Andrey Kanchelskis: “Intizom mahoratdan ustun”

  • 27 yanvar 2019, 07:53
  • 1 416
  • Sport
  • Andrey Kanchelskis: “Intizom mahoratdan ustun”
    Oʻtgan yili bronza medalini qoʻlga kiritgan Namanganning “Navbahor” klubi yangi mavsumda ham oʻz oldiga jiddiy maqsadlarni qoʻymoqda. Deylik, yangi mavsumda “lochinlar” yanada yaxshiroq natijalarga erishishmoqchi. Jiddiy maqsadlar uchun esa tabiiyki, tayyorgarlik ham aʼlo darajada boʻlishi lozim. Shu maqsadda namanganliklar bu yilgi mavsumoldi oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini nafaqat Namanganda, balki xorijda - Qrim va Turkiyada ham olib borishni rejalashtirishgan. Hozirgi vaqtda jamoa aʼzolari oʻz qarorgohlaridagi ilk mashgʻulotlarni yakunlab, Qrimdagi yigʻinga kirishishgan. Biz safar oldidan “Navbahor” klubi bosh murabbiyi Andrey Kanchelskis bilan uchrashib, unga oʻzimizni qiziqtirgan bir necha savollar bilan murojaat qildik.

    - Andrey Antanasovich, Namangandagi ilk oʻquv-mashgʻulot yigʻini qanday oʻtdi? Avvalo, shu haqda fikr bildirsangiz...
    - Umuman olganda, ilk yigʻindan toʻla qoniqish hosil qildim. Yigʻinning koʻpchilik kutganidek, Toshkentda emas, Namangandagi oʻtkazilgani klubga iqtisodiy tarafdan ham ancha foydali boʻldi. Boisi, koʻplab futbolchilarning uylari shu viloyatda, shuningdek, stadionlar ham yaqin. 5-17 yanvar oraligʻidagi mashqlar davomida asosiy eʼtiborni oʻyinchilarning tiklanish jarayoniga qaratdik. Shuningdek, mazkur yigʻin davomida 2 ta oʻrtoqlik uchrashuvi oʻtkazdik. “Rash-Milk” (Andijon) hamda “Istiqlol” (Fargʻona) jamoalari bilan boʻlgan nazorat-sinov bahslarida yigitlar tegishlicha - 4:0 va 2:1 hisoblarida zafar quchishdi. Buning uchun futbolchilarga oʻz minnatdorchiligimni bildiraman. Ammo ushbu oʻrtoqlik oʻyinlarida men uchun asosiysi, natija emas, balki futbolchilarning jismoniy va ruhiy tayyorgarliklarini qandayligini koʻzdan kechirish edi. Eng muhimi, yigʻin davomida jamoaning 90 foiz tarkibini aniqlab olishga ham muvaffaq boʻldik.

    - Rejaga koʻra, keyingi oʻquv-mash­gʻulot yigʻinlari Qrim va Turkiyada davom ettiriladi. Aytingchi, bu yigʻinlar davomida “Navbahor” qaysi jamoalarga qarshi oʻrtoqlik uchrashuvlari oʻtkazadi?
    - Toʻgʻri aytdingiz, jamoamizning keyingi yigʻinlari xorijda - Qrim va Turkiyada davom ettiriladi. Qrimda 20 yanvardan 1 fevralgacha yigʻin olib borishni rejalashtirganmiz. Soʻngra futbolchilarga qisqa muddatli taʼtil beriladi hamda keyingi yigʻin 5-17 fevral kunlari Turkiyada boʻlib oʻtadi. Joriy mavsumga tayyorgarlikning soʻnggi bosqichini esa Namanganda oʻtkazamiz. Albatta, xorijdagi yigʻinlar davomida bir qator nazorat-sinov bahslari oʻtkazishni rejalashtirganmiz. Jumladan, Qrimda mazkur respublikaning yetakchi jamoalari boʻlgan “Tavriya” (Simferopol), “Sevastopol” (Sevastopol) va “Yevpatoriya” (Yevpatoriya) klublari bilan oʻrtoqlik uchrashuvlari boʻlib oʻtadi.

