09:18 / 25.01.2019
4 251

Kuper uslubi o‘zbek futboliga begona

Kuper uslubi o‘zbek futboliga begona
O‘zbekiston terma jamoasi uchun juda erta yakunlangan Osiyo Kubogi va Ektor Kuperning ishini tahlil qilib ko‘ramiz.
Keling, avvalo bir narsani esga olamiz. Kuper qo‘l ostida o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazganimizda va undagi mazmunsiz futboldan keyin murabbiyni ko‘p ham tanqid qilmagandik. Chunki o‘rtoqlik uchrashuvlari murabbiy uchun xizmat qilishi kerakligini eng ko‘p ta’kidlagan o‘zim bo‘laman. Kuperning ishiga haqiqiy bahoni Osiyo Kubogidan keyin berishimizni aytgandik. Kutilmaganda Osiyo Kubogi vakillarimiz uchun juda erta tugadi. O‘zbekiston terma jamoasi Kuper qo‘l ostida minimum cho‘qqimiz sanalgan chorak finalga qadar ham chiqishni uddalay olmadi.

Avvalroq saytimiz xodimi, hamkasbim Xayrulla aka Xoliqov Osiyo Kubogidagi ishtirokdan qoniqish xosil qilganini va Kuperda ishonishda davom etish lozimligini ta’kidladi. Kechirasiz-u, men bu fikrga umuman qo‘shilmayman. Nega?

Keling, dastlab Kuper uslubi haqida to‘xtalamiz. Ektor Kuper o‘z uslubiga monand ravishda bizga himoyaviy o‘yin taktikasini singdirishga urindi va uslubidan voz kechmadi. Kuper O‘zbekiston terma jamoasining mavjud potensialidan foydalanishdan ko‘ra, o‘z uslubidan kelib chiqqan holda o‘ynashni afzal ko‘rdi. Bunda Kuperni ayblash ham noto‘g‘ridek. Chunki murabbiy falsafasi shunday ko‘rinishda va hozirgi zamonaviy futbolga qarab o‘z tushuncha va qarashlarini o‘zgartiradigan yoshdan o‘tgan. Ya’ni, Kuper futbolda murabbiy sifatida nimanidir isbotlaydigan jo‘shqin yoshdan o‘tgan. Ko‘p yillar mobaynida to‘plagan tajribasiga tayangan holda bir xil yo‘nalishda ishlaydigan murabbiy.

Kuperning uslubi bizning futbolga begona. Bizning futbolchilar to‘psiz futbol o‘ynashni xush ko‘rishmaydi. Raqib taklif etadigan futbolga ko‘nib o‘ynash, o‘z kuchidan foydalanish o‘rniga birovning xatosini kutib o‘tirish mavjud potensialimizni yuzaga chiqarishni sekinlashtirmoqda. E’tibor bering, kiritgan gollarimizning aksariyati aynan raqib xatosidan so‘ng yuzaga kelgan tezkor hujumlar orqali urildi. Pozitsion hujum tashkil etish va avvaldan o‘ylangan kombinatsion futbolni unutdik hisobi. Aynan shu Kuperning uslubi. Undan bu uslubni o‘zgartirishni talab qilish absurd. Murabbiy qator yillar davomida voz kechmagan uslubidan endi chekinmaydi. Kuperda hech qachon ikkinchi reja bo‘lmagan.

Xayrulla Xoliqov taktik futbol ko‘rdik, nihoyat bizda taktika paydo bo‘ldi, deb yozganlar. Gap qaysi taktika haqida ketmoqda? Avstraliyadan 120 daqiqa davomida o‘tkazilmagan gol Kuperning bizga tatbiq etayotgan taktikasi xosili sifatida qaralmoqdami? Shunday bo‘sh va kuchsiz Avstraliyadan gol o‘tkazmaganimizni qahramonlikka yo‘yishmi bu? Agarda shunday bo‘lsa, bu futbolimizni yerga urish bilan barobar. Chunki hozirgi Avstraliyaga qarshi futbol o‘ynasa bo‘ladi. To‘g‘ri, hozirgi jamoamiz buni qanchalik uddalaydi yoki yo‘q, mushkul savol. Ammo o‘zbek futbolining ustun jihatlaridan foydalangan holda futbol o‘ynasak, hozirgi "kengurular"ni yutishimizga ishonaman. Ammo aslo Kuper uslubidagi futbol orqali emas.

Uzoqqa ketmayman, yaqinda vaqtincha Kapadze boshqargan terma jamoamiz jahonda o‘z nomiga ega bo‘lgan Senegal, Marokash va Urugvay bilan qanday futbol o‘ynadi? Uchta uchrashuv, uch xil tarkib va barchasida sifatli o‘yin. Muhimi, o‘shanda nomdor va kuchli ijrochilarga boy jamoalarga qarshi bemalol futbol o‘ynagandik. Chuqur himoyaga asoslangan qo‘rqoq o‘yin emas, himoya chizig‘imiz ham markazga yuqori joylashgan holda to‘p bilan qanday o‘ynay olishimizni isbotlagandi. Aynan Kapadze Kuper kelishidan avval o‘zbek futbolining mavjud potensialini bizga ko‘z-ko‘z qilib qo‘ygani uchun ham rahmat!

