Klyuyvertga havas qilgan yulduz 34 yoshni qarshilaydi...

  • 27 yanvar 2019, 20:24
  • 1 539
  • Sport
  • Klyuyvertga havas qilgan yulduz 34 yoshni qarshilaydi...
    Futbol olamida o‘z o‘rniga ega bo‘lib, a’lo darajada yuksaklikka erishgan portugaliyalik yulduz 5 fevralda 34 yoshni qarshilaydi. Shu munosabat bilan turfa rekordlar sohibi Krishtianu Ronalduning qiziqarli hayot yo‘liga yana bir bor nazar solish istagi tug‘ildi.

    Oilada to‘rtinchi bo‘lib tug‘ilgan futbolchiga ism qo‘yish katta tortishuvlarni keltirib chiqargan. Onasi Krishtianuni, otasi esa Amerika klassik filmlari aktyori Ronaldni tanladi va yakunda bu ismlar birlashtirildi. Tortishuv xulosasi futbol qirolining pasportida yaqqol namoyon bo‘ldi. Hattoki, otasi havas qilgan mashhur aktyor AQShning 40-prezidenti bo‘lishga ham ulgurgandi. Mashhurlikka erishishda unga qo‘yilgan ism ham ma’lum darajada ta’sir ko‘rsatishini Krishtianuning hayoti ham isbotlay oldi.

    Mariya Doloresh dush Santus va Joze Dinisha Aveyro oilasidagi kenjatoyning bir akasi va ikki opasi ham bor. To‘ng‘ich farzand Elma 1974 yilda tug‘ilgan va hozir CR7 nomli do‘konlar tizimi egasi. Bir yil o‘tar-o‘tmas, yoshlik davrida giyohvandlikka ro‘jo‘ qo‘ygan Xyugo tug‘iladi va shuni eslatib o‘tish lozimki, u Ronalduning pullari sabab xavfli illat girdobidan xalos bo‘ldi. 1976 yilda esa Katya - o‘sha mashhur portugal xonandasi dunyoga keladi.

    Bolaligini xotirlagan Ronaldu gollandiyalik futbolchi Patrik Klyuyvertning muxlisi bo‘lganligini tan oladi. «Chempionlar Ligasi finalidagi «Ayaks» - «Milan» o‘yinida Patrik meni lol qoldirgan. Uchrashuv davomida u yosh bo‘lishiga qaramay, tajribali o‘yinchilar bilan tengma-teng to‘p surgan. Klyuyvert o‘sha o‘yindagi hal qiluvchi golni urgandi. Mening unga bo‘lgan mehrim soxta emasligini bilganman».

    1997 yili Ronaldu Madeyrodan Lissabonga qarab yo‘l oldi. Faoliyatini yo‘lga qo‘yishga astoydil ahd qilgan futbolchi o‘qishini «Sporting» akademiyasida davom ettirdi. Uning bu sport turini tanlashiga hech kim to‘sqinlik qilmadi.

    Hech kimning hayot yo‘li ravon emas. Hammaning taqdirida, kelajagini yaratishida noma’lum g‘ovlar mavjud. Ana shunday qarshilik Ronaldu o‘tmishida ham ro‘y berdi. 15 yoshligida Ronalduga tashxis berildi - taxikardiya, yani yurakning tez urishi. Bu diagnoz bilan esa professional faoliyatni boshlash o‘lim bilan barobar edi. «Sporting» shifokorlari va professional jarrohlar kareraning davom etishiga zamin hozirlashdi. Ha, qiziqarli fakt, operatsiya juda qisqa muddat talab etdi. Lazer bilan davolangan Ronaldu uch kundayoq yashil maydonda mashg‘ulotlarini qaytadan boshladi.

