12:12 / 07.02.2019
4 898

Umid Ahmadjonov: "Osiyo kubogidagi muvaffaqiyatsizlikda Kuper ham, qolaversa o‘zimiz ham aybdormiz"

Umid Ahmadjonov: "Osiyo kubogidagi muvaffaqiyatsizlikda Kuper ham, qolaversa o‘zimiz ham aybdormiz"
O‘zbekiston milliy terma jamoasining Osiyo Kubogidagi ishtiroki yuzasidan jurnalistlar, mutaxassislar va muxlislar o‘rtasida turli xil fikrlar, bahs-munozaralar kun tartibidagi asosiy masalaga aylangan. Shuningdek, bosh murabbiy Ektor Kuperning ulsubi ham tanqid ostiga olingan paytlar ham bo‘ldi. Lekin hamma ham bunday fikrda emas va jamoa o‘yinida murabbiyning imzosi borligi haqida munosabat bildirayotganlar ham ko‘p. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining 1-vitse-prezidenti Umid Ahmadjonovning ham Osiyo Kubogida terma jamoamizdan umidi katta edi. Chunki jamoamizga ishonch yuqori qaralgandi. Qolaversa, oxirgi yillarda turli islohotlar sababli o‘zbek futbolida siljish kuzatilayotgani ham haqiqat. Shu bois terma jamoamizdan mazkur Osiyo Kubogida ko‘prog‘ini kutgandik. Ammo doim ham o‘ylagan narsalar amalga oshavermaydi.

Bundan buyog‘iga faqat oldinga intilish kerak. Bu muvaffaqiyatsizlik bilan hayot tugab qolmaydi va ruhiy tushkunlik iskanjasida qolib ketmasligimiz lozim. Chunki bizni hali oldinda qiladigan ishlarimiz ko‘p. Osiyo Kubogidan esa murabbiy o‘zi uchun tegishli saboqlarni chiqarib oldi. Ahmadjonov esa terma jamoamizning ishtiroki haqida bildirilayotgan fikr va mulohazalarni kuzatib borayotganiga shubha yo‘q. Osiyo Kubogidagi ishtirokimizga qanday munosabat bildirishi, bosh murabbiyning dastlabki rasmiy musobaqasidagi ishiga qay darajada baho berishi va yana shunga o‘xshash bir qator masalalarda O‘FAning 1-vitse-prezidenti tomonidan aytiladigan fikrlar hamma uchun qiziq va muhim edi. Shuni nazarda tutgan holda Umid Ahamadjonov bilan suhbatlashdik.

- Umid Muhammadjonovich, avvalambor milliy terma jamoamizning Osiyo Kubogidagi ishtiroki haqida o‘z munosabatingizni bildirib o‘tsangiz?
- Ikkita kuchli raqibga duch keldik va har ikkisi bilan munosib kurash olib bordik. Ektor Kuperning oldiga qo‘yilgan asosiy vazifa — JCh-2022 yo‘llanmasini qo‘lga kiritish. To‘g‘ri, Osiyo Kubogiga ham chempionlik maqsadida bordik, biroq penaltilar seriyasida omad bizdan yuz o‘girdi. Xulosam shuki, terma jamoani yoshartirishda davom etish kerak. Ektor Kuper Server Jeparov, Timur Kapadze, Aziz Haydarov singari yaxshi futbolchilarsiz ham jamoa qila olganidek, Osiyo Kubogida to‘p surgan yana ayrim yulduzlarsiz ham jamoa qura olishiga hozircha ishonchimiz bor. Chunki amirliklarda Eldor Shomurodov, Jaloliddin Masharipov, Otabek Shukurov, Javohir Sidiqov, Doston Hamdamov, Ikrom Aliboyev kabi mustaqillik farzandlari asosiy yukni o‘z zimmasiga olganini hamma ko‘rdi. Shu bois ishonch bilan ayta olamanki, terma jamoamizning kelajagi shunday yigitlarning qo‘lida.

- Nimchorak finaldan keyin musobaqani tark etganimiz alamli bo‘ldi, albatta. Lekin Avstraliyaga qarshi o‘yinda jamoamiz mardonavor kurashdi. Lekin mag‘lubiyat achchiq bo‘lgani uchunmi, turli xil tanqidlarni ko‘ryapmiz. Umuman olganda, bildirilayotgan tanqidlarga qanday qarayapsiz?
- Tanqidlarga juda yaxshi qarayman. Turli xil fikrlarning bo‘lishi tabiiy. Terma yuzasidan har kimning o‘z qarashi, prinsiplari, tanqid yoki takliflari bor. Ammo mashhur saytlar o‘tkazgan so‘rovnomalar natijasiga qarasangiz, odamlarning ko‘pchilik qismi milliy terma jamoaning ertasiga umid bilan qaramoqda. Bu Babayan qurgan terma jamoani butun xalqning nafratiga uchraganidan ancha yaxshiroq. Qisqa davr ichida Kuper kimlarningdir ishonchiga kirgan bo‘lsa, demak u ishlashda davom etishi kerak. 6 oyda shuncha ish qila olgan tajribali murabbiyga imkoniyat hamda vaqt berilsa, yanada ko‘prog‘iga erishishi mumkin.