Taktik o‘yin deganda avvalo jamoa o‘zidan kuchli raqibga qarshi naf chiqara oladigan o‘yinni tushunaman. Ya’ni, jamoa kuchli raqibga qarshi taktik o‘yin orqali yondoshib, uning kuchli jihatlarini zararsizlantira olishi taktik futbol hisoblanadi. Bu ish natija keltirsagina taktik to‘g‘ri yondoshuv bo‘lganini ta’kidlasak arziydi. Kuper tatbiq etayotgan uslub bizga na natija va o‘yin keltirdi. Kuper yaqinda matbuot anjumanida butun musobaqani alohida o‘yinlarga ajratib chiqish noto‘g‘riligini aytdi. Qo‘shilaman! Shu boisdan ham Avstraliyaga qarshi 120 daqiqa gol o‘tkazmaganimizni qahramonlikka yo‘yishdan ko‘ra, butun Osiyo Kubogida nimaga erishganimizni tahlil qilish yaxshiroq.

Nimaga erishdik? Hech narsaga! Nimchorak final bizning minimumizdan ham past ko‘rsatkich! Kuper odatda bunday musobaqalarda finalga qadar boradi, biz esa chorak final bekatini yaxshi ko‘ramiz. Lekin argentinalik mutaxassis Osiyo futbolida o‘zining ham, bizning ham minimum manzilimizga borishga qurbi yetmadi. Nimchorak finalda Avstraliyaga duch kelganimiz orqali buni oqlash absurd. Birinchidan, biz uchinchi tur oldidan nechanchi o‘rinni olsak ehtimoliy raqiblarmizni bilgan holda maydonga tushdik. Kuper esa o‘zi tanlagan yo‘ldan yurdi. Ikkinchidan, xorijlik murabbiy bizga aslida shunday og‘ir vazndagi jamoalarni yutish uchun olib kelingan. Hozircha ularning barchasi bilan o‘ynadik va hammasida yakunda raqiblarimiz g‘olib bo‘lishmoqda. Hech qaysi jihatdan terma jamoamizga Kuper effekti sezilmayapti. Umuman ko‘rinmayapti. Barcha joyda natijaga javobgar shaxs murabbiy. Ayniqsa u xorijlik mutaxassis bo‘lsa. Har holda Kuper chakana maoshga ishlamaydi.

Ummonga qarshi o‘yindan keyin muhimi natija dedik. To‘g‘ri. Avstraliya bilan o‘yindan keyin ham natijani unutib qo‘ymaylik! Men yozgan jihatlar, uslub va boshqa narsalar haqida bemalol bahslashsa bo‘ladi. Ammo bir faktni unutmaslik kerak: natija! Osiyo Kubogida qo‘limizdan kelgani omad va individual mahorat evaziga Ummon mag‘lub etilgani va daraja o‘z so‘zini aytgan bahsda Turkmaniston tor-mor keltirilgani. Qolgan bahslarda, ayniqsa aynan murabbiy, Kuper imzosiga ehtiyoj sezilgan uchrashuvlarda nimaga erishdik?

Kuperdan nega natija talab qilyapman? Kimdir uchun 6 oy muddat kam. Kim uchundir ko‘p. Kuper kelganidan so‘ng jami to‘rtta yig‘in tashkil qilindi. Ayniqsa birinchi yig‘in istalgan murabbiy uchun yetarli bo‘ladigan muddat, 2 haftadan ko‘proq kechdi. Kuper Osiyo Kubogida jamoani yetarlicha tayyorlashi uchun unga imkoniyat berildi. Murabbiy esa musobaqa davomida terma jamoaning asosiy tarkibini aniqlashda qiynaldi. Ummonga qarshi tushirilgan tarkibdan to‘rttasi keyin zaxiraga olindi. Bu murabbiy Osiyo Kubogiga qadar hali boshlang‘ich tarkib haqidagi tasavvurga ham to‘liq ega bo‘lmaganini anglatadi. Musobaqa oldidan esa o‘rtoqlik uchrashuvi tashkil etilmaganini Kuper istagi bilan qilingani aytildi. Demak murabbiy bu borada bahona qilishga haqqi yo‘q. Musobaqa oldidan esa chempionlik vazifasini bajarish uchun ketayotganini ta’kidlashdan charchamadi.

