13:06 / 02.02.2019
6 830

Katta pullarga "uchmagan" Sardor Rashidov endi Yevropada o‘z so‘zini aytmoqchi

Katta pullarga "uchmagan" Sardor Rashidov endi Yevropada o‘z so‘zini aytmoqchi
«O‘zbek Ronaldusi» deya atalayotgan Sardor Rashidovning faoliyatida yangi bosqich boshlanyapti. Oldin xabar berib o‘tganimizdek, endi u Portugaliyaning «Nasional» jamoasi sharafini himoya qiladi. Osiyo Kubogi musobaqasi davom etayotgan mahalda futbolchimiz bilan shartnoma imzolangandi. Lekin terma jamoamizning BAA safari erta tugaganidan keyin futbolchilar o‘z klublariga jo‘nab ketishdi. Shuningdek, terma jamoaning ayrim o‘yinchilari o‘zlari uchun yangi klublarga ham o‘tib ketishdi. Shunday pallada Sardor Rashidovning allaqachon «Nasional» klubiga qo‘shilgani va hattoki, 28 yanvar kuni chempionat doirasida «Moreyrense»ga qarshi debyut uchrashuvini o‘tkazishi mumkinligi haqida ham aytildi. O‘sha uchrashuvda «Nasional» safarda 1:2 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Ammo Rashidov maydonga tushmadi, o‘yin qaydnomasida ham yo‘q edi. Chunik u hali yangi klubiga qo‘shilmagan va u paytda Jizzaxda edi. Nihoyat, 31 yanvar kuni Sardor Rashidov hamroxi bilan Toshkent-Istanbul-Madrid-Modeyra yo‘nalishi bo‘yicha o‘z manziliga yetib keldi va yangi klubiga qo‘shildi.

Biz uning «Nasional» klubiga o‘tishining ikir-chikirlari haqida yanada batafsilroq ma’lumot berishga urinib ko‘ramiz. Bizningcha, uning ma’lum muddat o‘z uyida bo‘lganidan ko‘pchilikning xabari bo‘lmagan va bilmaganlar uni «Nasional»da debyut o‘yinini o‘tkazishini kutishidi. Gap shundaki, Osiyo Kubogi musobaqasi yakunlanganidan keyin futbolchi uyiga qaytgan. Chunki Portugaliya Yevropa qit’asi mamlakati bo‘lgani sababli u yerda faoliyatini olib borishi uchun yana ayrim hujjat masalalarini hal qilishi lozim edi. Aniqrog‘i, Sardor «shengen» vizasi tayyor bo‘lishini kutib turdi. Bu yoqda esa «Nasional» klubida yangi o‘yinchisining tezroq safga qo‘shilishini intizorlik bilan kutishdi. Oldinda muhim o‘yinlar kutib turibdi. 3 fevralda «Setubal» bilan, 10 fevral kuni esa «Nasional»ning «Benfika»ga qarshi jiddiy o‘yinlari bor. Ular esa Rashidovni ushbu uchrashuvlargacha «Nasional»ga qo‘shilishini va debyut o‘yinini o‘tkazishini istashmoqda.

Endi klub bilan shartnoma tuzilishidagi voqealarga yanada chuqurroq yondashadigan bo‘lsak, Rashidovning oldida yana boshqa variantlar ham bor edi. Ayniqsa, Portugaliyadan birgina «Nasional» o‘zbek futbolchisi uchun da’vogar emasdi. Bu borada «Maritimu» Rashidov uchun kurashda «Nasional» bilan jiddiy raqobatlashdi. Lekin oxir oqibat Sardor uchun kurashda «Nasional» yutib chiqdi. Shuni aytish kerakki, futbolchi nomidan muzokaralarni asosan dadasi Ixtiyor aka Rashidov olib borgan. Buning ustiga futbolchi bor e’tiborini terma jamoa bilan birga Osiyo Kubogiga qaratgani sababli bunday ishlarga vaqti ham bo‘lmagan. Umuman olganda, Sardorga qiziqish bildiradigan jamoalar asosan dadasi bilan gaplashishadi.
Xullas, «Nasional» ildamroq harakat qildi va Ixtiyor aka bilan kelishuvga erishishgach, ular shartnomaga imzo chekishni cho‘zib yurishmadi va o‘zlari Portugaliyadan to‘g‘ri BAAga yetib kelishdi. Aytish kerakki, u bilan shartnoma tuzish masalasi juda tez yuz berdi. Aniqrog‘i, «Nasional» bu borada tezkorlik bilan ishladi. Ular ham futbolchiga yana boshqa da’vogarlar borligini yaxshi bilishardi. Shu bois Osiyo Kubogi musobaqasi tugashini kutib o‘tirishmasdan hammasini hal qilib qo‘yishni xohlashdi. Bu yoqda esa Ixtiyor aka Rashidov o‘g‘liga hamma ishlar hal bo‘lganini va shartnomaga imzo chekishda ijozat berdi. Klub prezidentining shaxsan o‘zi Sardor Rashidov bilan shartnomani tuzish uchun Dubayga kelgani bu futbolchimizga nisbatan ishonch va umid katta ekanligini bildiradi.
Yana shuni ham qo‘shimcha qilish kerakki, o‘zbek futbolchisining «Nasional» bilan kelishuvga erishishida xorijlik agentlarning ham hissasi bo‘ldi. E’tiborli tomoni shundaki, jahonga mashhur skautlardan biri, Krishtianu Ronalduning do‘sti va agenti bo‘lgan Jorje Mendeshning yordamchisi ham «Nasional» klubi prezidenti bilan Dubayga keldi va Rashidov bilan shartnoma imzolash jarayonida ishtirok etgan holda mazkur transferning amalga oshishini qo‘llab-quvvatlaganini aytib o‘tish joiz.

