13:30 / 02.02.2019
4 414

O‘zbekiston boks federatsiyasi raisiga birinchi o‘rinbosar saylandi

O‘zbekiston boks federatsiyasi raisiga birinchi o‘rinbosar saylandi
Bugun, 2 fevral kuni Milliy olimpiya qo‘mitasida O‘zbekiston boks federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov Konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbariyati, O‘zbekiston boks federatsiyasi mutasaddilari, federatsiyaning viloyat bo‘limi vakillari, yurtimizdagi sport federatsiya va assotsiatsiyalar vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.

Sir emaski, boks Olimpiya va Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston uchun ko‘plab medallar taqdim etuvchi asosiy sport turlaridan biri hisoblanadi. So‘nggi yillarda o‘zbek bokschilari jahon va qit’a miqyosida shov-shuvli natijalarni qayd etib kelishmoqda. Ammo, erishilgan yutuqlar bilan to‘xtab qolmaslik, ushbu zafarli yurishni davom ettirish lozim. Bugun tashkil etilgan hisobot-saylov Konferensiyasi kun tartibidan o‘rin olgan eng asosiy masala O‘zbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosarini saylashdan iborat edi.

Konferensiyada ushbu mas’uliyatli lavozimga Saken Jetibayevich Polatov nomzodi ilgari surildi. Ma’lumot uchun, S.Polatov 1975 yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Ma’lumoti oliy. “Orient Finans Bank” boshqaruv Kengashi raisi. Bir necha yildan buyon sport sohasida, jumladan Toshkentning “Lokomotiv” futbol klubi tizimida faoliyat olib boradi. Uning qo‘l ostida «Lokomotiv» jamoasi qisqa muddat ichida yurtimizning yetakchi jamoalardan biriga aylanib ulgurdi.

Mazkur nomzod Konferensiya ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi. Shu tariqa, Saken Polatov O‘zbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga saylandi.

- Avvalambor bildirilgan ishonch uchun barchaga rahmat aytmoqchiman. Nasib qilsa, hali katta yutuqlarga erishamiz. Buning uchun albatta birgalikda, hamjihatlikda ish olib borishimiz lozim, – dedi Saken Pulatov.

MOQ prezidenti Umid Ahmadjonov ham Saken Polatov haqida iliq fikrlarni bildirib o‘tdi.

- Saken Jetibayevichning o‘zbek sportiga katta mehnati singgan. U kishi futbol rivojlanishiga ham o‘z hissasini qo‘shgan. Bungacha ushbu lavozimda faoliyat olib borgan Sherzod Toshmatov sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar sabab o‘z arizasiga ko‘ra lavozimini topshirdi. Fursatdan foydalanib, federatsiya boshqaruvida amalga oshirgan ishlari uchun unga minnatdorchilik bildiramiz. Nasib qilsa yangi rahbariyat bilan Tokio Olimpiadasida bundanda yaxshiroq natija ko‘rsatamiz, – dedi Umid Ahmadjonov.

Shuningdek, yig‘ilish davomida O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Marat Qurbonov ham so‘zga chiqdi va bungacha qilingan ishlar, yutuqlar haqida gapirdi. Erishilgan natijalar bilan to‘xtab qolmasdan, bundan keyin ham ushbu muvaffaqiyatli yurishni davom ettirish haqida gapirdi.

Rio Olimpiadasi chempioni Hasanboy Do‘smatov oldinda turgan muhim musobaqalar, jumladan Osiyo va jahon chempionatlari, qolaversa Olimpiya o‘yinlarida bor kuchi bilan harakat qilishini, Tokio Olimpiadasida o‘zining ikkinchi oltin medaliga ega chiqmoqchi ekanligi haqida ma’lum qildi. Shuning bilan, O‘zbekiston boks federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov Konferensiyasi o‘z ishini yakunladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbekiston boks federatsiyasi raisiga birinchi o‘rinbosar saylandi