15:15 / 28.01.2019
3 460

Aziz Haydarov: "Terma jamoamiz mensiz ham yaxshi o‘ynadi"

Aziz Haydarov: "Terma jamoamiz mensiz ham yaxshi o‘ynadi"
Tajribali futbolchi Aziz Haydarov yangi mavsumni «Lokomotiv» safida o‘tkazishidan xabaringiz bor. U yaqinda klubi bilan birga Dubayda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida faol qatnashdi. Ammo Haydarov milliy terma jamoamiz bilan Osiyo Kubogida ishtirok eta olmadi va u o‘yinlarni tomoshabin sifatida kuzatdi. O‘zi esa bir necha yil davomida BAA chempionatida to‘p surgani bois mazkur mamlakatni yaxshi biladi. Ushbu o‘yinchi bilan suhbatimiz esa keng qamrovli bo‘ldi. Tabiiyki, terma jamoamizning Osiyo Kubogidagi ishtiroki, «Lokomotiv» klubiga ko‘chib o‘tishi va Dubaydagi hayoti haqida gap bordi.

- O‘zbekiston terma jamoasining Osiyo Kubogidagi ishtirokiga qanday baho berasiz?
- Terma jamoamizning barcha o‘yinlarini ko‘rdik. Avvalo Ummon bilan uchrashuvga to‘xtaladigan bo‘lsam, o‘sha kuni jamoamiz ikki oylik o‘yin amaliyotisiz maydonga tushdi. Buning natijasida terma jamoamiz biz kutgan o‘yinni namoyish eta olmadi. O‘sha bahsga Ummonning har tomonlama tayyorligini hamma tushunib turgandi. Lekin jamoamiz o‘yindan-o‘yinga kuchayib bordi. Buni Turkmaniston va Yaponiyaga qarshi uchrashuvlarda ham ko‘rdik. Avstraliya bilan uchrashuvda futbolchilarimiz g‘alaba uchun harakat qilishdi. Murabbiylarning ko‘rsatmasi asosida to‘p surishdi.

Ammo, afsuski, penaltilar seriyasi bu lotoreya va bunda omadimiz kelmadi. Lekin har bir pozitsiyada o‘ynagan futbolchilar o‘z vazifalarini a’lo darajada bajarishdi. O‘yinchilardan nima so‘ralgan bo‘lsa, barchasi amalga oshirildi. O‘yinga yigitlarimiz maksimal holatda yetib kelishdi deb o‘ylayman. Hattoki, birinchi bo‘limda jamoamiz ustunlikka erishdi. Ikkinchi bo‘limda esa ko‘proq himoyadan o‘ynashdi. Ammo qo‘shimcha taymlarda yigitlarimiz yana o‘zlarida kuch topa oldilar. Bir so‘z bilan aytganda, jamoamiz ajoyib o‘yin ko‘rsatdi. Penaltilar seriyasida esa futbolchilarga katta bosim bo‘ladi. Har qanday yulduz o‘yinchilarda ham penaltilar seriyasida omadsizliklar bo‘lib turadi. Umumiy xulosamiz shundayki, terma jamoamiz to‘g‘ri yo‘lda. Bizda ajoyib yoshlar ham bor. Qanday potensialimiz borligini hamma ko‘rdi.

Murabbiyimizga ishonishimiz va imkoniyat berishda davom etishimiz kerak deb o‘ylayman. Chunki yigitlar xalqimiz uchun, murabbiy uchun ham harakat qilishdi. Har doim hayotda oq va qora bo‘lganidek, muxlislar ikki tomonga bo‘linishadi. Kimgadir yoqadi, kimgadir yoqmaydi. Misol uchun ayrimlarga zo‘r o‘ynab yutqazsak ham yoqadi, yana ayrimlarga yomon o‘ynab g‘alaba qozonishimiz yoqadi. Bu jamoamizning kelajagi bor. Nasib qilsa, albatta jahon chempionatlariga ham yo‘llanmalarni qo‘lga kiritamiz. Biz uchun hali hammasi oldinda. Faqat hammasiga pozitiv qarab, pozitiv xulosalar chiqarishimiz kerak. To‘g‘ri, mag‘lubiyat alamli. Faqat bundan to‘g‘ri xulosa chiqarib, oldinga intilishda davom etishimiz kerak.