    - Xorijdagi yigʻinlar davomida “Navbahor” tabiyki, bir qator yangi futbolchilarni sinovdan oʻtkazadi. Umuman, legionerlar borasida nima deysiz?
    - Ha, albatta, Qrimdagi mashgʻulotlar davomida bir nechta xorijlik oʻyin­chilarni koʻrikdan oʻtkazishni rejalashtirganmiz. Ular qatorida 2 nafar osiyolik, aniqrogʻi, eronlik legionerlar ham bor. Oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarida oʻz mahoratini namoyish etib, ishonchimizni oqlagan futbolchilar bilan shartnoma imzolaymiz. Men uchun nomlar emas, oʻyinchilarning saviyasi hamda mahorati asosiy oʻrinda turadi.

    - “Navbahor”ning murabbiylar shtabiga ukrainalik mutaxassis Nikolay Shevchenko kiritilgandi. Ammo u negadir Namangandagi mash­gʻulotlarda koʻrinmadi va keyinchalik maʼlum boʻlishicha, jamoani tark etibdi. Buning sababi nimada?
    - Biz Nikolay Nikolayevich Shevchenkoni klubning tashkiliy ishlari bilan shugʻullanishi uchun taklif etgandik. Lekin uning rejalari boshqacha boʻlgan, chogʻi. Bunisi endi bizga qoron­gʻu. Bilganim shuki, Shevchenko bu yoʻnalishda faoliyat yuritishni istamadi. Xullas, Nikolay bilan doʻstona tarzda xayrlashib, uning keyingi faoliyatiga omad tiladik.

    - Siz koʻplab mashhur klublarda oʻynagan boʻlsangizda, ancha kamtarsiz. Ammo shunday futbolchilar borki, hali biror narsani qoyil qilmagan boʻlsa-da, ancha takabbur. Siz jamoaga taklif qilayotgan oʻyinchilarning mahorati va saviyasidan tashqari, insoniylik jihatlari, oʻzini qanday tutishiga ham eʼtibor qaratasizmi?
    - Boʻlmasam-chi! Futbolchi har qancha mahoratli boʻlmasin, u tarbiyali boʻlmasa va intizomga boʻysunmasa, bunday oʻyinchining menga keragi yoʻq. Boisi, futbolda tartib-intizom birinchi oʻrinda turadi. Bejizga sportda intizom mahoratdan ustun, deyishmaydi. Bunga misol tariqasida rossiyalik futbolchilar - Aleksandr Kokorin va Pavel Mamayevni keltirish mumkin. Ular tartibsizlik uyushtirishgani uchun oʻz qilmishlariga yarasha jazolanishdi. Takabbur futbolchilar bir narsani unutmasliklari lozim: barchamiz kim boʻlishimizdan, qaysi mashhur klubda oʻynashimizdan, qancha mablagʻ topishimizdan qatʼiy nazar, barcha qatori oddiy insonmiz. Shuni unutmasak boʻlgani.

    - Futbolchilik davrida koʻplab mashhur murabbiylar, deylik, Valeriy Lobanovskiy, ser Aleks Fergyuson va Dik Advokatlarning qoʻl ostida oʻynagansiz. Mazkur taniqli mutaxassislardan oʻrgangan oʻyin uslublaringiz murabbiylik faoliyatingizda asqotyaptimi?
    - Bilasizmi, oʻsha paytlari maxsus daftar tutib, siz yuqorida tilga olgan murabbiylarning taktikalarini yozib borardim. Toʻgʻri, ulardan koʻp narsa oʻrgandim va murabbiylik faoliyatimda ayrim oʻyin uslublari ham asqotyapti. Ammo har bir murabbiyning uslubi boʻladi, shu jumladan, mening ham oʻz taktikam bor. Toʻgʻri, Lobanovskiy, Fergyuson va Advokat kuchli murabbiylar sirasiga kirishadi. Ammo ularning oʻyin uslublaridan meniki tubdan farq qiladi. Har qanday taktikani qachon va qayerda, qaysi raqibga qarshi qoʻllashni bilish kerak. Shundagina har bir murabbiy oʻz niyatiga yetadi.