Osiyo Kubogiga Kuper terma jamoamizning qit’a chempionatida o‘ynaydigan eng qariya tarkibini yig‘di. Ko‘pchilik taxmin qilgan va Kuper qo‘l ostida yanada charxlanishini kutgan Osiyo chempionlaridan atigi to‘rttasi BAAga opketildi. Yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida eng yaxshi futbolchi deya tan olingan Hamrobekov va himoya qurg‘oni vakili Doston Tursunov musobaqani zaxira o‘rindig‘idagi muxlis sifatida kuzatdi. Kuper olib kelgan tarkib hamda u tanlagan yo‘l faqat va faqat natijaga qaratilgandi. Ya’ni, Kuper hozir JCh-2022 saralashini o‘yladi deb topiluvchilar bo‘lsa, ular qattiq adashishadi. Chunki ko‘p jihatdan BAAga kelgan tarkibdagi Nesterov, Shorahmedov, Ismoilov, Ahmedov, Bikmayev kabi futbolchilar JCh saralashida terma jamoa a’zolari safidan chiqishlari katta ehtimol. Kuper yoshlarga ishonch ham bildirmadi va ularga tayanmasligini amalda ko‘rsatdi. Yaqin kelajakda terma jamoamiz o‘zagi bo‘lishi kutilayotgan Akrom Komilov, Rustam Ashurmatov, Bobir Abdixoliqov kabi pishgan nihollar butunlay e’tibordan chetda qoldi. Kuper tajribali bo‘lgan Vitaliy Denisov xizmatidan foydalanishni ochiqchasiga inkor qildi.

Kuper Osiyo Kubogiga olib ketmagan tarkibdan ham yaxshigina bir jamoa tuzsa bo‘ladi aslida.

Ektor Kuper Osiyo Kubogiga O‘zbekiston terma jamoasini munosib tayyorlay olmaganini ko‘rish mumkin. Musobaqada aynan Kuper bizning eng kuchsiz tarafimizga aylandi. Jamoamiz jismoniy jihatdan ham yetarli tayyorgarlik ko‘ra olmagani Avstraliyaga qarshi uchrashuvning ikkinchi bo‘limida yaqqol ko‘rindi. Kuperda jamoani Osiyo Kubogigi tayyorlash uchun 6 oy vaqt bo‘ldi. Shu o‘tgan vaqt davomida o‘zini haqiqiy jamoasini tuza olmagan murabbiy JCh saralash paytida buni uddalashiga ishonish qiyin. Ayniqsa bizga begona bo‘lgan uslubdan foydalangan holda. Buyog‘iga terma jamoamiz 2 haftalab yig‘inlar orqali JCh saralashiga tayyorgarlik ko‘ra olmaydi. Faqatgina FIFA kunlari jamoa to‘liq tarkibda yig‘iladi va 2-3 kun ichida o‘yinga tayyor bo‘lishi talab etiladi. Kamiga Kuper JCh saralash bosqichida ham yangitdan jamoa tuzishga kirishishi kerak. Janob murabbiy buni qanchalik uddalay olishini esa ko‘rdik.

Ektor Kuper bilan dastlabki tashkil etilgan matbuot anjumanida murabbiyga bir savol bilan yuzlangandim: "Janob murabbiy, siz qo‘l ostingizdagi futbolchilardan kelib chiqib taktika belgilaysizmi yoki uslubingizga qarab futbolchilarni tanlaysizmi?". O‘shanda Kuper aniq bir javobni bermagandi. Endi keldim, bu haqda gapirishga erta degandek. Nega buni so‘raganman? Chunki men uchun murabbiy ikki xil toifaga bo‘linadi: Mavjud futbolchilarning imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda taktika tanlaydigan. Yoki o‘z uslubiga sodiq qolgan holda qo‘l ostidagi futbolchilarni o‘sha falsafa asosida o‘ynatadigan murabbiy. Menga ko‘proq birinchi toifadagi murabbiylar yoqadi. Ya’ni, taktik kuchli va bilimdon. Taktik murabbiy deganda himoyada yotib olishni eplaydigan murabbiyni emas, vaziyatdan kelib chiqqan holda o‘yinga taktika belgilash va bundan naf chiqaradigan mutaxassisni tushunaman. O‘shandagina murabbiyni taktik bilimdon deyish mumkin. Bizga aynan qo‘l ostida yig‘iladigan futbolchilarning imkoniyatidan kelib chiqib taktika tanlaydigan va uslubni istalgan payt o‘zgartira oladigan murabbiy kerak! Kuchli oshpaz mavjud masallig‘dan ham shirin taom tayyorlay olishni bilgandek gap bu.

O‘FA rahbariyati murabbiylar kengashi tuzib chiqib, mutaxassislar fikri bilan qiziqishi lozim. Yetakchi mutaxassislar terma jamoamiz o‘yinini va Kuper tanlayotgan uslubni obdon tahlil qilib, xolisona xulosa berishlari va shundan so‘ng Kuperning faoliyati qayta ko‘rib chiqilishi lozim. Men Kuperni iste’foga chiqarish kerak demayman. Buni o‘z ishining ustalariga qoldirish kerak degan fikrni ilgari suraman. Har holda Osiyo Kubogidagi natijamiz mutlaqo qoniqarsiz! O‘yinimiz esa haminqadar. Bunga shunchaki ko‘z yumish keyin qimmatga tushishi mumkin.

Avval ham aytganimdek, Kuper uslubi o‘zbek futboliga begona.
Shahboz Beg'amov

Manba: championat.asia

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Kuper uslubi o‘zbek futboliga begona