- Ko‘pchilik Osiyo Kubogida Aziz Haydarov yetishmadi degan fikrlarni aytishmoqda. Bunga o‘zingiz qanday munosabatdasiz?
- Boya aytganimdek, har doim muxlislar ikki tomonga bo‘linishadi. O‘ylaymanki, terma jamoamiz mensiz ham yaxshi o‘ynadi, bundan xursandman. Balki men tarkibda bo‘lganimda kimningdir o‘rnini egallagan bo‘lardim va o‘zimni unchalik ko‘rsata olmagan bo‘lishim ham mumkin edi. Aslida terma jamoamizning yig‘inlarida qatnashib keldim. Ammo jarohatim tufayli Osiyo Kubogida ishtirok eta olmadim. Lekin bundan afsuslanmayman.

Chunki terma jamoamizda o‘zimning yaqinlarim, ukajonlarim harakat qilishdi. Men esa 23 talik ro‘yxatda bo‘lmasam ham o‘zim har doim ular bilan birga bo‘ldim. O‘yinlardan oldin futbolchilarga omad tiladim, uchrashuvlardan keyin esa ularni ruhlarini ko‘tarishga harakat qildim. Shu bois o‘zimni ular bilan bir jamoada bo‘lgandek his qildim va haligacha his qilaman. Bu tuyg‘ular hali ham meni tark etmagan. Garchi terma jamoaning ichida bo‘lmasam-da, bunga negativ tomondan qaramadim. Doim pozitiv ko‘rinishda qaradim. Doim hammasi yaxshilikka bo‘lishini istadim. To‘g‘ri, tarkibda bo‘lganimda balki yordam bera olardim yoki yigitlarning ruhini ko‘tarardim.

Lekin o‘ylaymanki, hamma uchrashuvda yigitlarimiz borini berib harakat qilishdi. Murabbiy sira xato qilgani yo‘q. U optimal darajada qaysi futbolchilar kerak bo‘lsa, o‘shalarni oldi. To‘g‘ri, natija a’lo darajada bo‘lmadi. Lekin jamoamizning o‘yini hamma narsani ko‘rsatib berdi. Shunchaki, omadsizlik tufayli musobaqani tark etdik. Murabbiyning chiqargan qarorlaridan xursandman. Chunki qachondir shunday rotatsiyalar bo‘lishi kerak edi. Har doim Aziz Haydarov bo‘lavermaydi. Qachondir yosh, iqtidorli futbolchilarga ham yo‘l beriladi. Bundan keyin ham terma jamoamiz uchun ajoyib g‘alabalarni oldinda deb o‘ylayman.

- Terma jamoaning yakuniy ro‘yxatidan sizga joy tegmadi. Bunday bo‘lishini kutganmidingiz?
- Hamma futbolchi terma jamoa uchun o‘ynasam deydi. Men hali faoliyatimni tugatmagan ekanman, demak O‘zbekiston uchun o‘ynashni istayveraman. Lekin meni yakuniy tarkibga kiritmaganidan xafa bo‘lmadim. Bu murabbiyning qarori. Aytyapman-ku, terma jamoamiz bilan har kuni gaplashdim. Futbolchilar va murabbiylar bilan muloqot qilib turdim. Ularning g‘alabasi va mag‘lubiyatlarida doimo birgaman. Men «Mister»ning (Ektor Kuperni nazarda tutyapti. Muallif) qarorlarini hurmat qilaman. Unda boy tajriba bor. Kimning qandayligi va kim qanchalik yordam bera olishini o‘zi yaxshi biladi. Meni tarkibga chaqirmaganini noto‘g‘ri qaror deb aytmayman, ammo to‘g‘ri ham deya olmayman. Yashirib nima qildim, terma jamoamiz bilan musobaqada qatnashishni juda ham xohlagandim. Lekin shunga qaramay, yigitlarga qo‘limdan kelganicha yordam berishga harakat qilyapman.

- Endi «Lokomotiv»ga o‘tganingiz haqida so‘ramoqchiman. Bu jamoa bilan shartnoma tuzishingizning asosiy sababi nimada?
- «Lokomotiv»ga o‘tishimga milliy terma jamoadagi ayrim do‘stlarim sababchi bo‘lishdi. O‘zim ham buni xohlagandim, axir bu yoqda «Bunyodkor»ning taqdiri mavhum bo‘lib turgandi. Yaxshi jamoani tashlab, yomon klubga o‘tmadim. Har holda men O‘zbekiston chempioni bilan shartnoma tuzdim. Bizga Aziz Haydarov kerak, deb men bilan shartnoma tuzishganidan xursandman. O‘zim katta futbolga «Lokomotiv» orqali kirib kelganman. Shu yoshimda yana shu klubga qaytganimdan va ayniqsa, chempionlar bilan birga o‘ynashimdan xursandman.