    - Tarkibda ajablanarli oʻzgarish bor: oʻtgan mavsumda “Navbahor” darvozasini qoʻriqlagan darvozabonlarning barchasi jamoa safini tark etishdi. Xoʻsh, bu oʻrinni qanday toʻldirmoqchisiz?
    - Bir necha yil davomida Muborakning “Mashʼal” klubida faoliyat yuritgan, asli poplik boʻlgan Pavel Sinelnikov bu yildan boshlab, klubimizda darvozabonlar murabbiyi sifatida faoliyat olib boradigan boʻldi. U bilan kelishgan holda, jamoamizga 2 nafar mahoratli golkiperni taklif etishni rejalashtirganmiz. Mazkur darvozabonlarning safimizga Qrimdagi yigʻin davomida qoʻshilishlari ehtimoli bor. Ammo ularning kimligini hozircha oshkor etolmayman.

    - Ayni paytda BAAda navbatdagi Osiyo kubogi musobaqasi davom etmoqda va unda Oʻzbekiston terma jamoasi ham ishtirok etmoqda. Mutaxassis sifatida milliy terma jamoamizning namoyish etayotgan oʻyinlari borasida nima deya olasiz?
    - Ayni paytda yurtingizda faoliyat olib boryapman va albatta, Oʻzbekiston terma jamoasi uchun muxlislik qilib, ushbu jamoa uchun qaygʻuraman. Biz uchun quvonchlisi, milliy terma jamoada 2 nafar vakilimiz - himoyachi Davron Hoshimov va yarim himoyachi Azizbek Turgʻunboyevning borligi. Bu mehnatlaringizning samarasini koʻrsatuvchi omil. Milliy terma jamoaning namoyish etayotgan oʻyinlari haqida toʻxtaladigan boʻlsam, guruh bosqichi 1-turida ummonliklar bilan oʻyinda Ektor Kuper shogirdlariga omad kulib boqdi. Ham­yurtlaringiz shuning hisobiga gʻalaba qozonishdi (2:1). Turkmanlar bilan kechgan ikkinchi bahsda esa oʻzbekistonliklar hujumkor oʻyin namoyish etib, yirik hisobda zafar quchishdi (4:0) va muddatidan oldin nimchorak final yoʻllanmasini qoʻlga kiritishdi. Yaponlarga qarshi ham yigitlar yomon oʻynashmadi, aksincha, toʻpni aynan vatandoshlaringiz nazorat qilishdi. Biroq vaziyatlardan foydalanish borasida kamchiliklar bor, baribir. Deylik, Davron zarba bergan holatda men ham toʻp darvozaga kirdi, deb oʻylagandim. Afsuski, yana omad biroz pand berdi. Har qanday holatda ham, milliy terma jamoaga BAAdagi musobaqada omad tilayman.

    - Oʻtgan mavsumda “Navbahor” bronza medalini qoʻlga kiritdi. Bu yil ham klub rahbariyati va muxlislar jamoadan sovrinli oʻrinlar uchun kurash olib borishini kutishlari tabiiy. Klub yangi mavsumda oʻz oldiga qanday maqsadni qoʻygan?
    - Bitta marra egallangandan ke­yin uni yanada yuqoriga koʻtarish talab etiladi. Shunday ekan, joriy yil oʻtgan mavsumdagidan ham koʻra, yaxshiroq natija koʻrsatishga harakat qilamiz. Buning uchun esa tarkibni kuchaytirish talab etiladi. Shuning uchun jamoa safiga yuqori saviyali va mahoratli futbolchilarni jalb etishga intilyapmiz. Nasib qilsa, oʻz maqsadimizni amalga oshiramiz, degan umiddaman.

    Aytgancha, “Manchester Yunayted” klubi rasmiy tarzda oʻzining sobiq futbolchisi, hozirda “Navbahor” FK bosh murabbiyi Andrey Kanchelskisni yubiley 50 yoshga toʻlishi munosabati bilan tabrikladi... Andrey Antanasovichni “MYU”dagilar hozir ham yaxshi koʻrishib eslab turishadi...
    U.UMAROV suhbatlashdi.

    Manba: interfutbol.uz

    » » Andrey Kanchelskis: “Intizom mahoratdan ustun”