06:00 / 27.01.2019
3 689

Maksim Shaskix: “Lobanovskiy bilan ilk suhbatim 7 daqiqa davom etgan”

Maksim Shaskix: “Lobanovskiy bilan ilk suhbatim 7 daqiqa davom etgan”
Kiyevning “Dinamo” klubida 10 yil faoliyat olib borgan Maksim Shaskix ayni payt jamoa murabbiylar shtabidan joy olgan. Yaqinda Oʻzbekiston termasining sobiq hujumchisi Dynamo.kiev.ua saytiga intervyu berdi. Quyida ana shu suhbatni oʻqishingiz mumkin.

— Maksim, fursatdan foydalanib, qizingizning toʻyi bilan muborakbod etamiz.
— Katta rahmat.

— Umuman, oilangiz bunday bayramlarni qanday nishonlaydi?
— Har safar har xil. Oʻtgan yili Yangi yilni Mayamida, qizimnikida nishonlagandik. Bu yil ham u yerda boʻldik, faqat toʻyga bordik. Odatda, bunday tadbirlarni Kiyevda oʻtkazamiz, doʻstlarimiznikiga boramiz. Bir safar ogʻaynilar bilan mashhur filmdagi kabi hammomga borganmiz. Adashmasam, oʻshanda 30 dekabr edi.

— Endi millionlar oʻyiniga kirib kelishingiz haqida gaplashsak. Futboldagi dastlabki qadamlaringiz qanday boʻlgan?
— Aksariyat bolalar kabi biz ham hovlida toʻpning orqasidan yugurib yurardik. Maktab yoshiga yetganimda, futbol toʻgaragiga yozilganman. Bolaligimdan futbol oʻziga rom etgan, akam ham shu yoʻldan borgan, otamning ham mazkur sport turiga aloqasi boʻlgan. Futbolga kuchli mehr qoʻyishim sababli maktabda muammolar yuzaga kelgan. Mashgʻulotlar tufayli darslarni qoldirishga toʻgʻri kelardi. Lekin oʻqituvchilarim vaziyatga real baho berishardi. Bu borada omadim kelgan.

— Maksim Shaskix sportning bosh-qa turlariga qatnashishi mumkinmidi?
— Esimda, ota-onam dastlab suzish, keyin dzyudo toʻgaraklariga berishgan. Ushbu sport turlari bilan juda kam vaqt shugʻullanganman. Fikr-u xayolim futbolda edi.

— (Maksimning suratiga ishora qilib) Mana bu foto qachon olinganini eslaysizmi?
— Bu Toshkentning birinchi chempionati. Biz unda gʻolib chiqqanmiz. Oʻshanda “Paxtakor” maktabiga qatnardim. Mazkur turnirda eng yaxshi toʻpurar boʻlganman. Suratda menga mukofotni Mirjalol Qosimov topshirmoqda.

— Boshidanoq markaziy hujum chizigʻida oʻynaganmisiz?
— Bolalar futbolida aniq bir pozitsiyada harakat qilmaysiz. Shu bois hujumda ham, yarim himoyada ham, himoyada ham oʻynaganman.

— Mudofaa chizigʻida qanday oʻynagansiz?
— Oxirgi himoyachi sifatida oʻynash menga yoqardi. Tezligim yaxshi edi, mendan deyarli qochib keta olmasdilar. Biz “libero” sxemasi boʻyicha oʻynardik.

— Oʻzbekistondan keyin uch yil Rossiyada oʻynadingiz. Hammasi qanday boshlangan?
— Rossiyaga 16 yoshimdayoq chiqib ketganman. Lekin rus chempionatiga yoʻl olgunimga qadar “Paxtakor” maktabi qoshida “Yutka” nomli klub tashkil etilgan. Ana shu jamoa safida sobiq ittifoq ikkinchi ligasida qatnashishga muvaffaq boʻlganman. Biz birinchilikda gʻolib chiqqanmiz. Ammo sobiq ittifoq boʻlinib ketgani bois birinchi ligada oʻynash nasib qilmagan.

— Kiyevning “Dinamo”siga kelishdan oldin “Spartak” va “Zenit” jamoalari koʻrigida boʻlgansiz. Nima uchun ushbu jamoalardan biriga oʻtmagansiz?
— “Spartak”ka nima uchun toʻgʻri kelmaganimni oʻzim ham bilmayman. Chunki bu jamoada men bilan hech kim gaplashmagan. Vaholanki, “Spartak”ning uchta koʻrigida toʻliq qatnashganman. Oʻshanda jamoani Oleg Romansev boshqarardi. Vyacheslav Grozniy esa yordamchilaridan biri edi. Lekin ularning ikkisi ham men bilan biror marta muloqot qilmagan. Umuman olganda, barcha yangilar mashgʻulotlarni deyarli alohida bajarganmiz. Uchinchi yigʻindan soʻng Moskvaga qaytganmiz. Menga shunchaki, uyga chipta olib berilgan. Shu bilan “Spartak”dagi “faoliyatim” nihoyasiga yetgan. Hech kim vaziyatni tushuntirmagan.

