08:04 / 03.02.2019
3 065

OFK prezidenti bo‘lishga nomzod Al Romaiti: "O‘zimni kuchli nomzod deya olaman"

OFK prezidenti bo‘lishga nomzod Al Romaiti: "O‘zimni kuchli nomzod deya olaman"
Ma’lumki, shu yilning aprel oyida OFK prezidentligi va yana boshqa bir qator lavozimlar uchun saylov bo‘lib o‘tadi.
OFK prezidenti bo‘lishga uch kishi o‘z nomzodini qo‘ygan. Bular - amaldagi prezident Shayx Salmon bin Ibrohim Al Xalifa (Bahrayn), Saud Aziz Al Mohannadi (Qatar) va Muhammad Xalfan Al Romaiti (BAA).

Nomzodlardan biri Muhammad Xalfan Al Romaiti yaqinda Goal.com nashriga intervyu berdi. Jurnalistning yozishicha, Al Romaiti saylovda g‘olib chiqishiga ishonmoqda, buning uchun u katta dastur tayyorlagan. Ayni paytda BAA sport vaziri bo‘lib faoliyat yuritayotgan mutaxassis o‘z intervyusida shunday dedi:
"Men mayda detallargacha to‘xtalmoqchi emasman, faqat shuni aytishim mumkin, Osiyo futbolini rivojlantirishga doir o‘z dasturim bo‘lmaganida nomzodimni ilgari surmasdim. Men oxirgi 20 yildan ziyod vaqt ichida futbolda faoliyat yuritib katta tajriba to‘pladim, shunday ekan, prezident bo‘lishga o‘zimni mos nomzod deb hisoblayman".

Ma’lumki, Osiyo futbolining hozirgi rahbari Shayx Salmon qatarlik Muhammad bin Hammam o‘rniga kelgandi. U 2015 yil to‘liq to‘rt yil muddatga prezident etib saylangan. Mana endi 2019 yilning 6 aprel sanasida yana saylov bo‘ladi. Al Romaitining hozirda Shayx Salmon bilan munosabati yaxshi, lekin saylovda baribir oxirigacha kurashmoqchi.

"Futbol doim o‘zgarib turishi kerak. Biz o‘tgan to‘rt yil mobaynida Osiyo futbolida nimalar bo‘lganini ko‘rdik. Endi esa bizga yangiliklar zarur deb hisoblayman. Men odamlar mening dasturim bilan tanishib chiqishlarini va o‘z fikrlarini aytishlarini xohlayman. Odamlar hammaning dasturi bilan tanishsin, muhokama qilsin, bu yaxshi-ku. Yakunda eng yaxshisi tanlanadi".

Sir emas, hozirgi prezident Shayx Salmon o‘z o‘rnini osonlikcha berib qo‘ymaydi. U o‘z o‘rnini saqlab qolishi uchun hatto Nizomga o‘zgartirish kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Biroq yangi nomzod Muhammad Al Romaiti oxirigacha kurashmoqchi. U yoshligida futbol o‘ynagan, keyinchalik esa Abu Dabi politsiyasida boshliq bo‘lib ishlagan.

"Men uchun chaqiruvlar oddiy hol. Masalan, men yaqinda politsiyadagi vazifamdan ketdim va o‘rnimga boshqasi keldi. Ish bir xilda davom etyapti. Endi bo‘lsa futbolda ham o‘z qarashlarimni tadbiq etishni xohlayman. Bemalol aytishim mumkin, men kuchli nomzodman. O‘tgan vaqt mobaynida Shayx Salmon ko‘p ishlarni amalga oshirdi. Lekin men ham yangilik kiritsam deyman".

OFK prezidenti bo‘lishga nomzod Al Romaiti Osiyo Kubogi va Qatarda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionati borasida ham o‘z fikrlarini bildirdi:

"Men odamlardan Osiyo Kubogi guruh bosqichi shahardan shaharga ko‘chib emas, balki bitta joyda o‘tkazish kerak degan fikrni eshitdim. Bu ham qaysidir ma’noda to‘g‘ri, chunki o‘yindan o‘yinga ko‘chib yurish jamoalarni charchatib qo‘yadi. O‘ylaymanki, OFK kelajakda shu jihatlarni e’tiborga oladi. Endi JCh-2022 ishtirokchilarini 32tadan 48taga oshirishga kelsak, bu Qatar bilan FIFA o‘rtasida hal bo‘ladigan masala. Bu o‘rinda men qaror qila olmayman, negaki FIFAda ishlayotganim yo‘q".

"Bizning Qatar bilan siyosiy munosabatimiz hammaga ma’lum, shu bois birgalikda jahon chempionatini o‘tkaza olmaymiz. Bu o‘rinda Qatar Quvayt va Ummon bilan birgalikda nimadir qilishi mumkin. Lekin jamoalar soni ortishini qo‘llab quvvatlayman".

"Men navbatdagi jahon chempionatiga Qatar mezbonlik qilishidan juda xursandman. Qatar g‘olib chiqqanida men ularni tabriklagan kam sonli kishilardan biri bo‘lgandim. Agar OFK prezidenti bo‘lsam ularni yana qo‘llab-quvvatlashda davom etaman. Axir shunday katta musobaqaning Osiyoda o‘tishi yaxshi-ku".

Muhammad Xalfan Al Romaiti shuningdek moliyaviy imkoniyati past davlatlarga yordam qo‘lini cho‘zishni ko‘zdan qochirayotgani yo‘q.

"Osiyoda 40dan ziyod davlat futbolni rivojlantirish uchun moliyaviy ko‘makka muhtoj. Shunday ekan, OFK ularga ko‘p pul ajratishi kerak. Pul bor joyda infratuzilma oshadi, futbol rivojlanadi, shu tariqa jamoalar kuchayib boradi. O‘ylaymanki, kelajak yanada yaxshi bo‘ladi. Men qit’ada futbolni yanada rivojlantirishni, buning uchun kerakli moliyaviy yordam berishni xohlayman".
X.Xoliqov tarjimasi

Manba: championat.asia

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » OFK prezidenti bo‘lishga nomzod Al Romaiti: "O‘zimni kuchli nomzod deya olaman"