- «Bunyodkor»ning keyingi taqdiri qanday bo‘larkin?
- «Bunyodkor» o‘z uyimdek bo‘lib qolgandi. Qachon borsam ham meni bemalol qabul qiladigan jamoa edi. Shu bois o‘tgan yilning ikkinchi yarmida o‘ylab o‘tirmasdan «Bunyodkor»ga qaytgandim. Qiyin vaziyatda bo‘lsa-da, qo‘limdan kelganicha har tomonlama klubga yordam berdim. Bunday klub yo‘q bo‘lib ketmaydi. Klubning yangi rahbarlari «Bunyodkor»ni saqlab qolishadi. Bu o‘ziga yarasha brendga ega, xorijda ham yaxshi bilishadi. Hali xulosa chiqarmay turgan ma’qul.

- Faoliyatingizni «Lokomotiv»da tugatish uchun ham ushbu klubga o‘tdingizmi? Yoki sizda yana legioner maqomiga aylanish imkoni bormidi?
- Bu savolingizga hali aniq javob bera olmayman. Yana legioner bo‘lib o‘ynasam bo‘lardi. Menga BAAdan emas, boshqa davlatlardan takliflar tushdi. Masalan, Quvayt, Qatar, Malayziya, Saudiya Arabistonining birinchi divizioni va yana u yer, bu yerdan takliflar bo‘ldi. Ammo men bunday joylarga borishni xohlamadim. Lekin «Lokomotiv»ni tanlab to‘g‘ri qildim. Faoliyatimni «Lokomotiv»da tugatsam bundan xursand bo‘laman.

- Sizdan O‘zbekiston chempionati haqida ham so‘ramasam bo‘lmasdi. Yangilangan Superliganing ijobiy va salbiy tomonlari nimada?
- Siz aytganingizdek, buning ijobiy va salbiy tomonlari bor. Har doim futbolda muxlislar ikki tarafga bo‘linishadi. Yangi formatning esa plyus va minus tomonlari bo‘ldi. Masalan, mutlaqo ahamiyatini yo‘qotgan o‘yinlar bo‘ldi, natijada muxlislarning tashrifi kamayib ketdi, lekin foydali uchrashuvlarni ham ko‘rdik. «Lokomotiv» bilan «Paxtakor» boshidan oxirigacha chempionlik uchun kurashib kelishdi. Boshida kuchli oltilikka kirish uchun qiziqarli kurash kechdi. 2018 yildagi format qo‘rqinchli holatga kelib qolgani yo‘q.

- Dubayda bir necha yil davomida faoliyat olib bordingiz. Shuning uchun bu yerning hayotiga va muhitiga allaqachon ko‘nikib ketgansiz. Bu shaharni besh qo‘ldek bilsangiz kerak-a?
- Ha, bu yerda ko‘p yil o‘ynadim. Dubayni rostdan ham hamma joyini yaxshi bilaman. Yo‘lda ko‘p yurganimiz uchun Dubayning barcha nuqtalarigacha o‘rganib olganman. Dubayning havosiga, muhitiga ko‘nikib ketganman. Mahalliy odamlarning mintaliteti, o‘zlarini qanday tutishi, qayerda qanday gapirish kerakligi, umuman hammasini bilaman. Dubayda yashab kelayotgan odam bo‘lsa, bularning barchasini yaxshi biladi. Men ham hamma narsani boshida odamlardan o‘rganib bilganman. O‘ylashimcha, har qanday odam 7-8 yil davomida Dubayda istiqomat qilsa, mendan ham ko‘p narsa bilishi mumkin.

