20:57 / 24.01.2019
4 559

"Nesterov sindromi". Plyus va minuslar

"Nesterov sindromi". Plyus va minuslar
O‘zbekiston milliy jamoasining Osiyo Kubogidagi ishtiroki yakunlangandan so‘ng Nesterov haqida bir yo‘la ikkita xabar paydo bo‘ldi. Birinchisi, u milliy jamoadagi faoliyatini yakunladi. Ikkinchisi, sal keyinroq chiqqani, yo‘q, yakunlagani yo‘q. Har ikki xabar ham darvozabonga yaqin bitta manbadan taralganini inobatga oladigan bo‘lsak, Ignatiy Nesterovda musobaqadan oldin darhaqiqat shunday niyat bo‘lgan. Ammo keyin o‘zgargan.

Xo‘p, Nesterov darhaqiqat milliyda o‘ynashdan bosh tortganda bu biz uchun qanchalik yomon bo‘lar edi? Yoki qolgani yengil tin olish uchun sabab bo‘la oladimi? U shunchalik almashtirib bo‘lmas darvozabonmi? Bu savollarga javob topish uchun avval darvozabonning plyus va minus tomonlarini ko‘rib chiqish lozim. Demak, avval yaxshisidan boshlaymiz.

1. Nesterovning eng ustun jihati – darvoza chizig‘ida juda yaxshi o‘ynay oladi. Ayniqsa yaqin masofadan yo‘llangan zarbalarga reaksiyasiga qoyil qolish lozim. Aynan shu jihati Ummonga qarshi kechgan bahsda bizga juda asqotdi. Hamma darvozabon ham bu qadar mahorat bilan o‘ynay olmaydi. Nesterov O‘zbekiston milliy jamoasi safida eng ko‘p o‘yin o‘tkazishiga ham xuddi shu jihati sabab bo‘lib kelmoqda.

2. Agar Ignatiyning undan-da qadrlanadigan yana bir jihati bo‘lsa, u ham himoya chizig‘ini 90 daqiqa nazorat qila olishidir. Umrida bir marta bo‘lsa ham darvozada turib ko‘rganlar yaxshi biladi, himoya chizig‘idagi ojiz nuqtalar hammadan ham darvozabonga yaxshi ko‘rinadi. Va u himoyachilarni yo‘naltirib turishi shart va lozimdir. Darvozabon ishining ellik, oltmish va hatto yetmish foizi shundan iborat bo‘lishi kerak. Zarbani qaytarishdan ko‘ra uning oldini olish muhimroq. Qo‘shilasizmi?

Nesterovda aynan shu jihat juda yaxshi shakllangan. Himoyachilar ham uning ko‘rsatmalari ostida ancha erkin harakat qilishadi. Chunki Nesterovning obro‘-e’tibori hech qachon muhokamaga sabab bo‘lmagan va uning aytgani darhol bajariladi. Himoyachi o‘lar holatda bo‘lsa ham uning baqirig‘iga javoban oxirigacha yuguradi. Nesterov shunga majbur qila oladi. Aynan shu holat darvozabonning yana bir kuchli jihati hisoblanadi.

3. Avtoritet. Ignatiyda bor o‘sha avtoritet. Va eng muhimi – ana o‘sha avtoritetga eng avvalo darvozabonning o‘zi shubha qilmaydi. Aynan shu jihat men qoyil qoladigan eng kuchlisidir. Hatto “qovun tushirgan” o‘yinlaridan so‘ng ham darvozabon o‘ziga bo‘lgan ishonchni saqlab qolaveradi. Bu esa juda muhim. Nesterov o‘z aybi bilan o‘tkazilgan goldan so‘ng ham himoyachilarga talabni tushirib yubormaydiki, bu holat hisob yanada yiriklashishining oldini olishda juda muhim. Yodingizda bo‘lsa, 2011 yili Avstraliyaga qarshi kechgan o‘sha mash’um o‘yinda (0:6) darvozani Nesterov qo‘riqlamagan edi. Uning o‘rniga tushgan darvozabon esa ikkinchi goldan so‘ng butkul so‘nib qolgan, oqibatda himoya chizig‘i ham sochilib ketgan edi. Nesterov bilan hech shunaqa bo‘lganini ko‘rganmisiz?

