08:25 / 04.02.2019
5 711

Ektor Kuperning uch asosiy xatosi

Ektor Kuperning uch asosiy xatosi
O‘tgan kuni Qatar milliy jamoasi Osiyo Kubogi g‘olibiga aylandi. Qatarliklarning musobaqadagi chiroyli yurishlari oldida boshqa har qanday mulohaza xira tortib qoladi. Ularning g‘alabasi fonida Ektor Kuper haqida gaplashish sal g‘alatiroqku, ammo keling, kechagi va’daga xilof ketmasdan bugun argentinalik murabbiyning qit’a birinchiligidagi xatolari haqida gaplashsak. Zero oldin ham aytganman, agarda u hammasini yuz foiz to‘g‘ri bajarganda hozir Qatar emas, balki biz eyforiyada yurgan bo‘lardik. Demak, boshladik.

1. Tarkib. Kuper kelgunga qadar O‘zbekiston milliy jamoasida bir jarayon boshlangan edi – qayta shakllanish. Ataylab hozir “yoshartirish” demayapman, chunki bu so‘zning juda siyqasi chiqib ketdi. Shundoq ham Kuperga qadar jamoani vaqtincha boshqarib turgan Temur Kapadze bu borada katta hajmda ish bajargani aniq. Senegal va Urugvayga qarshi kechgan o‘yinlar bunga dalil.

Ammo Ektor Kuper bu ishni davom ettirishni istamadi. Aksincha, u hammasini birlamchi nuqtaga qaytarib qo‘ydi. Argentinalik murabbiy kelgunga qadar Akmal Shorahmedov, Oleg Zoteyev, Yegor Krimets va Davron Hoshimovlarni hech kim milliy jamoada ko‘rmayotgan edi. Ivan Nagayev haqida-ku, umuman indamayapman. Agar u jarohat olib qolmaganda kim biladi deysiz, Osiyo Kubogida balki Eldor Shomurodovga bu qadar ishonch bildirilmagan bo‘lardi.

2. O‘rtoqlik o‘yinlari. Yirik musobaqaga tayyorlanish asnosida o‘rtoqlik o‘yinlarini ahamiyati juda katta bo‘ladi. Boz ustiga murabbiy yangi tayinlangan bo‘lsa. G‘oyalarni teoriya va mashg‘ulotlar davomida tushuntirgan yaxshi, ammo o‘rtoqlik o‘yinlarida amalda qo‘llab ko‘rmasa, oqibati yaxshi bo‘lmaydi. Baxtimizga Osiyo Kubogidagi ilk o‘yinlarimiz Ummon va Turkmanistonga qarshi kechdi.
Aks-holda nimalar bo‘lishini o‘ylashga ham qo‘rqadi, kishi.

3. Avstraliya bilan o‘yindagi zaxira almashtirishlari. Aniqrog‘i, ular kech amalga oshirilgani. Nimchorak final uchrashuvining ikkinchi bo‘limida bir qator futbolchilar charchagani yoki o‘yindan chiqib qolgani ko‘rinib turgandi. Masalan, barcha o‘yinlarni asosiy tarkibda o‘tkazgan Javohir Sidiqov yakkakurashlarni boy berib qo‘yayotgan edi. Ko‘p maqtalgan Odil Ahmedovning o‘yini esa qovushmay qoldi. Qanot futbolchilarini o‘zgartirish ham talab qilinayotgandi.

Ammo Kuper nima uchundir qo‘shimcha bo‘limni kutdi. Odil Hamrobekov va Sardor Rashidov kabi futbolchilar butun o‘yin davomida zaxirada qolib ketgani esa, mutlaqo tushunarsiz holat. Darvoqe, bir yil oldin Xitoyda bo‘lib o‘tgan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatining eng yaxshi futbolchisi – Odil Hamrobekov bu musobaqada bir daqiqa ham o‘ynamagani esa, ikki marta tushunarsiz...

Umid qilamiz, Kuper musobaqadan kelib chiqib o‘zi uchun to‘g‘ri xulosa chiqaradi. Har holda oldinda bizni Jahon chempionati saralashi kutib turibdi...
Zafar QOSIMOV

Manba: www.uff.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ektor Kuperning uch asosiy xatosi