- Darhaqiqat, milliy terma jamoamiz bosh murabbiyi Ektor Kuper haqida ham ko‘plab fikrlar aytilmoqda. Ayni paytga kelib esa uni qo‘llab-quvvatlayotgan va aksincha ist’efosi haqida gapirayotganlar bor. Qisqasi, bu borada muxlis va jurnalistlar ikkiga bo‘linishgan. Ammo Ektor Kuper jamoada o‘yin sifatini shakllantirib borayotgani ko‘rinib turibdi. Kuper uchun bu terma jamoamiz bosh murabbiyligidagi dastlabki musobaqa edi. Umuman olganda, uning dastlabki ishi haqida fikringiz qanday, e’tirozingiz yo‘qmi?

- Bu boradagi fikrlarimni dastlabki ikki savolda keltirib o‘tdim. Karlos Keyrush Eron termasini 8 yil deganda shunday ko‘rinishga olib kelgan bo‘lsa, biz Kuperdan yarim yilda nimani talab qilishimiz mumkin? Murabbiyni ich kiyim kabi o‘zgartiraverishdan ma’no ko‘rmayapmiz. Hozir kimdir Joze Mourino zo‘r deydi, yana kimdir Marchello Lippini zo‘r deydi. Lippi qurgan jamoa sizningcha O‘zbekistondan kuchliroq edimi? Menimcha, yo‘q. Biz tajribali, Yevropa futbolida muvaffaqiyatga erishgan, finallar hadisini olgan va o‘z ishining ustasi bo‘lgan inson bilan ishlayapmiz.

- Aslida futbolimizda qilingan ijobiy ishlarni unutib qo‘yamiz-da, birgina mag‘lubiyat tufayli qilinayotgan barcha mehnat go‘yoki chippakka chiqqandek tuyulishi mumkin. Ayting-chi, musobaqani erta tark etganimizda sizga aynan nima og‘ir botdi?
- Osiyo Kubogi biz uchun muvaffaqiyatsiz tugaganida balki Kuperning aybi ham bordir. Biroq asosiy aybdor o‘zimiz. Ancha yillar davomida futbolni odam qila olmay, yaqindagina kelgan xorijlikka hamma aybni ag‘darib qo‘yish bizga xos ekanligi og‘ir botdi. Futbolimizni avval jirkanchliklardan tozalashimiz kerak.

- Osiyo Kubogida ko‘ngildagidek natija ko‘rsata olmaganimizdan so‘ng futbolimizdagi ishlash tizimida qandaydir o‘zgarishni amalga oshirishimiz kerak deb o‘ylaysizmi?
- Biz o‘zimiz uchun belgilab olgan yo‘ldan odimlayapmiz. Penaltilar seriyasida yutganimizda muvaffaqiyatli bo‘larmidi, Osiyo Kubogi? Agar javobingiz “ha” bo‘lsa, unda faqat shu lotoreyadagi omadsizlik sabab prinsiplarimizni ham o‘zgartirib tashlashimiz mantiqsizlik bo‘ladi. Prezidentimiz ko‘p sohalar qatori, futbolda ham ishni nimadan boshlash va qanday faoliyat olib borish kerakligini qisqa va lo‘nda tushuntirib berganlar. Biz bolalar futboliga e’tibor berishda, terma jamoalar bilan to‘g‘ri ishlashda hamda futboldagi illatlarga qarshi kurashishda davom etamiz.

- Tan olishimiz kerakki, Yaponiya, Eron kabi terma jamoalar bizdan bir bosh ustun. O‘zbekistonni ularning qatoriga olib chiqish maqsadida rahbar sifatida o‘zingiz uchun qanday xulosalarni chiqarib oldingiz?
- Xulosani hamma termaning avvalgi holatidan keyinoq chiqargan, Osiyo Kubogi-2019 dan keyin emas.

- Terma jamoaning kuchayishi bevosita ichki chempionatimizga ham bog‘liq. Ko‘rinib turibdiki, Superligamizda o‘tgan yildan boshlab o‘sish boshlandi. Ammo hali yana ko‘p ishlashimiz kerak. Yaqinda esa navbatdagi chempionatimiz boshlanadi. Hozirda esa odamlar orasida shunday gap yuribdi: “Surxon” Superligada qatnasharkan, lekin kimning o‘rniga chiqadi? Fursatdan foydalangan holda ushbu masalaga ham oydinlik kiritib o‘tsangiz.

