22:26 / 08.02.2019
4 576

Rustam Ashurmatov nima uchun "Gvangju"ni tanlaganini tushuntirib berdi

Rustam Ashurmatov nima uchun "Gvangju"ni tanlaganini tushuntirib berdi
O‘zbekistonlik himoyachi Rustam Ashurmatov Janubiy Koreyaning "Gvangju" klubiga ko‘chib o‘tdi.
Ayni paytda yangi klubi bilan yangi mavsumga tayyorgarlik ko‘rayotgan hamyurtimiz bilan bog‘lanib suhbatlashdik.

- Yangi klubga o‘tish qanday sodir bo‘ldi?
- Dastlab "Gvangju" klubidan "Bunyodkor"ga taklif kelib tushgan. "Bunyodkor" rahbariyati ushbu taklif haqida menga aytishdi. To‘g‘risi taklif ustida juda ko‘p o‘yladim. Ko‘pchilik bilan maslahatlashdim va oxiri bu jamoaga o‘tishga rozilik berdim.

- Transfer qaysi agent orqali amalga oshdi?
- Bu o‘tish "Bunyodkor" jamoasi rahbariyati orqali amalga oshdi. Ikki klub o‘zaro kelishib transferni amalga oshirishdi.

- Yangi klubingiz haqida qanday fikrdasiz?
- Hozirda fikrlarim ijobiy, sababi jamoa va undagi sharoitlar juda ham yaxshi. Murabbiylar, futbolchilar barchasi menda yaxshi taassurot qoldiryapti.

- Sizga Superliga klublaridan ham takliflar bo‘lgan ekan. Nima uchun xorijni tanladingiz?
- Ha, albatta Superligadagi juda ko‘p jamoalardan takliflar bo‘ldi. Lekin o‘zimni legioner sifatida sinab ko‘rishga qaror qildim. Albatta menga taklif bilan chiqqan jamoalarni hurmatini saqlagan holda nomlarini oshkor qilmayman. Taklif uchun barcha jamoalarga rahmat aytib o‘taman.

- Yangi klubingizning bu yilgi maqsadi qanday?
- "Gvangju" o‘z oldiga yuqori maqsadlarni qo‘ygan. Aniqrog‘i bu yilgi vazifa Janubiy Koreya oliy ligasiga chiqish.

- Koreyada til borasida qiyinchilik yuz bermaydimi?
- Til borasida balki ozroq qiyinchilik bo‘lar, lekin hech bir ish osonlikcha bo‘lmaydi-ku. Qo‘limdan kelgancha til o‘rganishga harakat qilaman.

- Bu klubda o‘zbek muxlislariga yaxshi tanish bo‘lgan Sato Minori ham o‘ynagan ekan. U klubdan ketganmi?
- Ha, Sato Minori o‘tgan yili bu jamoa safida o‘ynagan ekan. Lekin hozirgi kunda u jamoada yo‘q.

- Fursatdan foydalanib qaysi murabbiylarga rahmat aytmoqchisiz?
- Rahmat aytadigan murabbiylarim juda ham ko‘p. Tog‘am Baxtiyor Ashurmatovga, Mirjalol Qosimovga, Sergey Lushanga, Ravshan Haydarovga va albatta yoshlikdagi birinchi murabbiylarimga minnatdorlichiligimni bidiraman. Ulardan ko‘p narsalar o‘rgandim va o‘rganishda davom etayapman. Hozirda xudoga shukr barcha ishlagan murabbiylarim bilan aloqam yaxshi.

- "Bunyodkor" klubi muxlislariga aytar so‘zingiz...
- "Bunyodkor" muxlislarini juda ham qattiq hurmat qilaman. Ular bilan aloqamizni saqlab qolamiz degan umiddaman. Balki ularga jamoadan ketganim og‘ir botgandir, lekin meni to‘g‘ri tushunishlarini judayam xohlardim. Men qalbim bilan doim "Bunyodkor" bilanman, Olg‘a "Bunyodkor"!
Narzulla Saydullayev suhbatlashdi

Manba: championat.asia

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Rustam Ashurmatov nima uchun "Gvangju"ni tanlaganini tushuntirib berdi