07:50 / 25.01.2019
3 752

Bu qiziq. Vetnamlik darvozabon Denis Ivankovga rahmat aytdi

Bu qiziq. Vetnamlik darvozabon Denis Ivankovga rahmat aytdi
Osiyo Kubogi chorak finali doirasidagi Vetnam - Yaponiya (0:1) uchrashuvidan keyin kelib chiqishi rossiyalik bo‘lgan Vetnam posboni Dang Van Lam (asl ismi Dang Lev Shonovich) bilan suhbatlashdik.
Mikst zonada unga rus tilida murojaat qilganimizda u dastlab xayron qoldi va savollarimizga bajonidil javob qaytardi.

- Osiyo Kubogi haqida nima deya olasiz?
- Bu men uchun birinchi katta musobaqam. Osiyo Kubogidan oldin "Suzuki Cup" musobaqasida ishtirok etib, chempion bo‘lgandik. BAAda turnir esa umuman boshqa darajada.

Guruh bosqichida Iroq, Eron va Yaman bilan o‘ynadik. Vetnam uchun tarixiy bo‘lgan chorak finalga chiqdik. Bugun Yaponiyadan qabul qilingan mag‘lubiyatga qaramay barcha futbolchilar Osiyo Kubogidagi ishtirokimizdan xursandmiz. Afsuski Yaponiyaga bitta gol ura olmadik, ammo Yaponiya bu baribir Yaponiya. Yaponiya butunlay boshqa daraja.

- Musobaqadagi siz uchun eng qiyin bahs qaysi bo‘ldi?
- Shaxsan men uchun Eron va Yaponiya bilan uchrashuvlar og‘ir o‘tdi.

- Rossiyada tug‘ilganingizdan xabar topdik. Faoliyatingiz bilan qisqacha bo‘lsa ham tanishib chiqdik. Agar Rossiya yoki Ukraina klublaridan taklif bo‘lganida ko‘rib chiqarmidingiz?
- Nima uchun yo‘q. Barcha ham uyiga yaqinroq joyda o‘ynashni istaydi. Ota-onam Moskvada yashaydi. Ammo bu faqat menga bog‘liq bo‘lmagan holat.

- "Xai Pong" klubi bilan yana necha yil shartnomangiz bor?
- Yil oxirida shartnomam tugadi va men yaqindagina Tailandning ko‘p karra chempioni "Muangtong Yunayted" klubi bilan shartnoma tuzdim.

Darvozabon biz O‘zbekistondan ekanimizni bilgach bizni hayron qoldirgan ma’lumotni aytib qoldi.
- Aytgancha men O‘zbekiston terma jamoasi darvozabonlar murabbiyi bilan tanishman.

- Rostdanmi? Denis Ivankov bilanmi?
- Ha. U ajoyib murabbiy. Umid qilamanki faoliyatim davomida u bilan birga ishlash nasib qiladi. O‘zbekiston guruhda yaponlar bilan o‘ynagandi, Ivankov biz Yaponiya bilan o‘ynashimizni bilgach bu jamoa haqida ba’zi ma’lumotlarni berdi. Raqib futbolchilari borasida foydali maslahatlarni aytdi. Bugungi uchrashuv davomida uning maslahatlari menga as qotdi. Shu bois unga katta rahmat aytaman. Unga keyingi faoliyatida omad tilab qolaman.
Narzulla Saydullayev

Manba: championat.asia

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Bu qiziq. Vetnamlik darvozabon Denis Ivankovga rahmat aytdi