydaganimizni o‘ylab ko‘rsa kerak, to‘g‘rimi? Yoki o‘zimizning Haydarov, Kapadze kabi yoki boshqa mutaxassislarimizdan birini tayinlash mumkin. Ular rad etishmaydi, ammo bu murabbiylar qo‘l ostida terma jamoamizni qanday tasavvur qilasiz?

    Ikkinchidan, iste’fo haqidagi gaplar, aynan Avstraliya bilan o‘yin tugagandan keyin ko‘paygani g‘alati. Nima, agar Bikmayev aniq penalti tepganida, Kuper – qahramon edimi? Bajarilgan ishlar, ko‘rsatilayotgan o‘yin, mavjud o‘zgarishlar faqat birgina natija, birgina zarbaga bog‘lab qo‘yilishi xato ekanini aytish shart emasdir?

    Bir necha yil oldin, o‘sha paytdagi O‘FF rahbari Mirabror Usmonov terma jamoamiz markaziga Rio-2016 yo‘llanmasiga ega chiqish vazifasini qo‘ygan va agar shu natija bo‘lmasa, Tolibjonov, Akramovdan tortib, olimpiya terma jamoasi murabbiylarigacha ishdan olishini aytgandi. O‘shanda men «Janobi to‘p hikoyasi» sarlavhasi bilan maqola yozgandim. Bugungi chiqishimni ham o‘sha maqoladan parcha bilan tugataman:

    «Bir paytlar Azamat Abduraimovning o‘xshab qolgan zarbasi Rustam Akramovga Osiyo o‘yinlari g‘olibligi bilan birga, to bugungacha maqtanish va ustimizdan professorlik qilish imkonini berib kelayotgan bo‘lsa, endi yana o‘sha qandaydir epizod uni ishdan bo‘shatib yuborishi mumkin, qizig‘-a?

    Savollar paydo bo‘lyapti, to‘satdan. Xo‘sh, Rioni qo‘ying, aynan bugun, Asqar Tolibjonov, Rustam Akramov, umuman terma jamoalar markazi faoliyatidan qoniqyapmizmi yoki yo‘qmi? Bizmas, O‘FF qoniqyaptimi yoki yo‘qmi? Terma jamoalar markazi faoliyati deganda, Rio-2016 yo‘lidagi biror jamoa bilan o‘yinda gol urishimiz yoki urolmay qolishimiz emas, qilinayotgan bugungi ishlar, reja va strategiyalar, o‘sha musobaqalarga qilinayotgan amaliy tayyorgarlik baholanishi kerak emasmi? Ular murabbiy yoki futbolchi emas, ularning faoliyati maydondagi natijalar bilan o‘lchanmasligi kerak har holda.

    Agar O‘FF terma jamoalar markazidan qoniqayotgan bo‘lsa, olimpiyachilarimizning Rio yo‘lidagi natijalari ushbu bahoni o‘zgartirmasligi kerak.

    Agar O‘FF terma jamoalar markazidan qoniqmayotgan bo‘lsa, Rio yo‘lidagi o‘yinlar natijasining kutishdan nima naf?

    Menimcha, buni taklif desa ham bo‘ladi, O‘FF prezidenti va Terma jamoalar markazi o‘rtasida ham qandaydir mutaxassislar guruhi bo‘lishi kerak. Terma jamoalar markaziga bahoni to‘g‘ridan to‘g‘ri O‘FF prezidenti bermasligi, aynan o‘sha mutaxassislar guruhi tomonidan markaz faoliyati tahlil qilinib, xulosalanishi, ana undan keyin yakuniy qarorni O‘FF prezidenti berishi lozim bo‘ladi. Ana shundagina markaz faoliyatiga tom ma’noda baho beriladi. Natijalardan qat’i nazar xatolar tahlil qilib boriladi.

    Yo‘q, men bu gaplarni terma jamoalar markazi faoliyatiga salbiy yondashgan holda aytmoqchi emasman, aslo. Men markaz ishini baholash mezonlari haqida fikr yuritdim. Bugun agar natija yaxshi bo‘lsa, markaz yo‘l qo‘ygan juda ko‘p xatolar berkitilib, xaspo‘shlanib, yana qachondir o‘sha xatolar qaytarilishi mumkin. Shu bilan birga, mabodo natija yomon bo‘lib qolsa, amalga oshirilgan katta mehnatlar, to‘g‘ri qarorlar va rejalar ro‘yobga chiqmay, eslanmay, keyinchalik tajriba sifatida davom ettirilmay qolib ketishi mumkin.

    Tasavvur qiling, Hollivud filmlari ham, Dostoyevskiyning «Jinoyat va jazo»si ham bir chetda qolib ketadi: 2014 yilgi chempionatimizning eng yaxshi o‘yinchisi Jamshid Iskandarov Rio-2016 saralashining so‘nggi daqiqasida uzoqdan kuchli zarba berdi. To‘p ajoyib trayektoriya hosil qilib, himoyachilardan, darvozabondan ham o‘tib ketdi va darvozaga qarab ketmoqda. To‘p darvoza to‘siniga tegib, pastga tusha boshladi. Hamma qarab turibdi: Usmonov, Tolibjonov, Akramov, Iskandarov, boshqa futbolchilar, biz....

    To‘pning esa bu bilan ishi yo‘q. U chiziqning u tomoniga tushsa, hamma baxtli, malades, qarsaklar. Ordenlar, gramotalar, konsertlar, Malibu. Chiziqning bu tomoniga tushsa, tamom. Majlis. Iste’fo! Tolibjonov ishdan ketadi. Chunki u yaxshi ishlamagan.

    To‘pning esa bundan xabari ham yo‘q.

    U - yumaloq. Yumalab yumalab ketaveradi. Uning O‘FF logotipi tushirilgan qismi goh yerga bulanib, goh osmonga qarab... »

    Qahramon Aslanov

    Manba: Kun.uz

    » » Kuper Avstraliyani qanday to‘xtatgani haqida va «iste’fochilar»ga javob