- Dubayga yangi kelgan insonga qanday maslahat bergan bo‘lardingiz? Masalan, mahalliy aholi haqida gapiryapsiz. Shu bois bu yerda o‘zini qanday tutishi, kim bilan qanday gaplashishi va yana boshqa masalalar bo‘yicha qanday tushunchalar bergan bo‘lardingiz?
- Birinchi kelgan odamga qanday maslahat bergan bo‘lardim? Avvalambor aytishim mumkinki, bu yerning qonun-qoidalari sal boshqacharoq. Yo‘l-harakati qoidalari va yana boshqa jihatlari ham boshqacha. Shunchaki, o‘sha qonunlariga rioya qilish lozim. Arablar bilan qanday gaplashish mumkin? Qandaydir vaziyatda kulib, yana ba’zida jiddiy gaplashish kerak. Yoki kerak paytda kimgadir «paxta» qo‘yib gapirmasangiz ishingiz tezroq bitmaydi. Arablar o‘z xalqi uchun hamma narsani juda tez bitiradi. Ammo boshqalar uchun biror-bir ishni xuddi sekin bajarayotgandek tuyulaveradi. Shu bois mahalliy odamlar bilan ham gaplashish yo‘llari bor. Shuningdek, Dubayga kelgan yangi odamlarga qayerda arzon mahsulotlar sotilishini ham aytishim mumkin. Men doim yordam berishga tayyorman.

- O‘zingiz aytganingizdek, bu yerning o‘z qonun-qoida va tartiblari bor. Qachonlardir mahalliy tartib-qoidani buzgan paytlaringiz ham bo‘lganmi?
- Yo‘lda harakatlanayotganda qayerdadir radar yoki belgilar bo‘ladi. Masalan, 80 belgisi qo‘yilgan bo‘lsa, bemalol 100 kilometr tezlikda yurish mumkin. Yoki 100 belgisi bo‘lsa, 120 da yurish mumkin. Chiziqdan boshqa chiziqqa o‘tayotganda albatta yon chiroqni yoqib o‘tishi shart. Shuni esdan chiqarmangki, mashinada ketayotganda musiqani baland ohangda eshitish mumkin emas. Ayrim joylarda turli ichimliklarni ichish ta’qiqlangan. Ramazon oyida esa ko‘cha-kuyda ovqatlanish mumkin emas. Shunga o‘xshash bu yerda o‘ziga yarasha qonun-qoidalar bor.

- Dubayda siz borib dam oladigan va yoqtirgan joy qaysi?
- Oilam bilan Dubayning barchaga mashhur bo‘lgan fantaniga borishni yoqtirardik. Lekin sevib, har doim boradigan joyim bo‘lmagan. To‘g‘risini aytsam, bu yerda men sevadigan va boradigan doimiy joyim – bu «Al Shabab» futbol klubi. U yerda ko‘p yil o‘ynaganman. «Al Shabab»ga qachon borsam ham o‘zimni juda xotirjam his qilaman. Klubdagi barcha ishchi xodimlar meni o‘z oila-a’zosidek ko‘rishadi. Bu yerda o‘z muxlislarimga ega bo‘ldim.

- Chindan ham sizni bu yerda hurmat qilishlariga guvoh bo‘ldik. Muxlislar siz haqingizda juda iliq fikrdalar. Ularning ishonchini qanday qozongansiz?
- Hamma narsa birinchi qadamingizdan boshlanadi. O‘zingizni tutishingiz, kamtarligingiz…arablarga kamtar insonlar yoqadi. Nima deyishsa xo‘p deganman. Bu yerga ko‘p legionerlar kelishadi va aksariyati boshidanoq xatolarga yo‘l qo‘yishadi. Masalan, ular o‘ta qimmat uylar yoki qayerlardandir boshqa narsalar muhayyo qilinishini aytishadi. Men esa klubim qanday taklif bildirsa hammasiga rozi bo‘laverganman. Eng asosiysi, siz bu yerga faqat futbol o‘ynash uchun kelganingizni ko‘rsatishingiz kerak. «Al Shabab»ga kelgan paytimda mendan oldin Mirjalol Qosimov ushbu jamoada o‘ynagandi. Ushbu klubdagi debyutimni hech qachon unutmayman. «Baniyas»ga qarshi ilk o‘yindayoq ikkita gol urganman. Muxlislar esa menga «Yangi Qosimov» deya ta’rif berishib, ilk kundanoq yaxshi ko‘rishgan. Futbolni chin yurakdan o‘ynash kerak. Doim jamoa bilan birga bo‘lish muhim. Baribir arablar sal boshqacharoq xalq. Shu bois ular bilan gaplashishga alohida e’tibor berish lozim. Agar siz o‘zingizni katta tutsangiz, u holda bu yerdagi umringiz «qisqa» bo‘ladi.