- Aynan qaysidir jamoani ajratib ko‘rsatishni istamayman. Odamlar nimalar demaydi?! Bizda o‘tgan yildan boshlab ishlab chiqilgan litsenziyalash talablari bor. Uning qanday ishlashini O‘FA komissiyasi nazorat qilib boradi. Superliganing 12 ta klubi odamlarning gapiga ishonavermay, shu talablar ustida ishlayversin. Agar hamma narsasi joyida bo‘lsa, kim ularni siqib chiqarishi mumkin? Gapga ishonib o‘tiraveradiganlar bo‘lsa, cho‘kib ketishi aniq. Ishlash kerak!

- O‘z navbatida klublarimiz qancha kuchayishsa bu bevosita terma jamoamizning ham kuchayishiga olib keladi. Ammo buning uchun klublarimiz xohlaymizmi-yo‘qmi, moddiy tomondan texnik bazasi mustahkam bo‘lishi lozim. Ayrim jamoa muxlislarining esa sizga biror-bir homiyni klubga biriktirib berish yuzasidan murojaat qilishmoqchiligi haqida ham eshitib qolamiz. Yoki klublarimizni bosqichma-bosqich xususiy investorlar qo‘liga o‘tishi ham foydadan holi bo‘lmaydi. Bunday paytdaO‘FA jamoalarni qo‘llab-quvvatlashi muhim. Aynan mazkur masalada nima degan bo‘lardingiz?

- Angliya futbol assotsiatsiyasi yoki Ispaniya o‘z klublarini qo‘llab-quvvatlashi haqida eshitmagan ekanman. Lekin bizda qarashlar shunday. Avvalgi rahbariyat ham, hozirgisi ham hukumatning yordami bilan shunday qilyapti. Biroq bu yaxshilik yillar davomida klublarni to‘la boqimanda qilib qo‘yganki, hattoki siz ham qanday yordam berasizlar, deb o‘tiribsiz. Sizga savol: klublarning o‘zi nima qiladi, unda? Tayyor pul bo‘lsa, siz bilan men ham bilamiz, klubni qanday boshqarish.

- O‘zbekiston olimpiya terma jamoamizga Lyubinko Drulovich bosh murabbiy etib tayinlandi va uning oldiga qo‘yilgan maqsadlar aniq! Ushbu mutaxassis qanday tamoyillar asosida taklif etildi?
- Sizga Drulovich hayoti va ijodi haqida yana bir marta o‘qib chiqishni taklif qilaman. Serbiya futboli so‘nggi 10 yillikda katta yo‘lni bosib o‘tdi. Bu yo‘l haqida Drulovich yaxshi biladi, Serbiya yoshlari bilan erishgan natijasi va o‘sha jamoada to‘p surgan futbolchilarning yorqin kelajagiyoq ko‘pchilikni o‘ylantirardi.

- Siz doim xalq bilan muloqot qilishni, ularning dardini tinglab, muammolarini bartaraf etish tarafdorisiz, ya’ni, hamisha o‘zingizni odamlardan olib qochmaysiz. Shu bois sizga futbol mavzusida odamlardan ko‘plab savollar, murojaatlar, takliflar va yana boshqa masalalar bo‘yicha xatlar kelib tushadi. Ayting-chi, sizga eng ko‘p murojaat qilinayotgan masala nima?
- Ha, savollar juda ko‘p. Keyingi safar xatlar bo‘limiga mavzulariga qarab statistika qilishni ham aytaman. Chunki 4-5 ta mavzu bor, juda ko‘p so‘raladi. Birini ajratib ko‘rsata olmayman.

- Muhtaram Prezidentimiz xalqaro darajadagi biror-bir sport musobaqasiga O‘zbekistonning mezbonlik qilishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilishi haqida aytib, bu borada ko‘rsatmalar bergandi. Shunga asosan O‘zbekiston yaqin kelajakda qanday musobaqaga mezbonlik qilishi rejalashtirilmoqda?
- Hamma narsa bosqichma-bosqich bo‘ladi. Agar ulgursak, yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati mezbonligini olishni istardik. Bungacha O‘zbekiston ikki bor o‘smirlar qit’a chempionatiga mezbonlik qilgan. Navbat yoshlarniki.
Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Umid Ahmadjonov: "Osiyo kubogidagi muvaffaqiyatsizlikda Kuper ham, qolaversa o‘zimiz ham aybdormiz"