— Jahlingiz chiqqanmi?
— Gap unda emas. Men bilan muloqot qilmaganliklari yoqmagan. Axir bir necha daqiqa ajratishsa boʻlardi-ku.

— “Zenit” bilan nima boʻlgan?
— U yerda mutlaqo boshqacha holat kuzatilgan - Piterdan oʻzim ketganman. Bu klubning ikkita yigʻinida qatnashganman. Birinchi safar Bishoves qoʻl ostida, ikkinchisida esa Davidov murabbiyligida. Qisqasi, bu klubga qalbim ilimagan.

— “Dinamo” varianti qanday paydo boʻlgan? Oʻshanda 20 yoshda edingiz va “Baltika”da oʻynardingiz?
— “Baltika”ning birinchi liga doirasida ikkita uchrashuvi qolgandi. Oʻsha oʻyinlarning dastlabkisiga tayyorgarlik koʻrayotganimizda, Terleskiy va Biba borishgan. Biz oʻtirib, gaplashib oldik va men “Dinamo” safida oʻynashga shu zahoti rozi boʻldim. Ammo “Baltika”ning qolgan ikkita oʻyinini ham oʻtkazdim. Aynan oʻsha payt “Spartak” vakillari tashrif buyurishdi. Ularga “Toʻrt oy oldin uchta yigʻinlaringda qatnashdim. Lekin sizlarga kerak boʻlmadim”, dedim. Ular esa “Hozir vaziyat umuman oʻzgargan”, deyishdi. Shunda hissiyotlarga berilmagan holda “Kechirasizlar, lekin «Dinamo”ga oʻtishga rozilik berdim», dedim. Ushbu javobimdan keyin ham uch kun avrashga urinishdi, biroq hammasi natijasiz boʻldi.

— Agar “Spartak” vakillari Terleskiy va Bibadan oldin kelishganida, nima qilgan boʻlardingiz?
— Har qanday holatda ham “Spartak”ka oʻtmasdim.

— Bir necha bor bolalikda Kiyevning “Dinamo”siga muxlislik qilganingizni aytgansiz. Qaror qabul qilayotganingizda shu jihat ham rol oʻynaganmi yoki shartnoma shartlari maʼqul kelganmi?
— Meni shunchaki, “Dinamo”ga taklif qilishgan. Bu jamoada oʻynash orzum edi. Boz ustiga, oʻsha yili yakunlangan mavsumda kiyevliklarning YECHLdagi oʻyinlarini tomosha qilgandim. Jamoa nufuzli turnirning yarim finaliga qadar yetib borgan.

— “Dinamo” transferingiz uchun qancha toʻlaganini bilasizmi?
— Faqat gap-soʻzlarni eshitganman. “Dinamo”ga oʻtishga rozilik berishim hamono tushunarsiz ravishda mening “egalarim” paydo boʻlishgan. Lekin oʻshanda hech qaysi klub bilan aniq bir shartnomaga ega emasdim. Hamma joyda ijara asosida oʻynardim. Eshitishimcha, “Dinamo” mening transferim uchun bir million dollar atrofida toʻlagan.

— Lobanovskiy haqida soʻramasak boʻlmaydi. U bilan dastlabki uchrashuvingizni eslaysizmi?
— Nafaqat eslayman, balki oʻsha holat hamon koʻz oʻngimdan ketmaydi. Kiyevga kelishim bilan aeroportdan toʻgʻri Lobanovskiyning oldiga borganmiz.

— Suhbat uzoq choʻzilganmi?
— Yetti daqiqa. Eshik ochilgach, Valeriy Vasilyevichning yorqin chehrasini koʻrganman. U bilan yakkama-yakka suhbat qurganmiz.

— Ushbu suhbatdan qanday taassurot olgansiz?
— Kirishim bilan muzdek ter bosib ketgan. Chunki kim bilan gaplashayotganimni bilardim. Keyin uning savollariga toʻgʻri javob berdimmi yoki xato qildimmi, deb choʻchiganman.

— Suhbat chogʻida Lobanovskiy oʻzini qanday tutgan? Jiddiy boʻlganmi yoki hazillar bilan sizni ruhlantirganmi?
— Uning yuzida tabassum koʻrmaganman, lekin aniq-tiniq gapirgan.

— “Dinamo”ga kelganingizda, sizni Shevchenkoga oʻrinbosar deb bilishgan. Bu salbiy taʼsir oʻtkazmaganmi?
— Unchalik emas. Har bir uchrashuv, turnirdan keyin solishtirishlar boʻlardi. Avvaliga tinimsiz taqqoslashga urinishardi. Albatta, bunga eʼtibor bermaslikka harakat qilardim. Lekin baribir, matbuotni oʻqishimga toʻgʻri kelardi. Har nima qilganda ham ruhiy bosimni yengib oʻtganman, deb hisoblayman. Shevchenko “Milan”da ajoyib oʻynab ketganidan keyin esa bu solishtirishlar oʻz-oʻzidan yoʻqolib ketgan.