- «Sharja»da o‘ynayotgan Otabek Shukurov haqida ham iliq gaplarni eshityapmiz…
- Shukurov ham mehnatkash futbolchi. Masalan, «Sharja» klubidagilar Otabekni qo‘lga kiritishdan oldin men bilan maslahatlashishgan. Biz Shukurovga qiziqyapmiz, bu tanlovimizga nima deysiz deb so‘rashgandi. Ularga shunday deganman: Otabekni olsanglar yutqazmaysizlar, u mehnatsevar bola, yosh, kelajagi borligini aytganman. Shundan kelib chiqib, Shukurovni taklif qilishgan. Bevosita u bilan ham har doim gaplashamiz. Mana, yaqinda uch yilga yangi shartnoma tuzdi. Bu bejiz emas. Jamoasi va muxlislari juda yaxshi ko‘rishadi. Klubidagi birinchi raqamli futbolchi deb hisoblashadi. Chiroyli yuz ko‘rinishi, qomati yoki boshqa jihati bilan bunday ishonchga erishmagan. Hammasiga faqat mehnati orqali sazovor bo‘lib, muxlislarning mehrini qozonyapti. Otabekka faqat omad tilayman.

- O‘tgan mavsumni «Bunyodkor»da tugatdingiz va darhol Dubayga ketdingiz. Doimiy yashash joyingiz shu yermi?
- «Bunyodkor» bilan mavsum tugaganidan keyin Dubayga ketdim. O‘sha yerda individual tayyorlanishni boshladim. Ochig‘i, terma jamoadan chaqiruvni kutdim. Lekin chaqiruv kelmaganidan so‘ng oilam bilan dam olish uchun boshqa joyga uchib ketdik. Oilam asosan Dubayda yashaydi. «Bunyodkor»da o‘ynaganimda esa ular men bilan birga bo‘lishdi. Lekin Dubayda uylarimiz bor. Shu bois bu yerga kelib bemalol yashashadi, farzandim esa shu yerda ta’lim oladi. Lekin o‘zim O‘zbekistonda yashashni yoqtiraman. Yaqinlarim, do‘stlarim o‘sha yerda. Yosh o‘tgan sari yaqinlaringiz bilan birga bo‘lishni istab qolar ekansiz. Baribir Toshkentni yaxshi ko‘raman. Mana, yangi mavsumni «Lokomotiv» safida boshlayman va yana qadrdonlarim davrasida bo‘laman. Bu men uchun ajoyib imkoniyat. Oilam ham men bilan Toshkentda turadi. Lekin istagan vaqtimizda yashash joyimizni o‘zgartirib, Dubayga borib kelishimiz ham mumkin.

- BAAda mahalliy telekanallar umuman Osiyo Kubogini translyatsiya qilmayapti. Qachonki, stadionga borsak, shunda turnirning muhiti bilinyapti. Bunga nima deysiz?
- Gapingizga qo‘shilaman. Mahalliy telekanallar nima uchun Osiyo Kubogini olib bermayapti degan savollar ko‘p yangramoqda. O‘zimiz ham bunga guvoh bo‘ldik. «Lokomotiv» jamoasi bilan mashg‘ulotdan qaytib kelganimizdan so‘ng mehmonxonada O‘zbekiston – Ummon o‘rtasidagi o‘yinni televizorda ko‘rmoqchi bo‘ldik, ammo mahalliy kanallardan topa olmadik. Keyin internetda «mediabay»ga ulanib katta ekranda o‘zimizning «Sport» telekanali orqali o‘yinni ko‘rdik. Barcha o‘yinlarning translyatsiyasini «Bein sport» kanali sotib olgan. Shuningdek, yana boshqa xorij kanallari ham o‘yinlarni efirga uzatyapti. Lekin mahalliy telekanallarning shunday nufuzli musobaqani translyatsiya qilmayotgani noto‘g‘ri. Axir bu yerda oddiy aholi bor va ular ham musobaqani ko‘rgisi keladi. Axir hammada ham pullik kanallarni sotib olishga imkoniyati yo‘q. Lekin hamma ishning zamirida o‘z mohiyati bor. Shu bois biz bilgan yoki bilmagan ishlar bordir. Ya’ni, men bilmasdan turib nimadir deyishim qiyin. Agar kelajakda Osiyo Kubogi O‘zbekistonda o‘tkazilsa, hamma telekanallarimizda bevosita barcha o‘yinlar ko‘rsatiladi.
Shuhratbek Jo‘rayev

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Aziz Haydarov: "Terma jamoamiz mensiz ham yaxshi o‘ynadi"