18:39 / 30.01.2019
3 825

Umid Ahmadjonov Superliga klublari murabbiylariga murojaat qildi

Umid Ahmadjonov Superliga klublari murabbiylariga murojaat qildi
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi 1-vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov milliy terma jamoamizning Osiyo Kubogidagi ishtiroki bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirar ekan, bo‘lajak musobaqalarda asosiy e’tiborni endi yoshlarga qaratish zarurligini ta’kidlab o‘tdi. Bu haqda O‘FA matbuot xizmati xabar berdi.

- O‘zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo Kubogida mazmunli o‘yin namoyish qildi. Garchi asosiy maqsadimiz bo‘lgan Osiyo Kubogi g‘olibligi qo‘lga kiritilmagan bo‘lsa-da, futbolchilarimiz maydonda Vatan sha’ni uchun bor kuchlari bilan harakat qilishdi, astoydil kurashishdi. Ayniqsa, terma jamoa tarkibidagi yosh futbolchilarning o‘yini meni quvontirdi. Ulardagi shijoat, g‘alabaga chanqoqlik, raqibdan cho‘chimaslik, oxirigacha kurashish xususiyatlari kelajakka umid bilan qarashimizga sabab bo‘la oladi.

Statistikaga nazar tashlaydigan bo‘lsak, terma jamoamiz mazkur musobaqada jami 7 ta gol kiritdi. Shulardan 6 ta golni 25 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar kiritgani ham e’tiborga molik. Eldor Shomurodov 23 yosh, Jaloliddin Masharipov 25 yosh, Javohir Sidiqov, Otabek Shukurov, Doston Hamdamov 22 yosh.

Nasib qilsa, bular hali ko‘p yillar davomida terma jamoamiz tarkibida yuqori saviyada to‘p surishga qodir futbolchilar. Yoshi katta futbolchilarimizga ham katta rahmat aytmoqchiman. Ular o‘z tajribalari bilan terma jamoamizga ko‘p foyda keltirishdi. Lekin endi terma jamoani yoshartirish vaqti keldi. Oldimizda jahon chempionati saralashi turibdi. Mazkur musobaqaga yoshartirilgan tarkib bilan yo‘l olamiz.

Yoshlarga ko‘proq e’tibor qaratishimiz zarur. Ular o‘yin amaliyotiga qayerda ega bo‘lishadi? Albatta, o‘z klublari tarkibida. Shu o‘rinda milliy chempionatimizda ishtirok etayotgan klublar bosh murabbiylariga ham murojaat qilib o‘tmoqchiman. Chempionat o‘yinlarida yoshlarga ishonch bildirishdan qo‘rqmang, cho‘chimang. Yoshlar ishtiyoqqa to‘la, kuchga to‘la. Ularga ishonch bildiradigan bo‘lsak, bu narsa ularga yanada kuch bag‘ishlaydi. Bir marta xato qilishi mumkin, ikki marta adashishi mumkin. Ammo keyin o‘zini tiklab olib, chiroyli o‘yinlari bilan jamoasiga ko‘proq yordam beradi. Ba’zi klublarni kuzatib bormoqdaman, hali hamon 35-36 yoshli futbolchilar bilan shartnomalar tuzib yurishibdi. Bu uzoqni o‘ylamasdan amalga oshirilayotgan ish, deb bilaman. Klub kelajagini o‘ylaydigan rahbarlar, murabbiylar bir yillik futbolchilarga emas, ko‘proq yoshlarga e’tibor qaratadi. Ular bilan ko‘proq ishlashni yo‘lga qo‘yadi.

Ba’zi yoshi katta futbolchilar jamoaga foydasi tegmasa ham maydonda barchaga buyruq berib, xato qilgan yosh futbolchilarni so‘kib yurishni o‘ziga ep ko‘radi. Natijada yosh futbolchilar katta yoshlilardan so‘kish eshitmaslik uchun erkin harakat qilolmaydi, o‘z o‘yinini ko‘rsata olmaydi. Bu noto‘g‘ri tizim.

O‘zbekiston U-23 terma jamoasi nega Osiyo chempionatida muvaffaqiyat qozondi? Chunki ular nafaqat maydonda, balki maydon tashqarisida ham o‘zaro do‘stlar. Bir-birlariga gaplari o‘tadi, boshqalardan o‘zini ustun qo‘yadigan futbolchilar yo‘q tarkibda. Hamma bir maqsad yo‘lida birlashadi, biror futbolchi xato qilsa, o‘sha xatoni to‘g‘rilash uchun hamma birgalikda yuguradi. Barcha jamoalarimiz mana shunday harakat qiladigan bo‘lsa, yoshlarga ko‘proq imkon berib, ularning kuchiga, shijoatiga, ishtiyoqiga tayanadigan bo‘lsak, albatta o‘z maqsadimizga yetamiz, - deydi Umid Ahmadjonov.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Umid Ahmadjonov Superliga klublari murabbiylariga murojaat qildi