— Yulduzli “Dinamo”ga moslashish qiyin kechmaganmi? Tizzalaringiz qaltiramaganmi?
— Yoʻq. Oʻzimni ushbu klubda oldindan oʻynayotgandek his qilganman. Albatta, bunda birinchi navbatda jamoaning hissasi katta boʻlgan.

— “Dinamo”da yulduzlik kasaliga chalinganlar bormidi?
— His qilmaganman. Harqalay, hech kimning “burni koʻtarilmagandi”.

— “Dinamo”ning qaysi oʻyinchisi maydondagi harakatlari bilan lol qoldirgan?
— Oʻz ampluamdan kelib chiqadigan boʻlsam, birinchi navbatda, hujumkor futbolchilarni tilga olaman. Belkevich, Xaskevich, Kardash, Kosovskiy, Yashkin, Dmitrulin shular jumlasidan. Ular menga “Sen, eng muhimi yugur! Toʻp oʻzi oldingga borib tushadi”, deyishardi.

— Aleksandr Xaskevichni esga oldingiz. Ayni payt murabbiylar shtabida u bilan birga ishlayapsiz. Oʻshandagi “Dinamo”da munosabatlaringiz qanday edi?
— Ajoyib. Nikolaich bilan hamisha doʻst boʻlganmiz, boʻsh vaqtlarimizni koʻpincha birga oʻtkazganmiz. Umuman olganda, jamoamiz ahil edi. Oilalarimiz oʻrtasida yaqin aloqalar oʻrnatgandik, tabiat qoʻyniga chiqardik.

— Xaskevich futbolchi sifatida qoʻpol boʻlgan...
— Oʻshanda bunday holat “Dinamo”ning hamma oʻyinchisida kuzatilgan. Bizda bir narsa bor edi: agar mashgʻulotlardan toza kiyim bilan qaytsangiz, demak yaxshi shugʻullanmagansiz. Jamoamizda hech kim sherigidan ortda qolishni istamasdi.

— “Dinamo”ga kelishingiz bilan “Jalgiris”ga qarshi uchrashuvda “dubl” qayd etgansiz, keyin “Olborg” bilan boʻlgan bahsda yana hisobingizga gol yozdirgansiz. Dastlabki uchrashuvlarni muvaffaqiyatli oʻtkazishingizga sabab nimada?
— Shunday yigitlar bilan oʻynab, gol urmaslikning iloji yoʻq edi. “Jalgiris” darvozasini ishgʻol qilganimni eslaylik. Valik Belkevich toʻpni shu qadar ideal tarzda yetkazib berganki, mendan faqatgina darvoza tomon zarba yoʻllash talab etilgan, xolos. Afsuski, oʻsha oʻyinda bir nechta vaziyatlarni yoʻqqa chiqarganman. Agar hamma imkoniyatlarimdan unumli foydalanganimda, toʻpurarlik borasida Oleg Bloxindan oʻtib ketgan boʻlarmidim (kuladi).

— Kiyev, Ukraina, odamlar, muxlislar haqidagi fikringiz qanday boʻlgan?
— Super! Kiyevni bu yerga kelganimdan bir oy oʻtmasdanoq yoqtirib qolganman. Turmush oʻrtogʻim bilan ham shunday boʻlgan. U “Kiyevdan boshqa shaharda yashamayman”, deb koʻp aytadi.

— “Dinamo”da olti nafar murabbiy qoʻl ostida ishlagansiz: Lobanovskiy, Mixaylichenko, Buryak, Demyanenko, Sabo, Syomin. Lobanovskiy xususida gaplashdik. Qolganlari haqida qanday fikrdasiz?
— Mixaylichenko uzoq vaqt Lobanovskiyning shogirdi boʻlgan. Shu bois murabbiylik jarayoni unchalik farq qilmagan. Oʻylashimcha, Alekseyga biroq sovuqqonlik yetishmagan. Demyanenko ham bu sohada Valeriy Vasilyevichdan saboq olgan. Ammo uni oʻzgacha murabbiy sifatida qabul qilganmiz. Mixaylichenkodan soʻng “Dinamo”ni Buryak qabul qilib olgan. U jamoani juda kam vaqt boshqargan. Menimcha, bu bizning aybimiz. Sabo... Yojefovichni bir soʻz bilan taʼriflash qiyin. Syomin haqida gapiradigan boʻlsam, u ham oʻz qarashlari bilan kelgan.
M.Abduhamitov tayyorladi.

Manba: interfutbol.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Maksim Shaskix: “Lobanovskiy bilan ilk suhbatim 7 daqiqa davom etgan”