    Sir emaski, Ronaldu o‘zining tashqi ko‘rinishiga va imidjiga katta e’tibor qaratadi. Uning tanasida tatuirovka yo‘q. Buning o‘ziga yarasha sabablari bor - Ronaldu faol donor (qon topshiruvchi) hisoblanadi. Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zi shunday deydi: «Tatuirovka bilan donor bo‘la olmasdim. Shu sababli ularga ehtiyoj tug‘ilmagan». 2003 yilning yozida Ronaldu «Sporting»dan «Manchester Yunayted»-ga ketadi.

    Umuman olganda, qahramonimizning Angliyadagi faoliyati Manchesterda emas, balki Londonda boshlangandi: «Arsenal» mashg‘ulotlarida qatnashdi. «Kanonirlar» shartnoma tuzishga ham qarshi emasdilar, ammo «MYu» bosh murabbiyi yordamchisi Karlush Keyrush portugalcha qarashi bilan Ronalduni «Old Trafford»ga chorladi. «Hafsalam pir bo‘lgandi: Ronaldu bilan shartnoma tuzishga juda yaqin turgandim. Lekin u xohlamadi va bu hali-hamon menga alam bo‘lib qolgan», - degandi Arsen Venger. Ronaldu «MYu» tarixidagi ilk portugal edi. U o‘ziga 28-raqamni olishni xohlardi, biroq Fergyuson 7-raqamning yangi egasini topgandek bo‘lgandi. «Bu raqam tushirilgan futbolka menga qo‘shimcha kuch bag‘ishlaydi», - degandi Ronaldu.

    Krishtianu - Portugaliya milliy jamoasining eng yaxshi to‘purari: 154 o‘yinda 85ta gol.

    2009|2010 yillar mavsumi. Ispaniya chempionati doirasidagi «Real» - «Xetafe» o‘yini... Ronaldu beixtiyor muxlisning burnini sindirdi... Krishtianu tepgan to‘p birinchi qatorda miriqib dam olayotgan ishqiboz tomon yo‘naldi. Ispaniya TVsida aynan shu voqea Ronalduning «xet-trik»idan ko‘ra ko‘proq muhokama qilindi. O‘yin yakunida portugaliyalik yulduzning shaxsan o‘zi borib, o‘sha hammaga mashhur «7» raqami tushirilgan futbolkasini yechib, jabr-diyda muxlisga topshirdi.

    2013 yili Ronalduda yana shunday voqea takrorlandi. U jarima to‘pini tepishni sog‘ingan onlar. Standart vaziyatda tepilgan to‘p 11 yoshli Charli ismli bolakayga borib tegdi. Bu safar voqea qo‘l sinishi bilan yakunlandi. «Odatda, qo‘l sinishi murakkab kechardi. Masalan, baland daraxtdan yiqilsam. Kam uchraydigan holat. Mabodo, yuzimni chap qo‘lim bilan to‘smaganimda, aniq bilaman, tishsiz qolardim», - degandi Charli tabassum bilan. «Qirollik klubi» bolakayga jamoa dastxati tushirilgan maykani topshirgandi.

    2013 yilning dekabr oyida Ronaldu muzeyi ochildi. Bu tarixiy voqea uning qadrdon shahri Funshada bo‘ldi. Muzey tashkil etishdan maqsad Ronalduning erishgan yutuqlarini barchaga ko‘rsatish edi.

    Ronaldu joyida turgan holda 48 santimetr balandlikka sakraydi. Yugurish jarayonida esa sakrash ko‘rsatkichi 78 santimetrni tashkil etadi. Yuqoridagi ma’lumotlar Krishtianu fanatlari uchun qo‘shimcha sifatida yozildi. Agar siz bu ma’lumotdan oldinroq xabar topgan bo‘lsangiz, demak «7» raqami hukmdori - Krishtianu Ronalduning ashaddiy muxlisi ekansiz.
    A.Ahmedov tayyorladi

    Manba: interfutbol.uz

    » » Klyuyvertga havas qilgan yulduz 34 yoshni qarshilaydi...