Yana bir gap: Futbolchi uchun kurashda Osiyo klublari, ayniqsa, arab va koreyslar juda faol bo‘lishdi. Yanada e’tiborli tomoni, osiyoliklar Sardor Rashidov uchun katta pullarni taklif qilishdi. Bu «Nasional» taklif qilgan mablag‘dan ancha salmoqli edi. Ochig‘i, unga aytilgan summa miqdoridan ancha-muncha futbolchi Yevropaga ketish fikridan voz kechib qo‘ya qoladi. Lekin Rashidov futbolchi sifatida yana oldinga qadam tashlashni, o‘yin sifatini kuchaytirish maqsadida ekanligini aytgan holda u har qanday Osiyo klublarining supertakliflaridan voz kechdi. Chunki uning qarori qat’iy edi: faqat Yevropaga ketish. Shu bois taklif qilgan puli kam bo‘lsa-da, professionallik nuqtai nazaridan faoliyatini Yevropa chempionatida davom ettirish istagi kuchlilik qildi va bu borada uni faqat qo‘llab-quvvatlasak arziydi.

Buning ustiga Rashidov Osiyo futbolida o‘z so‘zini aytib bo‘lgandi. To‘g‘ri, u katta pullarga «uchib» yana arab jamoalaridan birida to‘p surishi ham mumkin edi va agar shunday yo‘l tutganida uni hech kim ayblamasdi, chunki bu uning huquqi. Lekin Sardor birinchi o‘ringa pullarni qo‘ygani yo‘q, aytish mumkinki, o‘yinchimizning Portugaliya chempionatida to‘p surishi bu o‘zbek futboli uchun ham manfaatli ekanligini unutmasligimiz kerak. Bir jihatga e’tibor qaratish kerakki, agar futbolchi o‘z manfaatini ustun qo‘yganida Yevropa haqida umuman o‘ylamasdi ham. Shu kungacha Rashidov bilan bog‘liq masalalarda futbolimiz uchun manfaatli qarorlar e’lon qilingan. Masalan, uning «Bunyodkor»dan Qatarning «Al Jayish» klubiga ko‘chib o‘tishida arablar ikki million AQSh dollari miqdoridagi transfer summasini o‘zbek klubining hisob raqamiga o‘tkazib berishgan. Odatda futbolimizda hali transferlarning narxlari oshkor etilmagan va Rashidov bilan bog‘liq vaziyat esa birinchisi bo‘lgandi. «Bunyodkor» klubi esa Sardorning transferidan juda yaxshi daromad ko‘rdi.

Keyinchalik esa futbolchi «Al Jayish»dan BAAning «Al Jazira» jamoasiga ko‘chib o‘tdi. O‘shanda ham Rashidovning oldida variantlari bisyor edi. Masalan, «Al Ayn» uning uchun jiddiy kurashgandi. Ammo «Al Jazira»ga o‘tishining birgina sababi bor edi, u ham bo‘lsa klublar o‘rtasidagi jahon chempionati bilan bog‘liq. Hali biror marta o‘zbek futbolchisi klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida ishtirok etmagan. Rashidov esa ushbu musobaqani deb «Al Jazira»ni tanlagandi, ammo musobaqa davomida garchi o‘yin qaydnomasida bo‘lsa-da, uni murabbiy negadir maydonga tushirmagandi. Uning navbatdagi qarori ham boya ta’kidlaganimizdek, o‘zbek futboli uchun manfaatli qaror bo‘lganini eslatib o‘tmoqchimiz.

Portugaliya matbuoti ham «Nasional»ning ushbu transferiga katta baho berdi va voqealar rivojini keng yoritib borishdi. Shuningdek, Osiyo Kubogi musobaqasi davomida ushbu transferning amalga oshirilganini eshitganlar Rashidovni tabriklashdi. Jumladan, BAA milliy terma jamoasining asosiy hujumchisi Ali Mabhut o‘zbek futbolchisi bilan «Al Jazira»da birgalikda faoliyat olib borishgani sababli ularning o‘rtasida do‘stona munosabatlar saqlanib qolgan. Mabhut esa Rashidovning Portugaliya chempionatida to‘p surishini eshitgach, u bilan uchrashib, ushbu qarorini to‘la qo‘llab-quvvatlagan holda futbolchimizga esdalik sovg‘asini ham taqdim etgan.

Qolaversa, arab jurnalistlari ham ushbu transferni faol tarzda yoritishganini ham aytish o‘rinli bo‘lardi. 27 yoshida Yevropaga ko‘chib o‘tgan futbolchimiz shuncha sa’yi-harakatlarga yarasha endi o‘zining yangi qirralarini ochishi va jamoasining ishonchini qozonishi uchun astoydil mehnat qilishi shart. Bunday jihatlarni uning o‘zi ham yaxshi tushunib turibdi. Qolaversa, Rashidovning Yevropadagi faoliyati endi yanada katta auditoriya shaklida futboli rivojlangan chempionatlar va ekspretlarning nigohida bo‘ladi.
Shuhratbek Jo‘rayev

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Katta pullarga "uchmagan" Sardor Rashidov endi Yevropada o‘z so‘zini aytmoqchi