Bularning barchasi ijobiy jihatlar edi. Endi salbiylariga o‘tamiz. Oddiy muxlis dabdurustdan bu fikrga ko‘nika olmasligi mumkin. Qanday qilib 36 yoshida ham bu qadar ko‘tarinki o‘yin namoyish qilgan darvozabon haqida yomon gap aytish mumkin? Berdisini aytib olguncha kutib turasiz...

1. Nesterov uzoqdan yo‘llangan zarbalarni qaytarishda har doim ham muvaffaqiyat bilan harakat qila olmaydi. Bahreynga qarshi kechgan o‘yinlar va Abdulrahmonning gollari yodingizdadir? Baxtimizga Osiyo Kubogida shunga o‘xshash zarbalar bo‘lmadi. Ignatiy bunday zarbalarni faqat nigohlari bilan kuzatib qolgan lahzalar ko‘z oldingizga kelgandir. Sekinlashtirilgan kadrda. Takroriy vaziyatda. Juda alamli.

2. Havodan keladigan to‘plarga chiqishda muammolar bor. Shu bois ham Nesterov ikkinchi qavatda kelgan to‘plarni ushlab olishga ko‘pincha urinmaydi ham. Shunchaki mushtlari bilan urib yuboradi. Ammo bu ham juda muvaffaqiyatli chiqadi, deb ayta olmayman. Raqib hujumining ikkinchi to‘lqini aynan shunday vaqtda boshlanadi va yaxshigina asabiylashishga sabab bo‘ladi. Oqibatda xavfli vaziyat bartaraf etilgunga qadar jamoa katta kuch yo‘qotadi. Pozitsion o‘yindagi ustunlik va to‘p nazorati raqib tomoniga o‘tib ketishi haqida-ku, indamadik. Ketma-ket hujumlar, zarbalar, himoyachilar yuzidagi asabiylik. Bularning barchasi darvozabonning birgina aniq harakati bilan bartaraf etilishi mumkin edi.

Nesterovning aynan to‘pga chiqishdagi kamchiligi bois ham milliy jamoada Anzur Ismoilov va Yegor Krimets kabi bosh bilan yaxshi o‘ynaydigan himoyachilar alohida qadrlanadi. Garchi markaziy himoyachi uchun juda zarur bo‘lgan tezlik va egiluvchanlik borasidagi muammolarga qaramay ko‘pincha shu ikkisi tandem sifatida maydonga tushishining sababi ham balki shundadir.

Maqolani yakunlash oldidan bir ishni albatta qilish shart – Ignatiy Nesterovga rahmat aytish. U bo‘lmasa katta ehtimol bilan Ummonga qarshi kechgan o‘yin boy berilgan bo‘lardi. Milliy jamoa yuzini saqlab qolishda Nesterovning o‘rni katta. Ammo uni bizga bog‘lab bermagan. Bugun bo‘lmasa ertaga albatta katta futboldan ketadi. Aytmoqchi bo‘lganimiz esa, uning o‘rinbosarini tayyorlash juda ham imkonsiz ish emas.

Nesterov ham o‘z vaqtida xo‘p xatolar qilgan. Faqat o‘sha xatolardan so‘ng sinib qolmagan, xolos. Uning o‘rnini bosa oladigan darvozabonlar hozir ham o‘zbek futbolida bor. Shunchaki, bugunga qadar ikkinchi, uchinchi, to‘rtinchi va beshinchi o‘rinlarda yurganlar o‘ziga bo‘lgan ishonchni oshirib, ko‘proq mehnat qilsa bo‘lgani.

Ko‘p aytilganidek, hozir almashtirib bo‘lmas odamning o‘zi yo‘q...
Zafar QOSIMOV

Manba: www.uff.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Nesterov sindromi". Plyus va minuslar